Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
28.06.2018

FIKRAT DARG‘ALARI

Dilbar MAHMUDOVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist:

— Qirq yillik judolikdan so‘ng buvi va nabira uchrashuvi haqidagi ma’lumotni markaziy matbuot ilib ketdi. «Pravda» gazetasida ?941 yilga qaytib» sarlavhali katta hajmdagi publitsistik maqola e’lon qilindi. Unda gazetamizning xayrli ishi haqida eslab o‘tildi. «Nedelya», «Izvestiya» kabi qator gazeta-jurnallarda, O‘zbekistondagi barcha matbuot sahifalarida bu xushxabar o‘z aksini topdi.

1986 yili xalqlar do‘stligi, xususan, Shomahmudovlar oilasi, Fyodor haqidagi ocherklarim uchun Jurnalistlar uyushmasi mukofotiga sazovor bo‘ldim.

O‘ylab ko‘ring! Agar Shomahmudovlar oilasi haqidagi taklifimni muharririmiz qo‘llab-quvvatlamaganida, menga ishonmaganida insonlar taqdiri bilan bog‘liq bu ocherklar balki yozilmay, Fyodorning orzulari ham armonligicha qolib ketarmidi?! Gazetamizda bosilgan maqola ezgulikni chorladi, bu ezguliklar — Maqsud Qoriyev sharofati bilan ro‘y bergan edi, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Olg‘a yuring, ammo mening ortimdan... Qadamlarim biroz tezlashib ketdimi yoki rahbariyatning yangi ishga kelgan oddiy bir xodimga bo‘lgan ishonchi, qo‘llab-quvvatlashi ba’zilarning g‘ashiga tegdimi, menga nisbatan munosabat o‘zgardi. Bir guruh kimsalar meni ruhiy tazyiqqa oldi. Bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashdi. Men bitta edim, ular esa ko‘p. Go‘yo men katta gunoh ish qilib qo‘yganman-u, meni jazolashayotganday... Yozgan maqolalarim gazeta yuzini ko‘rmas, to‘planib qalashib yotaverardi. Jurnalist uchun bundan ortiq jazo yo‘q. Men tishimni tishimga bosib ishlayverdim. Ikki oyog‘im bir etikka tiqilgan edi. Odatda yangi xodimga qiziqisharkan, sinab ko‘risharkan, yordam berisharkan, keyin o‘z yo‘liga qo‘yib yuborisharkan. Buyog‘ini o‘zing olib ket, yashash uchun kurash deyisharkan. Men yashash uchun kurasha boshladim. Lekin boshi berk ko‘chaga kirib qolgandim. Muharrirga shikoyat qilishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Rahbarimiz nihoyatda band edi. Qo‘li qo‘liga tegmasdi. U chaqimchilik, birovning ustidan shikoyat qilganni yoqtirmas edi. Lekin nailoj?! Ilojsiz qolganingda shu dargohning otasiga dardingni aytmay, kimga ko‘z yosh to‘kasan?! Qabuliga kirdim deylik, dardimni to‘kib soldim deylik, lekin u meni oxirigacha eshitmasa-chi, meni noto‘g‘ri tushunsa-chi, gaplarim ichimda qolib ketib, izza bo‘lib chiqib ketsam-chi?! Men o‘zim bilan o‘zim fikrlashardim. Yaxshisi, unga maktub orqali murojaat qilaman, degan qarorga keldim va yozdim... Maktubim javobini kutaman, kutganim sayin javob yo‘q... Bunga sayin ich-etimni yeyman. Lekin meni bir narsa xotirjam qilardi. Maktubda yolg‘on gap, tuhmat yo‘q. Faqat va faqat bor haqiqatni yozganman. O‘zimni haqligimga ishonaman. Rahbarimizning adolatli inson ekaniga suyanaman.

Vaqt o‘tgan sayin maktubda yozganim muammolar o‘z yechimini topa boshladi... Oxir-oqibat menga qarshi nadomatlar boshida turgan shaxs ishdan ketib, ayrimlari nafaqaga kuzatilgach, hayotim, ijodiy muhit o‘z iziga tushib ketdi. Maktub yuzasidan muharrir bilan bir marta ham savol-javob qilmaganmiz, u o‘z-o‘zidan yechimini topgandi. Bu ko‘pni ko‘rgan, ko‘pni sinagan ustozimiz, yozuvchi Maqsud Qoriyevning rahbarlik salohiyati, ish uslubi edi. Ish so‘nggiga yetganda muharrir kotibasi bir konvert ko‘tarib oldimga keldi va uni muharrir menga berib yuborganini aytdi. Ochib qarasam, mening unga yozgan maktubim. Ustiga «Arxivingizda saqlang, kerak bo‘lib qolar» degan muharrir dastxati.

Yuqorida men o‘zim haqimda, o‘zimning kichik bir ijodiy, hayotiy faoliyatimga muharririmiz daxldor bo‘lgan misollardan ayrimlarinigina keltirdim, xolos.

Tahririyat ijodiy jamoasi juda katta kuch edi. Jamoada saksondan oshiq ijodiy, texnik xodimlar ishlardi.

Qizil imperiya hukmronlik qilgan og‘ir vaziyatlarda ham bu gazeta xalq fikri bilan hisoblashgan, haqgo‘ylik yo‘lidan borgan, millatimiz manfaatini ko‘zlagan. Gazeta kechayu kunduz nazoratida bo‘lmasin, undagi asosiy mavzu paxta, g‘alla, pilla topshiriqlari, majburiyatlari, planlari haqida bo‘lmasin, shu planlarni bajarayotgan odamlar, ularning turmush tarzlari, dunyoqarashlari, insoniy xislatlariga oid katta-kichik maqolalarga gazeta sahifasidan, albatta joy ajratilar edi. Gazeta hech qachon o‘zligidan chiqmagan. Milliy qadriyatlarimiz, buyuk tariximizni eslatib turadigan, boshiga ko‘taradigan va bu tuyg‘ularni o‘z ijodlari orqali matbuot sahifalariga olib chiqadigan fidoyi ijodkorlar gazeta jamoasida hamma vaqt bo‘lgan. Ular gazetani ardoqlashgan. Kechayu kunduz uni mehr bilan qo‘riqlashgan. Aslida, jurnalistning ish vaqti hech qachon cheklanmagan. Shunday kunlar bo‘lardiki, ijodiy xodimlarning tahririyatda bo‘lishlari shart edi. O‘n kunlab davom etadigan s’ezdlarda ular navbatma-navbat kechayu kunduz tahririyatda qolishardi. Betinim kelib turgan ma’ruzalar, chiqishlar, hujjatlarni gazeta sahifasiga olib chiqish, yoritish ishlari bilan band bo‘lishardi. Haftalab uylariga bormagan xodimlarimiz bir dam mizg‘ib olib, yana ishga kirishib ketishardi. Shu yerda ovqatlanishardi. Oshxonaga borishga vaqt yetishmasdi. Ba’zida Maqsud Qoriyev «uxo-gorlo-nos» ko‘tarib kirib kelardi. Ba’zida bir tog‘ora qulupnay yoki bir tog‘ora gilos olib kelardi.

Gazetaning yangi soniga muharrir qo‘l qo‘ydi, deganingizda yuqoridan yangidan-yangi rasmiy xabarlar, qaror yoki ma’ruzalar matni shoshilinch kelib qolardi. Qarabsizki, gazeta maketi buzilar, sahifalar qaytadan tuzilardi. Ko‘ryapsizki, gazetaning har bir soni hech qachon sakkiz soatli ish kuni bilan o‘lchanmagan. Gazeta sexda bosilib, «kioska»larga sotuvga yetib borguncha o‘tadigan vaqt 24 soatdan ham oshib ketardi. Gazeta sotuvga chiqdi, degani gazeta mas’uliyatidan qutildim, degani emasdi. Ba’zida kun chiqarda uyimizga yetib kelib, bir piyola choy ichib, uydan, bola-chaqadan xabar olgan bo‘lib, yana ishga chopardik. Biz-ku uyimizga birrovga bo‘lsa ham borib-kelardik. Muharririmiz esa hamon o‘z xonasida, damba-dam bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarga javob berayotgani ochiq eshigi orqali eshitilib turardi. Ishqilib, gazetada xato ketmaganmikan, qo‘ng‘iroqlar ish tufayli emasmikan, degan xavotirda bo‘lardik. Gazeta haftada olti marta chiqardi. Haftaning olti kuni muharrirdan tortib, har bir ijodiy, texnik xodim ana shunday hayajonli daqiqalarni boshdan kechirardi.

Ishimiz, vazifamiz og‘ir edi. Lekin hech kim bu dargohdan ketaman, ishlamayman, deganini eshitmaganman. Go‘yo ish degani shunaqa bo‘ladi-da, deb kasb-korimizga jon-dilimiz bilan qiziqib, yopishib ishlardik.

Qanot qoqib ishlayotuvdim, parvoz qilib uchayotuvdim, qandaydir daydi o‘q bag‘rimni teshib o‘tdi, o‘ng qanotimni qayirib tashladi — onamdan judo bo‘ldim. O‘zimni o‘nglab-o‘nglamay, vujudimga ikkinchi bir o‘q kelib qadaldi — otam bedavo dardga uchrab qoldilar. Men dovdirab qoldim. Qaqshagan jonimni hovuchlab rahbarim huzuriga oshiqdim. O‘z hisobimdan «otpuska» so‘radim. Muharrir esa otamni davolatish uchun shifoxonaga yotqizish, shifokorlar maslahatini olishga yordam taklif etdilar. Bu jarayonlarni allaqachon boshimizdan o‘tkazib bo‘lganmiz, buyog‘i Ollohning irodasi ekani, mo‘jiza kutib yashash, taqdirga tan berishdan boshqa ilojimiz qolmaganini aytdim. Orada ko‘z yoshi to‘kib, ko‘nglimni bo‘shatib ham oldim. Maqsud Qoriyev oilaviy sharoitimiz bilan qiziqdi, akam yoki ukam bormi-yo‘qmi, so‘radi. Men biz ikki qizmiz, otamning boquvchisi ham, suyanchig‘i ham ikkimiz, dedim. Shunda ustoz: — Hozircha uyda ishlab turing. Imkon topib biror material tayyorlay olsangiz redaksiyaga yetkazib turarsiz... Asosiy vazifangiz — bu otangiz. U kishini parvarish qiling, duosini oling. Uyog‘ini keyin gaplashamiz, — dedi. Ishxonadagi hamkasblar tez-tez kelib xabar olib turishardi. Bir kuni redaksiya kasaba uyushmasi raisi kelib dori-darmon uchun deb biroz pul ham tashlab ketdi... Otajonim peshonamizga sig‘madilar. Ikki yil oralig‘ida ikki tog‘imdan ayrildim. Eng og‘ir kunlarimda ijodiy jamoamiz yonimda bo‘ldi. Usmon Yusupov, Rahmatilla Ishoqov, Tojiboy Unaboyev, Ma’ruf Nazarov otamni so‘nggi yo‘lga kuzatishda bellariga belbog‘ bog‘lab, o‘g‘il o‘rniga o‘g‘il bo‘lib bizning qatorimizda turishdi. Bu ezguliklar orqasida rahbarimiz turgani sir emas edi.

Shu o‘rinda muharririmiz bilan bog‘liq yana bir voqeani hikoya qilgim bor. Yozuvchi va publitsist Samar Nurov gazetamizning Sirdaryo viloyati bo‘yicha muxbiri edi. 1973 yil, 22 iyun, ayni saraton. Gazeta topshirig‘i bilan u Oqoltin tumanidagi «Farg‘ona» xo‘jaligiga boradi. Kun issiq, dala, chang-to‘zon. Bir yuvinib olay, degan ma’noda u shiypondagi hovuzga o‘zini tashlaydi. Suv ostidagi quvurning o‘tkir uchi boshiga jarohat yetkazadi. Umurtqa suyagi 3-4 bo‘g‘indan sinadi... Transportda olib yurish mumkin bo‘lmagani uchun «Mirzacho‘lqurilish» boshqarmasiga qarashli shifoxonada qoldirishadi.

...Maxsus krovatda yotibman. Bo‘ynimga tosh osilgan. Nafas olishim og‘ir. Ishtaha yo‘q. Umurtqa suyaklarim yonadi. O‘ylov, vahima, azob-og‘riqlarga ko‘nika boshladim. Issig‘im qirq bir darajaga yetganda hushimdan ketaman. Shunda rezina idishlariga solib muzlatilgan muz xaltalarni peshona, ko‘krak, biqin, tizzamga qo‘yishadi. Harorat o‘ttiz to‘qqizga tushganda hushimga kelib, ko‘zlarimni ochaman, atrofga qarayman...

«...Maqsud Qoriyev respublikaning eng katta neyroxirurglarini Oqoltinga boshlab keldilar. Neyroxirurgiya markazining ilmiy rahbari Abdulxayr Mirsodiqov meni ko‘rdi... Hushimga kelib, Maqsud akaning so‘zlarini eshitdim: — Hali Samar bilan katta ummonlarda cho‘milamiz...»

«...Har kuni Toshkentdan bir mashina bo‘lib hamkasblar kelib-ketishadi. Dori-darmon, oziq-ovqat, gul... Har shanba shifoxona ustida «Kukuruz» — samolyoti aylanib, maxsus maydonchaga borib qo‘nadi. «Tez yordam» ularni olib keladi. Professor maslahat berib, yana qaytib ketadi... Bu bordi-keldilar o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini, Maqsud akaning sa’y-harakatlari hosilasi ekanini sezib turibman...»

«...Toshkentga olib kelishdi. Neyroxirurgiya markazida alohida xonaga joylashtirishdi. Haroratim hali ham baland. Tanamda bir litrga yetar-etmas qon qolgan. Bu jarohatlarning bitishi u yoqda tursin, a’zolarning risoladagidek ishlashiga ham kifoya emas... Yetmish bir kunda tanim qirq bir kilogram ozib, o‘ttiz bir kilogramm qolibman...»

«...Abdulxayr aka xonaga suyunib kirdi. Qo‘lida karton quti: — Maqsudjonga rahmat, — deydi jilmayib. Ikki flakon xorijda ishlab chiqarilgan noyob dori so‘rovdim, u bo‘lsa katta xazina yuboribdi.

Yetti marta qon quyishdi... Nihoyat, oyoqqa turg‘azishdi...»

«Maqsud akam yelkalariga oq xalat tashlab sog‘liqni saqlash vaziri Qayum Zoirov boshliq kazo-kazolarni palataga boshlab keldi. Qayum aka hol-ahvol so‘rab turib, kasallik varaqamga «Semashkoga» deb yozib berdilar».

«O, tangrim, men g‘arib, notavon yurgan bu dunyoda qanday mo‘jizalaring bor-a! O‘likni tiriltiradigan kuy-qo‘shiqlar, ojizning ko‘zlarini ochuvga qodir ranglar, xurshidi jahon, oy-yu yulduzlar. Lekin baribir shularning gultoji, shoh asari Inson, uning yuragi bo‘lsa kerak».

«O, tangrim! Bu g‘arib, serg‘alva dunyoni bezash uchun shunday olijanob, oqibatli insonlarni yaratib qo‘yganingga shukronalar bo‘lsin... Maqsud aka to‘qson yoshga yetganlarida aytadigan ikki og‘iz so‘zimni ham yuragimga tugib qo‘yibman. Tangri inoyat qilsa, bu ham armon bo‘lib qolmas...»

Yuqoridagi samimiy dil so‘zlari yozuvchi, publitsist Samar Nurning Maqsud Qoriyev yetmish yoshga to‘lganda yozgan ikki kalom so‘zi — «Qiyomat qarz» otliq tabrik maktubidan olingan ayrim parchalar. Ustoz Maqsud Qoriyev to‘qson yoshga yetolmadilar. Samar Nur ham uzoq yashay olmadi. Armonlari ichida ketdi. Lekin ulardan buyuk bir xotira qoldi. Bu — yaxshilik degan nom. O‘shanda bu ijodiy jamoaga yangi ishga kelgan paytlarim edi. Yuqorida tasviri berilgan qayg‘uli, tahlikali onlarning guvohi bo‘lganman. Muharririmiz boshchiligida ijodiy jamoaning Samar Nurov uchun oyoqqa turgani, ularning jon fidoyiliklaridan qattiq ta’sirlanib, «Inson qadri» sarlavhali maqola yozganman. Axloqiy-insoniylik yo‘nalishidagi bu maqolam o‘zimizning gazetamizda bosilgan. Bu hikoyalar Maqsud akaning insoniylik xislatlaridan men ko‘rgan, bilganlarimdan bir shingil, xolos. Hali men bilmagan, ko‘rmaganlarim qancha ekan-a!

 

(Boshlanishi 21-26-iyunda.

Davomi keyingi sonda).



DB query error.
Please try later.