Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
11.09.2018

«CHIN DEVORIDAN BOLQONLARGA QADAR UZANGAN TURK DUNYOSI»

Jo‘liboy ELTAZAROV, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, professor:

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammitidagi nutqi jahon OAV tomonidan qizg‘in sharhlanmoqda

Prezidentimiz sammitdagi nutqida O‘zbekistonning qadimiy Xiva shahrini 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Haqiqatan ham, dunyodagi yagona muzey-shahar maqomidagi va o‘rta asrlardagi turkiy sivilizatsiyaning noyob madaniy va me’moriy obidasi bo‘lgan O‘zbekiston injusi Xiva shahri bunday yuksak e’tirofga loyiqdir.

Turkiya Respublikasining sobiq Bosh vaziri marhum Turg‘ut O‘zolning 1990-yillar boshida mashhur bo‘lgan ta’biri bilan aytganda, «Chin devoridan Bolqonlarga qadar uzangan turk dunyosi»... haqiqatan ham uch qit’aga yoyilgan — Bering bo‘g‘ozidan O‘rta Yer dengiziga qadar yoyilgan muazzam geografiyada yashovchi 250 milliondan ortiq turkiy tillarda so‘zlashuvchi aholini va 6 mustaqil turkiy davlatlar — O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston hamda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Moldaviya kabi davlatlardagi muxtor jumhuriyatlar va viloyatlarni o‘zida mujassam etgan turk dunyosining jahon hamjamiyatidagi o‘rni va e’tibori kundan-kunga oshib bormoqda.

Turkiy tilda so‘zlashuvchi mamlakatlarning davlat boshliqlari 1990-yillarning boshidayoq tili, dili, madaniyati va diniy e’tiqodlari umumiy bo‘lgan qardosh xalqlarning teng huquqli hamjamiyati tamal toshini qo‘ygan edilar.

2009 yilda Ozarbayjon Respublikasining Naxichevan shahrida Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikasi davlat rahbarlari bu do‘stlik va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida mazkur xalqaro tashkilot — Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish xususida kelishib oldilar. Bu xalqaro tashkilotning maqsadi a’zo mamlakatlar o‘rtasida azaliy qardoshlikni mustahkamlash barobarida dunyo va mintaqaviy muammolar bo‘yicha siyosiy maslahatlashuvlarni kuchaytirish, iqtisodiy va texnikaviy hamkorlikni, ilm-fan, san’at va madaniyat sohasida hamda Turkiy dunyoning moddiy va ma’naviy madaniyatini asrash va yanada rivojlantirish borasida hamkorlikni yuqori saviyaga ko‘tarishdir. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro tashkilot qoshida Davlat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Oqsoqollar kengashi, kotibiyat kabi ijro organlari tuzilgan edi hamda tashkilot kotibiyatining Istanbul shahrida faoliyat ko‘rsatishi belgilangandi.

O‘tgan davr mobaynida kengash yig‘ilishlari 2010 yilda Istanbulda, 2011 yilda Olmatada, 2012 yilda Bishkekda, 2013 yilda Ozarbayjonning Gebele shahrida, 2013 yilda Turkiyaning Bodrum shahrida, 2015 yilda Ostonada tashkil etilgandi. Bu yig‘ilishlarda Turkiy dunyoning integratsiyasi va hamjihat taraqqiyoti bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab masalalar muhokama qilingandi. 2012 yilgi Bishkek uchrashuvida ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohasidagi hamkorlik, 2013 yilgi Gebele shahridagi uchrashuvda aloqa va kommunikatsiyalar, 2014 yilgi Bodrumdagi sammitda turizmni rivojlantirish, 2015 yildagi Ostona uchrashuvida ommaviy axborot vositalari va axborotlashtirish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan va muhim hayotiy qarorlar chiqarilgan edi.

2018 yil 3 sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu tuzilmaga a’zo mamlakatlar – Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Respublikasi Bosh vaziri Viktor Orban anjumanda faxriy mehmon sifatida qatnashdi.

...Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining Istanbuldagi ofisida yaqin orada O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ham hilpirashini, mamlakatimizni kengashga a’zo bo‘lib kirishi mujdasini bergandi va bu xabar turk dunyosida katta mamnuniyat bilan qabul qilingan edi. Kengashning Cho‘lponota shahridagi oltinchi sammitida Prezidentimiz ta’kidlaganidek: Turkiy kengash doirasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uyg‘otadigan yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirok etishga tayyormiz...

Davlatimiz rahbarining ishtirokchi davlatlar vakillari va xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan Turkiy kengash yig‘ilishidagi dasturiy nutqida turkiy xalqlarni o‘xshash til, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligi qayd etib o‘tildi. Davlatimiz rahbari alohida e’tirof etganidek: mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda... Prezidentimiz O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyodga oshganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Prezidenti bu ko‘rsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkinligini ta’kidlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi. Avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasiga e’tibor qaratdi. Mamlakatlarni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga mas’ul bo‘lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining muhim nuqtalarida joylashgan turkiy tilli mamlakatlardagi boy madaniy meros turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyat ekanligi, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi Prezidentimiz tomonidan alohida qayd etildi.

Shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, yosh avlodni ilm-ma’rifat asosida tarbiyalash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni izchil rivojlantirayotgani, ushbu xalqaro tuzilmaning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarashini ta’kidladi.

Prezidentimiz sammitdagi nutqida O‘zbekistonning qadimiy Xiva shahrini 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Haqiqatan ham, dunyodagi yagona muzey-shahar maqomidagi va o‘rta asrlardagi turkiy sivilizatsiyaning noyob madaniy va me’moriy obidasi bo‘lgan O‘zbekiston injusi Xiva shahri bunday yuksak e’tirofga loyiqdir.

Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahridagi tarixiy sammitdan keyingi kunlarda dunyo va mintaqa matbuoti va tahlilchilar bu uchrashuvda O‘zbekiston rahbarining ishtirokini mintaqa hamda dunyodagi barqarorlik va hamkorlikka qo‘shilgan katta hissa sifatida sharhlamoqda.

Turkiyaning «Hurriyet», «Milliyet» gazetalari, Rossiyaning «Sputnik», Ozarbayjonning «Day.az» nashrlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy tilli davlatlar hamkorligi sammitida so‘zlagan nutqiga bag‘ishlangan bir qator tahliliy maqolalar e’lon qilindi.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, O‘zbekistonimizning qardosh xalqlar bilan azaliy do‘stlik aloqalarini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish strategiyasi mintaqa va jahonda tinchlik, barqarorlik va hamkorlikni ta’minlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Prezidentimizning siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida O‘zbekistonning qardosh, qo‘shni davlatlar va uzoq-yaqindagi dunyo mamlakatlari bilan do‘stona aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydi.



DB query error.
Please try later.