Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
21.06.2018

MIRISHKOR HAR SOHADA PESHQADAM

Tuman g‘allakorlari mamlakatda birinchi bo‘lib don topshirish shartnomasini bajarishdi.

Qoloqliq botqog‘iga botib, ertangi kuni xavotirli bo‘lib qolgan tuman keyingi ikki yilda qaddini rostlay boshladi. O‘tgan yili g‘alla va paxta rejalari bajarilganini eshitib, birov ishonsa, birov ishonmadi. Mana, bu yil ham tumanda bug‘doydan mo‘l hosil yetishtirildi. Mirishkor mamlakatda birinchi bo‘lib don sotish rejasini uddalagani, shartnomadagi 47 ming tonna o‘rniga, 50 ming tonna don yetishtirgani odamlarda tumanning ertangi kuniga ishonchini oshirdi. Davlatga yana 10 ming tonna don yetkazib berish uchun o‘rimni tezlashtirishmoqda. Jami 17 ish kunida rejadagi hosil tayyorlov idoralariga yetkazildi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil fermerlar qo‘lida 40 ming tonnadan ortiq don qoladi va yalpi xirmon 100 ming tonnaga yetadi. Xo‘sh, bu muvaffaqiyatlarning siri nimada?

Shahrisabzdan juda erta yo‘lga chiqib, Qarshi cho‘lining ulkan hududini egallagan Mirishkor tumani chegarasiga yetib kelganimizda, osmon oqarib kelayotgan, hali tong otmagan, cho‘lning mayin epkinlari esayotgan palla edi. Dala-dashtni tengsiz bo‘y — don va non hidi to‘ldirib borayotganini his etdik. Qaysi dala, qaysi qishloqqa bormaylik, yuraklarni to‘ldirgan quvonchli gaplarni eshitdik, xotiramizga yaqin o‘tmishdagi ayrim voqealar keldi.

O‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshida Qarshi dashtida avval Nishon tumani, keyin Bahoriston va Usmon Yusupov tumanlari tashkil etilgan. Biroq murakkab sharoitdagi Bahoriston tumani qoloqlik botqog‘iga botib qolgan. Shundan keyin hukumatning qarori bilan 2000 yillar boshida ikkala tuman qo‘shilib, yangi Mirishkor tumani tashkil etiladi. Hududi 300 ming gektardan oshiq aholisi 110 ming nafardan ko‘proq. Asosan o‘zbek, turkman, arab, tojik, tatar va rus millatlari istiqomat qiladi. Biroq ulkan hududni oyoqqa turg‘azish oson kechmadi, iqtisodiyoti dam ko‘tarilib, dam pasayib, ochig‘i, odamlar ertangi kun qanday bo‘lishidan xavotirlana boshlagan edi. Tuman hokimi o‘zgardi. Natijada 2017 yilda paxta va g‘alla rejalari oshirib ado etildi. Katta maydonlarga oraliq ekin ekildi.

Bu yil ham muvaffaqiyatli boshlandi. Agar o‘tgan yili mirishkorliklar chetga shivit va boshqa mahsulotlarni chiqarishgan bo‘lsa, bu yil katta miqdorda salat bo‘ladigan karamni eksport qilishdi. Uzoq Pomuq qishlog‘idagi markaziy kasalxona kapital ta’mirlandi, Jeynov qishlog‘ida oziq-ovqat va dehqon bozori ishga tushdi. Xorijiy tillarni o‘rgatadigan 150 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim muassasasi ish boshladi. Qishloq xo‘jaligida ham hatta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Bu yil Xorijdan 5 million yevro evaziga serunum haydov traktorlari va kambayinlar sotib olindi.

Bular yaxshi, bular tayanch. Ammo tuman yutuqlarining asl boisi nimada o‘zi? Agar shu haqda gap ketsa, tumanning yangi hokimi Ravshan Komilovning uddaburonligi haqida to‘xtalishiga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, u bundan oldin vohadagi yirik va aholisi eng ko‘p, nihoyatda qoloq Chiroqchi tumani iqtisodiyotini ko‘tarishda o‘zini ko‘rsatgan va yaxshi ishlarning boshida turgan edi.

— Ey, aka, yuraklarni ulug‘ maqsadlarga to‘ldirib ishlaydigan payt hozir, — deydi u to‘lqinlanib. — Muhtaram Prezidentimiz boshlagan tengi yo‘q yangi islohotlardan xalqimiz quvonib, g‘ayrat bilan mehnat qilmoqda. Paxta va g‘allaning davlat xarid narxlari oshirilgani katta voqea bo‘ldi. Odamlarning qo‘li pul ko‘rmoqda. Biz ham yangiliklarga ergashib, 10 ming gektar joyda klaster usulida don, paxta va boshqa mahsulotlar yetishtirishga kirishdik. Dalalarni aylaning, ishimizni o‘zingiz ko‘ring...

Garchi hokim, ko‘p gaplarni aytmasada dalalarni kezib, odamlar bilan uchrashib, yutuqlar omilini biroz bo‘lsa-da bilib oldik. Tuman shartli ravishda 16 ta hududga bo‘lingan ekan. Shundan 2 ming gektargacha yer uzoq Dexqonobod tumanidan ko‘chib kelgan kishilarga — 52 nafar fermerga berilgan ekan. Tuman markazidan qariyb 60 km uzoqlikdagi bu yerlar hosildorligi past bo‘lib, daromad olish qiyin bo‘lgan. Fermerlarning aytishicha, hokim ularga kerak yordamni bergan, hatto fermerlar uyida uylari yoki shiyponlarida tunab, ish boshida turgan. Hokim bilan birga dala aylanib yurganimizda yoshi ancha ulug‘ oqsoqollardan biri fermer Fozilxon ota Mandirov: hokimga qarab shunday dedi: «Rahmat sizga, jonimizdek inimiz ekansiz». Bu so‘zlar barcha fermerlar, shu hududda yashaydigan aholi nomidan aytilgan dil izhoridek tuyuldi menga. Darhaqiqat, barcha fermer yuqori hosildorlikka erishdi va rejani oshirib ado etdi. Hatto hokim kombayn haydab, 300 tonnaga yaqin bug‘doyni o‘rib-yanchib berdi. Umuman, tumanda g‘alla o‘rim yig‘imi namunali tashkil etildi. Barcha texnika jilovkorlariga o‘z vaqtida ish haqi berib borildi, dalaning o‘zida issiq ovqat tashkil qilindi. Agar shabnam tushib, cho‘l shamoli halaqit bermasa, g‘alla o‘rimi to tongacha davom etgan kunlar bo‘ldi...

Azim ASHUROV, «Dunyo-M» aksionerlik jamiyati raisi:

— Viloyatda yetishtirilgan asosiy donni bizning Qarshi shahrida joylashgan yirik korxonamiz qabul qilib oladi va qayta ishlaydi. Davlatimiz qo‘shni Afg‘onistonga har tomonlama beminnat yordam berib keladi. Bizning korxonamiz bu mamlakatga don va kerak bo‘lsa, un yetkazib beradi. Yana shuni aytishim kerak, yangi islohotlarning talabi shuki, qayta ishlash korxonalari dehqonlar bilan hamkor bo‘lishi kerak. Bizning korxonamiz jamoasi uchun Mirishkor tumanining Chambil mavzesidagi 1054 gektar maydonda g‘alla yetishtirgan 54 fermer biriktirilgan edi. G‘alla urug‘i ekilishdan to o‘rim-yig‘im tugaguncha dehqon bilan birgamiz. Barcha fermer rejani bajardi. Topshirilgan g‘alla nihoyatda sifatli.

Oybek OMONOV, don va dukkakli ekinlar Qashqadaryo filiali boshlig‘i, qishloq xo‘jalik fanlari doktori:

— Biz ham Mirishkorga tez-tez kelamiz, biz ham dehqonmiz. Hukumatimizga rahmat, institutimizda barcha sharoit muhayyo. Agar filialimizda 124 ilmiy xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, shundan 11 nafari fan doktorlaridir. Hozirda Kanada, Meksika, Avstraliya, Tojikiston, Turkmaniston, Marokash, Turkiya kabi o‘nlab davlatlarning olimlari bilan hamkorlik qilamiz. Biz dunyoda mo‘l g‘alla yetishtirish bo‘yicha 9-o‘rinda turamiz. Endi natijalarga kelsak. Biz yaratgan navlar respublikamizning 400 mingdan ko‘proq, viloyatimizning 110 ming gektar maydonida ekilmoqda. Quvonch bilan ayta olamizki, o‘nlab istiqbolli navlar yaratilmoqda. Masalan, issiq va sovuqqa chidamli bug‘doyning «Shams» navi hozir sinovda. Mirishkor tumanining asosiy maydonlarida biz yaratgan «Yaksart», «Turkiston» navlari yaxshi hosil berdi. Ayniqsa, o‘zim mualliflaridan biri bo‘lgan yumshoq bug‘doyning «Bunyodkor» navining o‘rtacha hosildorligi 72-75 sentnerdan kam emas. Mana, Akbarjon aytsin.

Akbar NOMOZOV, fermer:

 — Biz Oybek akadan minnatdormiz, chunki «Bunyodkor» navini ekishdan tortib, to o‘rim-yig‘im davomida ham xabar olib turdilar. Darhaqiqat, serhosil. Uch suv bilan hozirgacha hosildorlikni 55 sentnerdan oshirdik. Hali hosil ko‘p. Yana urug‘lik bug‘doy topshiramiz. Ha, aytgandek, suv ta’minoti yaxshi bo‘ldi.

Savol: — Katta olim, professor Romen aka Kenjayev g‘uza qator oralariga don ekishning yuqori samarasi haqida bir necha bor viloyat gazetasida maqolalar e’lon qilgan. Qolaversa, cho‘l hududi, Mirishkor tumanining ham 80-90 foiz g‘alla urug‘i o‘tkan kuzda g‘o‘za qator oralariga ekilgan. Mo‘l hosil olishda uning ahamiyati nimada?

Oybek OMONOV, seleksiyachi olim:

— Keling, bu savolga men javob beray. Birinchidan, g‘o‘za fosforli va azotli o‘g‘itlarning barchasidan to‘la bahramand bo‘lolmaydi. Erimay qolganlari g‘alla nihollarini oziqlantiradi. Ikkinchidan, yer haydash, tekislash uchun ortiqcha xarajatlar ketmaydi. Uchinchidan, cho‘l sharoitida kuchli shamol va to‘zonlardan g‘o‘za tanasi barra don nihollarini himoya qiladi. To‘g‘ri, dastlabki yillarda bu tajribadan yaxshi foydalana olmadik. Ammo hozir dehqonlarimiz mahorati oshdi. Faqat dekabr oyida qator oralarida qolgan g‘o‘za poyalarini o‘rib olish lozim. Qarang, dalalarda mo‘l hosil yukini ko‘tarib turgan boshoqlar qanchalik ko‘p.

Botir RAHIMOV, Amu-Qashqadaryo sug‘orish tarmog‘i havza boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator:

— Seleksiyachi olimning ham, fermer Akbarjonning ham fikrlari hayot talabi. Agar g‘alla urug‘i sifatli bo‘lib, o‘z vaqtida ekilsa va obhayot zarur paytda kechiktirmay yetkazib berilsa, natija hamisha yuqori bo‘ladi. Darvoqe, tuproq unumdorligini ham esdan chiqarmaylik. Axir, nonimiz, yuqori hosilimiz shu yerning qay ahvolda ekanligi bilan bog‘liq. Buning uchun melioratsiyaga katta e’tibor berish lozim. Mirishkor tumani misolida oladigan bo‘lsak, yangi 300 km kollektor o‘tkazildi. 75 km eski kollektor tozalanib, ta’mirlandi. Bundan tashqari, 10,5 km yopiq drenaj quvurlari tortib berdik. Bu zax suvlarini chiqarib, yerni sho‘rlanishdan asrash, tuproq unumdorligini oshirishda nihoyatda muhim. Bu yilgidek suv tanqis sharoitda tumanda kesma ariqlarni ko‘paytirib, sudrama plastik quvurlardan samarali foydalanib, suvni ancha tejalgani katta tajriba. Tumanda bu yil ko‘p suv talab qiladigan achchiq qalampir 2 ming gektardan oshiq maydonga ekilgan. Hozirgacha ikki suvdan chiqarib olishdi. Nasib etsa, bu yangilik, bu yangi ekin yaxshi daromad keltiradi...

Bu yil tuman g‘allakorlari shartnomadagi 47 ming tonna o‘rniga 50 ming tonna sara don yetkazib berishdi, yana 10 ming tonna g‘alla sotib, yalpi xirmonni 60 ming tonnaga yetkazishmoqchi. Ayrim hisob-kitoblarga qaraganda, fermerlar uchun ham 40 ming tonna don qolar, bu yil nasib bo‘lsa, 100 ming tonna don yetishtirilar ekan.

Men tuman dalalarini aylanib, hali shamolda chayqalib yotgan g‘allazorlarga nazar tashlar ekanman, xayolimga buyuk shoirimiz Abdulla Oripovning «O‘zbeklar» dostonidagi ushbu so‘zlar keldi:

Ummon bermadimu, ko‘ngli to‘lsin deb,

Berdim ushbu elga ummondek yurak.

Toabad zaminda baxtli bo‘lsin deb,

 Idrok berdim unga va tolmas bilak...

Ana shunday tolmas bilakli Erkinjon Avazov «Avazov Raxmonqul Shoyimardonovich» fermer xo‘jaligi rahbari bu yil 30 gektar yerdan 83 tonna g‘alla sotibdi, bu ko‘rsatkichni 90 tonnaga yetkazmoqchi.

Ko‘rdim, eshitdim, bildim, Jeynov hududi dehqonchilik qilayotgan 102 fermerning barchasi marraga yetib, majburiyat hisobiga mehnat qilishayotgan ekan. Men dalada ishlayotgan «Klas» kombaynchisi, Chiroqchi tumanining Jar qishlog‘idan kelgan qirq uch yoshli Narzi Ro‘ziyev bilan suhbatlashdim. U hozirgacha 270 gektar joydagi g‘allani o‘rib-yanchib beribdi. Uning shogirdi chiroqchilik Ozodbek Abdusattorovning yuzida ham tabassum, ular mehnatlari natijasidan xursand. «Bu yil ham qut-baraka yog‘ildi, — deydi tuman hokimining o‘rinbosari Dilshod No‘nayev. — Jami 22 ming 550 gektar joyda mo‘l g‘alla yetishtirdik. Hali dalalarimizda hosil mo‘l».

Tumandagi bunyodkorliklar ham kishini quvontiradi. Tuman hokimining aytishicha, Yangi Mirishkor va Chandir qishlog‘larida istirohat va aholi dam olish maskanlari qurishga kirishilibdi. Shular haqida o‘ylab turganimda, tuman hokimini izlab kelgan, ikkinchi guruh nogironi Ismoil bobo Sattorovni uchratdim. Ma’lum bo‘lishicha, ular 2011 yilda Shahrisabzning tog‘i hududidagi Chopiq qishlog‘idan ko‘chib kelishgan, ammo qo‘llari kaltalik qilib, o‘zlariga boshpana qurishaolmayotgan ekan. Mamlakatimiz rahbarining g‘amxo‘rligi bilan yuzlab, nochor oilalar uyli bo‘lishmoqda. Ismoil bobo oilasi ham hademay yangi uyga ko‘chib kirisharkan.

O‘sha g‘alla rejasi bajarilgan kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 100 yoshli Buxor bobo Rajabovning xonadonida yangi bug‘doyning unidan non yopildi. Bobo Prezidentimizni, xalqimizni duo qildilar. Menga ham yangi bug‘doy unidan yopilgan nondan yeyish nasib etdi. Nazarimda bir burda nondan zaminning bo‘yi kelayotganday bo‘ldi. To‘g‘risi, bunday paytda odamning ko‘ngli ajib tuyg‘ularga to‘lib-tosharkan, quvonchdan entikib, Yaratganga iltijo qilasan: Iloho, hamisha yurtimiz nonga serob, xalqimizning nasibasi butun bo‘lsin. Abadiy boyligimiz — yerdan hech qachon baraka ko‘tarilmasin...

 

Yunus UZOQOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.



DB query error.
Please try later.