Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
30.08.2018

«YURAK SADOSI»

«SHARQ» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati ana shu nom ostida iste’dodli shoir va dramaturg, publitsist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Egam Rahim qalamiga mansub saylanmani bosmadan chiqardi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Yozuvchi Erkin Samandar so‘zboshisi bilan boshlangan saylanmadan she’rlar, dostonlar, dramalar, ocherk va lavhalar, tarjimalar o‘rin olgan. Shuningdek, saylanmaning «Shoir haqida zamondoshlari» deb nomlangan bobida O‘zRFA akademigi Sa’dulla Iskandarov, O‘zbekiston xalq shoiri Barot Boyqobilov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Oshiq Erkin, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar Jabbor Razzoqov, Ra’no Zaripova singari ijodkorlarning Egam Rahim haqidagi xotiralari berilgan.

Egam Rahim chorak asrdan ziyod vaqt mobaynida «Xorazm haqiqati» gazetasiga muharrirlik qildi. «Egam Rahim muharrirlik qilgan gazeta viloyatning barcha kattayu kichik qalamkashlariga bag‘rini keng ochgan, ilhom bulog‘i qaynab turgan haqiqiy ijod maskani edi», — deb eslaydi o‘z xotiralarida Jabbor Razzoqov.

Egam Rahim jurnalistlik faoliyati bilan bir qatorda, barakali ijod qildi. Ayniqsa, Xorazm mavzusida yozilgan she’rlari shoir ijodining asosini tashkil etadi. Saylanmaning «Salom sizga Xorazmdan» deb nomlangan bo‘limidan joy olgan she’rlarda shoirning shu quyoshli zaminda tug‘ilib, voyaga yetgani, do‘stu qadrdonlarining mehr-muhabbatidan faxr-iftixor tuyg‘ulari ufurib turadi. «Salom sizga Xorazmdan», «Xorazm gapiradi», «Xorazm», «Yangi qadam», «Jayhun nidosi», «Nur daryosi», «Qalbim qissasi», «Ozerniy haqida ballada» singari ko‘plab she’r va ocherklar ana shular jumlasidandir.

Shoir bugungi kun va kelajak to‘g‘risida nimaniki yozmasin, uning diqqat markazida o‘z xalqining o‘tmishi, hozirgi kuni va kelajagi haqidagi o‘ylar yotadi. Saylanmaga kiritilgan qadim Xorazm tarixidan hikoya qiluvchi «Kaltaminor hikoyasi», «Chingiz bosqini», «Pahlavon Mahmud» kabi asarlar fikrimiz dalilidir. Shuningdek, «Do‘stimning taqdiri» balladasida 30-yillar qatag‘oni, uning qurbonlari qalamga olingan.

«Egam Rahim ijodi bilan tanishar ekansiz, nozik didli, yuksak mulohazali, madaniyatli, yuragi keng, fikrlari tiniq, o‘z tug‘ilgan joyiga sadoqatli, fidoyi va jo‘mard inson ko‘z oldingizga keladi, — deb yozgan edi Barot Boyqobilov. — U hamisha muhtojlarga yordam ko‘rsatishga oshiqqan, birovlar tashvishidan ozor chekib, ularga yordam ko‘rsatib, shundan o‘ziga orom topuvchi inson edi».

Egam Rahim ijodidagi yana bir eng qadimiy mavzu — mehr-muhabbat haqida. Shoir hali hayotligi davrida uning juda ko‘plab she’rlari qo‘shiqqa solindi, hozir ham hofizlarning kuy-qo‘shiqlarida yangramoqda. U qoraqalpoqqa ham, qozoqqa ham, qirg‘izga ham, turkmanga ham she’r bag‘ishladi, ularni hamjihatlikka chorladi, do‘st-birodarlikka da’vat qildi. Egam Rahim «Avlodlar qo‘shig‘i» she’rida shunday yozadi:

 

Og‘ir damda metin iroda

Hamjihatlik, birlik qalbimiz.

Biz shunday xalq: buyuk va sodda,

Yaxshilikka kengdir bag‘rimiz.

 

Egam Rahim 59 yoshida — 1977 yilda olamdan o‘tdi. Lekin shoirning ikkinchi umri she’rlarida, farzandlari, nevara-evaralari timsolida davom etmoqda. Egam Rahim tavallud topganligining 100 yilligi munosabati bilan chop etilgan yaxshilikka, bag‘rikenglikka yo‘g‘rilgan ushbu «Yurak sadosi» saylanmasi, o‘ylaymizki, o‘quvchilarga manzur bo‘ladi.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.