Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
02.07.2019

BOLA QADRI, IQTIDORI VA TARBIYASI

Qashqadaryo viloyati maktabgacha ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar

Rosti, bundan uch yil burun bu haqda so‘z ochishdan ko‘pchilik hayiqardi. Haqiqat shundaki, kollejlar uchun mablag‘larni ayamabmizu, biroq kichkintoylar tarbiya oladigan maskanlarga qayrilib ham qaramabmiz. 2017 yilda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgandan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, birgina Qashqadaryo viloyatining o‘zida yetarlicha muammolar bor ekan. O‘sha yili viloyatda 3-7 yoshli bolalarning 13,3 foizini maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb etishga erishildi, xolos. Chunki o‘tgan yillarda birorta yangi bog‘cha qurilmagan, mablag‘ yetishmasligi bahonasida eskilari faoliyati tugatilib, ayrim binolar sotib yuborilgan. Xo‘sh ahvol hozir qanday?

2018 yilning yanvari. Shahrisabzga kelgan mamlakatimiz rahbari bosh maydon yonida qurilgan qo‘shqavatli binoga tashrif buyurdi. Bu shahrisabzlik tadbirkor Aktam Ahmedov qurdirgan 30 o‘rinli iqtidorli bolalar tarbiya maskani edi.

— Ushbu uchrashuvning o‘ziga yarasha mas’uliyati bor, — deydi MTM mudiri Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi Shahnoza Xolmahmatova. — Prezidentimiz barchamiz bilan samimiy suhbatlashdi. Bino ichkarisiga kirib, xonalarning shinam va issiqligi, kichkintoylar uchun yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratdi. Bilasizmi, rahbarimiz bilan suhbatlashgan kishi o‘zida qandaydir kuch-qudrat sezar ekan. U kishining bola baxtli bo‘lsa, butun jamiyat baxtli bo‘lishi va farzandlarimiz tarbiyasiga ahamiyat berishimiz kerakligi to‘g‘risidagi fikrlari bir umrga xotiramda muhrlanib qoldi. Men ham ona sifatida ikki nafar o‘g‘lim, shu maskanga umid bilan kelgan kichkintoylar kelajagi haqida o‘ylay boshladim...

Ko‘p o‘tmay tashkilotchi va tashabbuskor Shahnoza Xolmahmatova Shahrisabz shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri etib tayinlandi. Ahvol ancha murakkab edi. Mavjud 29 MTM ikki yil oldin 30 foizdan sal oshiq bolani qabul qilgandi. Yelib-yugurishdi, tadbirkorlar bilan kengashildi, 31 davlat, 23 oilaviy, 2 davlat sherikchilik, 9 xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi ishlay boshladi. Joriy yil oxirigacha 3-7 yoshdagi bolalarning 72 foizini maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish rejasi tuzildi va amalga oshirilmoqda. Shahnoza Xolmahmatova bilan «Kesh» mahallasida yashovchi To‘lqin Xurramovning qo‘sh qavatli uyida ochilgan oilaviy muassasani ko‘rishga bordik. Jami 25 bola tarbiyalanmoqda, sharoiti yaxshi. Shahar hokimi To‘lqin Karimov chekka mahallalarga suv chiqarish, issiqxona qurish ishlari boshida turgan ekan. 27-MTM ga borgandim. «Binoni markaziy kanalizatsiya tizimiga ulaymiz», dedi hokim. Yangiliklar ko‘p — ingliz va rus tillarini o‘rgatuvchi 30 dan oshiq guruhlar ochilgan, 14-MTM da esa 20 bola maqom san’ati sirlarini o‘rganmoqda.

Shahardan ajralib, mustaqil bo‘lgan Shahrisabz tumani bo‘yicha dastlab 3-7 yosh bolalardan arang 10 foizini jalb qilishga imkon topildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari Shahrisabz tuman bo‘limi mudiri Dilorom Imomova qarovsiz binolarni ta’mirlash, oilaviy, sherikchilik asosida muassasalar tashkil etish borasida qilingan ishlar haqida gapirib berdi. Bugungi kunda bolalarni qamrab olish 50 foizdan oshibdi. Ayniqsa, tog‘li qishloqlarda qiyinchilik ko‘p ekan.

— Qishlog‘imizga kelganmisiz? —deb so‘raydi telefon orqali bog‘langanimizda G‘ilon qishlog‘ida yangi ochilgan MTM mudiri Umidjon Xalilov. — Cho‘qqilarini doimo qor bosib yotadigan Hisor tog‘lari bag‘rida yashaymiz. Odamlarimiz 7 mingdan oshiq. Bog‘dorchilik, kartoshkachilik, chorvachilik bilan shug‘ullanamiz. Bo‘shagan kollej binosida 100 bolaga sharoit yaratildi. Yana 300 bola navbat kutayapti. Bu masalani ham hal qilish kerak.

Mamlakatimiz rahbari o‘tgan yil boshida viloyatga tashrifi chog‘ida Dehqonobod tumanining ham taraqqiyot rejalarini belgilab bergandi. Chunki temir yo‘l borgani, kaliy zavodi qurilgani bilan barcha muammolarni hal qilib bo‘lmaydi — endi qir-adirlarda shifobaxsh o‘simliklarni yetishtirish, issiqxonalar, kichik korxonalarni ko‘paytirish, suv ombori qurilishini shu yil oxirigacha tugallash, Karashina shahriga toza ichimlik suvi quvurlarini tortib kelish, eng yaxshi loyiha asosida yangi MTM binosini qurish va boshqa vazifalar amalga oshmoqda. 2017 yilda mavjud 7 ta MTM ga tumandagi bolalarning 3,2 foizi qatnagan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 13 foizga yetgan.

Obod qishlog‘ida 75 o‘rinli bino qurilishi yakunlandi. Tadbirkor Nuriddin Bozorov 100 o‘rinli imoratni tiklashga kirishdi. 5 ta oilaviy MTM tashkil etildi. Tog‘li Galabuloq qishlog‘ida tadbirkor Esonturdi Rajabov bankdan olgan 1 foizli 823 million so‘m kredit va o‘z sarmoyasi evaziga qurgan bir qavatli maktabgacha ta’lim muassasasida 70 bola tarbiyalana boshlabdi. Kelini Adolat Esonturdiyeva bosh tarbiyachi. Xususiy bo‘lgani uchun ovqat, tarbiyachilarga mablag‘ topib berish qiyinlashmoqda, ish to‘xtab qolishi mumkin ekan. Men unga davlat-sherikchilik asosida ishlashga o‘tishni maslahat berdim. Chunki 900 nafar aholi yashaydigan Galabuloq, atrofdagi Tog‘aytemir, Qo‘rg‘ontepa, Usmondara kabi qishloqlarni ham qo‘shsa, yangi MTM ishi to‘xtashiga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Chunki qancha kichkintoylar daftar-qalamlarini shaylab, navbat qutishmoqda, axir...

Tuman qir-adirlari bag‘riga sochilib ketgan qishloqlarida 400 ming aholi istiqomat qilayotgan Chiroqchi sharoiti bundan-da murakkab edi. 2017 yilda bu hududda bor-yo‘g‘i puturdan ketgan 12 bog‘cha bor edi. Ularda jami bolalarning 2,3 foizi qamrab olinardi xolos. O‘tgan yili tumanda yashayotgan 40 ming 728 bolaning atigi 8 foizi MTM larga qatnay boshladi. Erkaboy Boymurodov tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri etib tayinlandi. «Hamma imkoniyatlardan foydalanyapmiz, hozir 17 davlat, 6 sherikchilik, 23 oilaviy muassasa ishlayapti. O‘ziga to‘q tadbirkorlar ko‘p, oilaviy MTM larni yil oxirigacha 100 taga yetkazamiz, shu orqali 50 foiz bolalarni jalb etish imkoniyatini yaratamiz», deydi u.

 — Darhaqiqat, o‘zgarishlar ko‘p. Jar qishlog‘ida tadbirkor Rafoat Bo‘ronova tashkil etgan oilaviy MTM barchaga namuna qilib ko‘rsatilmoqda. Qoraburuq qishlog‘ida tadbirkor Farhod Jumanov qurgan qo‘sh qavatli, 130 bola tarbiyalanayotgan muassasada yaratilgan sharoitga qarab ko‘zingiz quvnaydi. Sherikchilik asosida ishlab, ota-onalardan 150 ming so‘mdan mablag‘ olishga kelishilibdi. Yana 10 bolaga 45 ming so‘mdan to‘lov to‘lashga imkoniyat yaratib berishibdi. Ikki yil oldin O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini bitirib kelgan Rushana Karimova tayyorlov guruhida o‘tayotgan mashg‘ulotga qatnashib, inglizcha so‘zlarni juda tez o‘rganib olayotgan bolajonlarni zehni va intilishlarini ko‘rib, rosa quvondim. Muassasa ingliz tili o‘rgatish yo‘nalishida. Bunday ta’lim maskanlari viloyatda 100 dan oshiq ekan. Ana shu qishloqdagi dargohni inglizcha «HELLO HAPPY KIDS» — «Salom, aziz bolajonlar», deb atashibdi.

Kitob tumanining Olaqo‘yliq qishlog‘ida yashayotgan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, 100 yoshli Majid Xidirovning uyi daraxtzorlar bag‘ridagi 18-MTM bilan yonma-yon.

— Jami 140 bolaga mo‘ljallangan bog‘chaga hozir juda oz bola qatnaydi. Ana shu MTMda yaqinda ta’mirlash ishlarini boshlaymiz, — deydi Qashqadaryo viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Asror Alimardonov. — 1991 yilda viloyatda 700 bog‘cha bo‘lgan. 2017 yilda saqlanib qolgan 326 muassasaga viloyatdagi jami bolalarning atigi 13 foizini jalb qila oldik, xolos. Chunki o‘tgan yillar davomida viloyatda birorta bog‘cha binosi qurilmagan. Men besh yil Shahrisabz tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari bo‘lib ishlaganman, moliyachilar mablag‘ kam, deb qancha bog‘chalarni tugatib yuborishganini bilaman. Yil oxirigacha viloyatdagi 275 ming 123 bolaning 50 foizidan oshig‘i MTM larga qatnay boshlaydi. Hamma imkoniyatlar yaratilayapti, 1 foizli, imtiyozli kreditlar ajratilayapti, tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanayapti.

Kitob tumanidagi 18-bog‘chani ta’mirlash 2020 yilda amalga oshiriladi. Bu uchun 3,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilayotgan ekan. Loyiha asosida joylar soni 125 o‘rinni tashkil etarkan. Bu borada G‘uzor tumanida ham ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Ikki yil oldin bor-yo‘g‘i 14 MTM bo‘lgan Qamashi tumanida yangilari jadal qurilmoqda. Kasbi, Muborak, Koson, Nishon va boshqa tumanlarda yangi-yangi bolalar muassasalari ishga tushayapti. Uzoq cho‘l tumani — Mirishkordagi ishlar jadal. O‘tgan yili Jenov qishlog‘ida 100 o‘rinli MTM ishga tushganiga guvoh bo‘lgandim, endi yana bittaga ko‘payibdi. «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari asosida 11-,12-, 8-MTM binolari sifatli ta’mirdan chiqibdi. Markazdan uzoq, 17 ming aholi istiqomat qilayotgan Pomuk qishlog‘ida yangi MTM tiklanmoqda.

Ikki yil oldin Yakkabog‘ tumanidagi jami bolaning 9,6 foizi MTM larga borgan. Bir yil ichida bu ko‘rsatkich 20 foizga, MTM lar soni 42 taga yetdi. Yil oxirigacha 53 MTM bo‘lishi rejalari tuzilgan va kurash davom etmoqda.

Yakkabog‘ tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Shahnoza Begnayeva bilan suhbatlashdim. Xo‘jailg‘or qishlog‘iga bordim. Ilgari qurilgan eski imorat ta’mirlanibdi. Jami 2 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga 115 o‘rinli qo‘shqavatli yangi bino tiklanibdi. Shu 15-MTM davlat qaramog‘ida, ota-onalardan 45,5 ming so‘mdan, agar 2 bola qatnasa, 32 ming so‘mdan to‘lov olinayotgan ekan. Sharoiti juda yaxshi. Ammo 500 metr naridan o‘tgan tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmabdi. Bu muammoni hal qilish kerak.

To‘yxona, tibbiy diagnostika markazi qurgan tadbirkor Shoira Haydarova kredit va o‘z mablag‘i hisobidan qo‘shqavatli, «Tong yog‘dusi» MTMni qurdi. Davlat-sherikchiligi asosida ishlayapti, sharoiti namunali. Maktabda 27 yil boshlang‘ich sinflarga dars bergan Ra’no Azimova xonadoniga 25 bolani jalb qilib, ta’lim-tarbiya berayapti. Namunali, yangi uy bo‘lgani tufayli sharoiti yaxshi.

Yakkabog‘ shahridagi Oqtosh mahallasida tadbirkor Mahzuna Ahmedovaga tegishli davlat-sherikchilik asosida ishlayotgan 120 o‘rinli MTM meni hayratga soldi. Bankning 1 foizli 2 milliard so‘m krediti, yana tadbirkor sarmoyasi ishlatilgan bino loyihasi Janubiy Koreyaning eng yaxshi bolalar muassasalari namunasida, o‘zimizning sharoitimizni hisobga olib tayyorlangan. Binoni viloyatdagi tajribali tashkilot — Jamol G‘afforov rahbar «Avangardgidro ekspress» MChJ tiklagan. Oyoq osti isitiladi. Sanitariya tizimi a’lo — kichkintoylar va tarbiyachilar uchun alohida-alohida sharoit. Oshxona, ovqatlanish xonalari, yotoqxonalar eng zamonaviy uskuna va mebellar bilan jihozlangan. Tarbiyachilar tanlab olingan, rus, ingliz tili o‘rgatilayapti. Yana yangilik — barcha xonalarga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Ota- onalar telefon orqali farzandlari ahvolidan xabardor bo‘lib turishadi. Ma’lum bo‘lishicha, ana shunday zamonaviy loyihalar asosida viloyatda o‘nlab yangi MTMlar qurilayotgan ekan.

Qarshi shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga Orasta Tosheva mudirlik qilayapti. O‘zbek tili va adabiyoti muallimasi, uch yil Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, xotin-qizlar qo‘mitasiga rahbarlik qilgan, tashkilotchi, jonkuyar.

Shaharda bir zamonlarda 300, hatto 400 o‘rinli bog‘chalar qurilgan, keyin to‘xtab qolgan. Ikki yil burun shahar bolalarining 30 foizga yaqini, bugun 52 foizi muassasalarga qatnayapti. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi. Chunki davlat, xususiy, sherikchilik, oilaviy muassasalarning yangi-yangilari tashkil etilmoqda. Mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash ham boshqa tumanlarga nisbatan yaxshiroq. Ayniqsa, oilaviy bog‘chalarni jihozlash talablar darajasida.



Rus tili o‘rgatishga ixtisoslashgan, Mohira Azizova mudirlik qilayotgan 14-MTMga bordim. 1983 yil qurilgan bino yaxshi ta’mirlangan, 370 bola 14 guruhga biriktirilgan. Shahardagi barcha binolar kabi gaz bilan isitilar ekan, oshxonaga ham tabiiy gaz o‘tkazilgan, sharoiti yaxshi. Ishni o‘rganish jarayonida yangi taklif va mulohazalar tug‘ilibdi:

Birinchi taklif. Oliy ma’lumotli tarbiyachi Nafisa Turdiyeva o‘rta guruhda 22 bola bilan turli ko‘rgazmali qurollar asosida mashg‘ulot o‘tayotgan ekan. Tarbiyachi telefon orqali bugun mashg‘ulotga kelmagan 4 nafar bola haqida ma’lumotni to‘g‘ri Toshkentga, vazirlikka uzatdi. Bugun aloqa vositalari o‘ta rivojlangan davrda bu yaxshi qulaylik. Endi vazirlik xabardor bo‘ladi, davlat siyosati shunday — bola aziz, yangi millat va xalq ular orqali shakllanadi. Yakkabog‘ tumanidagi davlat-shartnoma asosida ishlayotgan yangi «Sirli buloqcha» muassasasida video kameralardagi tasvirlarni ota-onaning telefoniga uzatish haqida o‘ylashayotgan ekan. Bemalol eplasa bo‘ladigan ish. Yana muassasa egalari ikkinchi qavatdagi derazalar uchun nafis panjaralar buyurishibdi, zinapoyaning yon to‘sig‘ini uzaytirib, xavfsiz qilish haqida o‘ylashayotgan ekan. Qarshidagi 14-MTM da ham, yangi qurilayotgan boshqa binolarda ham ana shu xavfsizlik haqida o‘ylansa, loyihalarga kiritilsa, noxush hodisalarning oldi olingan bo‘lardi. Chunki bolalar sho‘x, xavf-xatarga pisandsiz bo‘lishlari tabiiy.

Ikkinchi taklif. 1983 yilda qurilgan, 2015 yilda ta’mirlangan, 300 bolaga mo‘ljallangan 39-MTMda yaxshi tajribaga duch keldik. Murabbiy Shavkat Aliqulov 3 guruhdagi 60 bolaga qo‘l jangi sirlarini o‘rgatayotgan ekan. Men 5 yoshli Temur Murodov va 7 yoshli Asad Ilhomovning mashqini kuzatdim. Shu yil aprel oyida Toshkentda bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo ochiq chempionatida mazkur dargohdan — Zahro, Madina, Bahora, Dovud, Behruz qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallashibdi. Ular bilan suhbatlashdim. Fikr tug‘ildi — bolalarni qabul qilishda 7 xil imtiyoz belgilangan ekan. Ammo iqtidorli bolalarni tanlash ko‘zda tutilmagan. Bu haqda aytganimda, viloyat boshqarmasi boshlig‘i Asror Alimardonov Qarshi shahrida iqtidorli bolalar uchun alohida muassasa tashkil etish rejasi borligini ma’lum qildi. Afsuski, bu bilan masala yechilmaydi. Birgina Chiroqchi tumanida ruyxatdan o‘tgan 4 ming bola navbat kutayapti. Demak, Sakkizinchi imtiyozni joriy etish kerak. Masalan, 50 bola navbati bilan qabul qilinayotganda, ularning 5-6 tasi (yoki ko‘prog‘i) o‘qish-yozishni bilishi, rasm, musiqa, sportga qiziqishi sinovdan o‘tkazilib, iqtidorlisi qabul qilinadi. Sinab ko‘rish kerak.

Uchinchi taklif. Qarshi shahrida yangi tajriba — «Autsorsing» xizmati joriy qilinibdi. Boshqacha aytsak, «Nishon ko‘zgusi» fermer xo‘jaligi va «Vaqt zavqi» xususiy korxonasi MTMlar oshxonalarini ijaraga olibdi. Oshpazlarga ish haqini ham o‘zi to‘lar, masalliqlar bilan ta’minlar ekan. Bolalarni ovqatlantirish hamisha e’tibor talab qilgan. Vazirlar Mahkamasining Maktabgacha ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi qaroriga binoan alohida Nizom qabul qilingan. Muassasalar va ota-onalar o‘rtasida tuzilayotgan shartnomalarda sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlari asosida sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash majburiyati olingan.

Nitratga to‘ydirilgan sabzavot, sifatsiz go‘sht, keyingi paytda paydo bo‘lgan bioqo‘shimchalar va antibiotiklar bilan boqilgan tovuqlarni bolalar ovqatiga ishlatib bo‘larmikan?

Sho‘ro zamonida, undan keyingi yillarda ham muassasa mudiri, parhez taomlar hamshirasi, ta’minotchi «Taomnoma»larni imzolagan. Haqiqatni biladigan, kichkintoylarni o‘z farzandidek ardoqlaydigan tarbiyachi bir chekkada qolib ketavergan. Zamon o‘zgardi, ota-onalar ishonadigan, bolalar mehr qo‘ygan tarbiyachilar ham «Taomnoma»larni imzolashi, «mulohaza» degan joyiga qaysi ovqatlar berilmaganligi, sifati haqida fikrlarini yozishni joriy qilish lozim. Shunda ko‘p tortishuvlar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi. Xususiy, oilaviy muassasa egalari oshxonalarini tadbirkorlarga ijaraga berishga ko‘nmaydi, sifatli ovqatlantirishdan ular nihoyatda manfaatdor, shuning uchun yaxshi masalliqlar olib kelishadi.

Kichkintoylar tarbiya olayotgan muassasalar ishi bilan tanishar ekanman, vohada yaxshi ishlar ko‘payib borayotganiga amin bo‘ldim.

O‘tmishdagi kamchiliklar va bugungi o‘zgarishlarni erinmay o‘rganish, eng chekka qishloqlarga borish, turli yo‘nalishdagi bolalar ta’lim maskanlarini taqqoslash maslahatini bergan, qaysi biri afzalligini so‘ragan Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyevning so‘rog‘iga shunday javob bergim keldi:

— Qayerda bola chinakam qadr topsa, o‘sha joy afzal! Tarbiya muassasasi qadrdon uyga aylanishi, farzandlarimiz bir oila bag‘ridan ikkinchi oila bag‘riga borishi lozim. Yangi davr talabi shunday!

 

Yunus UZOQOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: