Telemeditsina — tibbiy va maslahat xizmatlarini masofadan turib ta’minlash uchun zamonaviy texnologiyalar hamda telekommunikatsiya vositalaridan foydalanish. Ushbu usul orqali tibbiyot xodimlari nafaqat bemorlarni masofadan tekshirishlari, balki konsiliumlar o‘tkazishlari, anamnez to‘plashlari, kasallik haqida ma’lumot so‘rashlari va yuborishlari, davolanishni buyurishlari hamda kasallik varaqalarini berishlari mumkin.
— Bugungi kunda Janubiy Koreya hamda mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari tobora rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, tibbiyot sohasida. Prezidentimizning 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi mazkur sohadagi o‘zaro munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tardi, — deydi Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Murod Jafarov. — Hamkorlik samarasi o‘laroq, zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi innovatsion yutuqlari asosida Bolalar milliy tibbiyot markazi barpo etildi. Yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan markaz Markaziy Osiyoda ushbu turdagi yagona bolalar tibbiyot muassasasi hisoblanadi.
Bu yerda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, urologiya, ortopediya, plastik xirurgiya, gemodializ, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya va reanimatsiya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Markazning davolash korpusi 280 o‘ringa ega, poliklinikada esa kuniga 250 nafargacha bemor qabul qilinadi. Markaz magnit rezonans tomografi, multispiral komputer tomografi, pozitsion-emission tomograf, gamma-kamera va DNK analizatori kabi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Yangi tibbiyot muassasasida yiliga 1500 dan ko‘proq noyob jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati mavjud.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 20 maydagi Markazga qilgan tashriflari davomida telemeditsina yo‘nalishini rivojlantirishga katta urg‘u bergandilar. Berilgan topshiriq asosida telemeditsina loyihasi Koreyaning Pusan milliy universiteti Yangsan shifoxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Loyihada Pusan milliy universiteti, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Andijon va Samarqand viloyatlari bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari o‘rtasida aloqa o‘rnatiladi. Jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera o‘rnatilgan bo‘lib, boshqa shifoxonalar va oliy ta’lim muassasalari jarrohlik amaliyotlarini onlayn tarzda ko‘rib turishi mumkin. Bunda Bolalar milliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan urologik jarrohlik amaliyotini telemeditsina aloqasi orqali Pusan milliy universiteti hamda Andijon va Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida ko‘rib, turish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, Pusan milliy universiteti Yangsan shifoxonasi shifokorlari bilan tibbiyot markazlari shifokorlari o‘rtasida nevrologik kasalliklar bilan xastalangan bemorlar bo‘yicha maslahatlashuv ham o‘tkaziladi.
Bu telemeditsina orqali uzoq hududlardagi bolalarga ham yordam ko‘rsatiladi. Telemeditsina va boshqa yuqori raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda, bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga ham e’tibor yuqori bo‘ladi. Markazimizda Pusan milliy universiteti ko‘magida boshlangan bu loyiha davomiy bo‘lib, keyingi yillarda boshqa viloyatlardagi hududiy ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda, o‘zaro ma’lumotlar almashuvini hamda ta’lim olish, malaka oshirish va masofaviy telemeditsinaga bosqichma-bosqich o‘tishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda jahonda telemeditsina rivojlanib bormoqda, bunda bemorni davolash jarayonida boshqa shifokorning yordami zarur bo‘lib qolsa, kerakli chet el klinikasi o‘rtasida to‘liq aloqa o‘rnatilib, ular bir-birlarini ko‘rib, eshitibgina qolmay, balki grafik va matnli ma’lumotlarni almashishlari, operatsiya davomida mutaxassislar raqamli kameralar tomonidan o‘rnatiladigan turli xil tibbiy asbob-uskunalar mikroskop, endoskop yoki boshqa operatsion buyumlar tasvirlarini bir-biriga uzatishlari mumkin.
Telemeditsinaning to‘liq afzalliklaridan foydalanish uchun texnik platforma muayyan talablarga javob berishi kerak. Bu yerda birinchi navbatda ko‘p tomonlama aloqa internet rejimida barqaror ishlashi, shuningdek, tasvirning yuqori sifati juda muhim (ayniqsa, jarrohlik operatsiyalarida). Grafika piksellar sonini, rangni ko‘rsatish va rasmning ravshanligi, shubhasiz, bemorning hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Tibbiyotda masofadan turib sifatli va samarali xizmatlarni ko‘rsatish alohida yondashuvni talab qiladi. Bundan tashqari, ushbu yo‘nalish faol rivojlanib borayotganligi sababli, telemeditsina to‘g‘risidagi qonunlar allaqachon turli mamlakatlarda qabul qilingan.
Kelajakda bundan tashqari yana ikkita loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, biri «Smart shifoxona», uni keyingi oyga ochish mo‘ljallangan va ikkinchisi uzoq hududlardagi shifoxonadagi bemorlarni onlayn orqali nazorat qilish rejalashtirilgan.
Telemeditsinaning ochilish marosimida Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova ishtirok etdi.
Shuhrat ISLOMOV