Fuqarolik ishlari bo‘yicha respublikamizdagi barcha sudlarga endilikda masofadan turib hujjatlarni elektron tarzda topshirish imkoniyati yaratildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumanlararo sudida tizimga joriy etilayotgan yangi axborot texnologiyalari hamda ularning afzalliklariga bag‘ishlangan media-tur tashkil etildi.
Tadbirda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda samarali foydalanilayotgan E-SUD elektron sudlov axborot, audio-video tasvirga olish tizimi va boshqalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda sud-huquq sohasiga oid tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, odil sudlov samaradorligini oshirish maqsadida sud tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilayotgani sohada ochiqlik va xolislikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
— O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda BMT taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik» qo‘shma loyihasi asosida ishlab chiqilib, sudlar amaliyotiga joriy etilgan E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi fuqarolik ishlarini sudlarda ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, sud xabarnomalari va hujjatlarini taraflarga yetkazish mexanizmlarini takomillashtirish, bu borada sansalorlik, byurokratizmga yo‘l qo‘ymaslik kabi maqsadlarga xizmat qiladi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov. — Ushbu tizimni ishlab chiqishda Janubiy Koreya, Germaniya va Singapur kabi rivojlangan davlatlar tajribasi chuqur o‘rganildi. Qariyb, ikki yildan buyon fuqarolik ishlari bo‘yicha respublikamizdagi barcha tumanlararo, shahar va tuman sudlarida E-SUD tizimi muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda.
E’tiborlisi shundaki, endilikda sudga murojaat etish uchun sud binosiga borish, navbatda turish, hujjatlarni qo‘lda yozib, qog‘oz shaklida topshirish kabi jarayonlarga vaqt va mablag‘ sarflash zarurati yo‘q. E-SUD tizimi orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha respublikamizdagi barcha sudlarga istalgan kun, vaqt va masofadan turib hujjatlarni elektron tarzda topshirish mumkin. Kelib tushgan elektron murojaat uch kun ichida ko‘rib chiqiladi va shikoyatchiga javob yuboriladi. Bundan tashqari, internetni yaxshi bilmaydigan fuqaro murojaat qilmoqchi bo‘lsa, sud binosiga kelib, devonxona xodimiga uchrashadi va u shikoyatni elektron tizimga kiritadi. Qisqacha qilib aytganda, birinchi instansiya sudlariga qilinayotgan murojaatlarning barchasi elektron ko‘rinishda amalga oshirilmoqda. Yana shuni ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bu tizim hozirgi davrda faqatgina birinchi instansiya sudlarida amaliyotga qo‘yilgan. Kelgusida apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibidagi ishni ko‘rish bosqichlariga ham tatbiq etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ish bilan bog‘liq materiallarni elektron tarzda shakllantirishning bunday tartibi, avvalambor qo‘l mehnatini va ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirishga olib keladi. Shu bilan birga, ishlarni saqlash, ularni yuqori instansiya sudlariga yuborish, ish materiallari bilan taraflarni tanishtirish, ulardan nusxalar olish kabi protsessual jarayonlarni sezilarli tarzda soddalashtiradi...
Media-tur doirasida jurnalistlar sudda ishlarni ko‘rish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan audio-video tasvirga olish tizimi — SRS Femida faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Ya’ni sud binosiga ish yuzasidan borgan odam sudda ishi ko‘rilayotgan fuqarolarni sudga kiraverishdagi foyyeda o‘rnatilgan monitor orqali bevosita kuzatishi mumkin. Bu kabi zamonaviy axborot-texnologiyalarining sud sohasiga joriy etilishi sudyalar mas’uliyatini oshirish bilan birga, ko‘rilayotgan ishga xolis yondashishda, haqiqatni yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir doirasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning joriy yilning birinchi choragidagi faoliyati haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Ta’kidlandiki, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 56653 ish ko‘rib chiqilgan va ulardan 83 milliard so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 111376 sud buyrug‘i chiqarilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha 49150 hal qiluv qarori chiqarilib, ushbu qarorlar bo‘yicha talablarning 83 foizidan ortig‘i qanoatlantirilgan.
Loyiha doirasida fuqarolarning huquqiy ongini oshirish maqsadida infografika va huquqiy savodxonlikka oid kitoblar tarqatildi.
Toshtemir XUDOYQULOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
|