Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
10.07.2018

YASHASH UCHUN YASHAMAYOTGAN ODAM

Qahramon bo‘lish uchun atayin qahramonlik ko‘rsatish shart emas. Oramizda shunday oddiy odamlar borki, ularning faolligi, fidoyiligini qahramonlikka mengzash mumkin. Faqat o‘zi uchun emas, o‘zgalar uchun ham kuyib-pishadigan, tinib-tinchimaydigan himmatli, jonkuyar insonlar qancha ko‘p bo‘lsa, hayot yanada farovon bo‘ladi.

Bu 9 qavatli uy oldidan deyarli har kuni ertalab va kechqurun atay o‘taman. Maqsad — ko‘zni quvontiradigan, ko‘ngilni yayratadigan darajadagi go‘zal manzaradan zavqlanish.

Turfa rang gullar... Har xil hajmdagi turli-tuman toshlar... Yam-yashil maysa, chiroyli chechaklar, xilma-xil o‘simliklar... Hovuzchalar, haykalchalar... Did bilan shakl berilgan archalar, ajib manzarali mayda daraxtlar... Xullas, bu go‘zallikni so‘z bilan ta’riflash, tasvirlash anchayin qiyin, tomosha qilish esa ham oson, ham maroqli.

Toshkent shahri Bektemir tumanidagi «Iqbol» mahallasi, 12-uy... Xuddi shu manzilda gullar va go‘zallik, nazokat va nafosat shaydosi Ahmadjon Sayfulov istiqomat qiladi.

To‘rt farzandning otasi, yetti nabiraning bobosi bo‘lmish 63 yoshli Ahmadjon aka bilan tanishib, gurunglashishni ko‘pdan ko‘ngilga tugib yurardim. Tunov kuni u kishini gulzorni parvarishlayotganda uchratib qoldim va o‘zimni tanishtirib, suhbatga tortdim.

— Ahmadjon aka, ko‘rinib turibdi, ancha tajribali gulchi-bog‘bon ekansiz...

— Yo‘q, men bog‘bon emasman.

— Yo‘g‘-e?

— Haydovchiman. Pensiyaga chiqqunga qadar yengil mashinadan tortib, «Zil», «Kamaz», «Maz»gacha haydaganman.

— Haydovchining mana bu manzarani yaratishi, axir, buning o‘zi bo‘lmaydi-ku?!

— Bu endi qiziqish, mehnat va mehr mevasi. O‘n yildan oshdi, bog‘, gulzor, landshaft yaratishga qiziqib qoldim. Kitob va jurnallardan, internetdan foydalanib, ko‘p narsani o‘rgandim.

— Malaka, tajriba, ko‘nikma-chi? Qolaversa, ustoz-shogird, degan gaplar ham bor.

— Agar astoydil o‘z ustingizda ishlasangiz, hamma narsani o‘rgansa bo‘larkan. Boya aytdim, o‘n yildan buyon ekzotik manzara yaratishga qiziqaman. Amaliy ishni boshlaganimga esa besh-olti yil bo‘ldi. Bir do‘stimning tanishi ham landshaft bilan shug‘ullanadi. Undan tushunmagan, bilmaganlarimni so‘raganman.

— Sir bo‘lmasa, ayting-chi, aynan nimalarni o‘rgandingiz o‘sha insondan?

— Joy, tuproq tanlashni, o‘simlik va ko‘chatlarni qachon, qaysi payt va qay tarzda ekishni.

— Ahmadjon aka, shu uyning yon va old tomonini yashnatib qo‘yishingizga biron bir sabab bormi?

— Bor. Bu uyda oilam bilan yashayman. Uy ham bir — Vatan! Qo‘limdan kelarkan, nega endi o‘z uyim — o‘z Vatanimni obod qilmasligim kerak?!

— Rahmat! Hamma ham sizdek o‘ylamaydi, hamma ham sizchalik harakat qilmaydi-da. Agar har birimiz o‘z uyimizni Vatan bilib, obodonlashtirishga kirishsak bormi, eh-he, qanchalar ulug‘ ish bo‘lardi! Afsuski, yuqori qavatlardan u-bu narsani pastga irg‘itadigan, maxsus joyga borishga erinib, chiqindini yo‘lakka, ko‘chaga, ariqqa tashlab ketadiganlar ham ko‘p.

— Men ba’zi odamlarni kabutarga o‘xshataman. Ularning ko‘rinishi, kiyinishi chiroyli, yashash tarzi esa... Kabutar chiroyli qush, ammo yashashi... Shu gulzorga ham tepadan nos tuflaydigan, sigareta qoldig‘i yoki boshqa mayda-chuyda narsalar otadiganlar bor. «Iltimos, tashlamanglar, tupurmanglar», deb qayta-qayta aytib chiqdim. Kimlardir meni tushundi, kimgadir gapim umuman ta’sir qilmadi.

— Landshaftni yaratishga kirishganingizda «Senga nima zaril, qo‘y bu ishingni» deganlar ham bo‘lgandir?

— Ha. «Ortiqcha xarajat qilib, boshingni og‘ritib nima qilasan, baribir ko‘kartira olmaysan, o‘smaydi» deyishdi. Gap-so‘zi mayli-yu, lekin o‘sha «dono»larning hech biri aqalli bir chelak tuproq ham tashishmadi.

— Aytgancha, xarajat haqida. Landshaft sizga qanchaga tushgan? Birgina sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yishning o‘zi bo‘lmagandir?

— Toshdan boshqa hamma narsani sotib olganman. Sarf qilingan summani esa aytolmayman, chunki bu ishlarni foyda olish maqsadida qilganim yo‘q. Sug‘orish tizimi uchun yerto‘ladan quvur tortganman. Bu boradagi amaliy yordami uchun «Iqbol» mahallasi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi Lyudmila Uvarovadan minnatdorman.

— Eshitishimcha, yo‘lakni ham gul bilan bezab qo‘yganmishsiz?

— O‘zim uchinchi qavatda turaman. Ikkinchi va uchinchi qavat yo‘laklarini imkon darajasida bezashga harakat qildim.

— Ko‘rsak bo‘ladimi?

— Marhamat, bemalol.

Yo‘lakka kirdik. Ochig‘i, mo‘jazgina gulzorga kirib qolgandek bo‘ldim. Devorda, zinapoyada... hamma joyda rang-barang gullar. Azbaroyi qiziqqanimdan katta-kichik gultuvaklarni birma-bir sanab chiqdim. Ular «bor-yo‘g‘i» 112 ta ekan. Qoyil, havas qilsa, ibrat olsa arzigulik ulug‘ ish bo‘libdi!

Har kuni ertalab gulzorga salom berib, daraxtlar, gullar bilan gaplashib chiqadigan Ahmadjon aka bilan uzoq suhbatlashdik. Suhbat davomida kenja o‘g‘li Edik ham ota izidan borib, o‘zi yashaydigan uy yonini yashnatib qo‘yganligi ma’lum bo‘ldi.

Saxovatli inson Ahmadjon Sayfulovning yana bir ishiga qoyil qolish kerak. U kishidan Bektemir tumanidagi 575-maktabgacha ta’lim muassasasi jamoasi behad mamnun. Negaki, tabiat va go‘zallik shaydosining bolajonlarga sovg‘asi — chiroyli landshaft bog‘cha hovlisiga ko‘rk va zeb bag‘ishlab turibdi.

Ahmadjon aka bilan xayrlasharkanman, ko‘nglimdan «shundaylar bor bo‘lsin, ko‘p bo‘lsin!» degan tilak, «savobli, ibratli ishlarni qilib, jimgina yuradigan jonkuyarlarga e’tiborli bo‘lish kerak!», degan fikr o‘tdi.

 

Alijon ABDURAHMONOV,

jurnalist.



DB query error.
Please try later.