21.08.2018

MAKTABLAR YANGI O‘QUV YILIGA TAYYORMI?

Ushbu savolga javob olish maqsadida Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli ayrim ta’lim muassasalarida bo‘ldik.

Navoiy viloyatida 353 umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ularning 104 tasi bir, 248 tasi ikki smenada va bittasi uch (!) smenada faoliyat ko‘rsatadi. 33 maktabda ta’lim oluvchilar soni maktab sig‘imidan 50 foiz ortiqligi ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Viloyatdagi mavjud 353 maktabning 28 tasi to‘liq rekonstruksiyaga, 33 tasi kapital ta’mirga muhtoj. Shuningdek, 124 maktabda jismoniy tarbiya darslarini o‘tish va o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sport zali mavjud emas. 17 maktab hududining atrofi to‘liq o‘ralmagani natijasida o‘quvchi-yoshlar xavfsizligi yetarlicha ta’minlanmagan.

Navoiy shahrining 18-kichik tumani hududida ko‘p qavatli uylar barpo etilayotganiga qaramay, birorta ham qo‘shimcha maktab qurilmagan. Viloyatdagi aksariyat maktablar faoliyatini talab darajasida yo‘lga qo‘yish uchun oddiy maishiy sharoitlar ham mavjud emas.

Viloyat bo‘yicha 88 maktabni mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan joriy va mukammal ta’mirlash orqali yangi o‘quv yiliga tayyorlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, 4,5 milliard so‘mdan ziyodroq mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, shu kungacha 2,5 milliard so‘mdan ziyodroq mablag‘ moliyalashtirilgan xolos! Hatto, ayrim maktablarda ta’mirlash ishlari hali boshlanmagan.

«Obod qishloq» dasturi doirasida Navbahor tumanining Qushqochdi qishlog‘idagi 4-umumta’lim maktabiga 1,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Lekin afsuski, hozirgacha bu mablag‘ umuman moliyalashtirilmagan. Mazkur maktabning 340 o‘rinli eski binosi 2018 yil may oyida buzilgan, lekin bugungi kunda mablag‘ ajratilmagani sababli qurilish ishlari umuman to‘xtab qolgan.

Navbahor tumanidagi 14-umumta’lim maktabi direktori Bobur Rahimovning aytishicha, ushbu maktab 2014 yil investitsiya dasturi asosida kapital rekonstruksiya qilingan, lekin kimyo, biologiya, fizika kabinetlari maxsus o‘quv partalari bilan jihozlanmagan.

Fizika va kimyo laboratoriya jihozlari umuman ishlatilmagan, qadoqlangan holda saqlanmoqda, Informatika xonasidagi 15 kompyuter texnikasi internetga ulanmagan, kompyuter texnikalaridan dars jarayonida foydalanish darajasi o‘ta past, fizikadan boshqa fanlardan yaratilgan elektron o‘quv resurslari mavjud emas, maktab atigi bitta proyektor bilan ta’minlangan xolos.

Tuman hokimligi tomonidan maktabni yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha 32 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, moliyalashtirilmagani uchun ta’mirlash ishlari boshlanmagan.

Maktabimiz 120 o‘ringa mo‘ljallangan, — deydi Navbahor tumanidagi 38-umumta’lim maktab direktori Jasur Temirov. — Yangi o‘quv yilida 401 nafar o‘quvchiga uch smenada ta’lim berishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Maktabimizda xonalar yetishmaganligi uchun fizika, kimyo-biologiya fanlaridan laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish imkoni mavjud emas.

O‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ma’naviyat va ma’rifat, psixolog va yoshlar yetakchisi uchun alohida xona ajratishning iloji yo‘q, o‘qituvchilar maktab koridorida o‘tirishadi. Maktab kutubxonasi binoga qo‘shni bo‘lgan sartaroshxonaga joylashtirilgan(?!).

Konimex tumanidagi mavjud 35 maktabni yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha 2 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, bugungi kungacha umuman moliyalashtirilmagan. Natijada sakkizta maktab atrofini devor bilan o‘rash, to‘rtta maktabning tom qismini ta’mirlash, ikkita maktabning deraza romlarini almashtirish, o‘nta maktabni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun quduq qurish va nasos o‘rnatish ishlari boshlanmagan.

Tumandagi 14, 39-maktablarda sinf xonalari yetishmaydi, 23-maktab binosining tom, pol va devorlari achinarli holga kelib qolgan. 32-maktabning tom qismini ko‘rshapalak bosib, DSENM xulosasi bilan maktab binosi yopib qo‘yilgan.

Karmana tumanidagi 8-maktab direktori Abduhoshim Qarshiyevning aytishicha, kimyo xonasi 2010 yildan buyon jihozlanmagan, maxsus partalar o‘rnatilmagan, elektr, suv va suv oqova tarmoqlariga ulanmagan, mo‘rikonli shkaf o‘rnatilmagan, reaktivlar bilan 2006 yildan buyon ta’minlanmagan. U mazkur masalada mutasaddilarga bir necha bor murojaat qilsa-da, amaliy natija bo‘lmagan.

Maktabning informatika xonasi 2007 yilda 15 ta kompyuter bilan ta’minlangan bo‘lib, bugungi kunda ularning 3 tasi yaroqsiz holga kelgan. Internet tarmog‘iga ulanmagan. Kompyuterlarga fanlar kesimida elektron resurslar o‘rnatilmagan, ulardan foydalanish samaradorligi past. Maktabda jami 915 o‘quvchi ta’lim oladi, biroq darsliklar yetishmaydi.

Nurota tumanidagi 2-maktabda fizika laboratoriya jihozlari yetishmasligi sababli laboratoriya ishlarini o‘tkazish imkoni yo‘q. Shuningdek, kimyo laboratoriyasi uchun 39 nomdagi asbob-uskunalarga ehtiyoj mavjud.

Yuqoridagi holatlardan shunday xulosa chiqarish kerakki, Navoiy viloyatidagi bir qator maktablar yangi o‘quv yiliga tayyor emas. O‘quv yili boshlanishiga esa oz vaqt qoldi. Navoiy viloyati hokimligi, xalq ta’lim mutasaddilari bu borada zudlik bilan chora-tadbirlar ko‘rmasalar, ushbu muammolar so‘zsiz ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi...



Ilhom SATTOROV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.