Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
21.08.2018

YASHIL SHAHARNING YASHIL NAVOLARI

maqom san’ati xalqaro anjumanida olamga taraladi

«Olam to‘lib borar yashil navoga» – taniqli shoirlarimizdan birining qalbida toshgan tuyg‘ular. Qadimdan goh Kesh, goh Sabzazor, goh Shahrisabz atalib kelayotgan Abadiy shaharga bevosita taalluqli guyo bu so‘zlar. Shu yilning 6-10 sentabr kunlari o‘tadigan maqom san’ati birinchi xalqaro anjumanida yashil navolar olamga taraladi. Mana, uch yildirki, qadim shaharni qaytadan qurish, nodir obidalarni ta’mirlash jadal davom etmoqda. Bugun daraxt va turfa gullarga burkanayotgan, yangi-yangi binolar qad ko‘tarayotgan shahardagi bunyodkorliklar nufuzli anjumanga hozirlik ishlari bilan birga davom etmoqda.



OBODONCHILIK VA TARADDUD

Bugungi Shahrisabzni ko‘rganmisiz? Yo‘qmi? Kelsangiz, ko‘rsangiz, ko‘nglingizda munis tuyg‘ular uyg‘onishi tayin. Hozir jahon sivilizatsiya rivojiga bemisl hissa qo‘shgan shaharni tanib bo‘lmaydi. Hukumat qarori asosida tengi yo‘q o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Yangi umrini yashayotgan nodir obidalar, milliy va zamonaviy me’morchilik uyg‘unlashgan ko‘rkam imoratlar kelajakka peshvoz chiqayapti.

Avvalo, shaharning hududi belgilandi. Shahrisabz hokimligi qaytadan tashkil topdi. Yangi hokimlikning tizimlari shakllantirildi, barcha ishlar o‘z egalariga topshirildi.

Shaharga juda erta — hali tong otmasidan yetib keldim va mashinamni markaziy ko‘chadan haydadim. Ana, temir yo‘l vokzali atrofida ish qizg‘in. Anjuman kuni ancha mehmon tezyurar poyezdda yetib keladi. Bosh maydonga yangidan tiklangan Samarqand darvozasidan kirib bordim. Shaharning yangi bosh me’mori Bekzod Rahmonov ketma-ket ishga tushayotgan binolar, yo‘llar, turli inshootlar, ularning loyihalari haqida hikoya qiladi — chindan ulug‘vor ishlar! Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish to‘g‘risida»gi qarori va birinchi xalqaro anjumanni Shahrisabz shahrida o‘tkazish borasidagi takliflaridan keyin bunyodkorliklarning yangi davri boshlandi. Gap faqat anjuman o‘tadigan maydonni hozirlash xaqida emas, balki milliy mumtoz san’atimiz, tariximizni o‘rganish, jahon ahliga yetkazish, turizmni rivojlantirish va boshqa o‘nlab ezgu ishlar uyg‘un tarzda olib borilishi belgilab berildi.

Men asrlar yukiga bardosh berib, bugun 38-40 metrlik ikkita qanoti saqlanib qolgan dunyoning tengsiz obidasi — Oqsaroy qarshisida o‘yga tolaman. Bir vaqtlar Ispaniya elchisi Klavixo buyuk bobomiz Amir Temur hazratlari qurdirgan saroyda ko‘rganlarini tasvirlagan edi. Umuman, temuriylar davri tarixi haqida o‘zimizda va xorijda ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan. Yangi izlanish — iste’dodli olim Poyon Ravshanovning «Oqsaroy» kitobi o‘tgan yili dunyo yuzini ko‘rdi. Men o‘tmish yo‘llaridan zamonamizga yuzlanaman va ikki yil burun quruvchilar ana shu baland imoratda ta’mirlash ishlarini bajarishganini eslayman. Yuqoridan yana bir manzarani ko‘rish mumkin — qanotlarini yozgan Davlat qushi — Humo yetti iqlim hukmdorini olib uchayotganday... Loyiha shunday tuzilgan. Amir Temur bobomizning muazzam haykali maydon markazidagi tepalikda qad ko‘targan.

Qadimda Oqsaroy qarshisidagi maydonda hovuzlar bo‘lgan. Bugun bu hovuzlar usti qalin shisha bilan qoplangan o‘ziga xos muzey. Bu borada fransiyalik hamkorlarimizning xizmati katta bo‘ldi. Bu ham e’tiborga molik yangiliklardan biri.

Shahrisabzning o‘zi ochiq va tengi yo‘q ulkan muzeydir, — deya hikoya qiladi shahar madaniy meros inshootlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish inspeksiyasi boshlig‘i Ilhomjon Yusupov. — Dastavval, o‘rama haqida. Tarixiy manbalarda qal’a devori 6,5 ming metr uzunlikda bo‘lganligi bitib qoldirilgan. Shundan 1100 metri saqlanib qolgan. Jami 167 metr tuproq qal’a devori ta’mirlandi. Markaziy maydon atrofida Zargarlik, Kulollik, Qoziguzar kabi mahallalar joylashganligi bejiz emas. Har birining o‘z o‘rni bor va hozir qadimiy nomlari tiklangan. Mana, eski Hovuzi Mardon qaytadan qazilib, ta’mirlandi. Aslida hovuzlar 2 ta bo‘lgan va ulardagi suv nodir obidalar bezaklarining rangi oftob tig‘ida o‘chib ketmasligiga ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun ham mahalla — Qo‘shhovuz atalgan. Yerosti suvlarining ko‘tarilishi va qadimiy imoratlarga zarar yetkazmasligini nazorat qilish — muhim vazifamiz. Umuman, markazda YuNESKO ro‘yxatiga kirgan Dorus - saodat va Dorut-tilovat majmualari, Kunduzak masjidi, Abdushukur Og‘alik madrasasi, hammom, Chorsu bozori kabi 20 dan ortiq nodir obida joylashgan va ular sifatli ta’mirlandi. Anjuman qatnashchilari, sayyohlar ularni tomosha qilishadi...

Bosh maydonda 19 yangi favvora bunyod etilgan. Hozir Isomiddin Alimov boshchiligida shahar obodonchilik departamenti jamoasi sidqidildan mehnat qilmoqda. Aytishlaricha, bosh maydonning o‘zida 31 mingdan ko‘proq baland va past bo‘yli daraxtlar, turfa gullar ko‘kartirilgan. Ayniqsa, shahrisabzliklar «nozbo‘y» deb ataydigan rayhon ko‘p. Daraxtzorlar o‘rtasi maysa bilan qoplangan. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish shahar kengashi raisining o‘rinbosari Bahodir Ro‘ziyev va O‘zXDP tuman kengashi raisi Dilshod Yorovlar: «Shahrimizni obod qilish va xalqaro anjuman mehmonlarini munosib kutib olish uchun barcha shaxrisabzlik oyoqqa turgan», deyishdi g‘ururlanib.


KELING MEHMON, KULING MEHMON...

Dunyoda faqat kulib muomala qiladigan xalqlar ko‘p. Kulgu — umr ziynati ekan. Ayni damda tashrif buyursangiz, shahrisabzliklar ham jilmayib, qayerni so‘rasangiz, erinmay tushuntirishadi.

Men avval markaziy maydon o‘rtasida o‘ziga xos amfiteatr bunyod etayotgan quruvchilar huzuriga bordim. Ish jadal ketayapti. Alohida sahna yasalmoqda. Beton ishlarini Toshkentdagi 65-qurilish boshqarmasi jamoasi bajarayotgan ekan. Bular haqida asli surxondaryolik bo‘lgan ishboshi Komil Xolov gapirib berdi. Hademay o‘rindiqlar o‘rnatilarkan. Umuman, shaharni obod qilishga butun mamlakatimiz quruvchilari munosib hissa qo‘shishdi. Shulardan biri — kitoblik Abdijamol G‘afforov boshliq quruvchilar jamoasi 48 xonadonli 4 yangi uy, 60 savdo do‘konini ishga tushirdi. Hozir ulkan inshoot — san’at saroyini ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazishayapti. Ana shu maydondagi egalari ko‘chib kirgan o‘ziga xos uylarni tomosha qilib, bittasi oldida to‘xtayman. Maydon markazida tadbirkor Erkin To‘xtayev qurgan 100 o‘rinli yangi «Afsona» mehmonxonasi ham ish boshlabdi.

Xalqaro anjuman mehmonlarini va shaharga kelayotgan sayyohlarni munosib kutib olish uchun tayyorgarlik ishlari qizg‘in, — deydi O‘zbekiston turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Otabek Olimjonov. — Sayyohlar va mehmonlar uchun yurtimizda xizmat ko‘rsatadigan manzillar ko‘p. Turizmni rivojlantirish — muhim vazifamiz. Agar o‘tgan yili vohaga 2 ming mehmon tashrif buyurgan bo‘lsa, shu yilning o‘tgan davrida 100 mingdan oshiq sayyoh keldi. Maqom xalqaro anjumani yutuqlarimizni, milliy madaniyatimizni jahonga yoyishi barobarida, ko‘plab sayyohlarni jalb etadi. Ularni munosib kutib olishimiz kerak. Agar ilgari «Shahrisabz yulduzi» mehmonxonasi bo‘lsa, qisqa fursatda 120 o‘rinli 2 yangi mehmonxona foydalanishga topshirildi. Tog‘li Miroqi qo‘rg‘onchasida 60 o‘rinli «Lochin» mehmonxonasi ishga tushdi. Shunisi quvonchliki, 60 dan oshiq shahrisabzlik o‘z uyida mehmonlarni kutish istagini bildirdi. Ularni o‘rgandik, ko‘maklashdik, hozir 20 tasi tayyor, qolgan xonadonlar jihozlanmoqda. Bunday xonadon-mehmonxonalarda istiqomat qilish mehmonlarda ham yaxshi taassurot qoldiradi, albatta...

Suhbatdan so‘ng bosh maydon bo‘ylab yana yura boshlayman. Qator qo‘sh qavatli uylarning birinchi qavatidagi do‘konlarda milliy hunarmadchilik buyumlari terib qo‘yilgan. Bitta yangi binoning birinchi qavatidagi xonalarning ochiq eshigidan gilam to‘qiyotgan, do‘ppi tikayotgan chevarlar ishi yaqqol ko‘rinib turibdi. Yaponiya davlatidan kelgan bir yosh sayyoh chevarlar harakatidan ko‘z uzolmasdi. Men ruscha, u inglizcha gapirdi, ammo bir-birimizni angladik. Yurtimizga birinchi kelishi ekan, yoqibdi. Men «Xush kelibsiz!», dedim kulib, yaponiyalik yigit ham jilmaydi.

Chet ellik mehmonlar uchun milliy buyumlarimiz ko‘p manzur, — deydi Shahrisabz shahar hunarmandlar uyushmasi rahbari Yulduz Mamadiyorova. — Chunki bu buyumlar san’at darajasida, gul va naqshlarda mohir chevarlar mahorati mujassamlashgan. Biz Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Qamashi, Chiroqchi tumanlari hunarmandlarini birlashtirayapmiz. Men o‘zim chevarlar tayyorlagan do‘ppi, sumka, nimcha, kichik gilam kabi buyumlarni o‘nlab davlatlardagi ko‘rgazmalarda namoyish qilishda qatnashganman. Qiziqish katta. O‘tgan yili Prezidentimiz Shahrisabzga kelib ishlarimizni ko‘rdi, maslahatlar berdi. Shundan keyin, ana shu qo‘sh qavatli binoni sotib olib, kichik sex va savdo do‘koni ochdik. San’at anjumaniga kelayotgan mehmonlar uchun turfa sovg‘alar, buyumlar tayyorlayapmiz.


SHAHRISABZ QALBI VA SHUURI

Yurib, aylanib, XVI asrda qurilgan, hozir Amir Temur nomidagi moddiy madaniyat tarixi muzeyi joylashgan Chubin madrasasiga yetib keldim. Qadimiy imorat yangi hayotini yashayapti.

Muzeyimizda 35 mingdan ortiq arxeologiya, tarix, yozma manbalar, etnografiya, rassomchilik, amaliy san’at, haykaltaroshlik, numizmatika va madaniyatga oid eksponatlar mavjud, — deydi muzey direktori, tarix fanlari nomzodi Nabi Xushvaqtov. — Asosiy yo‘nalishimiz «Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning hayoti hamda faoliyati» mavzusiga bag‘ishlangan.

Men ushbu muzeyda chiltor-arfa chalayotgan ayolning kichik sopol haykalchasini ko‘rgandim. Bu Buyuk ipak yo‘li orqali qadimda Sharqiy Turkiston, Xitoy, Koreya, hatto Yaponiya davlatlariga milliy madaniyatimiz, san’atimiz yetib borganini ko‘rsatadi. Maqom san’ati ham temuriylar davrida yaxshi rivoj topgan, shunday emasmi?

Ha, maqom — o‘lmas san’at, — davom etadi Nabi Xushvaqtov. — Uning Buxoro, Xorazm, Toshkent va Farg‘ona yo‘nalishlari mavjud. Umuman, maqom tarixi, bastakorlik, yakka va jo‘rovozlik, sozandalik usullarini, shu sohada yaratilgan asarlarni astoydil o‘rganish lozim. Bu borada Vazirlar Mahkamasining Shahrisabz shahrida alohida «Maqom muzeyi»ni tashkil etish haqidagi qarori muhim ahamiyat kasb etadi. Qarorda bu mumtoz san’atga oid manbalarni to‘plash, ulug‘ san’atkorlar hayotini o‘rganish, maqomni targ‘ib qilish va boshqa vazifalar qo‘yilgan.

Maqom san’atimiz XX asrda ayniqsa, sho‘ro davriga kelib, murakkab sharoitda rivojlandi. Mustabid tuzum mafkurasini madh etuvchilar maqom san’atiga eskilik sarqiti sifatida munosabatda bo‘lishgan. Ana shunday og‘ir davrda buyuk san’atkor Yunus Rajabiy «Shashmaqomni» kitob sifatida nashr ettirdi. Mustaqillik yillarida mumtoz san’atimiz rivoji yo‘lida ancha xayrli ishlar qilindi. Xo‘sh, Shahrisabz haqida nimalarni aytish mumkin?

Avvalo, Shahrisabzda ko‘plab ustoz san’atkorlar yashab o‘tishgan. Jonkuyar tarixchi, jurnalist Mo‘min Azizov Abdurahmon Eshonqulboy o‘g‘lining Shahrisabzda tug‘ilgani, Buxoro maqomini ustozlardan o‘rganib, sho‘ro davrida o‘z yo‘liga asos solgani haqida yaqinda «Qashqadaryo» viloyat gazetasida «Hofiz, sozanda, bastakor» maqolasini e’lon qildi. Ustoz Yunus Rajabiy nashrga tayyorlagan «O‘zbek xalq musiqasi» to‘plamiga u yaratgan «Abdurahmonbegi», «Ufori Abdurahmonbegi», «Abdurahmonbegi III» mumtoz ashulalari notalari bilan kiritilgani haqida fikr yuritdi. Shahrisabzdan O‘ktam Ahmedov, Maryam Sattorova, Nasiba Sattorova, Dilfuza Rahimova, Oygul Xalilova kabi taniqli san’atkorlar yetishib chiqqanini tilga oldi.

Viloyatda xalqaro anjumanga tayyorgarlik qizg‘in. Iyul oyida maqomchilarning viloyat ko‘rigi o‘tkazilib, Kitob tumani madaniyat bo‘limi qoshidagi «Moziydan sado» dastasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi shahrisabzlik Elmurod Boymurodovning bu borada xizmatlari katta. U kishi Toshkentdagi Teatr va rassomchilik institutining rejissyorlik fakultetini bitirib kelgan. 1959 yilda Shahrisabz shahrida xalq teatriga asos soldi. Mazkur teatr bugungi kunda ham faoliyat ko‘rsatib kelayapti. Ayni paytda san’at fidoyisi shahar madaniyat bo‘limi qoshidagi bolalar maqom dastasi rahbari.

Tarixiy Koba obidasi hozir maqom san’ati markaziga aylantirilgan, — deydi Elmurod Boymurodov. — Shu yilning yanvar oyida Prezidentimiz Shahrisabzga kelganida men bilan ham suhbatlashdi, mumtoz san’atimiz istiqboli haqida gapirdi. Mana, endi u kishining tashabbusi bilan shahrimizda xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Shogirdlarim ko‘p. Hozir AQShda yashayotgan san’atkor Roshil Rubinov ham mening shogirdim. Yangilik shuki, butun viloyatimizda sinovdan o‘tkazilgan 150 nafar yosh maqomchi bilan bir necha oydan buyon shug‘ullanayapmiz. Men rahbarman. Ular namunali chiqish qilishadi.

Men shahrisabzlik 3-sinf o‘quvchisi Parizoda Elmurodova, Qarshi shahridan kelgan 9-sinf o‘quvchisi Rahmat Toshqulov, kasbilik 4-sinf o‘quvchisi Shohrux Xolmurodov, shahrisabzlik 9-sinf o‘quvchisi Sevinch Avlaqulova va boshqa qalbiga san’at cho‘g‘ tashlangan o‘g‘il-qizlarimiz bilan suhbatlashdim. Shahrisabzlik musiqa maktabning konsert zalini to‘ldirgan yosh maqomchilarning ashulani mayin va avj pardalarida birdek kuylashayotganini tinglab, hayratga tushdim va nihoyatda quvondim. Yana bir zamonaviy qo‘shiqqa musiqa bastalanibdi. Bu ashulani yoshlar kuylashganda, ushbu misralari qalbimga muhrlanib qoldi:



Bolasiga borini baxshida qilgan Vatan,

Tog‘lari cho‘qqisiga bayrog‘in ilgan Vatan,

Tarixin, tug‘rosini muqaddas bilgan Vatan,

Kelajakni o‘ylagan bo‘ylaringdan aylanay,

Yigirma yetti yoshli to‘ylaringdan aylanay...



Yunus UZOQOV,

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist»



DB query error.
Please try later.