11.09.2018

«NOMIGA ISHLAYOTGAN SHIFOXONA KIMGA VA NIMAGA KERAK?»

Gazetamizning joriy yil 12 iyul sonida yuqoridagi sarlavha ostida tanqidiy maqola chop etilgan edi. Unda Toshkent tumanida 206 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgani va shuncha aholiga «Zaxariq» MFY shifokorlar ko‘chasi, 1-uyda joylashgan birgina shifoxona xizmat ko‘rsatayotgani, shifoxonadagi shoshilinch tibbiy yordam, jonlantirish, davolash, nevrologiya, travmatologiya, bolalar bo‘limlarida sharoit talabga javob bermasligi, shuningdek, mebel jihozlari, tibbiy asbob-uskunalar yetishmasligi, uch qavatli tibbiyot maskanida lift umuman ishlamasligi masalasi ko‘tarilgandi.

Ushbu tanqidiy maqolaga kelgan javob xatlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining javobi:

Toshkent tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi... 1979 yilda qurib, foydalanishga topshirilgan. Tuman tibbiyot birlashmasini Zangiota tuman tibbiyot birlashmasidan ajratib olish maqsadida, tuman hokimligi va homiylar tomonidan qurilish materiallari olib berildi va tibbiyot xodimlari tomonidan ta’mirlab, 2018 yil 23 fevralda ishga tushirildi.

Tuman shifoxonasi o‘rinlari soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 2 oktabrdagi «Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PK-700 sonli, Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 18 martdagi 48-sonli qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 21 apreldagi 95-sonli qaroriga asosan jami 300 o‘rin belgilangan, ulardan 30 o‘rni ShTTYoB, 60 o‘rni ichki kasalliklar, 30 o‘rni bolalar bo‘limi, 20 o‘rin rejali jarrohlik bo‘limi, 110 o‘rin tug‘ruq bo‘limi, 50 o‘rin o‘zini-o‘zi aralash moliyalashtirish bo‘limi tashkil etilgan.

Markaziy shifoxona tuman markazidan 9-10 km. masofada joylashgan bo‘lib, bugungi kunda tuman markazida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan 205 o‘ringa mo‘ljallangan tuman tibbiyot birlashmasi binosi qurilishi boshlangan. Mazkur qurilish 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, sobiq Zangiota tuman maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3507-sonli qaroriga asosan 2018 yil 3,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, birinchi bosqichi qurilish ishlari olib borilmoqda.

Haqiqatan ham shifoxonaga yumshoq va qattiq jihozlar uchun ehtiyoj mavjud bo‘lib, shu munosabat bilan mebel jihozlari so‘rab 2018 yil 8 yanvarda 12-sonli, 2018 yil 19 apreldagi 367-sonli, 2018 yil 30 apreldagi 402-sonli, 2018 yil 29 maydagi 507-sonli xatlar bilan tuman hokimligiga murojaat qilingan. VSSBsiga 2018 yil 17 yanvardagi 76\1 xat bilan Zangiota tuman tibbiyot birlashmasidan zarur mebel jihozlarni ajratib berish maqsadida 2018 yil 30 aprelda 402-sonli xat bilan murojaat qilingan.

«Salomatlik-3» loyihasi doirasida tuman tibbiyot birlashmalari jihozlangan vaqtda Toshkent tumani tibbiyot birlashmasi mavjud bo‘lmaganligi sababli, Zangiota tuman tibbiyot birlashmasi jihozlangan. Tibbiy asbob-uskunalar yetishmasligidan VSSBsining «Salomatlik-3» byurosiga 2018 yil 10 yanvardagi 25-sonli xat bilan murojaat qilingan.

Shifoxonada markazlashgan kislorod tashkil etilgan va bemor hamda tibbiyot xodimlariga ziyon yetkazmaydigan holatda bino tashqarisida joylashtirilgan, lekin kislorod o‘tkazgichlari eskirganligi sababli barcha bo‘limlarga taqsimlanmagan.

Birlashma va uning bo‘limlari uchun tibbiyot birlashmasining dori-darmonlar uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan jami 10045,0 (o‘n million 45 ming so‘mlik) ko‘p marotabalik hamda bir marotaba ishlatiladigan xirurgik anjomlar olib berilgan. VSSBning «Salomatlik-3» loyihasi doirasida 2018 yil 20 fevralda zamonaviy laborator asbob-uskunalar 5658,658 (besh million 897 so‘mlik), ko‘p marotabalik biks va jarrohlik asboblari 1594,394 (bir million besh yuz to‘qson to‘rt ming 393 so‘m) berilgan, jami 13150,949 so‘mlik (o‘n uch million bir yuz ellik ming to‘qqiz yuz qirq to‘qqiz so‘m) jihozlar olingan. 2018 yil 29 mayda tuman hokimligiga hamda VSSBga 504-sonli xatlar bilan murojaat qilingan.

Haqiqatan ham shifoxonadagi rentgen apparatining ishlatilayotganiga 39 yil bo‘lgan, lekin apparat ishchi holatida, bemorlarga xizmat qilib kelmoqda.

Boshqarma boshlig‘i, t.f.d T.S.Arziqulov

* * *

Toshkent viloyati, Toshkent tuman prokuraturasi javobi:

Aniqlanishicha, tuman shifoxonasi 1979 yilda qurilgan bo‘lib, 136 o‘ringa mo‘ljallangan, jami 156 tibbiyot xodimi faoliyat yuritib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2017 yil 17 iyuldagi PQ-3137-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek, davlat tibbiyot tashkilotlariga va aholiga ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini uzluksiz yetkazib berish haqidagi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat tibbiyot tashkilotlarini va respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga doir dolzarb chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2017 yil 13 sentabrdagi 717-son qarori ijrosi, O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi Qonuni va Sanitariya qoidalari va me’yorlari 0342-17 ijrosiga to‘liq rioya etmayotganligi ko‘rildi.

Maqolada ko‘rsatib o‘tilgan tibbiyot muassasasida bemorlar uchun mebel jihozlari va tibbiyot asbob uskunalari yetishmasligi, bemorlar yuqorigi qavatlarga ko‘tarilishi uchun lift ishlamayotganligi aniqlandi.

Shifoxona 3 qavatli... binoda joylashgan bo‘lib, bino tashqi fasad qismlari, shifoxona atrofi to‘liq o‘ralib, devorining ba’zi joylaridagi g‘ishtlari olingan, ta’mirtalab holatda, hududi qisman obodonlashtirilgan, daraxtlarga to‘liq shakl berilmagan, begona o‘tlardan tozalanmaganligi, tashqi hojatxona ta’mirtalab holatda, eshiklari nosoz holatdaligi ko‘rildi.

Suv ta’minoti markazlashgan, lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifoxona bo‘limlariga uzatilmay, shifoxona hududiga sig‘imdan quvurlar orqali tarqatilishi, chiqindilarni yig‘ish uchun maxsus joy ajratilgan, sement g‘isht (shlakoblok) bilan o‘ralgan, chiqindi yig‘ish uchun maxsus konteynerlar ajratilmaganligi, Klinik — tashkilot laboratoriyasida umumiy havo tortuvchi shkaf ishlamasligi, vetoshlar uchun dez.moddaning oxirgi sanasi 03.05.2018 yil, shuningdek, dez.eritmaning foizi ko‘rsatilmagan.

Shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida bemorlar uchun zarur bo‘lgan kislorod yetkazib berish uskunasi yo‘qligi, shu bilan birga jarrohlik operatsiyalari o‘tkazilishida ham zarur insturmentlar yetishmasligi, jonlantirish bo‘limida bemorlar uchun mo‘ljallangan 16 funksional krovatlardan 6 tasi mavjud. Operatsiya uchun zarur instrumentlar yetishmasligi natijasida bemorlar muolajani kutib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shu kabi o‘pkaga sun’iy nafas beruvchi IVD apparati 2 dona bo‘lib, aslida 4 dona bo‘lishi lozim. Og‘ir bemorlarni davolash uchun mutaxassislar (anestiziolog va reanimatolog) yetishmasligi aniqlandi. Shu bilan birga bemorlar dori vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan.

Bu holatlarning oldini olish uchun tuman shifoxonasi bosh shifokori tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi rahbari va Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham murojaat etilgan.

Tuman shifoxonasi bosh shifokori B.Shoraxmedov 2018 yil 25 iyuldan lavozimidan ozod etilgan. Ushbu holatlarni bartaraf etish haqida tuman tibbiyot birlashmasi rahbari nomiga taqdimnoma yuborildi.

Toshkent tuman prokurori, adliya kichik maslahatchisi E.Q.Sanoqulov.

 

 

TAHRIRIYATDAN:

Shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida kislorod yetkazib berish uskunasi yo‘q. Jarrohlik operatsiyalari uchun zarur bo‘lgan instrumentlar yetishmaydi. Jonlantirish bo‘limida bo‘lishi talab etilgan 16 funksional krovatdan 6 tasi mavjud. O‘pkaga sun’iy nafas beruvchi IVD apparati 2 dona, aslida 4 dona bo‘lishi kerak...

Ikki javobda masalaga yondashuvlarda farqlanish ko‘rinib turibdi. Birida muammolarga yumshoqroq, ikkinchisida chuqurroq munosabat sezilib turibdi.

Toshkent viloyati hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasining javobida shunday deyiladi: Birlashma va uning bo‘limlari uchun tibbiyot birlashmasining dori-darmonlar uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan jami 10045,0 (o‘n million 45 ming so‘mlik) ko‘p marotalik hamda bir marotaba ishlatiladigan xirurgik anjomlar olib berilgan. VSSBning «Salomatlik-3» loyihasi doirasida 2018 yil 20 fevralda zamonaviy laborator asbob-uskunalar 5658,658 (besh million 897 so‘mlik), ko‘p marotabalik biks va jarrohlik asboblari 1594,394 (bir million besh yuz to‘qson to‘rt ming 393 so‘m) berilgan, jami 13150,949 so‘mlik (o‘n uch million bir yuz ellik ming to‘qqiz yuz qirq to‘qqiz so‘m) jihozlar olingan.

Kishini biroz o‘ylatadigan yoki chalg‘itadigan holat yuzaga kelyapti. Chunki maqola joriy yil 12 iyul sanasida chop etilgan, boshqarma javob xatida 2018 yilning fevral oyida ajratilgan mablag‘lar sanab o‘tilgan. Agar bu mablag‘ haqiqatan kelib tushganda yoki yetarli bo‘lganda, shifoxona xodimlari kuyinib tibbiyot jihozlari va asbob uskunalar, dori-darmonlar yetishmasligi to‘g‘risida gapirmagan bo‘lar edi-ku.

Endi tuman prokuraturasi javobiga e’tibor qarataylik: Shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida bemorlar uchun zarur bo‘lgan kislorod yetkazib berish uskunasi yo‘qligi, shu bilan birga jarrohlik operatsiyalari o‘tkazilishida ham zarur instrumentlar yetishmasligi, jonlantirish bo‘limida bemorlar uchun mo‘ljallangan 16 funksional krovatdan 6 tasi mavjud. Operatsiya uchun zarur instrumentlar yetishmasligi natijasida bemorlar muolajani kutib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shu kabi o‘pkaga sun’iy nafas beruvchi IVD apparati 2 dona bo‘lib, aslida 4 dona bo‘lishi lozim. Og‘ir bemorlarni davolash uchun mutaxassislar (anestiziolog va reanimatolog) yetishmasligi aniqlandi. Shu bilan birga bemorlar dori vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan...

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi kamchiliklarga murosasozlik qilayotganga o‘xshaydi. Aslida achchiq bo‘lsa-da, muammolar ochiq tan olinib, ularni bartaraf etish choralari to‘g‘risida fikr yuritilishi lozim edi. Biz ushbu tumandagi fuqarolarning tashvishlarini o‘rganib, ularning manfaatini ko‘zlab, maqola tayyorlagan edik. Muammo borligini inkor etib bo‘lmaydi. Lekin qachon muammo o‘z yechimini topadi? Mutasaddilar bemorlarga achinsa, o‘zlarini ularning o‘rniga qo‘yib ko‘rishsa, tezroq harakat qilishadi, deb o‘ylaymiz.



DB query error.
Please try later.