Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
06.09.2018

YASHASH HUQUQI BARCHA UCHUN TENG SHAROIT YARATILISHINI TAQOZO ETADI

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi Ko‘zi ojizlar hamda Nogironlar jamiyatlari bilan hamkorlikda yig‘ilish o‘tkazdi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratish, joylardagi kamchiliklarga yechim topish masalalari muhokama qilindi.

— Partiyamiz faollari hamda deputatlar bilan birgalikda yaqinda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarni tashvishga solayotgan muammolar ko‘p ekaniga guvoh bo‘ldik, — dedi O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi raisi Mehrojiddin DARXONOV. — Xususan, ta’lim tizimida yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Masalan, Toshkent viloyati bo‘yicha jami 2 mingga yaqin ko‘zi ojiz hamda 500 dan ortiq kar va soqov bor. Ko‘zi ojizlardan 743 nafari, kar-soqovlarning 198 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlardir. Ularning ta’lim olishi, bandligi masalasida yillar mobaynida muammolar yig‘ilib qolgan. Ko‘zi ojiz, kar va soqov insonlar uchun viloyatning Olmaliq shahrida bitta 700 o‘ringa mo‘ljallangan maxsus maktab-internat mavjud. U yerda darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yetishmaydi. Brayl yozuvi uchun mo‘ljallangan moslamalar ham juda kam. Borlari esa eskirgan.

Tahlillar asosida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida partiya guruhlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar, jumladan, ko‘zi ojizlar, kar va soqovlar ijtimoiy himoyasiga qaratilgan 15 masala partiya guruhlarida va 8 masala doimiy komissiyalarda muhokama qilindi. Sessiyalarda 8 masala ko‘rib chiqildi.

— Mamlakatda nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, hayot sifatini yaxshilash tizimini takomillashtirish, ularga ta’lim olish va ishga joylashishda ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda, — dedi O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi Komiljon ABDULLAYEV.— Ammo ko‘pchilik jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar kundalik turmushda turli qiyinchiliklarga duch kelib, bu ularning mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy ­hayotida faol ishtirok etishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularning bandligini ta’minlash borasida ham muammolar bor.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun aravachalar, qo‘ltiq tayoq va boshqa uskunalar, protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalari chet eldan olib kelinadi. Bu esa narx-navoning qimmatligi, mahsulot yetishmasligining asosiy sababidir. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xorijdan keltirilayotgan uskunalar yoki mahsulotlarni mahalliylashtirish, o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerak, deb o‘ylayman. Masalan, zaif eshituvchilar uchun impoplatant moslamasi AQSh, Germaniya, Xitoy davlatlaridan sotib olinmoqda. Agar investitsiya jalb qilinsa, xorijiy sarmoyadorlar bilan tajriba almashilsa, mamlakatimizda ham bu kabi moslamalarni ishlab chiqarish mumkin.

— Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mamlakat ijtimoiy hayotida ishtirokining muhim omillaridan biri ularning umumiy savodxonligi hisoblanadi,— dedi O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘limi mudiri Boymurod YuSUPOV. — Biroq, qator sabablarga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ikki foizli kvotalar kiritildi. Mazkur kvotalar bo‘yicha faqatgina nogironligi bo‘lgan shaxslar ta’lim oladi, bu ularning oliy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlab, jamiyatga moslashish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Biroq, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun shart-sharoitlar to‘liq ta’minlandi, deb ayta olmaymiz. Surdo tarjimonlar, brayl alifbosidagi adabiyot va o‘quv qo‘llanmalar talab darajasida emas. Binolar ham to‘liq moslashtirilmadi. Lekin yaqin kelajakda mazkur masalalar ham bosqichma-bosqich o‘z yechimini topadi.

— Kar-soqovlarning ta’lim olishi, ularni kasbga tayyorlash bilan 20 yildan buyon shug‘ullanib kelaman, — dedi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi qoshidagi imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi rahbari Ra’no ShODIYeVA. — Afsuski, o‘tgan yillar mobaynida ushbu qatlam jamiyat hayotidan uzilib qolgan edi. Boisi, ular uchun respublika miqyosida maxsus maktab-internatlari kam, o‘quv qo‘llanmalari deyarli yo‘q. Ularning birortasi qariyb 30 yildirki, oliy ta’lim muassasasida tahsil olmagan. Natijada tizimda tegishli kadrlar yetarli emas, borlari esa nafaqa yoshiga yetib qolgan.

Joriy yildan boshlab berilayotgan imtiyozlar eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan minglab yoshlarning orzularini ro‘yobga chiqaradi. Chunki ular orasida noyob iqtidor egalari ko‘plab topiladi.

Maqsuda VORISOVA, Oliy Majlis Senati a’zosi:

— Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi farmonida mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilayotgan sharoit, ular uchun hamma qatori o‘z huquqlaridan hech qanday to‘siqlarsiz foydalanish imkonini beruvchi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan. Masalan, nogironlikni belgilash mezonlarini qayta ko‘rib chiqish, yangi uslubga ko‘chirish, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda zamonaviy usullardan foydalanish masalalari qamrab olingan. Bundan tashqari, turli darajadagi korrupsiyaning oldini olish maqsadida nogironlikni belgilash bo‘yicha tibbiy ekspertizaning shaffofligini ta’minlash ham nazarda tutilgan. Yana bir muhim jihati, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bor, kasallik aniq ko‘rinib turgan holatlarda qayta-qayta tekshiruvlarni kamaytirish, soddalashtirish bilan bog‘liq talablar ham farmondan o‘rin olgan.

Biroq, oradan qariyb bir yilga yaqin vaqt o‘tsa-da, mazkur masalalar hayotga tatbiq qilingani yo‘q. Odamlarning noroziliklari, ovoragarchiliklariga barham berilmagani ham ayni haqiqat. Nogironligi bo‘lgan shaxslar hanuz eski tizimda qayta-qayta ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Vaholanki, o‘zi nafaqaga kun kechiradigan odam uchun qo‘shimcha mablag‘ sarflab, tibbiy ko‘rikdan o‘tish og‘irlik qiladi. Chunki TMEK talab qiladigan ayrim tekshiruvlar ancha qimmat. Aytaylik, davlat muassasalarida MRT tekshiruvi bo‘lmasligi mumkin.

Boshida o‘simtasi bor, tutqanoq yoki boshqa biror-bir onkologik kasallikka chalingan bemorlar ham har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Bemor, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxs buning uchun 100-150 ming so‘m, ba’zan undan ham ko‘p mablag‘ sarflaydi. Yoki amputantlar deymiz, ya’ni qo‘l yoxud oyog‘i yo‘q shaxslar bor. Axir ularning oyoq-qo‘li o‘sib chiqmaydi-ku. Shunda ham ular oyog‘i yo‘qligini isbot qilib berishi kerak. Qayta tekshiruvlar esa ularga ruhiy jihatdan ta’sir qiladi.

Shu kunlarda bir masala bilan shug‘ullanyapman. Toshkent shahri Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi 1973 yilda tug‘ilgan Mashhura Hasanovaning murojaati yechimsiz qolmoqda. Aslida u olima ayol. Tarix fanlari nomzodi, dotsent. Afsuski, 2015 yilda o‘sma kasalligi bo‘yicha unga nogironlik belgilangan. 2017 yilning dekabrigacha 2-guruh nogironligi nafaqasini olgan. Qayta ko‘rikdan o‘tkazish vaqtida uni 3-guruh nogironligiga tushirib qo‘yishgan. Vaholanki, ayolda nutq buzilishi bor, tutqanoq xurujlari bo‘lib turadi. O‘zim ko‘rdim, tibbiy ma’lumotnomaga asosiy ishi bilan shug‘ullanishi mumkin, deb yozib qo‘yilgan. O‘ylab ko‘raylik, ta’lim muassasasida qanday qilib dars o‘tishi mumkin?

Mutasaddilarga og‘zaki murojaat qilganimda, qayta davolanib, xastalik rasmiy tasdiqlansa, 2-guruh nogironligiga o‘tkazishga va’da berishdi. Ayol iyul oyida davolanib chiqdi. Biroq, rasmiy tasdiqlangan bo‘lishiga qaramay, unga 2-guruh nogironligi berishdan bosh tortishgan. Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qildim. Lekin hali natijasini bilmayman. Bu birgina misol. Bunaqangi holatlarni ko‘plab va har bir hududdan keltirish mumkin.

Qo‘shma yig‘ilishda partiya guruhlari, viloyat ko‘zi ojiz va nogironlar jamiyatlari tomonidan tizimdagi kamchiliklar yechimi yuzasidan takliflar bildirildi. Ta’kidlandiki, aksariyat nogironlar faqat pensiya va nafaqa mablag‘lari hisobidan kun kechirayotgani bois, kommunal to‘lovlar, transport xarajatlarida imtiyoz va yengilliklarga zarurat sezishadi. Birinchi va ikkinchi guruh nogironlari uchun imtiyoz va chegirmalar kengaytirilsa, yaxshi bo‘lardi, degan taklif bildirildi. Sport inshootlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirish ham dolzarb masala. Ko‘zi ojizlar maktab-internatlarida bolalar sportini rivojlantirish maqsadida murabbiylar ajratish, musobaqalar ko‘lamini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalarni xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining doimiy komissiyasi va sessiyasi kun tartibiga kiritish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.