Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
06.09.2018

ISHLAB CHIQARISH MAYDONLARIDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ta’kidlash lozimki, tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda ko‘maklashish, mulkdorlarning o‘zlariga tegishli bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona va maqsadli foydalanish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish borasida ko‘rilayotgan choralar amalda o‘z samaradorligini ko‘rsatdi.

Ilgari xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan o‘zgartirilishi bir yarim mingdan ortiq faoliyat ko‘rsatmayotgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash va o‘n ikki mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.

Shu bilan birga, hududlarda hanuzgacha davlatga va davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarga tegishli bo‘lgan, shuningdek, ajratilgan yer uchastkalarida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qurilgan hamda sobiq jamoa va shirkat xo‘jaliklarini tugatish davrida sotib olingan katta miqdordagi faoliyat ko‘rsatmayotgan va samarasiz foydalanilayotgan binolar va qurilishi tugallanmagan ob’ektlar saqlanib qolmoqda.

Mazkur holat yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatining yo‘qotilishiga, ishlab chiqarish quvvatlarining ma’nan eskirishi va jismonan yemirilishiga olib kelayotgan bo‘lib, ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishni talab etmoqda.

Faoliyat ko‘rsatmayotgan va foydalanilmasdan turgan ob’ektlar mulkdorlari, barcha darajadagi rahbarlarning mazkur ob’ektlardan oqilona va maqsadli foydalanilishi bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, korxonalarni faol xo‘jalik faoliyatiga jalb etish hamda shu asosda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ilgari xususiylashtirilgan ob’ektlarni xo‘jalik faoliyatiga jadal jalb etish bo‘yicha amaldagi mexanizmni mulk huquqining vujudga kelish asoslari va egallagan maydon hajmidan qat’i nazar, barcha toifadagi qurilishi tugallanmagan ob’ektlar, bo‘sh turgan binolar, noturar inshootlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlariga (keyingi o‘rinlarda foydalanilmayotgan ob’ektlar deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida foydalanilmayotgan ob’ektlardan samarali foydalanish bo‘yicha namunaviy tarkibdagi idoralararo komissiyalar (keyingi o‘rinlarda idoralararo komissiyalar deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq;

tumanlar (shaharlar)da foydalanilmayotgan ob’ektlardan samarali foydalanish bo‘yicha namunaviy tarkibdagi ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda ishchi guruhlar deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tuzilsin.

Idoralararo komissiyalar rahbarlari etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, ishchi guruhlar rahbarlari etib tegishli tuman (shahar) hokimlari belgilansin.

3. Idoralararo komissiyalarga quyidagilar amalga oshirilishini tashkil etish va nazorat qilish yuklatilsin:

doimiy monitoring natijalariga ko‘ra tegishli hududdagi foydalanilmayotgan ob’ektlarni aniqlash va ularning ro‘yxatlarini shakllantirish;

foydalanilmayotgan ob’ektlar faoliyatini tiklash, ishlab chiqarishni tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» va investitsiya loyihalarini mulkdorlar bilan birga ishlab chiqish, shuningdek, ularni tasdiqlash;

foydalanilmayotgan ob’ektlar faoliyatini tiklash bo‘yicha takliflarni taqdim etmagan yoki tasdiqlangan «yo‘l xaritalari» ijrosini ta’minlamayotgan mulkdorlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan ta’sir choralarini qo‘llash haqida xulosalar chiqarish;

davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish va ishchi guruhlar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitish;

tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar va tijorat banklari kreditlarini olishda ko‘maklashish.

4. 2018 yil 15 sentabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) davlat mulki bo‘lgan foydalanilmayotgan ob’ektlar o‘rnatilgan tartibda sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida, shu jumladan, ijaraga beriladi;

b) foydalanilmayotgan ob’ektlar mulkdorlari — yuridik shaxslarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llaniladi:

soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni umumbelgilangan tartibda to‘lashga o‘tkazish;

mol-mulk va yer soliqlarini ikki karra miqdorda to‘lash, 6 oy o‘tgandan so‘ng — besh karra, 12 oy o‘tgandan so‘ng va keyinchalik — o‘rnatilgan stavkaga nisbatan o‘n karra miqdorda to‘lashga o‘tkazish;

qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar amal qilishini to‘xtatish.

5. Belgilab qo‘yilsinki:

mazkur qarorning 4-bandi «b» kichik bandida ko‘rsatilgan ta’sir choralari idoralararo komissiya xulosasiga asosan mulkdorning idoralararo komissiya xulosasi bilan tanishganidan keyingi oydan boshlab qo‘llanadi;

idoralararo komissiyaning ta’sir choralarini qo‘llash haqidagi xulosasini chiqarish uchun mulkdor tomonidan foydalanilmayotgan ob’ektdan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdim etilmaganligi yoki foydalanilmayotgan ob’ektdan samarali foydalanish bo‘yicha tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»ning bajarilmasligi asos bo‘ladi;

idoralararo komissiya qarori komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, bunda idoralararo komissiya yig‘ilishida uning a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart;

foydalanilmayotgan ob’ektlarning mulkdorlari O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hududiy organlarining tegishli so‘rovnomasi kelib tushganidan keyin ikki oy muddatda foydalanilmayotgan ob’ektdan samarali foydalanish, shu jumladan, ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish ob’ektini barpo etish, ob’ektni aniq ijarachilarga taqdim etish, muayyan investorlar (sheriklar)ni jalb etish bo‘yicha choralarni, shuningdek, foydalanilmayotgan ob’ekt faoliyatini tiklashning aniq muddatlari va moliyalashtirish manbalarini nazarda tutadigan takliflarni taqdim etishlari shart;

foydalanilmayotgan ob’ektdan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar yuqori turuvchi tashkilot (mavjud bo‘lgan taqdirda) bilan kelishilgan «yo‘l xaritasi» ko‘rinishida taqdim etiladi;

foydalanilmayotgan ob’ektdan samarali foydalanish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» idoralararo komissiya va balansda saqlovchining yuqori turuvchi tashkiloti (mavjud bo‘lgan taqdirda) tomonidan ochiq muhokama yo‘li bilan, shuningdek, mulkdor, balansda saqlovchi (ularning vakillari) takliflarini inobatga olgan holda va ularning ishtirokida tasdiqlanadi;

mazkur qarorning 4-bandi «b» kichik bandida nazarda tutilgan, oshirilgan stavkalar bo‘yicha soliqlar idoralararo komissiya qaroriga asosan faqat ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishga jalb etilmagan qismiga nisbatan qo‘llanadi.

6. Foydalanilmayotgan ob’ektlarni xo‘jalik faoliyatiga jalb etish sxemalari 3-4-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.

7. Belgilansinki, mazkur qarorning 4-bandi «b» kichik bandida ko‘rsatilgan ta’sir choralari quyidagi mulkdorlarga nisbatan qo‘llanilmaydi:

qonun hujjatlari bilan tadbirkorlik sub’ektlariga ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni berish vazifasi yuklangan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning aybiga ko‘ra investitsiya loyihasini amalga oshira olmagan mulkdorlarga;

foydalanilmayotgan ob’ektdan samarali foydalanish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni (investitsiya loyihasini) taqdim etgan va amalga oshirishni boshlaganlarga — idoralararo komissiyaning mulkdor (uning roziligi bo‘lgan taqdirda boshqa tashabbuskorlar, shu jumladan, ijaraga oluvchilar) tomonidan «yo‘l xaritasi» (investitsiya loyihasi) taqdim qilingan, shuningdek, uning amalga oshirilishi haqidagi xulosasi sanasidan keyingi kalendar choraklikdan boshlab.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga idoralararo komissiya xulosasi belgilangan tartibda yetkazilganidan keyingi oyning 10 sanasiga qadar foydalanilmayotgan ob’ektlarning mulkdorlari — soliq to‘lovchilar tomonidan tegishli shakldagi soliq hisob-kitoblari taqdim etilmagan taqdirda idoralararo komissiya xulosasi asosida mol-mulk va yer soliqlarini oshirilgan stavkalar bo‘yicha hisoblash va hisoblangan summalarni ularning shaxsiy kartochkalariga kiritish huquqi berilsin.

9. Quyidagilarga:

idoralararo komissiyalar rahbarlariga — o‘z faoliyatida xolislik va ochiqlik prinsiplariga amal qilib, foydalanilmayotgan ob’ektlarni tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligiga alohida e’tibor qaratgan holda, komissiyaga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning so‘zsiz va sifatli bajarilishi uchun;

tumanlar (shaharlar) sektorlari rahbarlariga — foydalanilmayotgan ob’ektlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshiradigan mulkdorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish, shuningdek, ularda yuzaga keladigan muammoli masalalarni hal etish uchun;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga — idoralararo komissiyalarning ishchi organi funksiyalarini bajarish uchun;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga — idoralararo komissiyaning xulosasi chiqarilgan mulkdorlarga nisbatan mazkur qarorda nazarda tutilgan ta’sir choralarining o‘z vaqtida va so‘zsiz qo‘llanilishi uchun;

idoralararo komissiyalar va ishchi guruhlar a’zolariga — o‘zlari vakil bo‘lgan davlat boshqaruvi organi va tashkilotlarning mas’uliyat sohalari bo‘yicha javobgarlik yuklansin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ikki oy muddatda o‘zlariga tegishli bo‘lgan foydalanilmayotgan ob’ektlarni tanqidiy tahlil qilsin va tahlil natijalariga ko‘ra ob’ektlardan samarali foydalanish yuzasidan aniq chora-tadbirlardan iborat bo‘lgan «yo‘l xaritalari» yoki ularni tumanlar (shaharlar) hokimliklariga berish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda foydalanilmayotgan ob’ektlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirishni va elektron tarzda ma’lumot almashishni, shuningdek, ularning mulkdorlariga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishchi guruhlarning tegishli murojaatidan so‘ng bir oy davomida foydalanilmayotgan ob’ektlar bo‘yicha kadastr hujjatlarining rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qaror mazmun-mohiyati keng yoritilishini hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi har chorakda mazkur qaror ijrosi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijalari va samaradorligi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2018 yil 4 sentabr



DB query error.
Please try later.