Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
24.07.2018

JAMOAT JOYLARIDA CHILIM VA ELEKTRON SIGARETALAR CHEKISHNI CHEKLASH –

fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashning muhim omili

Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida aholi, ayniqsa, yoshlarning sog‘lig‘i va salomatligini har tomonlama muhofaza qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Fuqarolar sog‘ligini saqlash to‘g‘risida», «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunlar va bir qator qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

2018 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasining «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida»gi Qonunining qabul qilinishi ham fuqarolar sog‘lig‘ini chilim va elektron sigaretalar chekishning zararli ta’siridan, u bilan bog‘liq salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga, shuningdek jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy-huquqiy sharoitlarini yaratish borasidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Avvalambor Qonunda chilim va elektron sigaretalarga nimalar kirishi aniq belgilab qo‘yildi. Ya’ni, chilim bu — tamaki chekish yoki tarkibida tamaki bo‘lmagan chekiladigan qorishmani (tutatqi qiyomni, tutatqi toshni) iste’mol qilish uchun foydalaniladigan asbob bo‘lib, unda aerozol (bug‘) yoki tutuq suyuqlik solinadigan idish (chilim suvdoni) orqali o‘tadi. Elektron sigareta esa — nikotinni yoki nikotinsiz mahsulotni yetkazish vositasi sifatida foydalaniladigan, nafas olib yutish uchun mo‘ljallangan aerozol (bug‘) hosil qiladigan elektron moslamadir.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, chilim dastlab Hindistonda paydo bo‘lib, keyinchalik tez sur’atlarda Hindi-Xitoydan Marokashgacha bo‘lgan hududdagi davlatlarda keng tarqalgan, XIX asrda esa, Yevropada ommalashgan hamda ularni iste’mol qilish oqibatida turli yuqumli kasalliklar tarqalayotganligi bois, dunyoning ko‘plab mamlakatlari, shu jumladan, Fransiya, Avstriya, Italiya, Germaniya, Turkiya, Quvayt, Ukraina kabi davlatlarda ham taqiqlangan. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotiga ko‘ra, chilim va elektron sigaretalarni muntazam iste’mol qilish yurak kasalliklariga, o‘pka va oshqozonosti bezi saratoniga sabab bo‘ladi.

Mazkur Qonun asosida jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir beshta chora-tadbirlar belgilandi. Birinchidan, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘ymaslik. Bunda jamoat joylarining ro‘yxatiga 12 toifadagi ob’ektlar kiritildi, bular — statsionar savdo ob’ektlari, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari; ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan yopiq turdagi maskanlar — kinoteatr, teatr, sirk, konsert, ko‘rgazma zallari; ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan joylar) — klub, diskoteka, kompyuter zallari; muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari va ma’ruzaxonalar; jamoat va yo‘nalishli transport vositalarida — poyezd, kema, havo kemasi, avtobus, taksi, shahar elektr transportida; yo‘l infratuzilmalarida — yerosti o‘tish joylari, transport bekatlari, avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari; davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek, korxona, muassasa va tashkilotlarning binolari; sog‘liqni saqlash, ta’lim muassasasi va tashkilotlarida, jismoniy tarbiya va sport inshootlari; ish joylari xonalari; ko‘p kvartirali uylar yo‘laklari, uy oldi hududlarida joylashgan bolalar va sport maydonchalari; xiyobonlar, bog‘lar, ko‘chalar va boshqa jamoat joylari.

Ushbu qoidalardan istisno tariqasida chilim va elektron sigaretalar uchun maxsus ajratilgan xonalarga ega bo‘lgan savdo ob’ektlari, shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalarida chilim va elektron sigaretalar chekishga, shuningdek, ularni chekishga, foydalanishga berish ruxsat etilganligini ta’kidlash lozim. Ayni damda mazkur ajratilgan xonalarning jihozlariga, chilim va elektron sigaretalarni foydalanishga berish tartibiga, chilimlarni sanitariya jihatdan tozalashga va chekiladigan qorishmalarni saqlashga hamda tamaki va chekiladigan qorishmaga doir gigiyenik talablar qonun hujjatlarida belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Ikkinchidan, chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama va targ‘ib qilishga yo‘l qo‘ymaslik. Qonunga muvofiq, chilim va elektron sigaretalarni reklama qilish, ya’ni ularni chekish usullari va yo‘llari, shuningdek, ularni olish joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatishga qaratilgan faoliyatga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qolaversa, chilim va elektron sigaretalar chekishni targ‘ib qilish, ya’ni chilim va elektron sigaretalar chekishni rag‘batlantiruvchi, shaxsda ularni iste’mol qilishning zararsizligi to‘g‘risidagi tasavvurni shakllantiruvchi g‘oyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlar ham taqiqlanadi.

Uchinchidan, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar va ularning majburiyatlari belgilanishi ko‘rsatilgan. Bunday mas’ul shaxslar sifatida korxona, muassasa va tashkilotlarning mansabdor shaxslari, shu jumladan, o‘z tasarrufida hududlar, binolar, inshootlar va jamoat joylarida joylashgan boshqa ob’ektlar, shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan transport vositalari bo‘lgan shaxslar belgilangan. Ushbu shaxslar zimmasiga uchta asosiy majburiyat yuklangan: ushbu sohadagi qonun hujjatlari talablarini bajarish; jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekayotgan shaxslarni bunga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirishi, huquqbuzarlik davom ettirilgan taqdirda esa, ichki ishlar organlariga xabar berish; hammaga ko‘rinarli joyga, shu jumladan, kirish joylarida, transport vositalarida va boshqa ob’ektlarda jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantiruvchi lavhalarni joylashtirish.

To‘rtinchidan, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxona, ta’lim muassasalari va boshqa muassasalar o‘z vakolatlari doirasida chilim va elektron sigaretalar chekishning salbiy ta’siri profilaktikasi, jamoatchilik ongida chilim va elektron sigaretalar chekishga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish bo‘yicha kompleks ijtimoiy, tashkiliy-huquqiy va boshqa choralarni amalga oshiradilar.

Beshinchidan, jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir so‘nggi chora-tadbir — bu boradagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratning o‘rnatilishi. Qonunga asosan ushbu sohadagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan nazoratni ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradilar.

Qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin uch oy o‘tgach, ya’ni joriy yilning 3 oktabridan kuchga kirishi belgilangan. Bu ham tadbirkorlik sub’ektlari va jamoatchilikka o‘z faoliyatlarini ushbu qonun normalariga mos holda tashkil etishlari uchun imkoniyat beradi.

Muxtasar qilib aytganda, mamlakatimizda jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishning cheklanishi fuqarolar sog‘ligini turli salbiy odatlar va amallarning zararli ta’siri hamda oqibatlaridan muhofaza qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, barkamol va sog‘lom avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.

 

Nodirjon XAYRIYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti katta o‘qituvchisi, yuridik fanlar nomzodi.



DB query error.
Please try later.