26.03.2019

«KITOB SEHRI VA MEHRI»

Yaqinlarimizning tug‘ilgan kuni yoki to‘yiga, bayramlarda nima sovg‘a olsam ekan, deb o‘ylanib qolamiz. Gulmi, taqinchoqmi, kiyimmi... Keyingi paytlarda sovg‘a axtarib kitob do‘konlariga tushayotganlar ham ko‘payib bormoqda. Ha, kitob – eng yaxshi sovg‘a. Kitob – mukofot.

Adabiyot davlatlararo munosabatlarda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton ­Nazarboyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Fransiya Respublikasi Senati Raisi ­Jerar Larshe, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr ­Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra ­Modiga kitob taqdim etdi.

Umumiinsoniy g‘oyalar mujassam bo‘lgan haqiqiy ijod namunasi, millatidan qat’i nazar, har bir inson qalbida aks-sado beradi, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradi.

Yaqinda bir maktabda «Kitob sehri va mehri» deb nomlangan adabiy kechada o‘quvchilarning sahna ko‘rinishlari namoyishini miriqib tomosha qildim. Kitobxonlik bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazildi, g‘oliblar kitob bilan taqdirlandi. Ota-onalar o‘zlari katta mukofot olganday, farzandlari yutug‘idan quvonishdi.

Bir yig‘ilishda taniqli professor (hozir u akademik) besh-olti jurnalistga xalqaro huquqqa doir ikkita kitobini tuhfa etdi. Kitob solingan bezakli karton qutilarni olib, muallifga minnatdorlik bildirdik.

Ostona hatlab ayolimga «Mukofot berishdi», – dedim qo‘limdagi qutini ko‘rsatib.

– Muborak bo‘lsin, muborak bo‘lsin. Nima ekan? – deya u qutini ocha boshladi.

 Men hozir uning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadi, deb o‘yladim.

 Lekin u... kitoblarni qo‘liga olib o‘pdi, ko‘zlariga surtdi.

– Nima qilyapsan? – dedim taajjublanib, – axir bular ­islomiy kitoblar emas, yana, ruschada bo‘lsa...

– Nima bo‘lgandayam kitob nonday aziz, dedi u.

To‘g‘risi, ayolimning kitobga munosabatidan ich-ichimdan quvondim.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida Farg‘ona shahrida bir necha kitob do‘koni bor edi.

Ayniqsa, shahar markazidagi «Kitob dunyo»si mashhur edi. Viloyatimiz markaziga borsam, hamisha gavjum bo‘ladigan bu do‘konga kirib, yangi kitoblardan sotib olib, o‘zgacha kayfiyat bilan chiqar edim. Taqdir keyinchalik Toshkentga yetakladi. Oradan o‘n besh yilcha o‘tgach, Farg‘onada bo‘lganimda, o‘sha ma’rifat dargohi o‘ziga tortdi. Asta kirdim-u... bekorchilikdan nimadir tikib o‘tirgan sotuvchi ayollardan boshqa hech kimni ko‘rmay, ko‘nglim xira tortdi.

Tug‘ilib o‘sgan joyim – So‘x tumaniga kelsam ham ahvol shu. Tuman markazidagi kutubxona aholi yashaydigan joydan ancha uzoqqa – dashtu dalalar bilan hamhudud kasb-hunar kolleji binosiga ko‘chirilibdi. Bir necha kishi ish joyi va maosh bilan ta’min-ku, kitobxon anqoning urug‘i. Kitob do‘konlari esa o‘zini oqlamay yopilibdi.

Hamma o‘zini buyum bozorlariga urgan. Kutubxona va kitob do‘konlari huvillab qolgandi.

Odamlar kitobni uzoqlashgani achchiq haqiqat edi. Ko‘plab shaharlarda supermarket, kafe, restoran, dorixonalar ochildi, kitob do‘konlari esa kamayib boraverdi. Gazetalardan birida o‘qigandim: «Kitob do‘koni» degan so‘z hozirgi bozor sharoiti atamalari ichida g‘aribroq eshitiladi». Bu ketishda nima bo‘ladi, degan savol ko‘ngilni bezovta qilardi.

Ko‘pchilik uchun kutilmaganda 2017 yil 12 yanvarda Prezidentimizning farmoyishi qabul qilingach, vaziyat o‘zgardi. Kitobgina insonni ma’naviy yuksaklikka olib chiqishi mumkin, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari. Haqiqatan shunday. Kitobdan begona odamning kamoloti bo‘lmaydi.

Yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini ko‘r­satmoqda. Yana kitobga yuz tutdik – mahallalar va ta’lim muassasalarini badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop hamda tarbiyaviy mazmundagi adabiyotlar bilan ta’minlashni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Kitobga bo‘lgan e’tiborning har qachongidan ham kuchaygani qalbimizni nurga to‘ldiradi.

Poytaxtimizning eng katta tumanlaridan bo‘lgan Yunus­obodda ham bundan uch-to‘rt yil ilgari kitob do‘koni deyarli qolmagandi. Bugun birgina «Megaplanet» ichida, uning atrofida bir necha kitob do‘koni kishini ohanrabodek o‘ziga tortadi. «Obod mahalla» dasturi doirasida Yunusoboddagi 13-mavze, xususan, Yangibog‘ mahallasi boshqacha qiyofa kasb etdi. Yangi qurilgan oynavand binolardan biri – mahalla kutubxonasi.

Kitobga mehr qo‘ygan inson qalbida faqat yaxshilik, ezgulik yashaydi, mehr-oqibat yashaydi. ­Dunyo­qarashi o‘zgacha, ma’naviyati yuksak bo‘ladi. Bu haqiqatni ayniqsa, ota-onalar yaxshi bilishi, bolalarini kitob o‘qishga da’vat etishi, ularga kitob sovg‘a qilishga odatlanishi kerak.

 

Muhammad SHODIY,

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi.



DB query error.
Please try later.