11.08.2016

MILLIY SAYLOV QONUNCHILIGINING SHAKLLANISHI

demokratik jarayonlarning chuqurlashuvida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda

Saylov — demokratik davlatdagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri hisoblanadi. O‘tkazilayotgan har bir saylov jamiyat hayotining ertasini belgilab berishda beqiyos o‘rin tutadi. Chunki, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini demokratik saylovlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Saylovlar jarayonida har qaysi davlat va har qaysi jamiyatda xilma-xil fikrlar, odamlarning xohish-irodasi, orzu-umidlari, ijtimoiy kayfiyati yaqqol namoyon bo‘ladi.

O‘tgan davr mobaynida fuqarolarimizning siyosiy ongi va tafakkurida, dunyoqarashida jiddiy ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Demokratik qadriyatlarga sodiq, ularni rivojlantirish va mustahkamlash g‘oyasi bilan yashayotgan yangi avlod shakllanmoqda. Qolaversa, milliy saylov qonunchiligimiz istiqlol davrida o‘ziga xos demokratiya maktabi vazifasini bajarib, murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Davr sinovlarida, yangidan-yangi ijtimoiy-siyosiy voqeliklar ta’sirida toblandi, pirovard natija bugunga kelib demokratik talablar va xalqaro andozalarga javob beradigan darajaga yetdi.

Milliy saylov tizimi huquqiy asoslarining yaratilishi, rivojlanishi va saylov amaliyotining asosiy bosqichlari haqida so‘z yuritganda shuni aytish kerakki, 1991-2000 yillar oralig‘i demokratik saylov tizimining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari yaratilishi davri bo‘ldi.

Bu davrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida«gi, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi, «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi bilan umume’tirof etilgan prinsiplar orqali ko‘ppartiyaviylikka asoslangan, muqobil saylovlarni tashkil etishning huquqiy bazasi yaratildi.

Saylovga oid mazkur qonun hujjatlari 1994 yilda ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilgan parlament saylovlari amaliyotida ilk bor sinab ko‘rildi. Uning natijasida birinchi chaqiriq Oliy Majlis tarkibi ikkita siyosiy partiya, hokimiyat vakillik organlari hamda tashabbuskor guruhlar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar asosida saylangan deputatlardan shakllandi.

Ushbu davrda o‘tkazilgan parlament saylovlarida to‘plangan amaliy tajribaga muvofiq saylov tizimining demokratik asoslari mustahkamlandi va qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Eng muhimi, bu bosqichda saylovlarni tashkil etish va natijalarini aniqlashda xolislikni ta’minlash maqsadida mustaqil organ — Markaziy saylov komissiyasi tuzish haqida «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi va mamlakatimiz tarixida ilk bor demokratik yo‘l bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, deputatlikka mustaqil nomzodlarni ilgari surish, O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik va siyosiy fikrlar xilma-xilligini kengaytirishga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida saylov qonunchiligidan «besh foizlik to‘siq» haqidagi qoida chiqarib tashlandi va saylovchilar tashabbuskor guruhlarining bevosita nomzod ko‘rsatish huquqlari mustahkamlandi.

Saylov jarayonining muhim subyektlari sanalgan siyosiy partiyalar faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinishi bilan 1999 yilda o‘tkazilgan parlament saylovlariga yangi huquqiy zamin yaratildi. Siyosiy partiyalarning Oliy Majlisdagi fraksiyalarini tashkil etishning qonuniy kafolatlari vujudga keldi.

Shuningdek, siyosiy partiyalarning saylov tartib-qoidalariga rioya qilinishini nazorat etish bo‘yicha vakolatlari kengaydi va nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiya har bir saylov uchastkasiga o‘z kuzatuvchisini tayinlash huquqiga ega bo‘ldi.

2000-2010 yillar — saylov tizimining huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish, liberallashtirish va saylov amaliyotini takomillashtirish davri bo‘ldi.

Bu yillarda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, siyosiy hayotni hamda qonunchilik, sud-huquq tizimi va ijtimoiy-gumanitar sohalarni izchil isloh qilishda muhim rol o‘ynagan jarayonlar sodir bo‘ldi. Shuningdek, bu davrda bevosita ikki palatali parlament tizimiga o‘tish bilan bog‘liq saylov qonunchiligining tadrijiy taraqqiyoti kuzatildi.

Bunda quyi palata — Qonunchilik palatasini shakllantirishda asosan partiyaviy vakillik prinsipi ustuvor bo‘ldi. Siyosiy partiya vakillarining o‘z ijtimoiy-siyosiy qarashlari va saylovchilar manfaatlarini ifodalash uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Parlamentning yuqori palatasi — Senat hududiy vakillik organi sifatida e’tirof etildi hamda uning asosiy tarkibi pog‘onali saylovlar asosida shakllanishi konstitutsiyaviy qonunda mustahkamlab qo‘yildi.

Ayniqsa, 2003 va 2008 yillarda Konstitutsiyamizga, shuningdek, bir qator qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi samarali, demokratik saylov tizimini shakllantirish va rivojlantirish sohasida chuqur o‘zgarishlarga asos bo‘ldi. Natijada milliy saylov tizimining izchil va bosqichma-bosqich liberallashuvi, ikki palatali parlament saylovlarining qonun talablari va umume’tirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasi shakllanishiga olib keldi.

2003 yilning 29 avgustida «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi hamda «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

2004 yilgi saylovlarga qadar saylov qonunchiligiga joriy etilgan eng muhim yangiliklar qatorida — mahalliy Kengashlarning deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi bekor qilinganligi, siyosiy partiyalar deputatlikka nomzodlar ko‘rsatganida xotin-qizlar uchun kvota belgilanganligi, shuningdek, saylovoldi tashviqoti olib borishda partiyalar faoliyatini moliyalashtirish masalasining hal etilganligini alohida ta’kidlab o‘tish zarur.

2008 yil 25 dekabrda qabul qilingan «Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun saylov jarayonining huquqiy asoslarini yanada mustahkamladi. Ushbu qonunga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlarining soni 120 dan 150 ga o‘zgardi.

Bunda 135 o‘rinni siyosiy partiyalardan ko‘ppartiyaviylik asosida bir mandatli okruglarda saylanadigan deputatlar egallaydi. O‘zbekiston ekologik harakatidan esa Qonunchilik palatasining o‘n besh deputati mazkur harakatning oliy organi (Konferensiyasi) tomonidan Markaziy saylov komissiyasi belgilaydigan muddatlarda saylanadigan bo‘ldi.

Shuningdek, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan jarayonlarda siyosiy partiyalarning roli kuchayib borayotganligi inobatga olinib, saylovchilarning tashabbuskor guruhlaridan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish instituti bekor qilindi. Deputatlikka nomzodlar ishonchli vakillarining soni 5 nafardan 10 nafarga o‘zgardi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda saylov komissiyalari faoliyatining oshkoraligini ta’minlashga yo‘naltirilgan bir qator yangi tartib-qoidalar joriy etilmoqda.

2010 yil 12 noyabrda Prezidentimiz tomonidan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasining e’lon qilinishi — O‘zbekistonda saylov huquqi erkinligini ta’minlash va saylov qonunchiligini rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Konsepsiyada partiyalararo raqobatning kuchayishi, saylovoldi tashviqotining shakl va usullari tobora turli-tuman va keng miqyosga ega bo‘lib borayotgani bois, O‘zbekiston saylov qonunchiligida saylov kampaniyasining ushbu muhim bosqichida deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga teng sharoitlar yaratish mexanizmlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan normalarni nazarda tutuvchi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasi hamda «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi qonunning 25-moddasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish g‘oyasi ilgari surildi.

Darhaqiqat, saylovoldi tashviqoti saylov jarayonining eng muhim bosqichi hisoblanadi. Chunki davlat hokimiyatining vakillik organlariga o‘tkaziladigan saylovlarda saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar va ularni ko‘rsatgan siyosiy partiyalar uchun o‘ziga xos katta sinov hamda sarhisob davridir. Shuning uchun saylovoldi kampaniyasida tashviqot jarayoni nihoyatda muhim bosqich bo‘lib, unda siyosiy partiyalar, nomzodlar mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy yuksaltirish bo‘yicha o‘z dasturlarini namoyon qiladi. Ushbu bosqichning o‘ziga xos ahamiyati, nomzodlarning saylovda yutib chiqish uchun butun bilimi va qobiliyatini sarflagan holda o‘zaro sog‘lom siyosiy raqobat ruhida elektoratning ovozi uchun kurash olib borishida namoyon bo‘ladi. Ana shuning uchun ham saylovoldi tashviqotining asosiy maqsadi saylov jarayonini yuqori darajada ochiqligini ta’minlash va nomzodlarga o‘z dasturlari to‘g‘risida saylovchilarga to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni yetkazib berishlari uchun keng va teng sharoitlar yaratishdan iborat.

Qonunga muvofiq, saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi. Bunda nomzodlarga, siyosiy partiyalarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi. Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi qoidalarga asosan saylovchilarning yig‘ilishlari siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi. Yig‘ilish o‘tkaziladigan joy va vaqt, qoida tariqasida, uchastka saylov komissiyalari bilan kelishib olinadi. Mahalliy hokimiyat organlari va jamoat birlashmalari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari deputatlikka nomzodlarga yig‘ilishlar o‘tkazish uchun jihozlangan xonalar ajratishlari, ularga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni tashkil etishda, zarur ma’lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko‘rsatishi lozim.

Yig‘ilish va uchrashuvlarning o‘tkaziladigan joyi hamda vaqti haqida saylovchilarga oldindan xabar qilinadi. Tashviqot davomida siyosiy partiyalarga o‘zining kelgusi faoliyat dasturi bilan chiqish huquqi beriladi.

Mohiyatan, milliy saylov qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan saylovoldi kampaniyasining har bir bosqichi quyidagi bir qator omillarga bog‘liq. Misol uchun, ularning aniq belgilangan muddatlarda shakllanishi, ya’ni davriyligi, mantiqiy ketma-ketlik va uzviyligi, biri-ikkinchisini to‘ldirishi, ya’ni yaxlitligi hamda har bir bosqichning aniq maqsadlarga yo‘naltirilganligi kabi o‘ziga xos belgilari mavjud.

Saylovoldi tashviqotini o‘tkazishning huquqiy asoslarini belgilovchi moddalarga «saylovoldi tashviqotining nafaqat saylov kuni, balki ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin ham olib borish mumkin emas»ligi to‘g‘risidagi normaning kiritilishi ovoz berish jarayonida saylovchining o‘z xohish-irodasini erkin ifodalashini ta’minlovchi muhim kafolatlardan biridir.

2014 yil aprel oyida Konstitutsiyamizning 117-moddasiga kiritilgan mamlakatimiz saylov tizimining konstitutsiyaviy asoslarini yanada takomillashtirishga, saylov tizimining demokratik prinsiplarini amalga oshirishga, saylovchilarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgan tuzatishlar ulkan siyosiy-huquqiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ular orqali Markaziy saylov komissiyasining parlament tomonidan tuziladigan mustaqil konstitutsiyaviy organ maqomiga ega ekanligi, uning mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik kabi faoliyatining asosiy prinsiplarini konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi, eng avvalo, fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga saylash va saylanishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni to‘liq ta’minlaydigan saylov tizimini yanada demokratlashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish kerakki, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va demokratik o‘zgarishlarning muhim tarkibiy qismi hisoblangan saylov tizimimizning muntazam takomillashib borishi tabiiydir.

Sanab o‘tilgan qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar, o‘tgan saylovlarda to‘plagan tajribamiz ko‘ppartiyaviylikka asoslangan saylov jarayonlarini yanada demokratlashtirishni nazarda tutadi. Chunki avvalo, har qanday mamlakatning jahon miqyosidagi nufuzi ko‘p jihatdan unda amal qilayotgan saylov tizimining ochiqligi va demokratligiga bog‘liqdir.

 Qolaversa, saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining izchil takomillashtirilishini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning muhim bo‘g‘ini sifatida baholash lozim. Bundan tashqari, demokratik saylov tizimi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarni tom ma’noda xalq irodasiga tayangan holda shakllantirish, vakillik organlarida partiyalararo raqobatni kuchaytirish, elektorat fikri asosida mamlakat taraqqiyotiga daxldor yangi dasturlarni ilgari surish, olib chiqish imkonini beradi. Eng asosiysi, bu yangilanishlar fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, ularning davlat hokimiyati organlariga ishonchi mustahkamlanishiga, milliy davlatchilik poydevorlari yanada pishiq bo‘lishiga xizmat qiladi.

Prezidentimizning ...demokratiya, demokratik jamiyatning bosh talabi — bu odamlarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish, saylash va saylanish huquqini ta’minlashdan iborat, degan fikri saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovga oid masalalarda o‘z vazifalariga qanchalik mas’uliyat bilan yondashishlari zarurligini ko‘rsatib turibdi.

Har bir xalq, har qanday jamiyat o‘z milliy davlatchiligini qurishda o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tadi. Shu bois, dunyoda rivojlanish yo‘li, saylov tizimi aynan bir-biriga o‘xshash, bir xil davlatlar yo‘q. Chunki demokratik davlatning barpo etilishi uzoq davom etadigan murakkab jarayon bo‘lib, u bevosita bir-biriga bog‘liq bo‘lgan bir qator omillar ta’sirida vujudga keladi.

Yigirma besh yil muqaddam davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston har qanday demokratik talablarga to‘liq mos keladigan o‘z zamonaviy konstitutsiyaviy-huquqiy modelini yarata oldi. Milliy saylov tizimimiz ham ushbu demokratik tuzilmaning ajralmas tarkibiy qismidir.

Shu ma’noda uchta asosiy tayanch, ya’ni o‘zbek davlatchiligining tarixiy tajribasi, demokratiya va ijtimoiy adolat, xalqaro huquq qoidalarining ustunligi asosida yaratilgan saylov qonunchiligi va u asosida o‘tkaziladigan saylovlar insonparvar demokratik davlat barpo etish yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qilaveradi.

 

Oybek TURG‘UNOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri, yuridik fanlar nomzodi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: