Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
07.08.2014

O‘ZBEKISTONDA YOSHLAR BANDLIGI

Mamlakatimizda ish o‘rni yaratish bo‘yicha o‘ziga xos yo‘l tanlangani

hamda ijtimoiy himoya masalasiga alohida ahamiyat berilayotgani xorijlik ekspertlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, keyingi yillarda dunyoning ko‘plab hududlarida, hatto rivojlangan davlatlarda ham yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasi muammoga aylanib qoldi. Oqibatda, millionlab yoshlar ishsizlikdan aziyat chekmoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, birgina o‘tgan yilning o‘zida dunyo bo‘ylab salkam 202 million odam ishsiz qolgan. Bu 2012 yilga nisbatan taxminan 5 millionga ko‘p. Ishsizlikning asosiy qismi yoshlar «hissasi»ga to‘g‘ri kelmoqda.

Ya’ni, 2013 yilda 74,5 million yigit-qiz barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmagan. Mazkur ko‘rsatkich inqirozgacha bo‘lgan davrga qaraganda 4,1 millionga o‘sgan. Tahlillar, bugungi kunda yoshlarning ishsizlik darajasi kattalarga qaraganda deyarli uch barobar oshganini ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Lotin Amerikasi, Janubiy Yevropa hamda Karib havzasi mamlakatlarida vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Bu hududlarda hech qayerda o‘qimaydigan va ishlamaydigan yoshlar safi tobora kengayib boryapti. Jahon Banki hisob-kitoblari esa sayyoramizda ish va o‘qishda band bo‘lmagan yoshlar soni 600 milliondan oshib ketganidan dalolat bermoqda.

Germaniya kansleri Angela Merkel 2013 yil yozida Angliyaning «The Guardian» nashriga bergan intervyusida shunday degan edi: «Yoshlarni ish bilan ta’minlash, ehtimol, hozirgi vaqtda Yevropani larzaga solayotgan eng dolzarb muammo bo‘lsa kerak». Bu xavotirlar bejiz emas, albatta. Qit’ada professional kasbiy ta’lim va tayyorgarlikka ega bo‘lmagan yoshlar safi yuqori sur’atlarda o‘sib borayapti. Rasmiy statistikaga ko‘ra, hozirda yevrohududda 25 yoshgacha bo‘lgan ishsizlar soni 5 milliondan ko‘proqni tashkil etadi. Xususan, Ispaniya, Gretsiya, Italiya, Portugaliya va Fransiyada bu boradagi salbiy ko‘rsatkich saqlanib turibdi. Ayniqsa, Gretsiya va Ispaniyada ahvol ancha og‘ir. Bu mamlakatlarda hozir har ikkinchi yosh ishsiz.

Ekspertlar Ispaniyada yoshlar o‘rtasida ommaviy ishsizlik avj olishi sababini mamlakatda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi tuziladigan shartnomalarning «bukilmas» qoidasi bilan izohlashmoqda. Mazkur davlat mehnat bozorida uzoq yillardan beri ikki turdagi — vaqtinchalik va doimiy shartnomalar amal qiladi. Odatda, ish beruvchilarning aksariyati yoshlarni ikki yillik muddat ko‘zda tutilgan shartnomalar asosida ishga olishni ma’qul ko‘radi. Keyinchalik hali belgilangan muddat tugamasdan ular ishdan bo‘shatiladi va o‘rnini yangi «ijarachilar» egallaydi. Ya’ni ish topgan yoshlar ham o‘zlarining unda omonat ekanini his qilib turishadi.

Iqtisodchilarning fikricha, buning sababi yosh xodim ikki yillik ish stajiga ega bo‘lsa, ish beruvchi unga barcha sotsial paketlarni o‘z ichiga olgan to‘laqonli doimiy shartnoma taqdim qilishga majbur bo‘ladi. Bu holatda uni ishdan olish juda qiyin. Mabodo shunday vaziyat ro‘y bersa, ish beruvchi xodimning har bir ishlagan yili uchun katta miqdorda pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Shu bois mamlakat mehnat bozori ko‘proq katta yoshli ishchilar tomonidan egallab olingan. Oqibatda 25 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 2013 yilda 56 foizga yetdi. Yoshlar haq-huquqlari bilan mutlaqo hisoblashmaydigan bu tizim boshqa qator davlatlarda ham uchraydi.

— Yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik jamiyatda ijtimoiy tartibsizliklarni keltirib chiqaradi, — deydi Dublindagi Hayot sifatini yaxshilash Yevropa fondi vakili Massimiliano Masherini. Doimiy mehnatda band bo‘lmaslik ularni jamiyatdan uzoqlashib, begonalashib ketishiga sabab bo‘lyapti. Ayni paytda Yevropada 30 yoshgacha bo‘lgan o‘rta va ixtisoslashgan ma’lumotga ega 14 million odam ishsiz. Agar hukumatlar ish beruvchilar uchun turli imtiyoz va subsidiyalar joriy etish masalasiga befarqligicha qolaversa yangi ish o‘rinlari yaratish mushkul. Umuman, ko‘plab mamlakatlarda kollej va universitet bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasiga davlat darajasida e’tibor qaratilmayapti.

Lotin Amerikasi davlatlarida ham yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik o‘tkir muammoligicha qolmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti qit’adagi mamlakatlar yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan innovatsion va samarali strategik yechimni topishi zarurligi haqida ogohlantirdi.

XMTning Lotin Amerika va Karib dengizi havzasi davlatlari bo‘yicha hududiy direktori Elizabet Tiniko bu borada shunday bayonot bilan chiqqan edi:

«Eng katta, ta’bir joiz bo‘lsa, tahlikali muammo — mintaqada istiqomat qilayotgan 21 million yigit-qizning hech qayerda o‘qimasligi va ishlamasligidir. Ayni paytda ularning to‘rtdan bir qismi ish qidiryapti, 12 millionga yaqini, asosan ayollar, uy ishlari bilan shug‘ullanyapti. Qolgan 4 million 600 ming yosh esa mutlaqo bekor».

— Qator mamlakatlar mehnat bozorini to‘g‘ri tashkil qila olmayapti, — deydi Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder. — Bunday sharoitda iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish, investitsiya unumdorligini oshirish bilan bir qatorda, aholining zaif va himoyaga muhtoj qatlamini samarali ijtimoiy muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Agarda yoshlar ishsizligiga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmasa ijtimoiy keskinlik yanada kuchayishi mumkin.

Mutaxassislar global iqtisodiy inqiroz oqibatlari tufayli jahonning turli hududlarida millionlab yoshlar ishsizlik girdobiga tortilayotgan bir paytda O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlash barqaror sur’atlarda o‘sib borayotganini ta’kidlab, buning asosiy sababini mamlakatimizda ish o‘rni yaratish bo‘yicha o‘ziga xos yo‘l tanlangani hamda ijtimoiy himoyaga katta e’tibor qaratilayotgani bilan izohlashmoqda.

 Darhaqiqat, mustaqillikning dastlabki davrlaridan boshlab yurtimizda aholi, xususan, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasi eng muhim vazifalardan biri sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Avvalo, yigit-qizlarning doimiy mehnatda band bo‘lishini kafolatlashning huquqiy asoslari yaratildi. Jumladan, istiqlol yillarida qabul qilingan Mehnat kodeksi, «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqa me’yoriy hujjatlar yoshlarning, ayniqsa, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining ishli bo‘lishiga mustahkam zamin hozirladi.

Xalqaro hamjamiyat mamlakatimizda qabul qilingan 12 yillik umumiy majburiy bepul ta’lim tizimi nafaqat yuksak intellektual salohiyatli avlodni voyaga yetkazish, balki yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan, puxta o‘ylangan va amalda o‘zini oqlayotgan noyob tajriba ekanini ta’kidlamoqda. Bu modelning prinsipial xususiyati shundaki, o‘quvchilar maktabdagi 9 yillik tahsildan keyin ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda umumta’lim fanlari bilan birga mehnat bozorida talab qilinadigan ikki-uch mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunar ham egallashadi.

Bitiruvchilarni ishga joylashtirish chora-tadbirlari esa ular o‘qishni tugatishidan ancha avval ko‘rilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada so‘z ketganda turli tarmoqlardagi korxona va tashkilotlarning kollejlarga biriktirib qo‘yilgani — kollej-korxona hamkorligini izchil amalga oshirish, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tizimli o‘tkazish, ish beruvchi uchun imtiyozlar joriy etish, yoshlarning o‘z ishini tashkil etishiga ko‘maklashish va mikrokreditlar ajratish kabi tadbirlar ijobiy samara berayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Ayniqsa, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda uning joylardagi tizimlari tomonidan mahalla, hokimiyat, prokuratura kabi organlar, shuningdek, turli jamoat tashkilotlari, xususan, O‘zXDP bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududlarida tizimli ravishda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilishi dunyo mehnat bozorida yangilik sifatida e’tirof etilmoqda.

Bunday yarmarkalarda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘z hududidagi sanoat va ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik subyektlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish, ularda yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish, beriladigan maosh miqdori bo‘yicha ma’lumotlar olish imkoniga ega bo‘lishmoqda.

Eng muhimi, o‘z ixtisosligi va didiga mos ish tanlagan yoshlar bilan yarmarkaning o‘zida shartnoma tuzilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugun yoshlarimizning ish izlab sarson bo‘lishiga hojat yo‘q, ishning o‘zi ularni topib kelyapti.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, birgina joriy yilning shu davriga qadar respublikamizning barcha tuman va shaharlarida 650 dan ortiq maxsus bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazilgan va ularda 19 ming nafar yosh ishga yo‘llanma olgan. Bundan tashqari, yana 485,7 ming nafar (98,1 foiz) bitiruvchi bilan 171,8 mingga yaqin korxona va tashkilotlar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilgan.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Yevropaning ba’zi bir mamlakatlarida ish beruvchi va xodim o‘rtasida tuziladigan shartnomalarning «bukilmas» qoidasi sababli yoshlar o‘rtasida ishsizlik tobora o‘sib borayapti. O‘zbekistonda esa bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida qator qonun va qonunosti hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, endilikda ta’lim muassasasini tamomlagan kundan boshlab 3 yil ichida birinchi marta ishga kirayotgan bitiruvchilarni qabul qilishda dastlabki sinov muddatiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

— Avvallari shunday holatlar ham kuzatilganki, endigina o‘qishni tugatgan talaba uch oylik sinov muddati bilan ishga olindi, deb hisobot berilardi, muddat yaqinlashganda esa sinovdan o‘ta olmadi, degan bahona bilan mehnat shartnomasi bekor qilinardi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Nazira Matyakubova. — Oqibatda bunday yoshlar ishsiz qolib ketayotgan edi. Mazkur yangi norma ular barqaror ishga ega bo‘lishida huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

Xalqaro mehnat tashkiloti dunyoning bir qator mamlakatlarida yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasiga davlat miqyosida e’tibor qaratish kerakligi haqida bong urayotgan ayni paytda O‘zbekistonda Yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi parlament darajasida qabul qilinib, muvaffaqiyatli ijro etib kelinmoqda.

— Mamlakatimizdagi bunday ijobiy tajriba, ya’ni bandlik Dasturini parlament tasdiqlashi amaliyoti hech bir davlatda uchramaydi, — deydi Nazira Matyakubova. Uning doirasida yaratilayotgan ish o‘rinlari asosan ta’lim muassasalarini tugatayotgan yoshlar uchun mo‘ljallangani bilan ham qadrlidir. Masalan, 2013 yilning birinchi yarmida respublika bo‘yicha jami 554,4 ming yoki rejaga nisbatan 14 foiz ko‘p ish o‘rni tashkil etilgan bo‘lsa, uning 309,5 mingtasi yoki 55,8 foizini yoshlar, birinchi navbatda, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari band etdi. Bu yilgi Dasturga ko‘ra, 2014 yilda 500 ming nafarga yaqin bitiruvchini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Prezidentimizning 2010 yil 28 iyuldagi Farmoniga asosan kichik korxonalar va mikrofirmalar muayyan miqdorda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga qabul qilsa, ular uchun turli imtiyozlar belgilanishi ko‘zda tutilgan. Bu esa yoshlar bandligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

— O‘zbekistonda har yili davlat byudjeti xarajatlarining 60 foizga yaqini ijtimoiy sohalarni rivojlantirish uchun yo‘naltirilayotgani, har yili ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlashga oid davlat dasturi qabul qilinib, hayotga tatbiq etilayotganining ahamiyatiga alohida to‘xtalish lozim, — degan edi estoniyalik ekspert Xarri Taliga Toshkentda «Fuqarolarning mehnat huquqlari ta’minlanishi: O‘zbekiston tajribasi va mehnat sohasidagi xalqaro standartlar» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqida. — Zero, mamlakatingizda davr tendensiyalariga bunday yondashuv taraqqiyot garovi bo‘lib kelyapti va undan o‘rnak olsa arziydi.

Inson u qaysi kasbni egallashidan qat’i nazar, o‘zi tanlagan soha bo‘yicha halol mehnat qilib yashasa, jamiyatda qadr topadi, odamlar orasida obro‘-e’tibor qozonadi. Ayniqsa, yoshlar uchun bu juda muhim, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot-mamot masalasidir. Kollej yoki oliygohni tamomlab, endigina katta hayotga qadam qo‘yayotgan yigit-qiz o‘zi yoqtirgan ishga joylashsa, mehnatidan manfaat ko‘rsa ruhiyati ko‘tariladi, o‘z oldiga katta-katta maqsadlar qo‘yib yashaydi, kelajakka ishonch bilan qaraydi.

Agar mustaqillik yillarida yurtimizda bandlikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratilsa, ularning zamirida, eng avvalo, yoshlar manfaati, orzu-intilishlari mujassam ekanini ko‘rish, anglash qiyin emas.

 

Dilshod NARZULLAYeV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: