Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyun 2020    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 1 2 3 4 5
18.02.2020

«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turk dunyosi oldidagi mislsiz va tarixiy xizmatlari tan olinishi bilan muborakbod etaman»

Jo‘liboy ELTAZAROV, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, turkolog-olim:

— Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan tub islohotlar xalqaro doira vakillari, ekspertlar, siyosiy institutlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlarining diqqat-e’tiborini tortmoqda. Dunyodagi  turli siyosiy arboblar, moliya-investitsiya doiralari, huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar uzoq yillar davomida “zulmkor tuzum, abgor iqtisod va yopiqlik bilan nom chiqargan”  mamlakatda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik islohotlarning O‘zbekiston, mintaqa va dunyo uchun katta ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etmoqda. O‘zbekistonda yuritilayotgan ochiqlik, liberal iqtisodiy siyosatning mintaqada va  jahonda berayotgan aks-sadosi ham e’tiborga molikdir: xalqimiz qatori dunyo jamoatchiligini  ham ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning qiyinchilik bilan borayotgani, o‘tish davriga xos muammolarning to‘siq bo‘lishiga qaramay, islohotlar mamlakatimiz rahbari tomonidan sobitqadamlik bilan davom ettirilayotgani, bu o‘lkaning ijtimoiy hayoti va xalq­aro munosabatlarga yangicha ruh va jo‘shqinlik baxsh etayotganligi mamnun etmoqda.

Britaniyada chiqadigan nufuzli The Economist haftaligi  tomonidan 2019 yil yakunlariga ko‘ra,  dunyodagi 200 dan ziyod mamlakatlar orasidan ­O‘zbekiston “yil mamlakati” deb tan olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning izchil demokratik siyosiy va iqtisodiy hamda tashqi siyosati Turkiy dunyoda ham o‘z e’tirofini topmoqda. 2020 yilning boshida turk matbuoti O‘zbekiston ­Prezidenti ­Shavkat Mirziyoyev «Turk dunyosini tiklash uchun qo‘shgan ulkan hissasi uchun» xalqaro mukofoti bilan taqdirlanganini ma’lum qildi. Ushbu mukofot Turk dunyosi yozuvchilari, ziyolilari va san’at arboblari jamg‘armasi T?RKSAV (T?rk D?nyas? Yazarlar ve Sanat??lar Vakf?) tomonidan ta’sis etilgan. Har yili bir marta beriladigan ushbu xalqaro mukofot hay’atining qarori O‘zbekiston rahbarining “mamlakatning tashqi dunyo, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarini izchil mustahkamlashdagi beqiyos xizmatlari va amaliy hissasi, shuningdek, Turkiy kengashdagi hamkorlikni sezilarli darajada jonlantirgani, ushbu tashkilot doirasidagi yangi tashabbuslar, shu jumladan, 2020 yilda Xiva shahrini “Turk dunyosining madaniy poytaxti” deb e’lon qilish bo‘yicha tashabbusi“ uchun bir ovozdan qabul qilingani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Prezidentining ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirlanishi haqida T?RKSAV’ning Anqaradagi maxsus anjumanida e’lon qilindi.   Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda barcha sohalarda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholashgan. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining jadal islohotchilik faoliyati, uning nafaqat O‘zbekiston va uning xalqi, balki butun Markaziy Osiyoning farovonligi uchun qulay tashqi va ichki sharoitlarni shakllantirishda o‘z aksini topayotgan shaxsiy sifatlari ta’kidlab o‘tilgan.  T?RKSAV rahbari, turk yozuvchisi Yahyo Engin barcha ishtirokchilar oldida «O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turk dunyosi oldidagi mislsiz va tarixiy xizmatlarini tan olinishi bilan muborakbod etaman», deb ta’kidladi.

Ushbu nufuzli mukofotga Turkiya Prezidenti Sulaymon Demirel, Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va Turk dunyosining boshqa davlatlari siyosatchilari va eng nufuzli kishilari sazovor bo‘lishgan.

Darvoqe, qardosh Turkiya Respublikasi jamoatchiligi  vatanimiz mustaqilligining birinchi kunlaridan boshlab O‘zbekistonda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib keladi. Turk matbuoti, televideniyesi, radiosining, Internet-nashrlarida kun yo‘qki, mamlakatimiz va uning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotidagi o‘zgarishlar xususida xabar, tahliliy maqola, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar e’lon qilinmagan bo‘lsin. Ayniqsa, keyingi uch yilda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlar turk jamoatchiligining uzluksiz e’tiborini tortmoqda.

Ma’lumki, Turkiya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlatdir. 1996 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Xalqlarimiz ko‘p asrlik tarixi, tili, dini, qadriyatlari va mushtarak urf-odatlari bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan. Davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonch asosidagi do‘stona munosabatlar bugungi kunda izchil mustahkamlanib bormoqda. Xususan, turk jamoatchiligini mamlakatimizning  2019 yil oktabrda “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi”ga a’zo bo‘lib kirishi juda mamnun qildi.

 Mamlakatimizning ushbu obro‘li xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lib kirishi sun’iy to‘siqlar tufayli o‘n yilga kechikkan bo‘lsa-da, Prezidentimizning tashabbusi bilan bu xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lishning siyosiy va huquqiy tomonlari sinchiklab o‘rganildi va u O‘zbekistonning milliy manfaatlari hamda tinchlikparvar xalqaro siyosatiga uyg‘un kelishi to‘g‘risida xulosaga kelindi hamda “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 2019 yil 14 sentabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Davlatimiz rahbari alohida e’tirof etganidek, Turk Kengashiga a’zo bo‘lgan qardosh davlatlar  dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda.

Prezidentimiz O‘zbekistonning Turkiy Kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi birgina 2018 yilda  40 foizdan ziyodga oshganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining muhim nuqtalarida joylashgan turkiy tilli mamlakatlardagi boy madaniy meros turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyat ekanligi, madaniy-gumanitar aloqalarni ­mustahkamlash xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi Prezidentimiz tomonidan alohida qayd etilgan edi., 2019 yil davomida statistik ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonga 6 748 500 nafar sayyoh tashrif buyurgan, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 5 346 200 kishini tashkil qilgandi. Turistlar oqimi hisobot davriga nisbatan 26,2 foizga oshgan. Eng ko‘p sayyoh Markaziy Osiyo mintaqasidan tashrif buyurgan bo‘lib, ularning soni 5 764 500 kishiga yetgan. ­Sayyohlarning asosiy qismi Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi qo‘shni va qardosh  davlatlardan tashrif buyurgan. Turkiya Respublikasidan kelgan sayyohlar soni tarixda ilk bor 50 ming kishiga yaqin bo‘lgan.

Prezidentimiz Cho‘lponotadagi Turk Kengashi sammitidagi nutqida O‘zbekistonning qadimiy Xiva shahrini 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etgan edi. Haqiqatan ham, dunyodagi yagona muzey-shahar maqomidagi va o‘rta asrlardagi turkiy sivilizatsiyaning noyob madaniy va me’moriy obidasi bo‘lgan O‘zbekiston injusi Xiva shahri bunday yuksak e’tirofga loyiq va shunday bo‘ldi ham — 2019 yilning 30 noyabr kuni Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY doimiy kengashining 37-majlisida 2020 yilda Xiva shahri turk dunyosining madaniy poytaxti, deb e’lon qilindi.

O‘zbekistonning Turkiy Kengashga a’zoligi qardosh turkiy davlatlar rahbariyati tomonidan katta quvonch va qoniqish bilan kutib olindi. Qator chet el OAVlarida bu xususda bir qancha tahliliy maqolalar e’lon qilindi.

Turkiya Respublikasi O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zoligi borasidagi qarorini mamnuniyat bilan kutib oldi. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan bayonotda ta’kidlanishicha, “Toshkentning tashkilotga to‘laqonli a’zoligi turkiy tilli mamlakatlarning birdamligiga hissa qo‘shadi, hamkorlikni chuqurlashtiradi, xalqlarning farovonligi yo‘lida qilinayotgan ishlarning darajasini yuksaltiradi”.

Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham O‘zbekistonning Naxichevan kelishuvi ratifikatsiyasining yakunlashi turkiy tilli davlatlar birdamligini mustahkamlashda navbatdagi muhim voqea bo‘lganini e’tirof etdi. “O‘zbekiston Respublikasining Turk Kengashida o‘zini taqdim etish qarori bizning ko‘p asrlik chuqur ildizlarga asoslangan madaniy va tarixiy qardoshligimizni yanada rivojlantirish, zamon talablariga muvofiq turkiy tilli davlatlar manfaati, farovonligi nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonning Turk Kengashiga qo‘shilishi haqidagi tarixiy qarorning Naxichevan kelishuvi imzolanishining 10 yillik sanasiga to‘g‘ri kelishida Ozarbayjon Respublikasi uchun alohida ramziy ma’no bor. 2019 yilning 15 oktabr kuni Bokuda bo‘lib o‘tadigan Turk Kengashining 7-sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi qardosh O‘zbekiston delegatsiyasini qarshi olish ko‘ngilli xushxabar va ulkan sharafdir”...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 19-20 fevral kunlari ushbu mamlakatda bo‘ladi. Tashrif dasturiga muvofiq, Anqara shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida ikki tomonlama ­Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikning holati va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha fikr almashiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi, Turkiya Respublikasi Prezidenti kutubxonasi majmuasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi.

 Turkiya va O‘zbekiston tarixi buyuk, urf-odat va an’analari mushtarak, eng yaqin do‘stlar sifatida tanilgan. Xalqaro maydonda ham, o‘zaro aloqalarda ham ular bir-birini doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Prezidentimizning ushbu tashrifi do‘stlik rishtalarini yana bir pog‘ona yuqoriga olib chiqishiga ishonamiz.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, O‘zbekistonimizning qardosh xalqlar bilan azaliy do‘stlik aloqalarini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish strategiyasi mintaqa va jahonda tinchlik, barqarorlik va hamkorlikni ta’minlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Prezidentimizning siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida O‘zbekistonning qardosh, qo‘shni davlatlar va uzoq-yaqindagi dunyo mamlakatlari bilan do‘stona aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydi.

 

Farrux HAMROYeV yozib oldi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: