08.04.2019

«MEHR-MUHABBATGA LOYIQDIR ASLI – MEHRU MUHABBATNI QADRLAGAN ZOT»

Tog‘ning purviqorligi undan uzoqlashganing sayin yuksalib, butun bo‘yi-bastini ko‘rsatib boravergani singari hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, bu yorug‘ dunyoni tark etib ketganidan so‘ng, vaqt o‘tavergani sayin ular qadr-qimmati, ulug‘vorligi yuksalib boraveradi. Mustaqil O‘zbekiston davlati madhiyasi muallifi, O‘zbekiston Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ana shunday suyukli siymolardan sanaladi, shubhasiz.

Darhaqiqat, ustoz shoir Abdulla Oripovning butun hayoti va ijodi o‘zbek xalqining dardi, armonlari, orzu umidlari, quvonchlari bilan chambarchas bog‘langan edi. U xalq dardi kuychisi edi, bu dardni alam, dard, isyon bilan yozardi, yonib-yonib yozardi. Uning asarlari rus, ingliz, bolgar, turk, ukrain, turkman, ozarbayjon kabi ko‘plab tillarga tarjima qilingan.

Abdulla Oripov Kaliforniya (AQSh) Fan, ta’lim, sanoat va san’at xalqaro akademiyasining haqiqiy a’zosi. Yaponiya Soka universiteti professori, «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Bosh tahrir hay’ati a’zosi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati edi.

Har yili 21 martda xalqimiz Navro‘z bayramini nishonlaydi. Shu kuni ko‘plab ijodkorlar Abdulla Oripovning Do‘rmondagi uyiga oshiqardi, ertalabdan kechgacha bu uydan mehmonlar qadami uzilmasdi. Chunki shu kuni ulug‘ shoirimizning tug‘ilgan kuni edi.

Bu bahor ham shunday bo‘ldi, shogirdlar, yaqinlar Abdulla Oripovning xonadoniga kelib, ustozni xotirlashdi, she’rxonliklar bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Akademiyasida ham Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Kursantlar va ofitserlar buyuk shoir haqidagi xotiralarni katta qiziqish bilan tinglashdi.

 

«Favvora film» kinostudiyasi ta’sischisi va prodyusseri Keldiyor Xo‘jayorov:

— Barcha buyuk insonlar kabi Abdulla Oripov ham murakkab, shu bilan birga, o‘ta sharafli umr yo‘lini bosib o‘tdi. Uning keng mushohadali va «tig‘i» o‘tkir she’rlari Vatanga nisbatan cheksiz muhabbat, yurtdoshlariga samimiyat, O‘zbekistonning porloq kelajagiga mustahkam ishonch tuyg‘ulari bilan limo-lim edi. To‘g‘risi, biz hali bu inson oramizda ko‘p yashaydi, deb biroz beparvolik qilgandekmiz, nazarimda... Biz tadbirga shoirimizning 75 yoshlik yubileyida yozib olingan video tasvirni namoyish etish uchun olib kelganmiz...

Ushbu tarixiy lavhalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Alisher Nazar:

— Bunday xotiralardan kishi o‘ziga yarasha saboq oladi. Aslida qobiliyatning 90 foizi mehnat hisoblanadi. Men ustoz to‘rt qator she’rni qayta-qayta yozib, so‘ng maromiga kelgan bo‘lsa-da, uni yo‘q, menga yoqmadi, deganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Misol uchun, xalqimiz orasida mashhur, san’atkorlar maroq bilan kuylaydigan «Sen bahorni sog‘inmadingmi» she’ri qayta-qayta yozilgan bo‘lsada undan ko‘ngli to‘lmay, tashlab qo‘ygan ekan. Bu she’rni ustoz Ozod Sharofiddinov ko‘rib qolib, chop ettirgan ekan. Ha, Abdulla Oripov bir mittigina she’r ustida soatlab, kunlab, oylab ter to‘kib ishlaydigan ijodkor edi...

 

Abdulla Oripovning to‘ng‘ich farzandi, tibbiyot fanlari nomzodi Shoiraxon Oripova:

— Otam o‘z xalqini, tug‘ilib o‘sgan yurtini cheksiz mehr bilan sevib yashadi. U o‘zini bu xalqdan, bu yurtdan ayro holda tasavvur qilolmasdi. Ma’lumki, hayotlarining so‘nggi yillarida xastalanib qoldilar. Lekin shunga qaramasdan, so‘nggi nafasgacha ijodni to‘xtatmadilar.

Hech yodimdan chiqmaydi, vafot etishlaridan bir necha soat avval, ikkala bilagi «kappelnitsa»ga ulangan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘ngillariga quyilib kelayotgan she’rlarni shivirlab aytishga urinardilar. Biz otamning og‘iz qimirlashlarini diqqat bilan kuzatib, fikrlarini qog‘ozga tushirardik, so‘ng u kishiga o‘qib eshittirardik, satrlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini imo-ishoralar bilan tasdiqlab turardilar...

 

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari Akademiyasi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Davron Usmonov:

— Butun umr xalq dardi bilan yashagan, uning ozodligi-yu obodligini, mustaqilligini kuylab o‘tgan sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning yuksak vatanparvarligidan biz harbiylar ibrat olmog‘imiz kerak, deb o‘ylayman. Biz har tong uning qalamiga mansub bo‘lgan davlatimiz madhiyasini aytib, ish boshlaymiz, madhiyani aytib, osuda yurtda tinch uyquga ketamiz. Shubhasiz, bu yorug‘ olam bor ekan, dunyoda tiriklik mavjud ekan, Mustaqil O‘zbekiston bor. Mustaqil O‘zbekiston bor ekan, Abdulla Oripov nomi, ijodi xalqimiz qalbida yashayveradi.

Shuningdek, yozuvchi Luqmon Bo‘rixon, «O‘zbekiston ovozi» gazetasi Bosh muharriri Safar Ostonov suyukli shoirimiz bilan bog‘liq xotiralarini hikoya qilishdi, kursant Azizbek Ismoilov esa Abdulla Oripovga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.

 

Obiddin MAHMUDOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.