Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
01.09.2018

PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEVNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING YIGIRMA YETTI YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI NUTQI

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni eng buyuk, eng aziz bayramimiz — Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

Biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan shu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini yana bir bor chuqur his etamiz.

Mana shunday ulug‘ ayyomda butun hayotini ozodlik uchun kurashga bag‘ishlagan, bu yo‘lda jon fido qilgan ota-bobolarimiz, mard va jasur yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltiramiz.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi, Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning barhayot nomlarini hurmat va ehtirom bilan yodga olamiz.

Aziz do‘stlar!

Mustaqillik tufayli biz dunyo hamjamiyatining teng huquqli a’zosi bo‘lib, yorug‘ kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etmoqdamiz.

Istiqlol yillarida erishgan yutuqlarimizga tayanib, milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari dadil qadam qo‘ymoqdamiz.

Mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Bu noyob hujjatda belgilangan ulug‘vor vazifalarni ro‘yobga chiqarishga qat’iy kirishganimiz biz uchun yangi ufq va imkoniyatlar ochib bermoqda.

Dunyo miqyosida raqobat keskinlashib borayotgan hozirgi murakkab davrda mamlakatimizni ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangilash eng muhim vazifamizga aylanmoqda. Ana shunday o‘tkir talabni chuqur anglagan holda, biz 2018 yilni yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qildik.

Bu borada qabul qilingan Davlat dasturida 11 trillion 200 milliard so‘m va 1 milliard 300 million AQSh dollari hajmidagi ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Dastur ijrosini ta’minlash uchun keng ko‘lamdagi ulkan ishlar olib borilmoqda.

Yurtimizda faol investitsiya siyosati yuritilmoqda, zamonaviy korxonalar barpo etilmoqda, soliq tizimi tubdan isloh qilinib, tadbirkorlik va xususiy mulkni rivojlantirish, barcha soha va tarmoqlarda innovatsiya, ilm-fan yutuqlari, yangicha va ijodiy yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor berilmoqda. Qishloq xo‘jaligida zamonaviy, istiqbolli tarmoqlarga asos solish, klaster tizimini yo‘lga qo‘yish, fermer xo‘jaliklarining natijadorligini kuchaytirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Ana shunday ulkan sa’y-harakatlarimiz natijasida yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanmoqda.

Biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lgan aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari mamlakatimizning eng chekka hududlariga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirmoqda. Odamlarning fikri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda, qishloqda turmush madaniyati oshib bormoqda.

Butun mamlakatimizni qamrab olgan mazkur dasturlar doirasida 416 ta qishloq va 105 ta mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda. Bularning barchasi jonajon O‘zbekistonimizning yangi, obod qiyofasini yaratish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Aholimizning zamonaviy uy-joyga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida joriy yilda 13 ming 900 dan ziyod oilaga mo‘ljallangan 335 ta ko‘p qavatli turar joy foydalanishga topshirildi. Yil oxirigacha bu raqam 2017 yilga nisbatan 2 barobar ko‘payadi.

Ana shu yo‘nalishdagi ishlar qishloq joylarda ham yangilangan loyihalar asosida olib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar qishloqlarda 40 mingta oila yangi xonadonlarga ko‘chib kirdi.

Bu borada biz ilgari yetarlicha e’tibor bermagan muhim masala — ya’ni, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan insonlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Buning tasdig‘ini o‘tgan 2 yilda 1000 nafardan ortiq shu toifaga mansub insonlar uy-joy bilan ta’minlangani misolida ko‘rish mumkin.

Albatta, barchamizni xursand qiladigan bunday o‘zgarishlar ming-minglab oilalar hayotiga shodlik va baxt olib kelmoqda.

Hech shubhasiz, hayotda mana shunday quvonchli voqealar yuz berganda insonning qaddi ham, qadri ham ko‘tariladi. Bunday damlarda adolat haqida gapirmasangiz ham odamlar haqiqat va adolat borligiga ishonadi.

Ilohim, yurtimizda uy to‘ylari, hovli to‘ylari yanada ko‘paysin, bu xonadonlarda yangi hayot boshlayotgan odamlar murod-maqsadiga yetsin!

Aholi bandligini ta’minlash, har bir oilada tadbirkorlik muhitini yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Keyingi ikki yilda mamlakatimiz bo‘yicha 700 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ish bilan ta’minlangani, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga 25 trillion so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgani ana shunday sa’y-harakatlar natijasidir.

Muhtaram yurtdoshlar!

Biz mamlakatimizda qanday dastur va rejalar qabul qilsak, ularning barchasida umidimiz, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimiz manfaatlarini alohida hisobga olmoqdamiz.

Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimizda yangi oliy o‘quv yurtlari, xorijdagi nufuzli universitetlarning filiallari tashkil etilayotgani, qabul kvotalari oshirilgani, ko‘pgina yo‘nalishlar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar ochilganini alohida qayd etish lozim.

Ayni vaqtda buyuk allomalarimiz nomidagi maxsus maktablar, hududlarimizda atoqli adiblarimiz nomidagi ijod maktablari ish boshlagani, yoshlarimiz o‘rtasida turli tanlov va festivallar, sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinayotgani ularning ilmiy va ijodiy kamolotida katta rol o‘ynamoqda.

Jamiyatimizda «Qonun va adolat — ustuvor», «Jinoyatga jazo muqarrar» degan muhim prinsiplarni ta’minlash, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, advokatura tizimi faoliyatini takomillashtirish, ularni tom ma’noda inson huquq va manfaatlari himoyachisiga aylantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar qilinmoqda.

Ana shunday o‘zgarishlar tufayli biz yillar davomida deyarli unutib qo‘ygan tartib-intizom, qonun-qoida, odamlarning haqli talablari bilan hisoblashish kabi eng muhim tamoyillar hayotimizda tobora chuqur o‘rin egallamoqda.

Xalqimizga xos kechirimli, rahm-shafqatli bo‘lish, bag‘rikenglik va olijanoblik fazilatlari asosida jamiyatimizda sog‘lom ijtimoiy muhit mustahkamlanib bormoqda.

Bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan, o‘z qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan fuqarolarni kechirish, ularni oilasi bag‘riga, foydali mehnatga qaytarishga qaratilgan tadbirlar haqida sizlar yaxshi xabardorsiz.

Kuni kecha qabul qilingan Prezident farmoniga binoan qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 261 nafar shaxs Mustaqillik bayrami munosabati bilan afv etilgani shu ezgu ishlarimizning davomi bo‘ldi.

Tasavvur qiling, 261 inson taqdiridagi bunday o‘zgarish — bu avvalo ularning oilasi, farzandlari, ota-onalari, yaqinlari hayotiga nur olib kirdi, quvonch olib kirdi, deganidir.

Aziz yurtdoshlar!

Bugun bir fikrni to‘la ishonch bilan aytish mumkin: butun jamiyatimizni qamrab olayotgan ana shunday ezgu ishlarimiz tufayli hayotimizda fayzu baraka, millatlararo do‘stlik va mehr-oqibat tuyg‘ulari kuchayib bormoqda.

Eng muhimi, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish yo‘lida olib borayotgan ichki va tashqi siyosatimiz el-yurtimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xalqimizning roziligi — bizning, birinchi navbatda, Prezident sifatida mening, barcha bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilar, deputat va senatorlar, butun davlat idoralarining faoliyatiga berilgan eng oliy va eng adolatli bahodir.

Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham albatta rozi bo‘ladi.

Bu haqiqatni hech kim hech qachon unutmasligi zarur.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Mana, bugun Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga ana shu mukofotlar markazda va joylarda tantanali ravishda topshirildi.

O‘zining ko‘p yillik fidokorona mehnati bilan el-yurtimiz o‘rtasida katta obro‘-e’tibor topgan bu insonlarni o‘z nomimdan, sizlarning nomingizdan yana bir bor tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishga ruxsat etgaysiz.

Jonajon O‘zbekistonimizda, barcha shahar va qishloqlarimizda sizlar kabi fidoyi odamlar safi yanada kengayib, olijanob mehnatingiz samarasidan avvalo o‘zingiz, oilangiz, el-yurtimiz bahramand bo‘lsin!

Xonadonlaringizdan baxtu saodat, fayzu baraka hech qachon arimasin!

Qadrli yurtdoshlar!

Bugun milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichiga qadam qo‘yar ekanmiz, biz yutuqlarimiz bilan birga xato va kamchiliklarimizni ham chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish haqida o‘ylashimiz tabiiydir. Chunki bu ishlarni o‘zimiz qilmasak, hech kim chetdan kelib muammolarimizni hal qilib bermaydi.

Bu haqda so‘z borganda, yurtimizda xalq bilan muloqotning mutlaqo yangi va samarali tizimi joriy qilinganini aytish o‘rinli, deb o‘ylayman. Bugungi kunda xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qila boshlagani uchun ham odamlarning fikri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda, el-yurtimiz o‘z kuchi va imkoniyatlariga, ertangi kunga ishonch bilan qaramoqda.

Shuning uchun bir haqiqatni ta’kidlab aytmoqchiman: xalq bilan bevosita muloqot olib borish, uning dardu tashvishlari bilan yashash, el-yurtimizni rozi qilish — bu vaqtinchalik kampaniya emas. Bu — xalqimizning farovon hayotini, yurtimiz ravnaqini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyadir.

Aziz do‘stlar!

Bugungi tahlikali zamonda bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch-osoyishta, erkin va obod hayotni har tomonlama asrab-avaylash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirishga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratamiz.

Biz dunyo miqyosidagi keskin va beshafqat raqobatga bardosh berish uchun iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, jahon bozoridan munosib o‘rin egallash, mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirishga erishmog‘imiz zarur.

Tadbirkorlik faoliyati erkinligini, xususiy mulk daxlsizligini yanada kengroq ta’minlash — oldimizda turgan muhim vazifadir.

Bu borada yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan birga, turizm, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarini, hunarmandchilik va kasanachilikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratamiz.

Ayniqsa, aholi salomatligini mustahkamlash, xalqimiz hayotini yanada yaxshilash, kam ta’minlangan qatlamlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida biz «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturini qabul qildik. Ushbu dastur ijrosi uchun shu yilning o‘zida 786 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Buning natijasida, jumladan, 100 mingdan ortiq yoshlarimizning bandligi ta’minlanadi.

Yosh oilalarni zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, yoshlarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha belgilangan katta ishlar izchil davom ettiriladi.

Hurmatli vatandoshlar!

Shu kunlarda Indoneziyada 45 ta mamlakat vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan yozgi Osiyo o‘yinlarida navqiron sportchilarimiz shijoat va mahorat ko‘rsatib, 15 ta oltin, 19 ta kumush, 23 ta bronza medalniqo‘lga kiritganlari hammamizga quvonch bag‘ishlaydi.

Mamlakatimiz shuhratini dunyoga tarannum etayotgan sportchi yoshlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga sizlarning nomingizdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Qadrli anjuman qatnashchilari!

Biz jahon hamjamiyati bilan, barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni yanada kuchaytiramiz.

Turli xalqaro tashkilotlar, nufuzli moliya institutlari bilan keng tarmoqli hamkorlikni rivojlantirish bizning milliy manfaatlarimizga to‘la javob beradi va biz bu yo‘lni qat’iy davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga, chet ellik sheriklarimizga, O‘zbekistonning barcha do‘stlariga sizlarning nomingizdan, o‘z nomimdan samimiy hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimizni bildirishga ijozat etgaysiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchangizni O‘zbekiston davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy tabriklayman.

Mana shu ulug‘ ayyomda barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mard va saxovatli, bag‘rikeng va olijanob xalqimizga farzandlik mehrim bilan ta’zim qilaman.

Fursatdan foydalanib, ko‘nglimdagi eng ezgu tilaklarni bildirmoqchiman.

Bugun barchamiz nuroniy oqsoqollar, muhtaram faxriylarimizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr tilaymiz.

Mo‘tabar, duogo‘y onaxonlarimizga chin yurakdan farzandlik tashakkurimizni bildiramiz.

Xonadonlarimiz ko‘rki va farishtasi bo‘lgan munis ayollarimiz doimo sog‘-omon, baxtli-saodatli bo‘lsinlar! Chunki ayol, ona baxtli bo‘lsa — jamiyat baxtlidir.

Vatanimiz va xalqimizga o‘zining bilim va zakovati, ma’naviy salohiyati bilan xizmat qilayotgan ilmiy va ijodkor ziyolilarimizga yangi-yangi yutuqlar yor bo‘lsin!

Yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik yanada barqaror bo‘lsin!

Azmu shijoatli yoshlarimizning, barcha farzandlarimizning baxtu kamolini, omadini bersin!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!



DB query error.
Please try later.