28.08.2018

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MADANIYAT VA SAN’AT SOHASINI INNOVATSION RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlash, milliy madaniy va ma’naviy merosni saqlash hamda ko‘paytirish, xalqimizni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash va xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, ushbu sohada madaniyat va san’atni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar va kamchiliklar mavjud. Jumladan:

birinchidan, metsenatlar va homiylar yordamini jalb qilishni rag‘batlantiradigan samarali huquqiy mexanizmlarning yo‘qligi respublika madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini, eng avvalo, muqobil manbalar hisobidan munosib tarzda moliyalashtirishni ta’minlash imkonini bermayapti, bu esa byudjet mablag‘lariga haddan ortiq qaramlikni keltirib chiqarmoqda;

ikkinchidan, xodimlarning kasbga tayyorgarlik darajasi hamda madaniyat va san’at muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning sifati zamonaviy talablarga va xalqaro standartlarga mos kelmaydi, bu esa ularning mahalliy tashrif buyuruvchilar va turistlar uchun jalb etuvchanligini pasaytirmoqda;

uchinchidan, mahalliy madaniyat va san’at muassasalarining jahon madaniy makoniga puxta integratsiya qilinmaganligi mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirishda va mintaqaning madaniy markazi sifatidagi maqomini mustahkamlashda mavjud boy madaniy-tarixiy merosdan hamda madaniyat va san’atning zamonaviy yo‘nalishlaridan to‘liq foydalanish imkonini bermayapti;

to‘rtinchidan, madaniy meros ob’ektlari, respublikaning muzey, arxiv, kutubxona va boshqa jamg‘armalari butligini ta’minlashga lozim darajada e’tibor qaratilmayapti, bu esa mamlakat madaniy-tarixiy merosini saqlash va ommalashtirishga kompleks yondashish imkonini bermayapti.

Madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirishni ta’minlash, madaniyat va san’at muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, aholining ularga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, mamlakatimizning jahon madaniy makoniga integratsiyalashuvini ta’minlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi), Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi Muzeylar renovatsiya dasturini (keyingi o‘rinlarda — Renovatsiya dasturi) eksperiment tarzida amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:

muzeylar byudjetining kamida 30 foizini tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar hisobidan, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish orqali, shuningdek, muzeylar byudjetining kamida 15 foizini xayriya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutuvchi o‘zini o‘zi ta’minlash prinsipiga asoslangan muzeylarni moliyalashtirish modelini joriy etish;

muzeylar infratuzilmasini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarning interaktivligini oshirish, shu jumladan, «smart»-texnologiyalarni (axborot do‘konchalari, 3-D vizualizatsiya va gologramma, QR-kodlar, chet tillaridagi elektron gidlar va hokazolarni) joriy etish;

aholi, eng avvalo, yosh avlod uchun mo‘ljallangan, Internet tarmog‘idan foydalangan holda, muzeylarning faoliyatiga innovatsion axborot texnologiyalari keng joriy etish va muzey eksponatlarining raqamli shakllarini yaratish orqali muzey eksponatlarini ko‘rish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish;

ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish uchun muzeylarning ma’muriy tuzilmasini takomillashtirish;

xodimlarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni eng yaxshi jahon amaliyotlariga muvofiq muzeylarning rahbar lavozimlariga ochiq tanlov asosida jalb qilish amaliyotini joriy etish;

mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish va tanitish maqsadida muzeylarning ijtimoiy makonga to‘liq integratsiyalashuvini ta’minlash;

muzeylarda imkoniyatlari cheklangan shaxslar, keksa yoshdagi tashrif buyuruvchilar, maktabgacha yoshdagi bolalar va ularga hamrohlik qilayotgan shaxslarga xizmat ko‘rsatish va qulaylik yaratishning inklyuziv uslublaridan keng foydalanish;

muzeylarda akademik tadqiqotlarni, shu jumladan, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan grantlar ajratish orqali mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarni jalb qilgan holda rivojlantirish.

Belgilab qo‘yilsinki:

Renovatsiya dasturi O‘zbekiston amaliy san’at muzeyida (Toshkent shahri), I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyida (Nukus shahri) va Oybekning uy-muzeyida (Toshkent shahri) amalga oshiriladi;

Renovatsiya dasturi Jamg‘arma, mahalliy hamda xorijiy donorlar va metsenatlar mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Jamg‘armaning Ijro etuvchi direktori zimmasiga Renovatsiya dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish «Yo‘l xaritasi» (keyingi o‘rinlarda – «Yo‘l xaritasi») ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

respublikada madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;

madaniyat va san’at muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning sifat darajasini oshirish;

madaniyat va san’at muassasalari xodimlari malakasini oshirish.

Vazirlik va idoralar rahbarlari «Yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.

3. Renovatsiya dasturini, «Yo‘l xaritasi»ni hamda respublikaning madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini yaratish maqsadida Jamg‘armaga lotereyalar tashkil etish va o‘tkazish huquqi berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

lotereyalar tashkil etish va o‘tkazishdan tushadigan daromadlar Jamg‘armaning ixtiyorida qoladi va ulardan ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan maqsadlar uchun foydalaniladi;

lotereya chiptalarini tarqatish va ular bo‘yicha yutuqlarni to‘lash Jamg‘arma bilan tuzilgan agentlik bitimlari asosida «O‘zbekiston pochtasi» AJ va aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan amalga oshiriladi;

lotereya chiptalari reklamasi ijtimoiy reklama axboroti hisoblanadi.

4. Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamg‘armaning xarajatlar smetasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin, unda lotereya tashkil etish va o‘tkazish, shu jumladan, zarur tiraj uskunasini xarid qilish va lotereyalarni uyushtiruvchilarga qonun hujjatlariga muvofiq qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar nazarda tutilsin.

5. Lotereya tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologiyalar va asbob-uskunalarni belgilangan tartibda tuziladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kirishda Jamg‘arma 2021 yil 1 sentabrgacha bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etilsin (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lovlar mustasno).

6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jamg‘arma va boshqa manfaatdor idoralar, shuningdek, madaniyat va san’at sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda «Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin. Qonun loyihasida boshqalar qatorida quyidagilar nazarda tutilsin:

madaniyat va san’at muassasalariga, shu jumladan, jismoniy shaxslarga yordam ko‘rsatuvchi metsenatlar va homiylarga soliq imtiyozlari (chegirmalar) taqdim etish uchun huquqiy asoslar yaratish;

soliq imtiyozlari (chegirmalar) olish huquqini saqlab qolgan holda madaniyat va san’at muassasalarini qo‘llab-quvvatlash shakllarini va uslublarini kengaytirish (muayyan ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, mol-mulk huquqini berish va hokazo);

madaniyat va san’at muassasalarini jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy uslublarini joriy etish;

metsenatlik va homiylik yordamini olayotganlarning hisob berish tizimini, shuningdek, ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni takomillashtirish.

7. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jamg‘arma, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

madaniyat va san’at muassasalarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimini (keyingi o‘rinlarda – ChOYaET) joriy etish va uning ishlash tartibini belgilash;

ChOYaETga ulangan respublika madaniyat va san’at muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalanish;

elektron chiptalarni chipta apparatlari va avtonom bosma uskunalardan foydalanib, elektron chiptalarni, shu jumladan, chipta tarqatuvchi yuridik shaxslar tomonidan vositachilik shartnomalari asosida erkin muomalaga chiqarish va realizatsiya qilish uchun huquqiy asoslar yaratish;

elektron chiptalar rekvizitlariga, shuningdek, madaniyat va san’at muassasalarining elektron chiptalarni muomalaga chiqarish, hisobga olish va tasdiqlash uchun foydalanadigan moddiy-texnik bazasiga eng kam talablarni joriy etish;

ChOYaET doirasida chiptalarni realizatsiya qilish bo‘yicha operatsiyalarni himoya qilishga, chiptalarni keyinchalik balandroq narxda qayta sotish uchun yoppasiga sotib olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka doir choralarga eng kam talablarni joriy etish;

ChOYaET doirasida chiptalarni sotishdan tushgan tushumdan ChOYaETni saqlash, shuningdek, Renovatsiya dasturida va «Yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga yuboriladigan yig‘im joriy etish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2018 yil 26 avgust



DB query error.
Please try later.