Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    May 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
14.05.2019

OTA-ONALIK MAS’ULIYATI

Xalqimiz — azaldan bolajon. Xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, farzandi dunyoga kelsa, Yaratganning in’omi sifatida qabul qilib, shukronalar aytadi. Bolasini boshiga ko‘tarib avaylaydi, butun mehrini berib, uni kamolga yetkazadi, ta’minoti-yu tarbiyasiga hayotini bag‘ishlaydi.

Milliy qonunchiligimizda ham bu qadriyat o‘z aksini topgan. Avvalo, davlatimizning asosiy qonuni — Konstitutsiyamizda, Oila kodeksida, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunlarda farzandlarimiz, voyaga yetmagan bolalar manfaatlarining to‘laqonli himoyasi kafolatlangan.

Ayniqsa, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-iqtisodiy ta’minlash, ularga yuqori sifatli ta’lim-tarbiya berish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 22 apreldagi «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori voyaga yetmagan, shuningdek, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini samarali himoya qilish, ularni jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk inson qilib tarbiyalashda muhim omil bo‘ldi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimining joriy etilishi, 2019 yil 1 sentabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini o‘n sakkiz yosh etib belgilash hamda har qanday sud muhokamasi davrida bola o‘z fikrini ifoda qilishga haqli ekanligi, qarorlar qabul qilinishida vakolatli organlar (shaxslar) bolaning manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, jiddiy omil sifatida ko‘rib chiqishi hamda bola manfaatlarini nazarda tutuvchi qaror qabul qilishi shartligi belgilangani kelgusida bolalar huquqi so‘zsiz himoya qilinishini ta’minlashi muqarrardir.

Hayot tajribasidan ma’lumki, farzand tarbiyasiga o‘ta mas’uliyat bilan yondashish lozim va bunda shaxsiy ibrat juda muhimdir.

Abdulhamid G‘azzoliy hazratlari aytganlar: «Bilgil! Bola tarbiyasi eng muhim ishlardandir. Farzand ota-onaga omonat. Bola qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va surtdan xoli gavhardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga ko‘ra shakllanadi, eggan tomonga egiladi...

Agar bola yaxshilikka o‘rganib, yaxshilik ichida voyaga yetsa, dunyo va oxirat saodatini topadi.

Agar bola e’tiborsiz tashlab qo‘yilsa, yomonlik ichida o‘ssa, badbaxtlikka yuz tutadi va halok bo‘ladi. Bunda gunoh yuki shu ko‘yga solganlarning, ota-onaning zimmasiga yuklanadi».

Afsuski, farzandlar tarbiyasiga bee’tibor munosabatda bo‘layotgan ota-onalar oz emas.

To‘g‘ri, biron-bir ota-ona farzandi jinoyatchi bo‘lishini niyat qilmaydi. Ammo farzand to‘g‘ri tarbiya olib, bilimli, odobli, iymonli bo‘lib voyaga yetishi uchun ota-ona mehnat qilishi, kurashishi kerak bo‘ladi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bolalar tarbiyasi izdan chiqib ketishiga avvalo ota-onalar ajrashishi sabab bo‘lmoqda. Ota-onalarning surunkali o‘zaro janjali, ajralishlari bolalar ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, qolaversa, bola tarbiyasi yetarli darajada nazorat qilinmaydi. Otaning so‘zi, yuki kamlik qiladi. Ajralgan ota-onalar orasida farzand tarbiyasi, ehtiyoji bilan qiziqmaydiganlari oz emas.

Asosiy qonunimiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanliklari qayd etilgan. Ajrashib yashayotgan ayrim ota-onalar farzandlarining tarbiyasida umuman ishtirok etmasligi, hatto farzandi moddiy ta’minotini ham ixtiyoriy amalga oshirmayotganligi achinarli holat.

Buni birgina 2019 yilning 3 oyida 615 fuqarodan sudning hal qiluv qarori asosida, 10.758 fuqarodan sud buyrug‘i orqali farzandlari ta’minoti uchun aliment undirish belgilanganligida, 1.191 nafar ota farzandini ta’minlashdan bosh tortganligi uchun ma’muriy, 3 nafar ota esa jinoiy javobgarlikka tortilganida ko‘rish mumkin.

Vaholanki, hadisi sharifda keltirilganidek, «...Kishi o‘z ahliga mutasaddidir va qo‘l ostidagilarga mas’uldir. Ayol erining uyida mutasaddidir va u qo‘l ostidagilarga mas’uldir...». Ota-onalar o‘z farzandiga nisbatan mutasaddi va mas’ul ekanligini, farzand taqdiri, kelajagi uchun mas’ulligini unutmasligi demakdir.

Bolalar tarbiyasi buzilishiga sabab bo‘layotgan yana bir masalaga jamoatchilik e’tiborini qaratmoqchiman.

Bugungi kunda ayrim ota-onalar kelajakda farzandini moddiy jihatdan zo‘r ta’minlash, uning to‘yini dabdabali o‘tkazishni orzu qilib ko‘proq mablag‘ ilinjida bolalarini ota-onasi, qarindoshi, hatto qo‘ni-qo‘shnisiga tashlab, o‘zlari boshqa yurtga ketayotgani sir emas. Lekin ular farzandiga ayni tarbiya berish lozim bo‘lgan vaqtni yo‘qotayotganligi, eng achinarlisi, farzandi baxtini yo‘qotayotganini bilmaydi. Bilganida esa kech bo‘ladi.

Bola, xoh u o‘g‘il yoki qiz bo‘lsin, ayni balog‘at yoshiga qadam qo‘yayotgan bir paytda uning tarbiyasini birovga ishonib bo‘lmaydi. Ota-ona pul topib kelgan paytda esa farzand tarbiyasi izdan chiqib ketgan bo‘ladi.

Bugungi kunda jinoyat sodir etib, jazo o‘tayotgan voyaga yetmaganlarning 70 foizdan yuqorisi ajrashgan yoki boshqa yurtga ishlash uchun uzoq muddatga ketgan ota-ona farzandlari ekanligi fikrimizning dalilidir.

Shuningdek, bugun biz e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan salbiy holatlardan biri shundaki, Mehribonlik uylaridagi bolalarning aksariyati ota-onasi hayot, lekin ajrashgan. Bugun ular davlat qaramog‘ida, ota-ona mehri yo‘q.

Shu o‘rinda xalqimizning «mehr bergan mehr ko‘radi», degan hikmati yodga tushadi. Agarda biz bugun farzandlarimizga mehr ko‘rsatmasak, erta bir kun o‘zimiz ularning mehriga zor bo‘lamiz. Bu hayotning achchiq haqiqati. Buni ajrashgach, turli bahona va sabab bilan bolalarini Mehribonlik uyiga tashlab, o‘z nafsi, bugungi kunini, halovatini ko‘zlab yurgan ota-onalar o‘ylab ko‘rishlari darkor.

Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarorida ayni shu holatlar ham hisobga olingan, bolasini ixtiyoriy ta’minlashdan bosh tortgan ota-onalarning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish masalasi belgilangan.

Uchinchidan, oiladagi o‘zaro munosabatlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, ota-onaning spirtli ichimlik ichishga ruju qo‘yganligi, o‘zaro hurmat yo‘qolganligi, ya’ni bir so‘z bilan aytganda, oila boshliqlari — ota-onaning o‘zi tarbiyaga muhtojligi (birgina 2019 yilning uch oyida 151 ota (ona) ota-onalik huquqidan mahrum etilgan) ham voyaga yetmagan yoshlarning kelajagiga raxna solayotgan holatlardan biridir.

Bolalarning jinoyat yo‘liga kirishining sabablaridan yana biri, voyaga yetmagan farzandlarimizning ongiga salbiy ta’sir etayotgan turli axborotlar, xususan, internetda tarqatilayotgan zo‘ravonlik va fahsh aks etgan ma’lumotlar bo‘lib, ularni ushbu ta’sirlardan juda ehtiyot qilishimiz lozim.

Voyaga yetmagan yoshlarni jinoyatchilik ko‘chasiga yetaklayotgan barcha holatlarning bosh sababi — bola tarbiyasidagi e’tiborsizlikdir. Shuning uchun ham tarbiya ishlariga hayot-mamot masalasi sifatida qarash zarur.

Ota-onalar farzandlari tarbiyasini birgina ta’lim muassasalari zimmasiga yuklab qo‘yishi yoki «Mening bolamdan yomonlik chiqmaydi», degan kayfiyatda bo‘lishi kerak emas.

Bolaning ertaga qanday odam bo‘lishi ota-ona nazorati va tarbiyasiga, mehriga bog‘liq.

Bola tarbiyasi haqida gap ketganda, vasiylik va homiylik organlari ish faoliyati samaradorligini talab darajasida yo‘lga qo‘yish, ushbu organ xodimlarini o‘qitish, kasbga tayyorlash va ularning mas’uliyatini oshirishga jiddiy e’tibor kerak.

Jamoatchilik asosida yoshlar, xususan, voyaga yetmaganlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish masalasini doimiy nazorat qilib borish (mahalla, xotin-qizlar qo‘mitalari, diniy idora vakillari, mehnat faxriylari, yozuvchi-adiblar, Yoshlar ittifoqi vakillari, IIB, prokuratura, adliya va sud xodimlari), barcha yoshlar bilan, o‘g‘il bolalar bilan alohida, qiz bolalar bilan alohida tizimli tarbiyaviy ishlar olib borilishini yo‘lga qo‘yish kerak.

Tarbiyasi og‘ir, profilaktik hisobda turgan yoshlar bilan ishlashning yangi samarador tizimini yo‘lga qo‘yish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish talab etiladi. Har bir bolaning holati, uning shart-sharoitlari, tarbiyasiga salbiy ta’sir etayotgan omillarni tahlil etish, bu ishga Yoshlar ittifoqi vakillari, ruhshunoslarni jalb qilish, ularni voyaga yetmaganlar ishi ko‘riladigan sud protsesslarida ishtirok etishga taklif qilish hamda jazo o‘tayotgan voyaga yetmaganlar bilan uchrashuv, ochiq muloqotlar tashkil etish, ularni turli kasblarga qiziqtirish va yo‘naltirish, rag‘batlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Shuningdek, maktab o‘quv dasturida bolalar huquqiy savodxonligini oshirishga e’tiborni kuchaytirish kerak. Bunda ayni paytdagi huquq asoslari fani darsliklarini sodda, bolalar uchun tushunarli tilda tayyorlash, o‘quv mashg‘ulotlarini yangicha, qiziqarli tashkil etish usullarini yaratish lozim bo‘ladi. Bola tarbiyasi butun jamoatchilik ishiga aylangan taqdirda, ko‘zlangan maqsadga yetish mumkin. Jamiyatning ertangi taqdiri bugun bolalarimizga qanday ta’lim-tarbiya berayotganimizga bog‘liqligini unutmaslik kerak.

 

Xolmo‘min YODGOROV,

O‘zbekiston Oliy sudi raisining o‘rinbosari.



DB query error.
Please try later.