14.05.2019

SEL NIMA? UNDAN QANDAY SAQLANISH MUMKIN?

Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda sel toshqinlari haqidagi dastlabki ma’lumotlarni to‘plash, tadqiq etish 1880 yillardan boshlangan. 1927 yil O‘zbekistonda Farg‘ona tog‘oldi melioratsiya ekspeditsiyasi tuzilgan. Mazkur tashkilot mutasaddilari toshqinlarning tarqalish va kelish vaqti bo‘yicha izlanishlar olib borishgan. Keyinchalik bu ishlarni O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati davom ettirgan. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida mazkur yo‘nalishda ilmiy ish olib borish yoki bashorat qilish uchun mana shu manbalarga tayanish maqsadga muvofiqdir.

 

Ilmiy tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, 1880 yildan to hozirgi vaqtga qadar 3000 dan ortiq sel toshqini yuz bergan ekan. Lekin ularning ro‘yxatini hech kim tartibli yozib bormagan. Chunki tabiiy ofat yuqori tog‘li tumanlardagi aholi va ma’lum bir hududga zarar yetkazmagani uchun ro‘yxatga kiritilmagan. Ana shu kamchiliklar bilan 3000 toshqinni umumiy sel bosishining o‘rtacha hisobi, deb olsak bo‘ladi. Biroq mazkur ma’lumotlar bilan ham taxminiy bashoratlarni qilish mumkin. Misol uchun, ushbu qaydlarga tayanib, sel toshqinlarining eng ko‘p yuzaga kelishi sabablari aniqlangan. Bizda sellarni o‘rganish asosan quyi tog‘oldi hududlarida olib borilgan. Sababi, ushbu hududlar aholi yashaydigan maskanlarga yaqin va eng ko‘p sel keladigan joylardir. Xususan, Farg‘ona vodiysi va shunga o‘xshagan boshqa manzillar shular jumlasiga kiradi.

Suv toshqini tarkibining 15 foizidan ortig‘i loyqali bo‘lsa, u fanda sel deyiladi. Yomg‘irning jadalligi yuqori bo‘lgan tabiiy sharoitda sel toshqinlarining kuzatilishi fanda tasdiqlangan. Bizda 3-4 kun davomida maydalab yog‘adigan yomg‘ir sel toshqinlarini keltirmaydi. Va aksincha, yomg‘irning 10-15 daqiqalik jadalligi qattiq sel toshqinini yuzaga keltiradi. Manbalarda qayd etilgan 3000 ta sel toshqinining 84 foizi ana shunday jala yomg‘irlaridan shakllangan. Qolganlari yomg‘ir bilan qor aralashishi, to‘g‘onlarning urib ketishi natijasida hosil bo‘lgan.

Bugungi kunda sel toshqinlari oldini olishning 4 xil usuli mavjud. Birinchisi, tog‘ oldi, adirlar yonbag‘irlarida agrotexnik usullarni qo‘llash orqali. Bunda mazkur hududlarga daraxtlar ekiladi. Misol uchun, Chirchiqbo‘yining yonbag‘irlarida gorizontal yo‘nalishlarda daraxtlar ekilgan. Ana shu o‘rmonzorlar hisobiga so‘nggi yillarda Chirchiq atrofidagi soylarda sel toshqinlari nisbatan kamaygan. Bundan xulosa shuki, sel toshqinlariga qarshi kurashuvchi tashkilotlarning respublikamizda sel toshqini yuz berishi mumkin bo‘lgan tog‘ yonbag‘irlarida agrotexnik usulni qo‘llashi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Ikkinchisi, tog‘oldi suv yo‘nalishlarini boshqarish. Buning uchun suv chetlatuvchi, suv qochiruvchi novlardan foydalaniladi. Bunda tog‘dan keladigan suv toshqinlari mazkur novlar orqali aholi yashamaydigan yoki boshqa xavfsiz hududlarga chiqarib yuboriladi.

Uchinchisi, soyning o‘zanida muhandislik inshootlari to‘siqlarini qurish. 1950-1960 yillarda sel omborlari qurila boshlangandi. Farg‘ona vodiysi, Andijon, Kosonsoy, Quvasoyda 30 dan ortiq sel omborlari qurilgani ma’lum. Bu yerda sel toshqinlarining hajmlari ushlab qolingan va ortiqcha suv kanallar orqali pastliklarga yuborilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda 170 dan ortiq sel omborlari mavjud. 1958 yil birinchi qurilgan sel ombori balandligi 14 metr bo‘lgan bo‘lsa, hozirda Ilonsoy daryosi o‘zanida xuddi shunday sel ombori 30 metrlik qilib qurilmoqda.

To‘rtinchisi, daryo qirg‘oqlarini suv va sel toshqinlaridan himoyalash. Buning uchun maxsus betonlar o‘rnatish mumkin. Temir to‘rlar ichiga toshlar taxlab qo‘yilishi amaliyotga kiritilgan. Hozir Parkent tumanida qurilayotgan himoyalash inshootlari bunga misol bo‘ladi.

Xorijda sel omborlarini qurish yaxshi rivojlangan va uning turli xil usullari bor. Bu borada Qozog‘istonda tajriba katta. U yerda sel omborlarini tozalash va kuzatish uchun zamonaviy usullardan foydalaniladi va bu tajribani o‘rganish mumkin. Ularda sel omborlari har yili loyqalardan tozalab turiladi. Bu bizda amaliyotga kiritilmagan. Bugungi kunda 1958-1960 yillarda qurilgan sel omborlarimizning hammasi loyqa bilan to‘lgan. Buning oqibatida, agar qattiq sel keladigan bo‘lsa, uning talafoti katta bo‘lishi ehtimoli bor.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Nega sel kelishi xavfi katta bo‘lgan hududlar xaritasi tuzilmagan? Tuzilgan bo‘lsa ham, nega biz ana shu xavfli joylarda yashaydigan aholi bilan ish olib bormaymiz? Aholi bu xavfni bilmasligi mumkin. Lekin 50 yil kelmagan sel toshqini 51-yili kelishi mumkin.

Demak, sel toshqinlari asosan jadal yoqqan yomg‘irlar asosida shakllanar ekan. Bu O‘zbekistonda aprel, may, iyun oylariga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p sel kuzatiladigan davr — may oyidir. Shuning uchun may oyi boshlanishidan avval sel toshqinlari vujudga kelishi mumkin bo‘lgan hududlarni mutaxassislar nazorat qilib borishi lozim. Bundan tashqari, ayb o‘zimizda ham bor, deb o‘ylayman. Chunki tog‘oldi qishloqlarida aholi soni ko‘paygani sayin odamlar yangi-yangi hududlarda tartibsiz tarzda uylar qurib, yomg‘ir va sel toshqinlaridan himoyalanishni unutib qo‘yishmoqda. Sel yoki suv toshqinlari o‘tadigan soylarning qirg‘oqlariga ko‘chib o‘tmoqda. Biz nima qilishimiz kerak? Aholini ogohlantirishimiz, ularni xavfsiz joylarga ko‘chirishimiz, bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishimiz kerak. Sel toshqini har 100 yilda bir kelishi mumkin. Shuni e’tiborga olishimiz, o‘sha hududlardan aholiga uy-joy ajratilishida mas’ul xodimlar kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.

Parkent tumaniga har yili boraman. Aholi asta-sekin yuqori tog‘oldi hududlariga ko‘tarilib bormoqda. Ular xohlagan joyiga uylarini qurib olmoqda. Sel keladimi-yo‘qmi, ishi yo‘q. Shuning uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligining joylardagi boshqarma va bo‘limlari xalq bilan ishlashi kerak. Ularning qo‘lida soylarning, har bir tumanning qayeridan sel boshlanadi, qayerga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan joylarning xaritasi bor. Shu bilan birga, sel toshqinlaridan himoyalanishda doimiy, muntazam ish olib borilishi lozim.

Sel toshqinlarini bashorat qilish mumkin va ular turli xilda bo‘ladi. Birinchisi, bir kunlik me’yorda 30 millimetr yomg‘ir yog‘adi desak, demak, o‘sha kuni sel yoki yomg‘ir toshqinlarini bashorat qilishimiz mumkin. Tabiatda gidrometeorologik bashoratning 67 foizi to‘g‘ri bo‘lsa, u ijobiy hisoblanadi. Shunaqa ehtimoliy bashoratlar bor ekan, nega ulardan samarali foydalanmaymiz?

Sel-yomg‘ir toshqinlarining ta’siri va ularning oqibati bo‘yicha holatlar doimo rahbariyat e’tiborida bo‘lib kelgan. Lekin ko‘pgina mas’ul tashkilotlar, sel toshqinlarining himoya chorasini ko‘rish uchun yuqoridan topshiriq kutib o‘tiradi.

Sel ombori, ko‘prik qurayotganda sel hajmini, suv sathini ehtimoliy hisoblash tenglamalari bugungi kunda mavjud. Qo‘limizda hisoblash tenglamalari bor ekan, nega bu tenglamalardan foydalanmaymiz? Shu bilan birga, 100 yilda bir keladigan ehtimoliy qiymatni ham hisoblash usullari mavjud.

2015 yilda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ullari tomonidan ana shu masala bo‘yicha katta yig‘in o‘tkazildi. Unda biz sel kelishi va uning oldini olish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarimizni bildirganmiz, lekin afsuski, ularning barchasi qog‘ozda qolib ketdi.

O‘zbekiston bo‘yicha 1918-1924 yillar mobaynida ro‘y bergan sel toshqinlarining qayd etilgan sanalari bor. Ma’lum bo‘lishicha, sel toshqinlari quyosh faolligi bilan bog‘liq. Quyosh faolligi qancha kamaysa, sel toshqinlari shuncha ko‘p kuzatilar ekan. Bu bitta omil hisoblanadi. Demak, quyosh faolligi kamaygan paytlarda sel toshqinlarining ko‘payishi shu yillarda himoyalanishimiz kerakligini ko‘rsatadi.

Quyosh faolligi kamayishini qayerdan bilsa bo‘ladi? Uning faolligi yilma-yil, oyma-oy kuzatilib boriladi. Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya olimlari bu ish bilan ko‘p yillardan buyon shug‘ullanishadi. Ular 3200 yilgacha quyoshning faollik davri ma’lumotlarini internetga joylashtirishgan. Ana shu bashorat bo‘yicha biz hozir quyoshning eng kam faollik yiliga kirib keldik. Demak, hududimizda keyingi yillarda sel xavfi kuchayishi mumkin. Nima qilish kerak? Sel bilan kurashadigan tashkilotlar sel xavfi bo‘lgan soy va daryolarning xaritasini tuzishi, xalq orasiga kirishi, sel kuzatilishi mumkin bo‘lgan aholi yashaydigan joylarda ular bilan suhbat olib borishi, ularni xavfsiz hududlarga ko‘chirish, hozirdan boshlab tog‘ bag‘irlariga daraxtlar ekish, sel omborlarini barpo etish va sel oqadigan o‘zanlarda selga qarshi inshootlar qurish ishlarni jadallik bilan olib borishi lozim.

Izlanishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, Farg‘ona vodiysining adirlarida sel toshqini bo‘lishi uchun 4-6 millimetr yomg‘ir qiymati yetarli bo‘ladi. Bunday ma’lumotlar sel toshqinlaridan himoyalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda sel toshqinlari o‘tadigan soylarning xaritasi, ma’lumotlar statistikasi mavjud. Sel omborlari har yili bahor kelishidan oldin albatta o‘rganib chiqilishi, selga qarshi choralar ko‘rilishi, barcha holatlarda olim va mutaxassislar tomonidan tahlil qilinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Sel omborlaridan birinchi navbatda aholini, chorva mollarini xavf-xatardan himoya qilish uchun foydalaniladi, keyinchalik yig‘ilgan toza suv turli maqsadlarda ishlatiladi.

Inshootlar foydalanish maqsadiga ko‘ra, turli yillarga, misol uchun, eng kamida 100 yilga mo‘ljallab quriladi. Shuni inobatga oladigan bo‘lsak, bundan 50-60 yil muqaddam selga qarshi qurilgan inshootlarimiz hozirgi talablarga umuman javob bermaydi va bu juda katta xavf-xatar oldida turganimizni bildiradi. Shuning uchun bu ishga beparvo bo‘lmasdan, loqaydlikni yig‘ishtirib qo‘yib, olim va mutaxassislar yordamiga tayangan holda sel kelish ehtimoli yuqori bo‘lgan barcha hududlarda bu tabiiy ofatning oldini olish maqsadida eski sel inshootlarini qaytadan ta’mirlash va yangilarini qurish lozim bo‘ladi.

 

Abduqahhor TO‘LAGANOV,

texnika fanlari nomzodi, dotsent.



DB query error.
Please try later.