23.07.2019

MO‘YNOQDA TONG OTMOQDA

Orzu-niyatlarga, yangiliklarga to‘la tong, go‘zal bir tong...

Inson mol-mulkini yo‘qotsa, yana qayta topishi mumkin. Obro‘sini yo‘qotsa, tiklab olish imkoniyati bor. Amalidan ajralsa, bir kun omadi kelib, yana amalga munosib ko‘rilar... Ammo xalq dengizini yo‘qotsa nima bo‘ladi?... Buning ustiga, yagona dengizini... Yo‘qolgan dengizni Yaratgan yana qaytararmikan?.. Qurigan dengiz yana suvga to‘lganini ko‘rganlar bormikin?..

Bu savollar olimlar, mutaxassislarga tegishli. Ehtimol qay bir zamonda qaysidir qurigan dengiz o‘rnida yana dengiz paydo bo‘lgandir? Ehtimol, faqat ertaklardagina qurigan dengiz yana qayta dengizga aylanar?.. O‘lgan dengiz qayta tirilar?..

Qaysi bir yurtda, qaysi bir dengiz nima bo‘lgan bo‘lsa, bo‘lgandir, nima qismat ko‘rgan bo‘lsa, ko‘rgandir. Ammo Mo‘ynoq tumanida yashovchi el, bir paytlar ulkan Orol dengizining chayqalib-chayqalib, to‘lib-toshib turganini, qudratli to‘lqinlarini ko‘rganlar, bu dengizda kemalarda baliq ovlaganlar, bu dengizda miriqib cho‘milganlar. Orol baribir bir kun qaytadi, yana suvga to‘ladi, degan umid bilan, ishonch bilan yashamoqda. Dengizga alvido, deyishga hali-hanuz ularning tili bormaydi.

Oroldan uzoqda yashaganlarga bu dard unchalik sezilmasligi mumkin. Ammo Mo‘ynoqda tug‘ilib, ko‘z ochib, dengizni ko‘rganlar, dengiz bilan ulg‘ayib, dengiz bilan yashaganlar dengizsiz qolish qanday yo‘qotish ekanini yaxshi bilishadi.

Ular — yoshi ulug‘lar bugun dengiz bilan bog‘liq xotiralar bilan yashashmoqda, bolalik va yoshliklarini eslashsa, dengiz yodlariga tushadi, dengizni eslashsa, bolalik va yoshliklari yodga tushadi.

Bugungi navqiron avlod Orol dengizi haqida keksalardan ajoyib, g‘aroyib hikoyalar tinglashadi, ertak eshitganday bo‘lishadi. Bir ishonib, bir ishonishmaydi...

Ehtimol, bir kun mo‘jiza ro‘y berar, dengiz qaytar, tirilar, armonlar ushalar, ertaklar haqiqatga aylanar... Buni vaqt ko‘rsatadi. Ammo bugun Orol bo‘ylariga, Mo‘ynoqqa yangi hayot, yangi kayfiyat kirib kelayotgani, mehr-e’tibor qaytgani haqiqat. Mo‘ynoqning qiyofasi, salohiyati, mazmuni butunlay o‘zgarib borayotgani bor gap.

Bunga ishonch hosil qilish uchun bugun Mo‘ynoqqa kelish, Orol bo‘ylarida yurish, hamma-hammasini o‘z ko‘zing bilan ko‘rish, odamlar so‘zlarini o‘z quloqlaring bilan eshitish kerak bo‘ladi.

... Nukus aeroportidan Qoraqalpog‘istondagi muxbirimiz Mnajatdin Qutlimuradov hamrohligida to‘g‘ri Orolga yo‘l oldik... Nukusdan Mo‘ynoqqacha ko‘p emas, oz emas, roppa-rosa 220 kilometr ekan. Har holda, yengil mashinada uch soatdan kam yurilmaydi. O‘ylab ketish, rejalarni pishitish uchun vaqt yetarli. Qayerlarda bo‘lish, kimlar bilan uchrashish, qaysi masalalarga ko‘proq e’tibor qaratish, bosh g‘oya nima bo‘lishi kerak?... Bu savollarga yanada oydinlik kiritib olish imkoniyati bor.

Ana shunday o‘y-xayollar bilan yo‘lda ketayapmiz, yo‘l yurganimiz sayin hayajon oshadi... Kishi o‘zida g‘alati tuyg‘ularni his etadi. Go‘yo «aybdorsan», «jabrlanuvchi» bilan yuzma-yuz uchrashuvga ketayotgandeksan. Hozir u aybingni yuzingga aytib tashlaydigandek...

Amudaryo ko‘prigidan o‘tayotganda kishi beixtiyor hayajonlanadi. Mana, o‘sha qadim daryo, qudratli daryo. Orol dengiziga hayot bag‘ishlab kelgan, ikki daryodan biri... So‘ng Oroldan uzilgan daryo, Orolga yetolmay qurigan daryo...

— Qirg‘oq bo‘yidagi hov ana u ovulni ko‘rayapsizmi, bu mening ota ovulim — Samanboy, deydi Mnajatdin. — Bolaligim shu yerda o‘tgan, Amudaryoda cho‘milib katta bo‘lganmiz. Narigi qirg‘oqni ko‘rish qiyin edi, eni bir yarim-ikki kilometr kelardi, desam hozirgi yoshlar ishonmaydi....

Ko‘prikdan o‘tdik, Xo‘jayli tumani boshlandi. So‘ngra Qanliko‘ldan, Qo‘ng‘irotdan o‘tib, Mo‘ynoqqa eltadigan yo‘lga burildik. Yo‘lning ikki cheti qumliklardan iborat dashtu dala... Yantoq, qamish, saksovul, jiyda, qorabaroq kabi o‘simliklar sochilib yotibdi. Bir zamon qizg‘ish gullagan o‘simliklar ko‘zga tashlandi. Bu o‘simlik nomi sutilak ekan. Novdasini shimisang, suti bor, ozgina shirin, yiliga uch marta meva berarkan. Keta-ketguncha yo‘l chetida biz bilgan, bilmagan o‘simliklar. Lekin qamish ko‘p. Qamishdan ilgari to‘shak sifatida foydalanib kelingan.

Shag‘uli ovuliga yetdik, quyosh olov purkayotgandek, hademay hammayoq jizg‘anak bo‘lib ketadigandek. Bu yerlarning iqlimi, tabiati ham o‘zigagina xos. Yo‘lning o‘ng tomonida, hov ikki-uch kilometr narida quyun ko‘rindi. Eniga bir-ikki qulochdek ko‘rinsada, ancha balandga o‘rmalab ketyapti. Birozdan so‘ng chap tomonda ham quyun ko‘tarildi. «Ular bizning «tarnado»lar», — dedi hamrohim hazillashib.

Bu hududlar tabiati o‘zigagina xos — murakkab, qaysar, qahrli, cho‘llangan, sho‘rlangan. Oddiy qilib aytganda, yozida qush uchsa, qanoti, qo‘nsa, oyog‘i kuyadi. Qishi ayozning ayozi, shamoli suyakni qaqshatadi. Hayvonot olami ham boy, ayniqsa, yumronqoziq, quyon, tulki, shog‘ol, bo‘ri ko‘p ekan.

 

ARMONLAR VA MO‘JIZALAR

Mana, nihoyat uch soatcha yo‘l yurib, muammolari bilan dunyoga mashhur bo‘lgan Mo‘ynoqqa kirib keldik. Yo‘lning ikki chetida eski, pastqam, loydan, hatto devori qamishdan ko‘tarilgan uylar buzib tashlanayapti. Ular o‘rnida zamonaviy turar-joylar, ma’muriy binolar, sport, san’at maskanlari, savdo, maishiy xizmat shoxobchalari bunyod etilmoqda. Mo‘ynoq markazidagi katta ko‘cha to‘rt qatorli qilib qurilmoqda, o‘ng tomonidagi maydonda hunarmandlar alleyasi barpo etilmoqda. Bu yerda o‘tov, milliy kiyimlar, taqinchoqlar ko‘rgazmalari o‘tkaziladi. Turizm ob’ektlaridan biri bo‘ladi...

Buzilayotgan uylarga qarab, o‘yga tolasan kishi. Nahotki, shu kulbalarda odamlar yashab kelgan bo‘lsa?.. Uzoq yillar muammolar girdobida qolib kelgan odamlar ko‘nglidan bugun nimalar o‘tayapti?

Beknazar Allamberganov, pensioner: — Yoshim 73 da. Mo‘ynoqda konserva zavodida ishlaganman. Sazan, som, laqqa, bekri, ilonbaliq, karas kabi 24 xil baliqdan konserva tayyorlar edik. 5 mingdan ortiq ishchi bor edi. O‘shalardan sanoqli odam qolgan, uchrashsak, zavodni, Orolni eslab yig‘laymiz... U kunlar xuddi tush kabi o‘tdi, ketdi...

Biroq hozir Mo‘ynoqqa berilayotgan e’tibordan boshimiz osmonda. Katta ishlar qilinayapti... Prezidentimizga rahmat...

Orol dengizi sohilidagi Meres ovulida nari borsa, 50 oila yashaydi. Orol to‘lqinlari bu ovul etagiga kelib urilib turgan. Qariyalardan bir-ikkisi bilan uchrashmoqchi bo‘ldik. Afsuski, eskilardan hech kim qolmabdi, 65-70 yoshdagi uch nafar kampir qolibdi. Ulardan biri — Niysebeli Sag‘anbayeva bilan suhbatlashamiz.

— Orol uyimiz derazasidan ko‘rinib turardi, ne bo‘ldi, bilmaymiz. Orol qayta boshladi. Men 15 yoshda edim, — deydi u. — Dengiz bizdan qochib keta boshladi. Ota-onamizdan eshitganmiz, Orol qay bir zamonda ham qochgan, lekin oradan 50 yil o‘tib, yana qaytgan ekan. Biz ham bugun dengiz ketgan tomonga tikilib o‘tiribmiz, bir kuni qaytar, deb. Orolni tez-tez tushimda ko‘raman. Bir gal tushimda Orol suvga to‘lib turganmish. Dengiz qaytibdi, deb hamma qirg‘oqqa chopayotganmish... Uyg‘onib ketdim. tush ko‘rganimni bildim. Ammo «rostdan ham dengiz qaytgan bo‘lsa-chi», degan xayol bilan tashqariga chiqib qaradim... Jim-jit ekan. Ko‘nglim cho‘kib, qirg‘oqda biroz o‘tirdim. Duo qildim, Yaratgandan dengiz qaytishini so‘radim...

Dengiz qochgach, odamlarning ko‘ngli cho‘kib qoldi, ne qilarin bilmay qoldi. Ish yo‘qda, ish bo‘lmagach, pul yo‘q. Pul bo‘lmasa, tirikchilik o‘tmaydi... Shundan ko‘p erkaklar, yoshlar shaharlarga ketib qoldi... Orolga suv kelsa, ular ham qaytadi, tug‘ilib o‘sgan joying baribir azizda...

Mo‘ynoq tumani markazida buzilayotgan uylarni, qurilayotgan yo‘llarni kuzatib turganimizda velosiped haydab bir qariya kelib qoldi.

— Uteshov Yesenbayman, yoshim 74 da, — dedi u. — Konserva kombinatida ishladim. Orol qurigach, kombinat ham to‘xtadi, odamlar ishsiz qoldi. Hov ana u tepalik ortida dengiz ko‘rinib turardi, ovozi shu yergacha eshitilardi... Har zamonda o‘sha tepalikka borib, turaman. Dengiz ketgan tomonlarga tikilib, yig‘layman...

— Bugun Mo‘ynoqda bo‘layotgan o‘zgarishlarga nima deysiz?

— Xudoyimga shukr deymiz, hech qachon bunday ishlar bo‘lmagan. Mo‘ynoq butunlay qayta qurilyapti. Ko‘plar yumushli bo‘lyapti, ishlab pul topyapti, Mo‘ynoq obod bo‘lyapti... Har kuni chiqib tomosha qilaman...

Oqsoqol Mo‘ynoqda davlat dasturi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotgani, buning uchun qancha mablag‘ ajratilganini aytib berolmaydi, albatta. Chunki, oddiy odamlar raqamlarga e’tibor beraverishmaydi, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rayotgan ishlarga ishonishadi, shularga qarab, fikr qilishadi, baho berishadi. Mo‘ynoqda bugun qilinayotgan ishlardan oddiy odamlar faxrlanmoqda, bu o‘zgarishlar ular ko‘nglini ko‘tarmoqda, hayotga munosabatini o‘zgartirmoqda...

Bu odamlar g‘am-tashvish, muammolar girdobida yashab kelishardi. Avvalo Orol dardi, ishsizlik, yo‘l-yo‘riqning yo‘qligi, gaz ta’minoti, ayniqsa, ichimlik suvi masalasi. Orol bilan o‘tgan qaynoq kunlar xotirasi bilan yashab kelishardi. Ertangi kundan mo‘jiza kutib yashab kelishardi.

Bugun Mo‘ynoqda rostdan mo‘jizalar ro‘y bera boshladi. Hech kim o‘ylamagandi, ishonmagandi, bunday ulkan bunyodkorliklar bo‘lishini, Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa ichimlik suvi olib kelinishini, Orol hududidan chuchuk suv otilib chiqishini...

So‘nggi ikki yilda Prezidentimiz tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi va Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. O‘tgan yil noyabr oyida Yurtboshimiz Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurib, haqiqiy ahvol bilan tanishdi. So‘ngra ikki yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi qabul qilindi. Unda 800 ga yaqin loyihani amalga oshirish rejalashtirildi. Bu loyihalar sarf-xarajatlari 1,5 milliard AQSh dollariga teng ekan. 2018 yil 27 noyabrda yana bir tarixiy voqea bo‘ldi. BMT Prezidentimiz tashabbusini ma’qulladi. Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi ish boshladi. Orolbo‘yida, xususan, Mo‘ynoqda katta-katta ishlar boshlandi.

2018 yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining Mo‘ynoqni rivojlantirishga bag‘ishlangan qarori asosida qilinayotgan ishlar ro‘yxati tuzilsa, bir-ikki kitobga sig‘maydi. Aytmoqchi, eski konserva zavodi o‘rnida Germaniya bilan hamkorlikda tuz zavodi qurilib, ishga tushirilibdi. Boshqa qator kichik korxonalar barpo etilmoqda. Yangi konserva zavodi yaqin orada ishga tushirilarkan.

Aslida bu ishlarni bajarish oson emas, katta mablag‘ talab qiladi. Katta jasorat kerak bo‘ladi. Eng muhimi, bu hududlarda yashayotgan odamlarga katta mehr-e’tibor kerak bo‘ladi... Mo‘ynoq bilan tanishishni ertaga davom ettiradigan bo‘lib, Orolga shoshildik.

 

OROLNING KO‘Z YoShLARI

Bir vaqtlar Orol dengiziga qirg‘oq bo‘lgan balandlikdan pastda — bag‘rini qumga berib, mung‘ayib, zang bosib, tanasi ilma-teshik bo‘lib yotgan kemalargacha — «kemalar qabristoni»gacha 100-120 metrcha keladi. Mayda, mayin qumni bosib, kemalar yoniga kelganingda, Orol tarixi bilan yuzma-yuz turgandek bo‘lasan. O‘sha kunlardan, dengizning hayot kunlaridan yodgorlik bo‘lib qolgan baliqchilar kemalariga qarab turib, xayollar ummoniga g‘arq bo‘lasan...

Kemalardan birining tepasiga chiqib, atrofga qarasang, Orolning qurigan tubida oxirini ko‘z ilg‘amas «qum dengizi»ni ko‘rasan, o‘rkach-o‘rkach dengiz to‘lqinlari o‘rnida qum barxanlari, yantoqqa o‘xshash o‘simliklar ko‘zga tashlanadi. Kema ustida turib, ko‘zingni yumib, dengizni tassavur qilmoqchi bo‘lsang, to‘lqinlarning shovullagan ovozi eshitiladi, chag‘alaylar ovozi eshitiladi... Kema ham chayqalib turgandek bo‘ladi. Ko‘zingni ochishing bilan bu yoqimli manzara lahzada yo‘qoladi. Uning o‘rnida poyonsiz qumliklarni, yantoqlarni ko‘rasan, qo‘ngling xira tortadi, g‘ashlanadi...

Qirg‘oqqa qaraysan, Orolning izlarini axtarasan... Shunday ulkan dengiz quriganiga ishonging kelmaydi.

Orol birdaniga qurimagani, bekorga qurimaganini o‘ylaysan.

Orol bilan bog‘liq gap ko‘p, dard ko‘p, savol ko‘p... Eng og‘ir savol erta bir kun beriladi, bolalar, yoshlar beradi bu savolni, ota-onalarga, muallimlarga, yoshi ulug‘larga...

— Orol, degan dengiz bo‘lgan ekan, shu rostmi? — so‘raydi bolalar.

— Rost, — deb javob berishadi.

— Shu dengiz qurib ketgani rostmi? — deya yana so‘rashadi.

— Rost, deb javob berishadi.

— Bu dengiz nega qurigan? — hayron-hayron bo‘lib so‘raydi bolalar.

Bu savolga javob berish qiyin bo‘ladi. Chunki Orolni ko‘rganlar, dengizda baliqchilik qilganlar ketgan bo‘ladi. Orolni nimalar, kimlar quritganini bilganlar ham kamayib-kamayib ketgan bo‘ladi, qolmay qoladi.

Ehtimol, Orolga nima bo‘lganini bugungi yoshlarga takror va takror aytish, uqtirish kerakdir, toki ular ham o‘zidan keyingilarga haqiqatni aytsin. Saboq olishsin. Xulosa qilishsin. O‘tgan asrning 60-70 yillarida tabiatga qilingan zug‘umning oqibatini bilishsin.

«Kemalar qabristoni»dan qirg‘oqqa ko‘tarilayotib, bir guruh xorijlik sayyohlarga duch keldik. Ular yaponiyalik, polshalik ekan. Shuncha uzoq yurtlardan yozning jaziramasida ularni bu yerga nima yetaklab keldi ekan, degan savol paydo bo‘ldi. O‘ttiz yoshlar atrofidagi polshalik yigit va qiz bilan tanishdik. Ular er-xotin ekan. Yigitdan nima maqsadda kelganini so‘radik. Tomas Steppin kompyuter texnologiyalari mutaxassisi ekan.

— Orol tarixidan ozgina xabarim bor, — dedi u. — Dengiz quriganiga ishonish qiyin. Orolni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni o‘ylab yurardim. Yaqinda mehnat ta’tiliga chiqib, O‘zbekistonga keldik.

— Orolni ko‘rib, ko‘nglingizdan nimalar o‘tdi?

— Achindim. Bu fojia kishini qattiq o‘ylatadi...

Uning uzoq bir yurtdan Orolni ko‘rishga kelishi, aytgan gaplari bizni o‘yga toldirdi. U o‘z hisobidan vaqt sarflab, yo‘l yurib, bu yerlarga kelgan... O‘zbekistonda yashab Orolni ko‘rmaganlar qancha?..

Orol bag‘ri keng dengiz bo‘lgan. Maydoni 66458 kv.km edi, o‘rtacha chuqurligi 20-25 metr, eng chuqur joyi 67 metr bo‘lgan. Ko‘ksi odamlarga hamisha ochiq bo‘lgan, minglab odamlarning ish joyi, rizqi edi bu dengiz. Qancha-qancha zamonlar odamlarga yaxshilik qilib keldi bu dengiz, borini odamlardan ayamadi, xuddi ona farzandlaridan hech narsani ayamaganidek. Orol dengizi baliqlari XX asr boshlarida Rossiyaning ocharchilikka uchragan hududlariga ham yuborilgan. Qanchalab odamlar, bolalar ocharchilikdan saqlab qolingan. Orol bo‘yidan necha tonna baliq va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yuborilgani to‘g‘risida aniq ma’lumotlar bor.

 Orol hududidagi aholi bu dengizni o‘z onasidek ko‘rardi, suyardi. Orolim — onajonim, deb ulug‘lardi, faxrlanardi.

Keyin, keyin ... Orol go‘yo odamlardan xafa bo‘ldi, odamlardan uzoqlasha boshladi. Orolning ko‘ngli cho‘kkandi, u qancha nola qildi, to‘lg‘ondi, chayqaldi, boshini qayta-qayta qirg‘oqlarga urib, shovulladi, uvvos soldi... Odamlar e’tibor berishmadi, uning «gaplari»ni tushunishmadi, tinglashmadi. Orol xafa bo‘ldi, dili vayron bo‘ldi.

Avvaliga bir necha metrga chekindi, hech kim e’tibor bermadi, tashvishlanmadi. So‘ng qirg‘oqlardan uzoqlashish davom etdi. Uni saqlab qolish uchun chora ko‘rilmadi. Haddan tashqari shafqatsizlik, mehr-oqibatsizlikka Orolning kuchi yetmadi, qurib boraverdi, boraverdi, boraverdi... Yig‘lab-yig‘lab keta boshladi, ko‘z yoshlari to‘kilib-to‘kilib, tugay bordi... Kichrayib-kichrayib ketaverdi... Bo‘laklarga bo‘lina boshladi. Dengiz yo‘qolayotganini sezgan insofli olimlar oyoqqa turishdi. Uning qolgan qismini bo‘lsada asrab qolish bo‘yicha takliflar aytila boshlandi. Lekin «Orol dengizi quriyotgan emish», degan mish-mishlar paydo bo‘lganda uzoq-yaqindagi aksariyat amaldorlar buni safsata, deb qabul qilishgandi. Ularni Orol taqdiri qiziqtirmasdi. O‘zbekiston sobiq markazga paxta xomashyosi yetkazib beradigan asosiy maydon bo‘lgani uchun bizdan paxta ekiladigan yerlarni ko‘paytirish, yil o‘tgani sayin paxta planini oshirib borishni talab etaverishdi. Shu bois Surxon, Sherobod, Qarshi, Mirzacho‘l kabi cho‘llarning ming-minglab gektar hududlari o‘zlashtirilib, paxta ekila boshlandi. Qoraqalpog‘istonning o‘zida ham Ellikqal’a, Yonboshqal’a cho‘llari tezkorlik bilan o‘zlashtirildi, To‘qayzorlar yondirilib, shudgor qilindi, paxta maydoniga aylantirildi. Paxtadan ko‘ra ko‘proq suv ichadigan sholizorlar ko‘paydi. Turkmaniston va Qozog‘istonda ham bo‘z yerlar o‘zlashtirildi. Suv yetkazib berish mumkin bo‘lgan joy borki, o‘zlashtirildi. O‘nlab kanallar qazilib, Sirdaryo va Amudaryo suvlari yo‘l-yo‘lakay tortib olindi, bora-bora Orol bu ikki azim daryo suvlaridan bebahra bo‘lib qoldi. Atoqli adibimiz Odil Yoqubov bu ikki daryoni onaning Orolga jon bag‘ishlab turgan ikki ko‘ksiga o‘xshatgan edi. Orol taqdiri uchun qayg‘urib, kurashib kelayotgan qoraqalpog‘istonlik yozuvchi, publitsist O‘rozboy Abdurahmonov Amudaryo va Sirdaryoni qoraqalpoq qizining taqimini o‘pgan ikki o‘rim sochiga o‘xshatgan edi.

Bugun Orolga onaning ikki ko‘ksidan sut kelmay qo‘ydi, qoraqalpoq qizlarining uzun kokillari ham O‘rozboy og‘a aytganidek, kestirildi, sochlar qizlar taqimiga yetmay talpinib qoldi.

Qisqaroq qilib aytganda, Sirdaryo va Amudaryo suvlaridan shafqatsizlarcha, ko‘r-ko‘rona foydalanish oqibatida Orol dengiziga bu ikki daryo suvi yetib bormay qo‘ydi. Qon tomirlari, jon tomirlari, hayot tomirlaridan ayrilgan dengiz bug‘lanib-bug‘lanib havoga ko‘tarilib, quriy boshladi. Halokat yuz bergach, Orol haqida muhokamalar, bahs-munozaralar boshlandi.

SSSR degan davlat parchalangach, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida mintaqadagi ekologik va ijtimoiy keskinlikni pasaytirish, suv resurslaridan teng huquqli va samarali foydalanish bo‘yicha hujjat qabul qilindi. Faqat birgalikdagina suv xo‘jaligi muammolarini hal etish mumkinligi tan olindi. 1993 yil mart oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Orol dengizi va Orol bo‘yi muammolarini hal etish bo‘yicha kelishuv imzolashdi. Orolni qutqarish xalqaro fondi tashkil etildi. Ko‘p yig‘ilishlar, takliflar bo‘ldi. O‘zbekiston muammoni xalqaro miqyosda ham ko‘tardi. Afsuski, Orol taqdiri ko‘pchilik davlatlar rahbarlarini qiziqtirmadi. Ular Orolga birovning muammosi sifatida qarashdi. Oroldagi ekologik harakat Yer sharining katta hududiga, hatto Yevropa mintaqasiga ham salbiy ta’siri borligi to‘g‘risidagi ogohlantirishlardan xulosa chiqarishmadi. Buning ustiga Markaziy Osiyo davlatlari kelishuvida belgilangan qator rejalar, talablar bajarilmadi. Orol va Orolbo‘yi muammolari dolzarbligicha qolaverdi... Bugun Orol dengizi o‘rnida Sudoche, Jaltûrbas, Rûbache, Sheche ko‘l, Mejdureche, Portlûtov, Boyxo‘ja, Qazaqdaryo, Ko‘ksuv singari katta suv havzalar qoldi. Yana qanchalab mayda ko‘lchalar bor. Ular go‘yo Orolning ko‘z-yoshlari...

— Mo‘ynoqda asosiy o‘zgarishlar Prezidentimiz BMT 72 sessiyasida Orol muammosini, uning so‘ngi xaritasini ko‘rsatib, dunyo e’tiborini Orol fojiasiga qaratgan kundan boshlandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi, — deydi O‘zXDP Mo‘ynoq tuman kengashi raisi Kunsuluv Nasirova. — Prezidentimizning Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tabirlar haqidagi qaroriga muvofiq dastlabki tarixiy ishlar amalga oshirildi: to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika mahsulotlari, tomchilatib sug‘orish uskunalari, plastmassa quvurlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Baliqchilik va turizmni rivojlantirish imkoniyatlaridan foydalanishga kirishildi.

Bugun amalga oshirilayotgan ishlarni sanab oxiriga yetish qiyin. Bunchalik katta ishlar boshlanadi, deb o‘ylamagandik. Birov aytganda, ishonmasdik. Bu ishlar g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Avvalo, odamlar ishli bo‘layapti, ro‘zg‘origa baraka kirmoqda, ularning hayotga munosabati ham o‘zgarmoqda...

Darhaqiqat, Mo‘ynoq xalqi shu kungacha bunday keng qamrovli, shijoatli bunyodkorlik ishlarini ko‘rmagandi. 1931yilda tashkil etilgan Mo‘ynoq tumani keyingi 30-40 yil orasida e’tibordan chetda qolib kelayotgandi. Ovullarku ovul, ammo, tuman markazi ham g‘ariblashib qolgandi. Aholi hayot kechirishi uchun oddiy sharoitlardan ham mahrum edi.

— To‘g‘risi, biz mo‘ynoqdanmiz, deyishga ilgari tortinardik, mehmon keladigan bo‘lsa, uyalardik deydi, — Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan Mo‘ynoqda birinchi bo‘lib taqdirlangan Sapura Qaipazarova. — Hozir mehmon kelsa, faxrlanib ko‘rsatadigan joylar ko‘paymoqda.

Prezidentimiz Mo‘ynoqqa kelib, aholi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida men ham qatnashib, so‘zga chiqqandim. Bu voqea bir umr yodimda qoladi. Prezidentimizning Mo‘ynoq kelajagi, yoshlari uchun yaratiladigan sharoitlar haqida aytganlari bizga kuch bag‘ishladi. Shu uchrashuvdan so‘ng oradan o‘n besh kun o‘tgach, sportning ushu turi bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘ldim. Bu g‘alabam Prezidentimizning biz mo‘ynoqlik yoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligiga bir kichkina javob bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Shu yil bahorda Toshkentda Prezidentimiz qo‘lidan Zulfiya mukofotini olayotganimda xursandchiligimdan ko‘z yoshlarimni to‘xtata olmagandim. Prezidentimiz nishonni ko‘ksimga taqib qo‘ygach, bilasizmi, nima dedi? «Mo‘ynoqliklarga salom ayting, yanada yuksak marralarga yeting», dedi. Bu so‘zlar mukofot ustiga mukofot bo‘ldi. Mo‘ynoqqa qanot chiqarib, uchib kelgandek bo‘ldim, Yurtboshimiz salomini yetkazdim. Hozir Qoraqalpoq davlat universitetning 3-kurs talabasiman. O‘qishni tugatgach, Mo‘ynoqqa borib, yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirishga, chempionlar chiqishiga yordam bermoqchiman.

Qarang, yaqin-yaqingacha yoshlar Mo‘ynoqdan ketib qolishayotgandi, endi ular Mo‘ynoqqa qaytishmoqchi. Ajdodlaridan qolgan bu hududni obod qilishmoqchi...

 

MO‘YNOQ IMKONIYaTLAR MAYDONI

Uzoq yillar davomida Mo‘ynoq tumaniga muammolari qalashib yotgan hudud sifatida qarab kelindi. Go‘yo bu yerlar faqat sarf-xarajat talab etadiyu foyda bermaydi. Bugun masalaga yondashuv o‘zgardi, Mo‘ynoqqa muammolar makoni, deb emas, balki imkoniyatlar maydoni sifatida qaralmoqda. Orolning qurigan hududlari ekologik fojialari oqibatini yumshatish, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratib berish ishlari davom ettiriladi, albatta. Ammo Mo‘ynoq tumanining bepoyon hududlarida, hatto dengizning qurigan hududlaridan ham iqtisodiyotni yuksaltirish, xalq manfaatlari uchun foydalanishga kirishildi. Nima ishlarni amalga oshirish, qanday foyda ko‘rish mumkinligini Prezidentimiz tushuntirdi. Orol dengizi tubidagi qurigan hududlarda 500 ming tup ko‘chat ekish topshirig‘i berildi. Orol dengizining qurigan maydonida saksovul urug‘i, ko‘chati ekish, chorva uchun ozuqabop ekinlar ekish, artizan quduqlari qazish kabi yumushlarga 1 ming 560 kishi, 462 texnika va 2 samolyot jalb etildi. Mo‘ynoqliklar bunday g‘ayrat-shijoatli, jur’atli, shiddatli ishlarni ko‘rmagandi. Mo‘ynoq atrofida qamish ko‘pligi hisobga olinib, uni qayta ishlab, bozorbop qurilish materiallari tayyorlash korxonasini barpo etishga kirishildi. Suv havzalarida baliqchilikni rivojlantirish, baliqni qayta ishlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish zarurligi aytildi. Chorvachilik, ayniqsa, echkichilikni rivojlantirish, uning junidan turli mahsulotlar tayyorlash imkoniyatlaridan samarali foydalanish vazifasi ilgari surildi.

Oroldan qaytayotib, yana Mo‘ynoqda to‘xtadik. Buzilayotgan, qurilayotgan uy-joylar, binolarni suratga oldik, odamlar bilan suhbatlashdik. Ularning har biri hayajon bilan to‘lib-toshib, faxr-iftixor bilan so‘zladi.

Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat mo‘ynoqliklarni, uzoq-uzoqdan kelgan mehmonlarni ham quvontirmoqda. Qarang, quvonmay bo‘ladimi, 245 o‘rinli madaniyat uyi, 1000 o‘rinli stadion va 800 o‘rinli afmiteatr foydalanishga topshirilibdi. Yana o‘nlab ob’ektlar O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Aytishlaricha, 580 oila yangi uyli bo‘ladi, mo‘ynoqliklar yangi Mo‘ynoqqa ega bo‘lishadi. Ovullarda ham yangi tibbiyot maskanlari, maktabgacha ta’lim muassasalari, yo‘llar qurilmoqda, ichimlik suvi, gaz quvurlari tortib kelinmoqda...

Odamlar yelkasidan tashvish, muammolar tog‘i ag‘darilmoqda, ko‘ngillarga cho‘kkan qorong‘u pardalar sidirib tashlanmoqda. Odamlarga orzu havaslar qaytmoqda, faxr-iftixor qaytmoqda, shodlik qaytmoqda, ular yuzlariga tabassum qaytmoqda. Ko‘ngillarida ishonch dengizi mavjlanmoqda, shovullamoqda, qudratini ko‘rsatmoqda...

Erta tongda, salqinda Mo‘ynoqdan Nukusga otlandik. Quyosh endigina qizarib ko‘tarilmoqda, mayin, yoqimli shabada esyapti. Tong yorishgandan yorishib bormoqda, Mo‘ynoqda yangi tong otmoqda, orzu niyatlarga, yangiliklarga to‘la tong, go‘zal bir tong...

 

Safar OSTONOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: