07.05.2019

BAROKAT VA MAG‘FIRAT OYI

Isomiddin qori AHROROV, Shayxontohur tuman «Xoja Ahror Vali» jome’ masjidi imom-xatibi:

— Koinot, mahluqot va mavjudotlarni yo‘qdan bor qilib yaratgan, bandalariga yaxshilik mavsumi, gunohlarimizni shu tafayli kechirilishiga sabab bo‘lgan ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladigan Ramazon oyini munosib kutib olishga buyruq bergan Ulug‘ Robbimizga hamdu sanolarimiz bo‘lsin!

O‘n bir oy davomida turli-xil amallarni qilamiz. Bandamiz, ojizmiz, ba’zida bilib, ba’zida bilmay gunoh qilib qo‘yamiz. Ramazonda esa g‘alvir ko‘tariladi va ana shu xatolar kechiriladigan oydir, qachonki, savoblarimiz serob bo‘lsa. Ramazon arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, ma’nolarini allomalar turlicha: saqlamoq, saqlanmoq, ehtiyot qilmoq, ehtiyot bo‘lmoq, kuydirmoq, kechirmoq tarzida bayon qilishgan. Bandani tutgan ro‘zasini, ibodatini qabul qilib, Ramazongacha nimaiki, qilgan gunohlari bo‘lsa shuni kuydirilishini bildiradi.

Avvalo, shu haqda o‘ylashimiz kerakki, biz muborak Ramazon oyiga qanday tayyorgarlik ko‘rdik? Qaysi holatda kirib bormoqdamiz va Ramazonda qanday amallarni qilishni rejalashtirib qo‘ydik? Biz qalbimiz bilan, xolis muhabbat bilan tayyorgarlik ko‘rib borsak, tutgan ro‘zamizdan huzur-halovat topamiz, duolarimizdan lazzat olamiz. Ulug‘larimiz Ramazonga 6 oy qolganda Allohim Bizlarni Ramazonga o‘zing yetkazgin, deb duo qilsa, Ramazon o‘tkandan keyin esa 6 oy davomida ey Robbim, o‘zing tutgan ro‘zamizni, ibodatimizni qabul qilgin, deb duo qilisharkan. Siz bilan bizning ham umrimiz ana shunday bo‘lishi kerak. Demak, oldimizda qanday ulug‘ oy turganini his qilaylik.

O‘tgan yili bir odam: «Ancha qazi, asal, go‘sht, yong‘oq zahira qilib qo‘ydim, nasib bo‘lsa, yetsa kerak-a», deb savol bergan edi. Niyatimiz toza bo‘lmasa, qalbimizda qanoat, sabr, ro‘zaga nisbatan ixlosimiz, muhabbatimiz bo‘lmasa, tonnalab yig‘sak ham u yetmaydi. Tayyorgarlik deganda qalban va ruhan tayyor turishimiz kerak. Bu — Alloh farz qilgan ibodat! Unga men qanday tayyorgarlik ko‘rdim? G‘iybatimiz yo‘qmi, yolg‘onimiz yo‘qmi, gunoh-tuhmatlarimiz yo‘qmi, o‘ziga noshukurchiligimiz yo‘qmi?

Ayollarimiz hayot, turmush tashvishlari bilan bolam-chaqam, deb tayyorgarlik esidan chiqib qolgan bo‘lishi mumkin. Ularga, qizlarimizga, opa-singillarimizga ham eslatib qo‘yaylik. Ana shunda Ramazon xonadonimizga rahmat, barokat oyi bo‘lib keladi. Chunki, Alloh ko‘rib turibdi. Bandam men farz qilgan ibodatimga tayyorgarligini qara. Alloh taolo o‘shanga yarasha barokat beradi.

Ramazon oyida ro‘za tutib, ibodat qilib, yurgan odamning his-tuyg‘usi kuchayadi. Ya’ni ro‘zador bo‘lib yurgan odam hech kim bo‘lmasa ham ro‘zasini ochib yubormaydi. Xudo ko‘rib turibdiku, degan his tuyg‘usi bo‘ladi. Agar ana shu his tuyg‘u har bir daqiqada siz bilan bizning yodimizda bo‘lsa, hayotimiz o‘ylaganimizdek osuda o‘tadi. Nima uchun turmushimiz past-balandliklardan iborat? Vaqti-vaqti bilan muammolarga, qiyinchiliklarga, mashaqqatlarga duch kelamiz? Bunga siz bilan bizning ojizligimiz, e’tiqodimizda Alloh bizni kuzatib turibdiku, degan his tuyg‘uni kamligi, sayozligi sabab bo‘ladi.

Ramazon ro‘zasi balog‘at yoshiga yetgan har bir mo‘min-musulmon uchun farz. Uzurlik holatlar: sut emadigan bolasi, homilador, bemor, musofir, ro‘za tutishga mone’lik qiladigan kasalligi bo‘lsa, ular istisno. Kimki, betob yoki safarda bo‘lib, ro‘zasini tuta olmagan kunlarini boshqa kunlarda tutishi mumkin. Alloh bizga yengillik istaydi. Agar banda qasddan ro‘za tutmasa bir kunga 60 kun tutib berishlik lozim bo‘ladi. Alloh taolo bizni shu ibodatlarga muvofiq qilgani uchun ham o‘ziga taslim bo‘lib, tan olib, uning buyruqlarini amalga oshirib, qaytariqlaridan qaytib, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga ergashib, ro‘zalarini mukammal tutish bandalik vazifamiz.

Bugun fan, tibbiyot olimlari ham ro‘za — ochlik odamlarni ichki va tashqi ko‘p kasalliklariga shifo bo‘lishiga sabab bo‘lishini asoslashdi. Ya’ni inson bir yilda ixtiyoriy ravishda 28-29 kun och qolishi kerak ekan. Tibbiyot olimlari tekshiruviga ko‘ra, bir yil davomida ro‘za tutmay turli hil davo vositalarini ichib yurgan odamning tashxisiga qaraganda, bir oylik farz ro‘zasini, Payg‘ambar alayhissalomning sunnatiga ergashib, yil davomida har oyda uch kun ro‘zalarini tutib yurgan insonning tahlili ancha toza chiqqan ekan. Ramazonda ham ruhiy, ham jismiy, ham ma’naviy, ham qalbiy jihatdan poklikka erishiladi.

Bu oyda oilamizda kitobxonlikni yo‘lga qo‘yaylik. Hech bo‘lmaganda oxiratimizga, e’tiqodimizga, iymonimizga, ahloqimizga hujjat bo‘ladigan bitta kitobni o‘qiylik. O‘zbek tilida chiqqan Qur’onni farzandlarimizga o‘qib beraylik.

Ulug‘larimizni qarang, ular Ramazonni qanday o‘tkazishgan? Imom Zuhoriy aytgan ekan, Ramazon oyi bu och-nahorlarni qornini to‘ydirish oyidir. Iftorlik qilamiz ha, kimlarni aytamiz? Ushbu tadbirlarimizga qorni to‘q kishilarni taklif qilamiz. Iftorlikka haqiqiy muhtojlarni chaqiradiganlar oramizda bor, lekin kam. Ba’zilar ularni past sanaydi. Bir muhtoj g‘arib odam kelib qolsa, haligi o‘ziga to‘q tanishimizga yomon ko‘rinmaslik uchun quvib solamiz. Ramazon oyida Alloh taolo bitta yaxshilikka 100 dan ortiq savob beradi.

Imom Moliy molikiy mazhabining asoschisi, ulug‘ allomamizning «al-Muvatto» degan kitoblari ahli ilmlar ichida ma’lum va mashhur... Ul zot Ramazon kelsa hadis ilmini to‘xtatib qo‘yar ekan. Hadis ilmi ham buyuk ilm. Rasulullohni bitta hadisini o‘qib, unga o‘z hayotida mukammal amal qilib yurgan bandasiga, Rasululloh 100 ta shahid savobini berarkan. 1 ta shahid 70 odamni shafoat qilish huquqiga ega. Bitta sunnatiga shuncha mukofot. Ana shu sunnatlarni hayotimizga qo‘llashimiz kerak. Shul inson hadis ilmini to‘xtatib, Qur’on o‘qishga kirishar ekan. Qur’on o‘qilgan joyga Allohni barokati yog‘iladi.

Hadis ilmining sultoni, muhaddislar ustozi buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriy hazratlari ham Ramazon oyida bir kunda bir marta hatim qilarkan. Undan tashqari tarovehda ishtirok qilib, uch kunda bir marta hatim qilarkanlar. Ular Ramazonni ana shunday o‘tkazar ekanlar.

G‘urur, kibr mo‘min-musulmonga yarashmaydi. Aybimizni odamlar ko‘rib qolmasin, deb qanday berkitsak, yaxshiligimizni ham xuddi shunday berkitishimiz kerak. Ana shunda musulmon bo‘lamiz. Qur’onda hamma narsa bor. Faqat bugun biz Qur’onni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qiy olmaymiz. Kimgadir ergashib o‘qishimiz lozim. Hadisdan biz bilim olishimiz uchun ulamolarga ergashishimiz kerak. Ulamolar kimga ergashadi. O‘zidan oldingi ulamolarga. Ular kimga tobeinlarga, tobeinlar kimga sahobalarga. Sahobalar kimga, Payg‘ambar alayhissalomga...

Boshqa din vakili bo‘lgan bir insonning farzandi bozorda xurmo yeb yurgan ekan, ota, o‘g‘liga qarab, o‘g‘lim, bu ishingni yig‘ishtir, musulmonlarning Ramazon oyi boshlandi. Ularga aziyat bermagin, debdi. Ul odam vafot etgandan so‘ng, jannatga tushgan emish. Undan sababini so‘rashsa, men musulmonlarni Ramazon oyini hurmat qilib, o‘g‘limni xurmo yeyishdan qaytarganim uchun shu yerga tushdim, deb javob beribdi. Qarang birgina hurmat uchun shuncha mukofot. Agar har bir musulmon bu oyda g‘iybat qilmasa, bo‘xton qilmasa, ro‘zasini tutsa, Qur’on o‘qisa, sersadaqa bo‘lsa va keyin ham bu ammallarini davom ettirsa qarang qancha savob bo‘ladi. G‘aflatda qolishga haqqimiz yo‘q.

Musulmon odam na harakati, tili va na biron bir amali bilan boshqalarga zarar berishi kerak emas. Barchamiz o‘zimizning yaxshi amallarimiz bilan ibrat bo‘ladigan vaqt keldi. Unga beparvo bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Musulmonlarning aslida qandayligini-yu, qo‘poruvchi kim, buzg‘unchi kim, terror kim, mutaassib kim, millatparast, fitnachi kimligini butun dunyo bilsin, o‘zimizning ezgu amallarimiz bilan musulmonning kimligini ko‘rsataylik.

Aql-farosat, idrok, ilm va ma’rifat bilan hayot kechirsa inson gunoh qilmaydi. Ro‘za tutib, yolg‘on ham gapirmaylik, noshar’iy so‘zlarni ishlatmaylik, g‘iybat, zino qilmaylik. Shuningdek, araz-ginalarni unutaylik, kim bilandir arazlashib qolgan bo‘lsak, kelsin mendan kechirim so‘rasin emas, biz birodarimizdan birinchi bo‘lib, kechirim so‘raylik. Payg‘ambar alayhissalomning muborak bir hadislari bor: «Gina-kudratchini dini yo‘q». Alloh qalbimizdan gina-kudratnni ildizi bilan chiqarib tashlab, haqiqiy o‘zini, diniga, bandalariga muxlis, yaratganga sodiq, chin mo‘min-muslimdek hayot kechirish baxtiga muvaffaq aylasin.

Xotira va qadrlash kunlari yaqinlashyapti, yaqinlarimizni, ota-onalarimizni qabrlarini obod qilib qo‘yaylik. Yomg‘irlar yog‘di, cho‘kib, ochilib qolmadimikan?.. Shuni bir ko‘raylik. Dam olish kunlari nabiralar, farzandlar, aka-ukalar, yaqinlar bilan birga qabristonni ziyorat qilaylik, ularni eslaylik, haqlariga zikrlar qilaylik. «O‘tgan ota-onangni ruhini chinqiratmagin», degan naql bekorga aytilmagan. Bu hadisda ham bor. Ulug‘larimiz buni quyidagicha keltiradilar: Albatta amallaringiz o‘tib ketgan yaqinlaringizga ko‘rsatildi, agar qilgan amallaringiz siylayi rahim, ibodat, zikr, shukur, taqvo, aka-ukani o‘rtasida meros talashish bo‘lmasa va shunga o‘xshagan yaxshi amallar ko‘p bo‘lsa, ularning ruhlari xursand bo‘lishadi, faxrlanishadi. Agar qilib yurgan amalimiz o‘g‘irlik, zulm, adovat, dushmanlik, yo‘lto‘sarlik, buzg‘unchilik, insonlarga aziyat berish bo‘lsa, ruhlar bundan chinqirab, yaqinlaridan qocharkan va Allohim bizni ortimizda qolganlarni o‘zing bizni qanday himoya qilib, ma’rifatga, yaxshilikka boshlab qo‘ygan bo‘lsang, ularni ham yaxshilikka boshlamaguningga qadar jonlarini olmagin, deb duo qilarkan. Bu ham savob, barokot, sunnat.

Qabrlarga e’tiborsiz bo‘lmaylik, uning ichida yo jannat, yo do‘zax bor. Uni qay biriga munosib bo‘lishimiz bu hayotimizda qanday ishlar qilganimiz bilan bog‘liqligini unutmaylik.

O‘z zamonasining mashhurlaridan bo‘lgan Chustiy domla ham bu borada siz bilan bizga o‘rnak bo‘lib quyidagi so‘zlarini aytganlar:

Eslasin ruhimni avlodim desang, sen ham o‘tgan avlodingni hurmat et...

Yaratgan Robbimiz kirib kelgan Muborak Ramazon oyini elimizga, xalqimizga, oilalarimizga rahmatli, mag‘firatli va barokatli oylardan bo‘lishini nasib etsin!



DB query error.
Please try later.