Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
19.07.2018

O‘ZBEKISTONNING SHAMOL RESURSLARI VA MUQOBIL ENERGETIKANI RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI

Mutaxassis olimlarning hisoblari bo‘yicha, sayyoramizning shamol energiya potensiali jahonda hozir ishlatilayotgan elektr energiya hajmiga nisbatan 30 marotaba katta. Bu yer yuzasiga yaqin havo qatlamidagi, ya’ni 100 metr balandlikkacha shamol energiyasining imkoniyati hisoblanadi. 100 metr va undan balandda shamol tezligi kuchli va undagi energiya beradigan shamol quvvatining imkoniyati yanada katta.

Hozirgi paytda dunyo bo‘yicha intensiv ishlatilayotgan uglevodorod yoqilg‘isi (ko‘mir, neft, gaz va boshqalar) tugaydigan tabiiy resurslar bo‘lib, ularning tabiiy zaxiralari 30-40 yildan keyin juda kamayadi, ko‘pgina davlatlarda umuman tugaydi. Shu sababli ham dunyoning rivojlangan davlatlarida, nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlarida muqobil energiya manbalari zaxiralarini aniqlash, ulardan foydalanish bo‘yicha katta miqyosda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmokda.

Sayyoramizning juda ko‘p hududlarida shamol resurslari katta zaxiralarga ega bo‘lib, ulardan katta quvvatda elektr energiya olish mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, shamol tezligi 2,0-3,5 m/sek dan boshlab elektr energiya bera boshlaydi, lekin uning quvvati akkumlyatorni zaryadlay olmaydi. Shu sababli samarali elektr energiya beradigan shamol tezligi 3,0 m/sek hisoblanadi.

Hozirgi paytda dunyo bo‘yicha turli quvvatga ega bo‘lgan bir necha million shamol qurilmalari ishlab turibdi. Masalan, AQShning Kaliforniya shtatida 16000 yirik shamol elektr qurilmalari (ShEQ) ishlatilmoqda va ulardan ishlab chiqarilayotgan elektr energiya San-Fransisko shahrini kerakli elektr energiya bilan ta’minlamoqda. Mo‘g‘ilistonda 50000 dan ortiq shamol elektr qurilmalari uzoq qishloqlarni, cho‘pon xo‘jaliklarini kerakli elektr energiya bilan ta’minlaydi. Germaniyada alternativ elektr manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyaning 86 foizi shamol energiyasiga to‘g‘ri keladi.

Daniyada 2020 yilga borib mamlakatning elektr energiyaga bo‘lgan talabining 50 foizini shamol energiyasidan olish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston ham shamol resurslariga boy hududlardan hisoblanadi. Mutaxassislarning hisobi bo‘yicha respublikamizda yer yuzasiga yaqin havoda (10 metr balandlikda) esadigan shamolning elektr energiya beradigan quvvati hozir mamlakatimizda bir yilda ishlab chiqilayotgan elektr energiyaning 25 foizini tashkil qiladi. Agarda 100 metr balandlikkacha shamoldan elektr energiya olinsa, hozirgi jami ishlatilayotgan elektr energiyaga nisbatan kattaroq miqdorda elektr energiya olish mumkin.

O‘zbekistonning shamol resurslarining energiya imkoniyatlarini, tarqalishini va quvvatini o‘rganish bo‘yicha Germaniyaning Geo-Net va Intec Sora kompaniyalari «O‘zbekenergo» AJ bilan hamkorlikda tadqiqot ishlari olib borishdi va Geo-Net kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonning shamol resurslari xaritasi tuzildi. Xarita yer yuzasidan 84 metr balandlikdagi ma’lumotlarga asoslanadi. Ushbu xaritadagi ma’lumotlar bo‘yicha shamol tezligi 5,0 m/sek dan 6,5 m/sek va undan katta bo‘lgan hududlar mamlakatimiz umumiy maydonining 70-75 foizini, shamol tezligi 3,0 m/sek dan 5,0 m/sek gacha bo‘lgan hududlar 20-25 foizni va shamol tezligi 2,5 m/sek dan kam bo‘lgan hududlar 5 foizga yaqin hududlarni egallaydi. Ushbu raqamlar respublikamizning 95 foiz hududida shamol energiyasidan foydalanish mumkinligini bildiradi.

Shahar va qishloqlarda joylashgan meteorologik stansiyalarda shamol o‘lchagich asbobning balandligi 10 metr bo‘lganligi sababli shamol tezligi va yo‘nalishiga baland daraxtlar va binolar to‘sqinlik qiladi. Shu sababli ham aholi zich yashaydigan hududlarda joylashgan meteorologik stansiyalarda shamol tezligi va yo‘nalishi bo‘yicha ma’lumotlarda kamchiliklar bor. Bunday holat Samarqand shahar meteorologik stansiyasiga ham taalluqli.

Rivojlangan mamlakatlarda shamol tezligi va yo‘nalishi yer yuzasidan 100 metr balandlikkacha o‘lchanadi va joy sharoitiga qarab elektr energiya beradigan shamol qurilmalarining ham balandligi 80 metrgacha bo‘ladi.

2015 yil 31 avgust kuni shamol tezligi va yo‘nalishiga to‘siqlar yo‘q balandlik bilan Samarqand shahar meteorologik stansiyasi ma’lumotlarini taqqoslash maqsadida Samarqand davlat universitetining to‘qqiz qavatli binosi tomiga 40 metr balandlikka shamol o‘lchagich asbobini, ya’ni anemorumbometrni o‘rnatdik. Shu kundan boshlab hozirgacha shamol tezligi va yo‘nalishi sutkada to‘rt marta o‘lchanadi va lahzali tezlik, maksimal tezlik va shamol yo‘nalishi yozib olinadi.

Bitta oilani eng zarur elektr energiya bilan ta’minlash uchun (yoritish, televizor, muzlatgich, telefon zaryadkasi) o‘rtacha 1 kVt/soat elektr energiya sarflanishi hisoblab chiqilgan. Shu hisob bo‘yicha diametri 5,0 metr uzunlikdagi shamol qurilmasi Samarqand shahri sharoitida 40 metr balandlikda 4-5 oilaga yetadigan elektr energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Samarqand viloyatida shamol tezligini aniqlash maqsadida viloyatdagi meteorologik stansiyalarning shamol bo‘yicha ko‘p yillik (2000-2016) ma’lumotlarini tahlil qilib chiqdik. Bulardan tashqari G‘o‘bdin tog‘ining eng sharqiy qismida tog‘ oldi tekisligiga, Bulung‘ur tumanining Eshmonto‘p qishlog‘iga ham shamol tezligi va yo‘nalishini o‘lchaydigan asbobni — anemorumbometrni 2014 yil 14 mayda o‘rnatdik va hozirgacha uzluksiz o‘lchash ishlari olib borilmoqda. Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani Sangzor vodiysi bilan chegaradosh. Sangzor vodiysi kuchli shamol ko‘p esadigan hududlardan hisoblanadi va bu tog‘-vodiy shamolini mahalliy xalq «Ilon o‘tdi», «Ilon o‘ti» deb nomlashadi. Yilning salqin va sovuq vaqtlari dehqonchilikka hamda aholining xo‘jalik ishlariga ziyon keltiruvchi shamolni ilonga o‘xshatishadi. Sovuq ob-havo sharoitida esuvchi shamolni ilonning o‘tiga, ya’ni zaxriga qiyoslashadi. Ilon o‘ti shamolining Bulung‘ur tumaniga tutash qismini «Bulung‘ur shamoli» ham deb atashadi. Bu shamol Sangzor vodiysidan tog‘lar orasidagi botiqlar, pastqamliklardan Zarafshon vodiysiga kirib keladi. Bu ko‘p esadigan kuchli shamolning kuchidan foydalanish uchun qishloqlarda ba’zi kishilar qo‘lbola shamol qurilmalari yasab, elektr energiya olishgan.

Yerdan 4-5 metr balandlikka tom tepalariga o‘rnatilgan shamol qurilmalari 2 ta oilani eng zaruriy energiya bilan ta’minlagan. Bunday qo‘lbola shamol qurilmalari soni turli qishloqlarda 20 dan ortiq bo‘lgan. Keyinchalik soliq muammosi paydo bo‘lib, bu qurilmalarni ishlatishga yo‘l qo‘yilmagan.

Yevropada Alp tog‘ida joylashgan Avstriya, Shveytsariya va Italiya davlatining shimoliy tog‘li qismlarida yo‘l chekkalarida o‘nlab kilometr uzunlikdagi masofada shamol elektr qurilmalari ishlab turibdi va ulardan olinadigan elektr energiya xo‘jalikning turli tarmoqlarida ishlatib kelinmoqda.

Shamoldan olinadigan elektr energiyaning qiymati 1 kVt/soat AQShda 5,5 sentni tashkil qiladi. Bu ko‘mir asosida ishlaydigan elektr stansiyalaridan olinadigan elektr energiya narxi bilan taqqoslansa, ancha arzon. Bu ekologik toza energiya manbaiga dunyodagi nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan davlatlar ham e’tibor bermoqda. Elektr energiya beradigan shamol qurilmalari 20 yillar davomida jiddiy ta’mirlashni talab qilmaydi. Parraklar yer yuzasidan 20-40 metr baland qurilsa, sug‘oriladigan yerlarga ham, yaylovlarga ham zarar yetkazmaydi. Parraklar aylanishida chiqadigan shovqin hisobga olinib, ularni aholi yashaydigan joylardan bir necha yuz metr uzoqlikda joylashtiriladi.

Ba’zi bir olimlarimiz meteorologik stansiyalar ma’lumotlariga asoslanib mamlakatimizda shamol energetikasining istiqboli yo‘q degan fikrni ilgari surishadi. Bu to‘g‘ri emas, albatta. Chunki ochiq cho‘l hududlarida, ya’ni Navoiy, Buxoro, Xorazm, Qoraqalpog‘istonning tekis yerlarida shamolning yillik o‘rtacha tezligi 3-5 m/sek dan oshadi. Agarda shu hududlarda shamol tezligi 10 metr balandlikda emas, balki 30-40 metr balandlikda o‘lchansa, olinadigan natija yanada yaxshi bo‘lishiga ishonchimiz komil. Buxoro, Xorazm vohalari atroflarida minglab shamol qurilmalari o‘rnatilsa, shu joylarda yer osti suvlarini chiqarish hisobiga issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish, bog‘dorchilik, polizchilikni tashkil qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Mamlakatimizda alternativ energiya manbalaridan quyosh energiyasi birinchi o‘rinda turadi. Yil davomida 300 kundan ortiq quyoshli kunlar davom etadigan respublikamizning har bir kvadrat metr maydoni yoz oylari 1,5-1,6 kVt/soat, qish oylari 0,5-0,7 kVt/soat energiya berish imkoniyatiga ega. Umuman yil davomida har bir kvadrat metr maydondan o‘rtacha 1 kVt/soat elektr energiya olish mumkin. Quyosh energiyasining quvvati qish oylari havo bulutli bo‘lishi tufayli ancha kamayadi. Ana shu kamaygan energiya o‘rnini shamol energiyasi to‘ldirishi mumkin. Shu sababli ham bizning sharoitimizda quyosh batareyalari bilan shamol qurilmalari bir-biri bilan yonma-yon o‘rnatilishi lozim.

Shamol energiyasining quvvati asosan shamol tezligiga bog‘liq ekan, elektr energiyaga talab katta joylarda shamol tezligining yil davomida o‘zgarishini aniqlash bo‘yicha tadqiqot ishlarini jadallashtirish zarur. Chunki Respublikamizda meteorologik stansiyalar siyrak joylashgan, soni kam va ular aynan shamol resurslarini o‘rganishga mo‘ljallanmagan. Shuning uchun meteorologiya stansiyasi ma’lumotlari yetarli emas.

Meteorologik stansiyalarni va oliy o‘quv yurtlarining geografiya fakultetlari va kafedralarini yangi zamonaviy shamol o‘lchash asboblari bilan ta’minlash uchun Respublika Gidrometeorologiya markazida shamol o‘lchaydigan va boshqa meteorologik asboblar saqlanadigan maxsus baza tashkil qilinishi lozim. Ushbu bazadan ilmiy-tadqiqot ishlar uchun va o‘quv jarayonida talabalarga ko‘rsatish uchun, kerakli asbob-uskunalarni olish imkoniyati yaratilishi lozim.

Shamol energetikasi, ekologik toza, xavfsiz va arzon energiya turlaridan hisoblanadi. Yaqin kelajakda, o‘n minglab, yuz minglab shamol qurilmalari respublikamizdagi shamol kuchli va doimo esadigan joylarda ishlab, iqtisodiyotimizning turli sohalarini elektr energiyasi bilan ta’minlashiga ishonchimiz komil. Buning uchun esa, avvalo har bir viloyatda shamol kuchli va doimo esadigan joylar o‘rganilib, ularni xaritada ko‘rsatish lozim. Bunday xaritalar kelajakda shamol qurilmalarini o‘rnatishga ilmiy asos vazifasini bajaradi.

 

Orzimurod RAHMATULLAYEV,

Subhon ABBOSOV,

Samarqand davlat universiteti professorlari.



DB query error.
Please try later.