07.05.2019

«JAMOATCHILIK NAZORATI» VEB-PORTALI ISHGA TUSHIRILDI

Milliy matbuot markazida Davlat soliq qo‘mitasi «Soliq-servis» davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, call-markaz faoliyati, soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, yangi yaratilgan «Jamoatchilik nazorati» veb-portalining o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.

 

– Prezidentimizning 2018 yil 26 iyundagi Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq Davlat soliq qo‘mitasi huzurida «Soliq-servis» davlat unitar korxonasi va uning hududiy markazlari tashkil etildi, — deydi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Hotambek Shokirov. — Shu paytgacha tadbirkorlarni qiynab kelgan buxgalteriya hisobini oqilona yuritishda texnik jihatdan ko‘maklashish, hisobotlar va deklaratsiyalarni elektron tayyorlash hamda topshirish, elektron hisobvaraq-fakturalarni yuritish qoidalarini o‘rgatish «Soliq-servis» DUKning asosiy vazifalari hisoblanadi. Shuningdek, korxona soliq to‘lovchilarga sohadagi qonun hujjatlarini yetkazish, «call-markaz» maxsus servisi orqali aholiga axborot xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad soliq to‘lovchilarning haqiqiy va ishonchli hamkori va maslahatchisi bo‘lishni ta’minlashda davlat soliq qo‘mitasiga yaqindan yordam berishdir.

Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, joriy yilning birinchi choragi davomida «Soliq-servis» va uning hududiy bo‘limlari tomonidan soliq to‘lovchilarga qariyb 240 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, 14 mingdan ortiq xizmatlar asosan soliq to‘lovchilarning soliq hisobotlarini qog‘oz shaklidan elektron shaklga ko‘chirish va ularni soliq organlariga yuborish, 6700 holatda interaktiv xizmatlardan foydalanishda yordam berish masalasida, qariyb 2000 ga yaqin soliq to‘lovchini nazorat kassa mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ro‘yxatdan chiqarishda ko‘maklashish masalasida, 50 mingdan ortiq xizmatlar yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlariga maslahat ko‘rinishida yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, Call-markaz maxsus servisida 30 nafar mutaxassis tomonidan soliq to‘lovchilarning savollariga 24 soat davomida uzluksiz javob berish xizmati olib borilyapti.

Call-markaz maxsus texnikalar, dasturiy mahsulotlar hamda mebellar bilan jihozlanib, zamonaviy talablarga javob beradigan shaklga keltirildi. Buning natijasida bir kunda qariyb 1000 qo‘ng‘iroqqa javob berish imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda soliq xizmati organlarida barcha davlat xizmatlarining 90 foizga yaqini elektron tarzda amalga oshirilmoqda.

Aholi va biznes uchun elektron davlat xizmatlari taqdim etilishini optimallashtirish, jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi ilg‘or tajribani o‘rganish va soliq to‘lovchilarning taklif va mulohazalarini e’tiborga olgan holda my.soliq.uz portali ishlab chiqilib, ishga tushirilgan. Hozirda portal orqali 35 turda elektron xizmatlar ko‘rsatilmoqda. 20 interaktiv xizmat va 15 ta axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Yangilik sifatida yana shuni aytish mumkinki, qo‘mita tomonidan mobil ilova va my.soliq.uz portali orqali taqdim etilayotgan interaktiv xizmatlar bilan bir qatorda, «Soliq sohasidagi jamoatchilik nazorati» veb-portalini ham ishga tushirgan. Ushbu xizmatning asosiy mazmun-mohiyati shundan iboratki, fuqarolar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida respublikaning istalgan hududidan turib, ma’lumot berish mumkin. Ushbu masalaga mas’ul bo‘lgan xodimlardan iborat guruh zudlik bilan joyiga borib, muammoni hal qilish choralarini ko‘radi.

Bu bir tomondan tadbirkorlarimiz o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini poymol qilish, soliqdan qochish yoki shunga o‘xshagan qora yo‘llardan foydalanib, o‘z faoliyatini yuritish kabi holatlarning oldini oladi. Natijada byudjetga qo‘shimcha mablag‘ tushishi, tadbirkorlar esa rasman ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritishi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi uchun xizmat qiladi.

Shu bilan birga, matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi «Soliq-servis» DUK direktori o‘rinbosari Jamshid Sultonov bugungi kunda korxona tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va Call-markaz faoliyati haqida yanada kengroq ma’lumot berdi.

— Call-markaz maxsus servisiga tushayotgan murojaatlarning tarkibi tahlil qilinganda, 21934 tasi yuridik shaxsdan, 12586 tasi jismoniy shaxsdan, 4584 tasi yakka tartibdagi tadbirkordan, 184 tasi fermer va dehqon xo‘jaligidan, 689 tasi boshqa soliq to‘lovchilardan tushgani ma’lum bo‘ldi.

Tadbirda jurnalistlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Xususan, soliq to‘lovchilar ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlash, onlayn kassa apparatlarining amaliyotda qo‘llanilishi va soliq tizimida joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatlari, yagona soliq to‘lovi, qo‘shilgan qiymat solig‘iga oid savollarga mutaxassislar atroflicha javob berdi.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.