Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyun 2020    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 1 2 3 4 5
10.03.2020

YeR AJRATIShDAGI KO‘ZBO‘YaMAChILIKLAR

Tadbirkor Rustam Ikromov muqaddam Namangan shahar soliq inspeksiyasida jismoniy shaxslarga soliq solish va nazorat bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda Respublika soliq-bojxona akademiyasida tahsil olgan. 2014-2019 yillarda xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Prezidentning past rentabelli ekin maydonlarini poliz va bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirishga o‘tkazish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish borasida 2017 yil 10 oktabrda qabul qilingan “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan ruhlangan Rustam Ikromov ham bog‘dorchilik xo‘jaligi tashkil etishni niyat qildi. 

Ana shu maqsadda u 2019 yilning aprel oyida Namangan tuman hokimiga past rentabelli ekin maydonlaridan 2 gektar yer ajratib berishni so‘radi. Uning arizasi Namangan viloyat Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman hududiy bo‘limi yer o‘lchovchisi Bahodir Nabiyevga yo‘naltirildi. Yer o‘lchovchi tumandagi g‘allachilikka ixtisoslashgan “Namangan zamini” fermer xo‘jaligi hududidagi past rentabelli yer maydonini hukumat qaroriga asosan poliz va bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirish uchun tadbirkorlarga ajratilishi rejalashtirilayotganini bildirdi.

 “Namangan zamini” fermer xo‘jaligi rahbari Fazliddin Jo‘rayev tasarrufida o‘sha paytda 8 gektar past rentabelli yer maydoni mavjud bo‘lgan. U 2019 yil 23 aprelda tuman hokimi Shuhrat Davronov nomiga “Fermer xo‘jaligidagi 8 gektar yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga olishingizni so‘rayman”, deb ariza yozadi. Belgilangan tartibga ko‘ra, Fazliddin Jo‘rayevning tasarrufidagi yer maydoni  2019 yil 23 aprelda zaxiraga topshirilganidan keyin 10 kun muddat ichida, ya’ni, may oyining boshlarida fermer xo‘jaligi tugatilib, uning qo‘lidagi muhr va shtamp Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Namangan tumani hududiy bo‘limiga topshirilishi kerak edi.

Rustam Ikromov 2019 yilning aprel oyi oxirlarida “Namangan zamini” fermer xo‘jaligi rahbari Fazliddin Jo‘rayevdan past rentabelli yer maydonini Namangan tuman hokimligi zaxirasiga topshirish to‘g‘risida rozilik xati oladi va ariza bilan qaytadan tuman hokimligiga murojaat qiladi. Namangan tuman hokimi tomonidan “Ijodkor” MMTP hududidagi “Namangan zamini” fermer xo‘jaligi joylashgan, yer tuzish ichki kartasining 69-konturidan o‘sha 8 gektar yerning 2 gektarini Rustam Ikromovga ajratish haqida 2019 yilning 29 mayida 2078-qaror hamda 2019 yil 4 iyunda o‘sha konturdan tadbirkor Anasxon Ibragimov nomiga 2 gektar yer ajratib berish to‘g‘risidagi 2219-sonli qaror qabul qilinadi. Ushbu qarorlar qonuniy hujjatlar asosida rasmiylashtirilib, tuman sessiyasida tasdiqlanadi.

Ilgari tuman yer o‘lchovchisi bo‘lib ishlagan Avaz Tojimirzayev hokim nomiga fermerlikni topshirishga ariza bergan, lekin muhr va shtamp hali qo‘lida bo‘lgan Fazliddin Jo‘rayevga hokim tomonidan Rustam Ikromov hamda Anasxon Ibragimovga yer ajratish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinganini aytib, o‘sha joy uchun bo‘lgan Tolib Nuriddinovga rozilik xati berishga ko‘ndiradi. Uning gapiga laqqa ishongan Fazliddin Jo‘rayev 2019 yil 1 iyunda “Namangan zamini” fermer xo‘jaligi hisobidagi o‘sha 8 gektar yerni qaytadan tuman zaxirasiga topshirish haqida hokim nomiga ariza yozadi va Tolib Nuriddinov degan shaxsga rozilik xati beradi.

  Ma’lum bo‘lishicha, ana shu zaxiraga olingan yer maydonining 4 gektari hokim qarori bilan bog‘dorchilik tashkil etish uchun aholi o‘rtasida “Odil rais” nomi bilan tanilgan kishiga ajratilgan. U esa bu yerda bog‘ yaratish o‘rniga odamlarga uy joy qurish uchun sotib yuborgan. 

2019 yilning avgust-sentabr oylarida Rustam Ikromov va Anasxon Ibragimov yerni kelgusi yil bahorda eksportbop olma hamda nok ko‘chatlari ekishga tayyorlashga kirishadi. O‘sha paytda Shuhrat Davronov o‘rniga Sadriddin Mo‘minov Namangan tuman hokimi etib tayinlanadi. Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman hududiy bo‘limi yer o‘lchovchisi Bahodir Nabiyev ham ishdan bo‘shatilib, uning o‘rnini ilgari qilgan qing‘irliklari uchun ishdan haydalgan Avaz Tojimirzayev egallaydi. U Rustam Ikromovga  “Sizlarga yer ajratish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan, bu yer maydoni Tolib Nuriddinovga berilgan, kattalarning topshirig‘i shunday”, deydi.

Bu paytda Rustam Ikromov mazkur yer maydoniga ariq kovlatish uchun 4-5 million so‘m miqdorida mablag‘ xarajat qilib, chet eldan meva ko‘chatlari olib kelish uchun xorijiy hamkorlar bilan 150 million so‘mlik shartonoma  tuzib qo‘ygan edi. Shundan keyin u tuman hokimiga kirib, oldingi hokim tomonidan chiqarilgan qarorni ko‘rsatadi. Sadriddin Mo‘minov Rustam Ikromovga “Bu yerda anglashilmovchilik bo‘lgan, Tolib Nuriddinovga noto‘g‘ri qaror chiqarilgan”, deb, unga xotirjam bo‘lishni, bu masalani hal qilib berishini aytadi. Rustam Ikromov o‘sha kuni ishning natijasini bilish uchun tushdan keyin yana hokim qabulxonasiga kirib, tuman yer o‘lchovchisi Avaz Tojimirzayevni uchratadi. U bu masalada tuman hokimi Sadriddin Mo‘minovga kirish befoyda ekanini, ish “yuqoridan” hal qilinganini aytib, xohlagan joyga shikoyat qilishi mumkinligini bildirdi.

Rustam Ikromov bu masalaga oydinlik kiritish uchun Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Namangan tumani hududiy bo‘limiga boradi. Yangi bo‘lim boshlig‘i unga: “Sizga hokim qarori asosida yer ajratish uchun tayyorlanayotgan kadastr hujjatlarini tasdiqlatish to‘xtatib qo‘yilgan, shuning uchun bu ishni qilish qo‘limdan kelmaydi”, deydi.

Rustam Ikromov asabi buzilib, yana hokim qabulxonasiga boradi. Kechqurun hokim bilan uchrashadi. Sadriddin Mo‘minov: “Bu qaror viloyat hokimi tasdig‘idan o‘tmagan ekan, men bu yerda yangiman, shuning uchun hech narsa qilolmayman. Yaxshisi, boshqa yerdan joy ajratishni so‘rab murojaat qiling”, deydi...  

 Keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, 2019 yil iyun oyida Namangan tumani hokimi Shuhrat Davronov  o‘rniga Sadriddin Mo‘minov kelganidan keyin “Namangan zamini” fermer xo‘jaligi joylashgan, yer tuzish ichki kartasining 69-konturidan Rustam Ikromov va Anasxon Ibragimovga berilgan 4 gektarlik yer maydoni 2019 yil 26 iyul sanasi bilan 5 gektar hisobida Tolib Nuriddinovga ajratilib, yangi hokim tomonidan 2592-sonli qaror chiqarilgan ekan...

Namanganda “Odil rais” nomi bilan tanilgan 60-65 yoshlardagi bu kimsa ilgari yer oldi-sotdi ishlari bilan noqonuniy shug‘ullanib kelgani uchun javobgarlikka tortilgan. “Namangan zamini” fermer xo‘jaligi joylashgan, yer tuzish ichki kartasining 69-konturidan Rustam Ikromov va Anasxon Ibragimovga ajratilgan yer maydonini qing‘ir yo‘llar bilan o‘zining tanishi bo‘lgan Tolib Nuriddinovga hokim qarorini chiqartirgan...

  2019 yil noyabr oyida Odil rais Rustam Ikromovga tegishli yer maydoni chetiga betondan poydevor quydiradi. U Odil rais bilan uchrashib, yer maydoni hokim qarori bilan o‘zining nomiga chiqarilganini aytadi. “Sizga chiqarilgan qaror viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanmagan”, deydi Odil rais. Shunga qaramay Rustam Ikromov ertasi kuni traktor olib kelib, yerni haydata boshlaydi. Yarmini haydatganidan keyin o‘z ishi bo‘yicha ketadi. O‘sha paytda Odil rais, Tolib Nuriddinov va yana 3-4 kishi kelib, traktorchini qo‘rqitib, haydab yuborishadi. Bundan xabar topgan Rustam Ikromov Odil raisga qo‘ng‘iroq qilib, nima gapligini surishtiradi. U: “Er meniki, “ashulasini” (ya’ni, ularning shevasida pul berish) berib qo‘yganman. Bu ishga aralashma, qilgan xarajatingga kuyib qolasan”, deydi.

Rustam Ikromov 2019 yilning 7 noyabrida mavjud  ikki gektar yer maydonida xorijdan olib kelinadigan eksportbop olma va nok ko‘chatlari o‘tqazib bog‘ yaratish uchun “Muruvvat baraka servis” MChJ bilan 150 million so‘mga shartnoma tuzgan. Bu mablag‘ning 50 foizi 15 noyabrda “Muruvvat baraka servis” MChJ hisob raqamiga o‘tkazilgan. Qolgan 50 foizi MChJning maxsus hisob raqamida turibdi. 2020 yilning 31 martigacha ko‘chatlar keltirilib, ekilishi kerak. Rustam Ikromov shu masala bo‘yicha 2019 yilning dekabrida Namangan tuman prokuraturasiga murojaat qiladi. Prokuror o‘rinbosari uning gaplarini diqqat bilan tinglab, bu nizoli joyni borib ko‘rganini, ajratilgan yer maydoni haqidagi tuman hokimining qarori viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanmagani uchun protest kiritib, bekor qilishini bildiradi. Shundan keyin Rustam Ikromov bu haqda yuqori tashkilotlarga murojaat qiladi. Lekin yozgan arizalari qayta ko‘rib chiqish uchun Namangan tuman hokimligi va prokuraturasiga yuboriladi. Sobiq deputat esa adolat istab sarson-sargardon bo‘lib yuribdi...

Prezident tomonidan 2019 yil 14 avgustda qabul qilingan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, mulkdorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoyalash kafolatlarini kuchaytirish va bu borada huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarning javobgarligini oshirish belgilangan.

Rustam Ikromovga past rentabelli yerda bog‘dorchilik xo‘jaligini tashkil qilish haqida o‘sha paytdagi tuman hokimi Shuhrat Davronov chiqargan. Uning o‘rniga Sadriddin Mo‘minov hokimlikka tayinlangach, sobiq hokim qarori bekor qilinib, o‘sha yer maydoni Odil raisning odami bo‘lgan Tolib Nuriddinovga “tortiq” etilgan. Buni qanday tushunish mumkin? Yangi kelgan har bitta hokim sobiq hokimning qarorini bekor qilib, o‘z bilganicha ish tutaversa, qonun buzilmaydimi? Bunday adolatsizliklar aholi o‘rtasida ko‘plab noroziliklar paydo bo‘lishiga olib kelmaydimi?

2020 yildan boshlab hokimlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan, ular foydalanadigan va mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashlariga berildi. Bu masala xolis va adolatli ko‘rib chiqishlishi lozimligi belgilandi. Mulk daxlsizligi prezumpsiyasi paydo bo‘ldi.

Yerdan noqonuniy foydalanilishi holatlari tahlilidan ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda birorta ham hokim bunday qonunbuzarlik uchun javobgarlikka tortilmagan. Lekin endi davr o‘zgardi, zamon o‘zgardi. Har bir rahbar – u qaysi lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z qilmishi uchun qonun oldida javob berishi kerak. Rustam Ikromov ana shu qonunlar amalda hayotga tatbiq etilishiga ishonadi.

 

Nurulloh DOSTON,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: