14.05.2019

JASORAT VA MATONAT SHAHODATNOMASI

yoki o‘zbek xalqining buyuk g‘alabaga qo‘shgan bebaho hissasi muhrlangan kitob

Har gal mamlakatimizning Mustaqillik maydonidagi Xotira majmuasini ziyorat qilar ekanman, Motamsaro ona haykali poyida uzoq o‘yga tolaman. Ona siymosi poyidagi «Sen doimo qalbimdasan, jigarim!» degan so‘zlar zamirida qanchadan-qancha umidlar, intizorliklar, o‘kinchlar, faryodlar, sabru bardoshlar sukut saqlab turganday bo‘ladi. Urushdan qaytmagan vatandoshlarimiz nomlari bitilgan zarvaraqlarga ko‘z tashlayman. Aksariyati 18-22 yoshli yigitlar...

Insoniyat tarixi – qanchadan-qancha donishmandu oqillardan meros, bashariyatga baxtli saodatli yashash yo‘lini ko‘rsatgan ulug‘ g‘oyalar, tafakkur yolqinlari jam ulkan kitobdir. Insoniyat tarixi — buyuk taraqqiyot, bunyodkorlik va yaratuvchanlik, fozillik va komillik sari boshlangan adoqsiz yo‘llardir. Insoniyat tarixi — odamzod, bashariyat ahlini ezgulikka, qalban, ruhan poklanish, ulg‘ayishga chorlagan buyuk ta’limotlar majmuasidir. Lekin shu bilan birga, insoniyat — bu inson qalbi va ruhi, bunyodkorligining, tafakkur durdonalarining yo‘q qilinishi, vayron etilishi, kuli ko‘kka sovurilishiga sabab bo‘lgan ayovsiz urush va qirg‘inlar, bedodliklar, inson fojealari tarixi hamdir.

Dunyo adabiyotining eng sara namunalaridan qaysi biriga ko‘z tashlamang, ularda urush va jaholat olovida yonayotgan inson tafakkuri faryodini, yurak o‘rtanishini tuyasiz. Urush va tinchlik, ming afsuski, yer yuzidagi hayot shu ikki so‘zda jam bo‘lgan mohiyat ichra o‘tadi. Xalqimizda «Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kunlik fayz-baraka ko‘tariladi», degan gap bor. Urush, qirg‘inbarotlar bo‘lgan joydan-chi?

Insoniyat tarixi bunyodkorlik va vayronkorlik, yaratuvchanlik va buzg‘unchilik, visol va ayriliq, baxtiyorlik va judolik, sevinch va ohu faryod ichra o‘tib kelmoqda. Eng ajablanarlisi, bularning sababchisi ham hazrati insonning o‘zidir. Ba’zan o‘yga cho‘masan, nahotki dunyoda tinch-totuv yashash shunchalar qiyin? Nega insoniyat shu bugungacha johillikni bir chetga otib, tinchlikka eltuvchi ulug‘ yo‘lga chiqa olmayapti? Axir urush insoniyat boshiga solgan kulfatlarni ko‘rib, bilib turibmizku. Nahotki, tinchlik yo‘liga o‘tib olish shunchalik og‘ir bo‘lsa? Afsuski, dunyoda bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar, nizolar, etnik va millatlararo, diniy mojarolar mohiyatiga nazar solib, bu yo‘l hali qanchalar uzoqligini his qilasan, his qilasan-u, garchi yakuniga yetganiga 74 to‘rt yil bo‘lgan ersa-da, dog‘i, hijron va alami, og‘rig‘i dillarni hali hanuz zirqiratib turgan Ikkinchi jahon urushi, uning nafaqat mamlakatlar, xalqlar, insonlar, avlodlar qalbida qoldirgan oqibatlari, jarohatlari hali ham to‘xtovsiz og‘riq berayotganini yurakdan o‘tkazasan. Shubhasiz, bu urush ezgulik va yovuzlik, ma’rifat va jaholat o‘rtasidagi urush edi. Shuning uchun ham bu urushda qozonilgan g‘alaba insoniyatning, ezgu niyat va maqsadlarining yovuzlik va noinsoniylik ustidan qozonilgan g‘alabasi sifatida e’tirof etiladi.

Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoni, Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori tinchlik uchun kurashgan insonlarni xotirlash va qadrlashning yana bir yorqin timsoli bo‘ldi.

Qayd etilganidek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ming-minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janglardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda o‘zligini yo‘qotmagan iymoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat ko‘rsatish mamlakatimizda milliy an’anaga aylandi.

Tarix solnomalarini varaqlar ekanmiz, O‘zbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qanchalar katta va muhim hissa qo‘shganligini anglaymiz. Ma’lumotlarga qaraganda, bu urushga yurtimizdan 1 million 433 ming 230 nafar erkak, 500 ga yaqin xotin-qiz safarbar etilgan. O‘sha paytda O‘zbekiston aholisi 6,5 million kishini tashkil etgani, yosh bolalar, qariya va ayollarni hisobga olib, o‘ylab ko‘rsak, xalqimizning 40 foizidan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, ayovsiz jangga otlangan. Ulardan 604 mingdan ko‘prog‘i urush maydonlaridan nogiron bo‘lib qaytgan. 500 ming nafardan ziyod yurtdoshimiz mardlarcha halok bo‘lgan.

Front ortidagi og‘ir, mashaqqatli yumushlar esa keksalar, ayollar va bolalar zimmasiga tushgan. Ular och-nahor, uyqusiz mehnat qilib, bu urushda g‘alabani ta’minlashga bebaho hissa qo‘shgan. Urush davrida O‘zbekiston aholisi tomonidan mudofaa jamg‘armasiga 649,9 million naqd pul, 4 milliard 226 million so‘mlik zayom, 52,9 kilogramm oltin hamda kumush topshirilgan. Frontga 7 million 518 ming 800 ta gimnastyorka, 2 million 636 ming 700 ta paxtalik, 2 million 221 ming 200 ta etik va qo‘njli botinka yuborilgan. Yengil sanoat korxonalari tomonidan 246 million so‘mdan ziyod turli mahsulotlar, shuningdek, 1 million 282 ming tonna g‘alla, 482 tonna kartoshka hamda sabzavot, 1000 tonna poliz mahsulotlari, quruq va ho‘l mevalar jo‘natilgani mardlik, matonat, saxovat namunasidir.

Har qanday urushda jang taqdirini hal etishda qurol-aslaha katta rol o‘ynaydi. Fashizmning tor-mor qilinishida, ayniqsa, O‘zbekistonda urush yillarida ishlab chiqarilgan qurol aslahalar katta ahamiyat kasb etgani alohida e’tiborga molik. Dalillarga ko‘ra: 2100 samolyot, 17342 samolyot motori, 17100 minomyot, 60000 harbiy kimyoviy anjom, 1 million dona granata, 3 milliondan ortiq radiolampalar, 27000 tankka qarshi otadigan qurol, 2 million 318 ming aviatsiya bombasi, 22 million dona mina, 560000 dona snaryad, 5 bronepoyezd, 2200 ko‘chma oshxona qo‘shinlarga yetkazib berilgan.

Albatta, bu xalqimiz matonati, fidoyiligi va jasoratining qanchalar ulug‘vorligini ko‘rsatib turibdi. Lekin masalaning yana bir tomoni ham borki, bu haqda to‘xtalmay bo‘lmaydi. O‘zbekiston xalqining nafaqat jang maydonlarida, front ortidagi harakatlarida ham ularga o‘zining o‘tkir va ta’sirchan so‘zi bilan g‘ayrat, shijoat, metin va yengilmas iroda bag‘ishlagan adiblarimiz, qalam ahlining katta xizmatlarini alohida e’tirof etmoq lozim.

Urush yillarida G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon, Zulfiya, Sharof Rashidov, Uyg‘un, Mirtemir, Mirzakalon Ismoiliy, Sulton Jo‘ra, Ilyos Muslim, Sobir Abdulla, Chustiy, Matyoqub Qo‘shjonov, Odil Yoqubov, Mirmuhsin, Nazarmat, Adham Rahmat, Ibrohim Rahim, Nazir Safarov, Zohidjon Obidov, Zinat Fatxulin, O‘tkir Rashid kabi qator shoir va yozuvchilarning nafaqat O‘zbekistonda, frontdagi ko‘chma gazeta tahririyatlarida bir qo‘lda qurolu bir qo‘lda qalam bilan dushmanga qarshi kurash olib bordilar. Ana shularni eslaganda beixtiyor Uyg‘un domlaning «Bahorimiz kelur» nomli she’ri xayolimizdan o‘tadi:

 

Quroling qo‘lingdan tushmasin sira,

Dushman yakson bo‘lsin urushlaringdan.

Sendan kelajakka qolsin xotira,

Yer larzaga kelsin yurishlaringdan.

 

Sizning zarbangizdan yov bo‘lur barbod,

Kelur bahorimiz – g‘olib fasllar.

Shonli avlodimiz yana bo‘lur shod,

Ming yillab unutmas sizni nasllar!

 

Yaqinda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsiddinovning uch jildli, jami 1700 sahifadan iborat «Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari» kitobini varaqlar ekanman, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasini ko‘rsatuvchi, hali biz bilmagan qanchadan-qancha ma’lumotlar, adiblarimizning o‘tlig‘ she’r va dostonlari, qo‘shiqlari, chiqishlari borligiga amin bo‘ldim. Yuqoridagi she’rlar ham ilk bor o‘zbek tilida front gazetalarida e’lon qilingan.

Albatta, matbuot paydo bo‘libdiki, u har bir davrning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki madaniy hayotini, bo‘lib o‘tgan voqea va hodisalarni ko‘zgu yanglig‘ o‘zida yorqin aks ettirib keladi. Ana shu ma’noda matbuot Ikkinchi jahon urushi yillarida jang maydonlarida jon berib, jon olayotgan jangchilarning jangovar ruhini ko‘tarishda o‘sha davrning qudratli ma’naviy quroli bo‘lib xizmat qilganiga shubha yo‘qdir. Kitobda ta’kidlanishicha, urush davrida frontlarda o‘zbek tilida 20 ga yaqin nomda gazeta muntazam chop etilib, o‘zbek askarlariga uzluksiz yetkazilib turilgan. Bu gazetalardagi maqolalar, ocherklar, xat-xabarlar o‘zbek harbiylarining jasorati, jangovarligini, ruhiyatini ko‘tarishga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Zahmatkash olimning kitoblarini varaqlar ekanmiz, garchi gazetalarning har bir sonida o‘sha davr ruhi, mafkurasi bo‘rtib turgan bo‘lsa-da, urush davri matbuotining, shu jumladan, front gazetalarida chop etilgan «O‘zbek xalqi sharafiga», «O‘zbek qizining botirligi», «Aloqachi Xalil Latipov», «Qahramon Sharq farzandlari», «O‘tkir ko‘zli yigitning o‘qi», «Front jangchilariga sovg‘a ortilgan esholon jo‘natildi», «To‘pchi Qurbon», «Biz yengilmas kuchmiz», «Ikki qahramon», «Yaxshi razvedka natijasi», «Marra mahkam ushlandi», «Frontimiz bahodirlari» kabi minglab xabar va maqolalar, G‘afur G‘ulomning «Bizning ko‘chada ham bayram bo‘lajak», «Sen yetim emassan», Hamid Olimjoning, «Jangchi Tursun», «Roksananing ko‘z yoshlari», «Qadah», Zulfiyaning «Qo‘limda qurolu ustimda shinel», «Hijron kunlarida», Maqsud Shayxzodaning «Olma», O‘tkir Rashidning «G‘alaba bahori», Chustiyning «Xush kelding, o‘g‘lim», Adham Hamdamning «Olg‘a, do‘stim, hamon olg‘a yur», Yong‘in Mirzoning «Zafar karvoni», Mirmuhsinning «Zebi», Rustam Karimiyning «Boraman» kabi she’r va dostonlarining fashizm ustidan erishilgan tarixiy g‘alabaga ko‘rsatgan ta’sirini dildan idrok etamiz.

Gazetalarning 1945 yil 20 may sonida akademik shoir Oybekning «Fashist Germaniyasining o‘lim soati» nomli maqolasi beriladi. «...To‘rt yildan beri qilgan umidimiz amalga oshdi. Insoniyat tarixida eng ulug‘ bo‘lgan to‘la g‘alaba to‘g‘risidagi xushxabar butun olamga yoyildi. G‘olib askarlarimiz tomonidan kuli ko‘kka sovrilgan Gitler Germaniyasi taslim bo‘ldi. Bizlar – tarixiy voqeaning zamondoshlari, ulug‘ kunlarni, maslagimiz, irodamizning, xalqimizning tantanasini boshdan kechirmoqdamiz».

Taniqli adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimov ta’kidlaganidek, Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbek tilida nashr etilgan bu gazetalar, afsuski, O‘zbekiston tarixi bilan shug‘ullanuvchi olimlar e’tiborini jalb etmay keldi. Jonkuyar olim Rustam Shamsiddinovning va u rahbarlik qilayotgan ilmiy jamoaning turli shaharlardagi arxiv va kutubxonalarda chang bosib yotgan front gazetalarini o‘rganib, ulardagi e’tiborga molik materiallarning aksar qismini nashrga tayyorlaganliklari katta sabot bilan og‘ir mehnat qilinganini ko‘rsatib turibdi.

Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbek tilida chop etilgan bu gazetalar front va front ortidagi O‘zbekiston xalqining g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini yoritishda nihoyatda qimmatli, noyob manba hisoblanadi. Umuman, bu gazetalarda e’lon qilingan materiallar, xususan, frontlarga yo‘llangan xatlar — jangchilarning ota-onalari, rafiqalari, farzandlari, qavm-qarindoshlariga yozgan xatlari, harbiy qo‘mondonlik tomonidan o‘zbekistonlik mard jangchilarga topshirilgan mukofotlar, suratlar O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixini yanada kengroq yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, bu materiallarda o‘zbekona qalb, bag‘rikenglik, matonat, qahramonlik bo‘rtib turadi. Kitobda turli asosli manbalarga tayanilgan holda O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan mehnat armiyasiga safarbar etilganlar, ularning hayoti, mehnat faoliyati haqida ham ko‘plab ma’lumotlar keltiriladi. Buni qarangki, 1941–43 yillarning o‘zida O‘zbekistondan 155 ming kishi mehnat armiyasiga safarbar qilingan ekan. Toshkent viloyati harbiy komissariatidan ektremal holatda eshelonda 1700 kishi Boshqirdistonga jo‘natiladi. Uraldagi mudofaa sanoati va fabrikalarida 32 ming 620 nafar, Permdagi Molotov nomli zavodda 978 nafar, Kirov nomli zavodda 200 nafar, 90-sonli zavodda 800 nafar, 103-sonli zavodda 50 nafar, 12-qurilish trestida 70 nafar, Orsk shahrida 7000 nafar hamyurtimiz mehnat qilgan ekan. Bunga o‘xshagan misollar kitobda juda ham ko‘p. Albatta, bu katta bir ezgu ishning boshlanishidir. Kitob muallifi o‘z oldiga yuksak maqsad qo‘yadi. Nafaqat Rossiya harbiy davlat arxivi, Mudofaa vazirligi arxivida, Ukraina, Belorus, Latviya, Litva, Estoniya, Vengriya, Chexiya, Germaniya arxiv va muzeylarida ham qanchadan-qancha bu kabi gazetalar saqlangan bo‘lishi, ular ham o‘rganilishi zarurligini ta’kidlaydi.

«Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari» nomli bu kitoblar insoniyat boshiga cheksiz kulfatlar keltirgan fashizm balosini yer yuzidan supurib tashlashdek buyuk tarixiy kurashda o‘zbek xalqining ham katta hissasi borligini aniqlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Darhaqiqat, bugun dunyoning ko‘pdan ko‘p mamlakatlari hududidagi qabristonlarda, oq qayinlar ostida, zangor tepaliklar bag‘rida o‘zbek o‘g‘lonlari mangu orom topgan. Front gazetalarida ularning jasoratlari, qahramonliklari tasvirlangan, muhrlangan. «Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari» kitobining qimmati, qadri ham ana shunda.

 

Minhojiddin MIRZO,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari.



DB query error.
Please try later.