28.08.2018

OZOD YURTIM, TONGLARINGDA OCHIQ OSMONIM BOR MENING

Har yili mustaqillik bayrami arafasida, beixtiyor yaqin o‘tmishni yodga olamiz, bugungi hayotimiz bilan qiyoslaymiz, fikrlaymiz, xulosalar chiqaramiz. Vujudimizni hayajon qoplab, yuragimiz hapqirib, dilimizda shukronalik, farx-iftixor, g‘urur tuyg‘ulari jo‘sh uradi.

Bugun eng yaqin qo‘shnimiz ham, eng uzoq qarindoshimiz ham hayotdan rozi bo‘lib yashayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Har kim o‘z hayoti go‘zal, mazmunli bo‘lishi, dasturxon to‘kin-sochin, oilasi tinch-osoyishta bo‘lishi faqat o‘ziga bog‘liq ekanligini tushunib yetdi. Tadbirkor — elga ham, oilasiga ham madadkor ekanligiga ishondi. Quvonmay bo‘ladimi, aytmay, kuylamay bo‘ladimi bu o‘zgarish va yangilanishlarni, insonga ko‘rsatilayotgan mehr-oqibatni...

Yangi uyning kalitlarini olib ostonadan hatlab o‘tayotgan otaxon va onaxonmi yoki kelin-kuyovmi, nogironlik aravachasida o‘tirgan kishimi, hamma-hammasi bu hayotga shunchaki kelmaganligini anglab yetmoqda. Ayniqsa, barcha eski, g‘arib uylar o‘rniga yangi, milliy loyihalar asosida qurilayotgan ko‘rkam binolar, so‘lim va go‘zal xiyobonlar, hatto qishloqlarimiz, mahallalarimizning «Obod qishloq» dasturlari asosida yangi qiyofa kasb etayotgani barchani mamnun etmoqda.

Qoraqalpog‘istonda ham dastur bo‘yicha har bir tumanda 2 tadan qishloq, 30 mahalla yig‘inlari hududlarida katta obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Jumladan, yakka tartibdagi 4460 uy-joy ta’mirlangan, 36,8 km. piyodalar yo‘laklari obodonlashtirilgan, 1053 ko‘cha chiroqlari charaqlab turibdi, 110,6 km. masofaga ichimlik suvi tortib kelindi, 305 km. elektr tarmoqlari, 159 transformator, 122 km. tabiiy gaz tarmoqlari ta’mirlangan. Bugungi kunda qishloqlarda 23 bekat qurilishi davom etmoqda.

 Beruniy tumanidagi «Biybozor» qishlog‘i qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketganligini alohida ta’kidlash lozim.

— Bizga O‘zbekistonday betakror yurtda, shunday ozod va obod baxtli kunlarda yashash nasib etgan ekan, — deydi biybozorlik kam ta’minlangan oila boshchisi Yangiboy Xo‘janov. — Davlatimiz rahbari har bir oilaga e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda. Men bir oddiy dehqonman. Qo‘lim kalta edi, qiynalayotgandik. Bugun hammasi izga tushib ketdi. Uyimiz ta’mirlandi. Qishlog‘imiz ham obod bo‘lib, hamjihatlikda yashayapmiz.

Uning fikrlariga qo‘shilmasdan iloj yo‘q. Darhaqiqat, «Biybozor» OFY hududida 244 uy ta’mirlandi, 7,3 km. masofadagi ichki yo‘llar yangidan qurildi. Elektr tarmoqlari bo‘yicha 7 km. havo liniyasi, 1 ta transformator punkti yangidan o‘rnatildi. 240 dona suyultirilgan gaz ballonlari fuqarolarga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. 26-57-sonli maktabgacha ta’lim muassasalari binolarida ta’mirlash ishlari olib borildi.

«Biybozor» ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Hamza Ro‘zmetov, Ro‘za Haytakova singari tadbirkorlarga yer ajratib berilib, ularning tashabbuslari bilan qishloqda sun’iy qoplamali stadion, savdo do‘koni, avtobekat, hammom va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilishlari ham boshlab yuborilgan.

Bunday yangiliklarni ko‘p tumanlarda ko‘rish mumkin. Biroq Qoraqalpog‘iston markazi bo‘lgan Nukus shahrining bugungi chiroyi, fayzi haqida alohida gapirish kerak. Mana, shahrimizning A.Do‘snazarov ko‘chasidamiz. Ko‘cha boshida Nukus temir yo‘l vokzali, atrofidagi gulzor, favvoralar, so‘lim oromgohlar nafaqat yo‘lovchilarni, barchani o‘z bag‘riga chorlaydi. Bu ko‘chada joylashgan zamonaviy qiyofadagi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, atrofi gulzor piyodalar yo‘lakchalari...

Mana, Nukus ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shib turgan go‘zal xiyobon. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Ibroyim Yusupovning salobatli byusti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va topshirig‘i bilan qoraqalpog‘istonlik iqtidorli bolalar uchun 4,7 mlrd. so‘m ajratilib qurilgan, o‘tgan yili Mustaqillik bayrami arafasida ishga tushgan. Hozir Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlaridan kelgan 216 nafar eng iqtidorli bola ta’lim olmoqda. Ularga adabiyot, san’at va boshqa fanlardan G.Ataniyozova, G.Xojalepesova, A.Qulimbetova, Q.O‘teniyozova, P.O‘rozboyeva, Z.Davletaliyeva singari tajribali, mehribon ustozlari ta’lim bermoqda, adabiyot, san’at sirlarini o‘rgatmoqda.

Bugun bu yerda ta’lim olayotgan yoshlar ancha tilga tushib qoldi. A.Smaylov, B.Aytmuratov, A.Qaliboyeva, Z.O‘rinboyeva, L.Nurpo‘latova, S.Qayipnazarova, A.Xudoybergenova, G.Jo‘ldosboyeva, Sh.Sayimbetov, D.Shariboyev singari iqtidorli yoshlarni xalqimiz Ibroyim Yusupov izdoshlari deb, mehr bilan ardoqlamoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida qoraqalpoq xalqining kelajagi, aholi turmush farovonligi, sohalar rivojlanishini ta’minlash maqsadida belgilab bergan vazifalari, yo‘l-yo‘riqlari va topshiriqlari xalqimizning tilak-istaklaridan kelib chiqqanligini hayotning o‘zi isbotlab turibdi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda Prezidentimizning barcha topshiriqlari bo‘yicha o‘tgan qisqa davr mobaynida qator yirik bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani hamda aholini qiynayotgan masalalar o‘z yechimini topayotganidan xalqimiz rozi bo‘lmoqda.

O‘tgan davr mobaynida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 109,7 foizga, xizmatlar hajmi 106,4 foizga o‘sishi ta’minlandi. Kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlariga yaratib berilgan sharoit va imtiyozlar natijasida o‘tgan yil — 1648, joriy yilning o‘tgan 6 oyida — 974 kichik biznes sub’ektlari yangidan tashkil etilib, ularning umumiy soni 11623 taga yetdi. O‘tgan 6 oy davomida sanoat sohasida 335 qishloq xo‘jaligi sohasida 681, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 1170 loyiha ishga tushirildi. Nukus shahrida «Nukus polimer» MChJ, «Nukuselektroapparat» MChJ faoliyat olib bormoqda. «Samsung» brendi ostida televizor ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi.

Shuningdek, aholining ijtimoiy muammolarini tezkor hal qilish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. 40 maktab, 20 maktabgacha talim muassasasi, 9 sog‘liqni saqlash obektlari hamda 3 bolalar sporti obektlarida qurilish va rekonstruksiya, ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Xususan, Muynoq tumani aholisini markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha loyiha qiymati 26,4 mlrd. so‘mni tashkil qiluvchi 101 km. «Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq» suv quvurini va suv taqsimlash inshooti qurilib foydalanishga topshirildi. Ichimlik suvi ta’minoti og‘ir bo‘lgan 7 tumanda «Mahalla» xayriya jamoat fondining mablag‘lari yordamida 19,1 km. suv quvurlari yangidan tortildi va foydalanishga topshirildi. Nukus shahri va tumanlardagi 511 ko‘p qavatli uyda 16 mlrd. so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarildi.

Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning eng shimolida joylashgan, o‘ziga xos iqlimi, o‘ziga xos yer, suv muammolari mavjud hudud. Shuning uchun ham Prezidentimiz Qoraqalpog‘istonda agrar soha rivojiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha 69 ming gektar yer maydonida ilg‘or texnologiya asosida ish olib borilmoqda. Shuningdek 51,5 km. irrigatsiya tarmoqlari yangilandi.

Nukus shahri markazidan o‘tuvchi «Do‘stlik» kanalining ikki qirg‘og‘ining 500 metr masofasini obodonlashtirish maqsadida 2017 yilga belgilangan manzilli dastur bo‘yicha 2 mlrd. so‘mlik ish bajarildi. Bugungi kunda bu sohil xalqimizning eng sevimli oromgohiga aylangan.

Investitsiya dasturiga muvofiq, manzilli dasturlarga 57 ijtimoiy soha ob’ekti kiritilib, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. «Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi» mablag‘lari hisobidagi 224 ob’ektda katta hajmdagi ish amalga oshirilmoqda.

Shundan: 54 suv ta’minoti, 39 drenaj ishlari, 77 ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, bolalar maydonchalarini qurish obektlarida, «Berdaq» kinoteatri qurilish-ta’mirlash ishlari sifatli va tezkor suratda davom etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilda 221 ob’ektda 212,3 km. yo‘lni qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish boshlab yuborilgan.

Biz ayrim misollarni keltirdik xalos. Bu raqamlar shunchaki raqamlar emas. Ularning ortida obod bo‘lgan ota-makonimizni, unda bugungi kunidan rozi bo‘lib yashayotgan xalqimizning farovon hayoti, yorug‘ va buyuk kelajagimiz ko‘rinadi. Bu raqamlarni buyuk bunyodkorlik ishlari boshlanayotganidan darak berayotgan yaxshi xushxabarlar deb ham tushinishimiz mumkin.

...Har kuni ishdan keyin «Do‘stlik» kanalining obod bo‘lgan ikki sohili odamlar bilan gavjum. Beixtiyor ular orasiga qo‘shilaman. Suhbatlarini tinglayman:

— Bu ikki sohil, qaqrab yotgan edi. Shunday qarovsiz qolgan yerlarni jannatga aylantirib qo‘ydi. Qarang, esayotgan salqin shamol tanangni yayratib, kayfiyatingni ko‘taradi, — deydi bir onaxon.

Onaxon yonidagi uch nafar nevarasiga pul beradi: — Boringlar muzqaymoq olib yenglar.

Bolalar qiyqirib chopib ketishadi. Ularning quvonch to‘la hayqiriqlari, kanalning to‘lib oqayotgan oqimlariga qo‘shilib ketadi. Birozdan so‘ng buvilarini ham muzqaymoq yeyishga chaqirishadi...

— Bularning quvonchini ko‘rib, hech o‘lmasdan yashaging keladi, — deydi Gulzebo ona. — Qanday baxtli avlod bular. Yurt rahbari har birini mening farzandim deb tursa, bularning olmaydigan tog‘i yo‘q...

Onaxon kulimsiraydi. Uning yuzida baxt nashidasini ko‘raman, so‘zlaridan bu hayotdan, taqdiridan rozi ekanligini sezaman.

Kanal bo‘yidagi ko‘rkam yo‘lakcha chekkalarida chiroqlar yona boshlaydi. Rangli favvoralardan otilayotgan suv yangi hayot qo‘shiqlarini aytayotgandek go‘yo. Suhbatimizga nukuslik ustoz o‘qituvchi Hojiboy Egamberdiyev, nuroniy Jabbor Ro‘zimovlar qo‘shiladi.

Har kalomda shukronalik, har so‘zida minnatdorlik, yaqin atrofdan qo‘shiq jaranglay boshlaydi:

Ozod yurtim, tonglaringda, ochiq osmonim bor mening,

Ochiq osmonim ostida, ozod davronim bor mening...

 

Guliston ANNAQILICHEVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Senat a’zosi.



DB query error.
Please try later.