Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
30.08.2018

«O‘ZBEKISTON HAVO YO‘LLARI»: XAVFSIZLIK, BARQARORLIK, QULAYLIK

Ushbu tamoyillar milliy aviakompaniyamiz faoliyatining asosi bo‘lib kelmoqda. «O‘zbekiston havo yo‘llari» xalqaro aviatashuvlar bozorida munosib o‘rin egallab, mamlakatimiz mustaqilligining faxri va ramziga aylandi. «Uzbekistan Airways» brendi butun dunyoda barqaror, xavfsiz va ishonchli aviatashuvchi sifatida tanilgan va e’tirof etilgan.

O‘tgan yillar davomida Milliy aviakompaniya aviaparki «Airbus», «Boeing» zamonaviy samolyotlari, jumladan, «Boeing 787 Dreamliner» havo kemalari hisobiga yangilandi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» rivojlanish strategiyasi hamda aviaparkni modernizatsiya qilish dasturiga muvofiq, o‘z parkini yangi zamonaviy avialaynerlar bilan to‘ldirishni davom ettirmoqda. 2019-2020-yillar mobaynida ikkita «AirbusA320 Neo» va uchta «Boeing 787 Dreamliner» samolyoti olinishi kutilmoqda. E’tiborlisi, Drimlaynerlar keltirilishi bilan milliy aviakompaniyamiz MDH davlatlarida ushbu rusumdagi samolyotlarning yetakchi ekspluatanti bo‘ladi. Yangi zamonaviy havo kemalari qulay, keng o‘rindiqlar, har bir yo‘lovchi uchun alohida mo‘ljallangan ko‘ngilochar dasturli monitorlar, aloqa va Wi-Fi tizimlari bilan jihozlangan bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, parvoz vaqtida yo‘lovchilarga barcha qulaylik ta’minlanadi.

Milliy aviatashuvchi o‘z samolyotlarining uchishga yaroqliligini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniga ega. «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasida turli modifikatsiyadagi, jumladan, «Boeing 787 Dreamliner» samolyotlarini bo‘yashdan tortib kapital ta’mirlashgacha bo‘lgan murakkab ta’mirlash ishlari bajariladi. Bu yerda nafaqat aviakompaniyaning o‘z aviaparki, balki xorijiy aviakompaniyalar samolyotlariga ham texnik xizmat ko‘rsatiladi.

Kadrlarni tayyorlash tizimi takomillashtirilmoqda. Bugungi kunda o‘z uchuv tarkibi hamda xorijiy aviakompaniyalar uchuvchilarining nazariy va amaliy tayyorgarligini ta’minlashga qodir professional o‘qituvchilar tarkibi hamda zamonaviy aviatsiya trenajyorlariga ega Milliy aviakompaniya O‘quv-mashq markazida uchuvchilarni O‘zbekistonda tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Bu yil markaz o‘zining dastlabki tinglovchilarini qabul qiladi.

Mamlakatimiz aeroportlarining yer usti infratuzilmasi modernizatsiya qilindi. Yangi zamonaviy yo‘lovchi terminallari qurildi, xizmat ko‘rsatish texnologiyasi yaxshilandi va uchish-qo‘nish yo‘laklari rekonstruksiya qilindi. Havodagi harakatni boshqarish zamonaviy markazlari ekspluatatsiyaga topshirildi. O‘zbekiston havo kengligidan foydalanuvchilar soni va parvozlar xavfsizligini yanada oshirish imkonini beruvchi yangi aeronavigatsiya tizimlari joriy etildi. Respublikamizning barcha aeroportlarida bojxona chegaralaridan o‘tish joylarida yo‘lovchilar logistikasini yaxshilash va bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish imkonini bergan «qizil» va «yashil» yo‘lakli tizim ham ishga tushirildi.

Mamlakatimizning bosh havo darvozasi — Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroporti o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashni tashkil etilishini nazorat qilish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan xavfsizlik talablariga rioya qilgan «Eng ilg‘or o‘ta muhim ob’ekt» sifatida e’tirof etildi.

Poytaxt aeroportida xalqaro yo‘nalishlarda uchib keluvchi yo‘lovchilar uchun yangi uchib kelish terminali ishga tushirildi. Soatiga 1200 nafar yo‘lovchigacha xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi binoning ishga tushirilishi bilan xalqaro yo‘nalishlarda uchib kelayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati sezilarli darajada oshdi va mamlakatga kirishdagi zaruriy tekshiruv jarayonidan o‘tish vaqti qisqardi. «Nukus» xalqaro aeroportida soatiga 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega yangi yo‘lovchi terminali ekspluatatsiyaga topshirildi. Mazkur yangi terminal yo‘lovchilar va ularning yuklariga xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan eng zamonaviy texnika bilan jihozlangan.

Turizmni rivojlantirish borasida ham jadal ishlar olib borilmoqda. «O‘zbekiston havo yo‘llari» Buyuk Britaniya Mustaqil sayyohlik operatorlari assotsiatsiyasi (AITO) a’zosi bo‘ldi. Milliy aviakompaniyamiz xizmatlarini sotish tarmog‘ini kengaytirish va chet ellik sayyohlarni O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha xorijiy hamda mahalliy turoperatorlar bilan uzviy ish olib borilmoqda. Dushanbe shahriga hamda Samarqanddan Istambulga yangi yo‘nalishlar ochildi, Lahorga parvozlar tiklandi. Issiqko‘l, Maldiv orollari, Sharm-el-Sheyx hamda Bodrumga charter qatnovlari, yevropalik sayyohlarni jalb etish maqsadida Milan va Parijdan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar bajarilmoqda.

Darvoqe, «O‘zbekiston havo yo‘llari» FIFA-2018 futbol bo‘yicha Jahon kubogi doirasida Kolumbiya, Meksika, Polsha, Angliya, Xorvatiya va Fransiya terma jamoalarining ma’muriyati, muxlislari va oila a’zolarini tashish uchun 12 ta charter qatnovini amalga oshirdi.

Davlatimiz rahbari farmoni bilan tasdiqlangan 2018-2019 yillar uchun sayyohlikni rivojlantirishning ustuvor chora-tadbirlari dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida «O‘zbekiston havo yo‘llari» Malayziya, Singapur, Indoneziya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan ziyorat turizmi yo‘nalishi bo‘yicha respublikamizga sayyohlarni jalb qilmoqda.

Xorijiy sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda respublikadagi muqaddas joylarga qisqa muddatli sayohatlar bilan bir qatorda, tranzit sayyohlar uchun «O‘zbekiston +» tur paketlari ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, uzoq va yaqin xorij mamlakatlaridan Urganch, Buxoro va Samarqand shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham o‘rganilmoqda.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» vertolyotlarida yurtimizning go‘zal go‘shalariga sayr qilish xizmati joriy etildi. Mazkur xizmat sayyohlik agentliklari, turoperatorlar va barcha xohlovchilarga taklif etiladi. O‘z kasbining ustasi bo‘lgan vertolyot uchuvchilari sayyohlarning nafaqat xavfsizligini ta’minlaydi, balki manzilga tez va qulay eltib ham qo‘yishadi.

Milliy aviakompaniya respublikaning eksport salohiyatini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun maxsus imtiyozli tariflarni taqdim etayotir. Eksportchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida aviakompaniya shartnomalarni tuzish, eksport yuklarini qabul qilish va bronlash uchun soddalashtirilgan tartib-qoidalarni joriy etdi.

Parvozlar bajarilishi muntazamligini ta’minlash va xizmat ko‘rsatish darajasini yaxshilash uchun sezilarli ishlar amalga oshirildi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi chet el aeroportlari tomonidan bir necha bor eng punktual aviakompaniya deb e’tirof etildi. «Domodedovo», «Sochi», «Krasnodar», «Qozon» va boshqa aeroportlarning muntazam yo‘lovchi qatnovlarini o‘z vaqtida bajarganlik uchun taqdim etgan diplomlari buning yaqqol dalilidir.

Yo‘lovchilar uchun oziq-ovqat tarkibi va uni taqdim etish texnologiyasi butunlay qayta ko‘rib chiqildi, ko‘ngilochar media-kontentning yangilanish tezligi oshirildi, biznes-klass yo‘lovchilari uchun yangi sifatli yo‘l anjomlar to‘plami taqdim etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, «O‘zbekiston havo yo‘llari» muvaffaqiyatli faoliyati davlatimizning chuqur o‘ylangan va to‘g‘ri yo‘naltirilgan siyosati, xalqimizning xavfsiz va munosib hayoti, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning mevasidir.

 

Alisher RO‘ZIYEV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.