Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
30.08.2018

IMKONIYATLARDAN TO‘LIQ FOYDALANISH, YANGICHA DUNYOQARASH BILAN MEHNAT QILISH — XALQIMIZ FAROVONLIGINI YANADA OSHIRISHNING MUHIM OMILIDIR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 29 avgust kuni Toshkent viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Bekobod shahrida joylashgan mamlakatimizdagi yirik ishlab chiqarish ob’ektlaridan biri bo‘lgan «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Prezidentimizning 2018 yil 9 yanvardagi «2018-2020 yillarda «O‘zmetkombinat» AJni rivojlantirish dasturi to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida kombinatda katta hajmdagi iqtisodiy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexi shulardan biridir. Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida 60 million dollarlik loyiha asosida zamonaviy, energiya tejovchi va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu sex ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda korxona ishchi-xodimlari, soha mutasaddilari, xorijlik investorlar ishtirok etdi.

Kombinat imkoniyatlaridan unumli foydalanish, qo‘shimcha ishlab chiqarish ob’ektlari barpo etish, 2-3 yil ichida kamida 15-20 ming ish o‘rni yaratish kerak. Buning zamirida odamlarni rozi qilishdek ezgu maqsad mujassam, dedi Prezidentimiz.

Janubiy Koreyaning «Posco Daewoo» kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilgan yangi sexda yiliga 25 ming tonna ferrosilitsiy va ferrosilikomarganets ishlab chiqariladi. Bu bilan metall mahsulotlar tayyorlaydigan tarmoqlar talabi to‘liq qondirilib, yiliga 8 ming tonna ferroqotishmani eksport qilish, shu tariqa importdan voz kechib, 35 million dollarni tejab qolish imkoniyati paydo bo‘ladi. 300 dan ziyod yigit-qiz ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz quyish-prokatlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Mazkur loyiha qiymati 452 million dollar bo‘lib, uning amalga oshirilishi natijasida 400 dan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Loyiha 2020 yilda to‘liq yakuniga yetkazilib, yiliga 1 million tonna 2-12 millimetr qalinlikdagi po‘lat listlar ishlab chiqariladi. Bu po‘lat listlar importini kamaytirish imkonini beradi. Yiliga 350 million dollar tejaladi. Shuningdek, yangi qurilayotgan Toshkent metallurgiya zavodining asosiy xomashyosi bo‘lgan issiq holatda prokatlangan listlarga 500 ming tonnalik yillik ehtiyoj to‘liq qoplanadi. Quyuv-prokat majmuasini Italiyaning «Daniyeli» kompaniyasi barpo etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev kombinat ishchi-xodimlari bilan suhbatlashdi. Ularning samarali mehnat qilishi va dam olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.

— Keyingi yillarda kombinatda umuman o‘sish kuzatilmayotgan edi. Shu bois, o‘tgan yili uni tashqi boshqaruvchiga biriktirdik. Natijada ishlab chiqarish 1,5 barobar ortdi. Daromadlari ko‘paygan kombinat joriy yilda Bekobod shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 75 milliard so‘m mablag‘ ajratdi, — dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 2018-2019 yillarda amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi.

Jumladan, Quyi Chirchiq tumanida velosiped ishlab chiqarish, Yuqori Chirchiq tumanida qishloq xo‘jaligi, Bo‘ka tumanida paxta-tekstil klasterlarini tashkil etish, Quyi Chirchiq tumanida kanopchilik sohasini qayta tiklash va rivojlantirish, Ohangaron tumanida zamonaviy gidroponik issiqxona ochish kabi qator loyihalar rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha mutassaddilarga topshiriqlar berdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz 2017 yil 18 avgust kuni Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida Bekobod va Olmaliq shaharlarini rivojlantirish bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surgan edi.

O‘tgan bir yilda Bekobodda salmoqli ishlar amalga oshirildi. 90 mingdan ziyod odam istiqomat qiladigan shaharda aholining uy-joyga ehtiyojini qoplash maqsadida beshta yetti qavatli uy qurib bitkazilmoqda. Yana beshta shunday turar-joy qurilishi boshlanish arafasida. Ular yil oxirigacha o‘z egalariga topshiriladi. Uylar atrofiga bolalar o‘yin maydonchalari, avtomobillar saqlash joylari, zamonaviy savdo shoxobchalari qurish ham rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining taklifi bilan ushbu yangi massivga «Mustaqillikning 27 yilligi» deb nom berildi.

Prezidentimiz jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, ularni mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi bilan tabrikladi.

— Bir yil oldin Bekobodga kelib, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator rejalar belgilab olgan edik. Bugungi uchrashuvimizda o‘sha rejalarning dastlabki natijalari haqida so‘zlamoqchiman, — dedi davlatimiz rahbari. — Bekobodda shu paytgacha issiq suv yo‘q edi, ichimlik suvi sifati yomonligidan keyingi 10 yilda kasalliklar ko‘paygan, ishsizlik ortgandi. Bugun shaharga yirik investitsiyalar jalb etilyapti, yangi ish o‘rinlari yaratilyapti. Yo‘lsozlik, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, tomlarni ta’mirlashga e’tibor qaratila boshlandi. Toshkent va Bekobod shaharlari oralig‘ida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Biz bu ishlar ko‘lamini yanada kengaytiramiz.

Bekobodliklar bunday e’tibor tufayli shahar yangi qiyofa kasb etgani, odamlarning fikri, kayfiyati o‘zgarganini ta’kidlab, Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbariga Toshkent viloyatida barpo etilayotgan ko‘p qavatli uylar haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, joriy yilda Olmaliq, Yangiyo‘l, Bekobod, Nurafshon shaharlarida 2604 xonadondan iborat 62 ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi.

Ohangaron shahridagi Amir Temur ko‘chasini rekonstruksiya qilish, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Ohangaron tumanlari hududidan o‘tuvchi hamda Toshkent — Bekobod va Toshkent — Sirdaryo avtomobil yo‘llari bo‘ylab namunaviy uylar qurish, viloyatda ichimlik suv tizimini takomillashtirish, ko‘mir, texnologik chiqindi, mineral ruda va biomassani maydalash, quritish va separatsiya qilish loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.

Prezidentimiz Bekobod tumanidagi «Yusupov G‘ofurjon fayz» fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda tuproq unumdorligini oshiradigan va yuqori hosil olishni ta’minlaydigan dehqonchilik tizimi joriy etilmoqda. Ekinlarni belgilangan me’yorlar asosida sug‘orish, oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali kurashish, urug‘ va resurslar sarfini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. G‘allachilik va paxtachilikning sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash yo‘nalishidagi seleksiya va urug‘chilik ishlarini takomillashtirish choralari ko‘rilayotir.

Paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan mazkur fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 78,6 gektarni tashkil etadi. Joriy yilda xo‘jalik rahbari G‘ofurjon Yusupov 31,1 gektar maydonga g‘alla ekib, gektaridan 71 sentnerdan oshirib hosil oldi. Sof foyda — 80 million so‘m. 47,5 gektar yerga g‘o‘za ekilgan. Undan ham 35 sentnerdan oshirib hosil olish mo‘ljallanmoqda.

Fermer 13,5 tonna mosh va 7,5 tonna loviyani eksport qilish, ichki bozor uchun 60 tonna kartoshka va 45 tonna sabzi yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzgan. Xo‘jalikda 35 ishchi mehnat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari xo‘jalik dala shiyponida viloyat fermerlari bilan muloqot qildi.

Mamlakatimizning asosiy daromadi qishloq xo‘jaligidan. Istiqbolli, serhosil paxta navlarini yaratish, g‘o‘zani qo‘shqator ekish fermer daromadini oshiradi. Fermer dalaga chiqdimi, mehnati samarasidan uy, mashina olsin, farzandlarini o‘qitsin, uyli-joyli qilsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, bu bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizda bunyod etilayotgan yirik sanoat korxonalari iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan Toshkent metallurgiya zavodi shulardan biridir.

Davlatimiz rahbari ushbu korxona qurilishi bilan tanishdi.

Loyiha qiymati 286,7 million yevrolik mazkur korxonaga xorijda ishlab chiqarilgan ilg‘or va zamonaviy uskunalar keltiriladi. Korxonada avtomobil kuzovlari va maishiy texnika uchun metall listlar, metall cherepitsalar, profnastil tayyorlanadi. Korxona to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, yiliga 500 ming tonna mahsulot ishlab chiqariladi. 700 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz 2017 yil fevral oyida ushbu korxona qurilishi loyihasi bilan tanishib, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zavodning metall konstruksiyasi qurib bitkazildi.

Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi, zavodning mamlakatimiz iqtisodiyotida tutadigan o‘rni haqida to‘xtalar ekan, bu yerda ishlaydigan mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

 

O‘zA



DB query error.
Please try later.