27.02.2018

OLTOVLONNING YETTINCHI ARMONI

Biz ertalab farzandlarimizni bolalar bog‘chasiga, maktabga kuzatib, xotirjam bo‘lib ishga otlanamiz. Kechqurun uyga qaytib, oila davrasida bexavotir o‘tiramiz, uxlaymiz. Buning bosh omili — yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikdir.

Ammo tinch hayotimiz o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun tunu kun halovat bilmay xizmat qilayotganlar bor. Ular osoyishtalikni saqlash, hududlarimizni himoya qilish uchun xavfu xatarlar bilan yuzma-yuz kelishadi, bu yo‘lda jonlarini ham ayamay kurashishadi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatib, xizmat vazifasini bajarayotib, qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimiz nomini xalqimiz hech qachon unutmaydi. Bugundan boshlab gazetamizda ana shunday mard, jasur, yovqur o‘g‘lonlar haqida maqolalar chop etib boramiz. Ularning aziz xotirasi biz uchun muqaddas... Ular Vatan, xalq tinchligi yo‘lida o‘z jonlarini fido qilgan zamonamiz qahramonlari... Siz, aziz gazetxonlardan, hamkasblarimizdan ushbu mavzudagi maqolalarni kutamiz.

Ular oilada 7 o‘g‘lon va uch qiz edi. 10 jonning otasi Abduqodir aka 45 yoshida avtohalokatda vafot etadi. Bu vaqtda farzandlarning hech biri mustaqil hayot ostonasiga qadam bosmagan edi. Onaning yelkasiga otalik ham tushdi. U pilla boqib, 40 yil mehnatdan bosh ko‘tarmadi, mehnat peshtaxtasidan surati tushmadi. 10 jonni uyli-joyli qilib, saksonga kirdi. Hatto yetti kelinga qaynona bo‘lib, «Farmonbibi», degan nom ham oldi. Oilaning ulug‘i 80 yoshida olamdan o‘tdi.

Oltovlon stol bo‘ylab oq-qora suratlarni yoyib chiqdi. Ular shunday xira va eski, aksarida 10 chog‘li bolalarning g‘uj-g‘uj tasviri bor.

«Bularning qay biri Beksaid», deb so‘rayman. Og‘a-inilar uniqib qolgan suratlardan tezda uni topib, «mana Beksaid» deyishlari hayratimni oshirdi.

«Siz ajablanmang», deydi Abdujabbor aka. Aslida bu juda oson. Qay bir bolaning ko‘ksida tangadek nishon yaraqlab turgan bo‘lsa, o‘sha — Beksaid akam.

Ozgina kulishib oldik.

Xullas, oltovlonning yettinchisi haqida uzoq suhbat bordi. Tarix darsligini bosh-adoq o‘qiganday bo‘ldim. Negadir o‘sha lahzalarda xayolimdan yozuvchi Ekzyuperining «Istehkom» asari sira ketmadi.

«Insonlarning moddiy boyliklar bilan aloqalariga to‘sqinlik qiling. Kichkina odamda Insonni tarbiyalar ekansiz, uni ma’naviy boyliklarga oshno eting. Illo, busiz qalb toshga aylanib qolur», deb yozgan edi Ekzyuperi.

...Uni bilguvchilar ko‘p aytadi: Beksaid bolaga o‘xshamadi. Nuqul o‘zini katta odamlarga chog‘ladi. O‘zi bir tutam jon, kamiga og‘ir fe’l-atvor. To‘ylar ko‘paygan mahali u tengilar qorin g‘amiyu, o‘yin-kulgining ketidan chopar, u bo‘lsa uyda, g‘aroyib ishlar boshida turardi.

Bir kuni Beksaid bir hovuch eski orden va medallar bilan uyiga kirib keldi. So‘ngra har birini yuvib-artib, ko‘ksiga qadadi. Ko‘chaga ham medallarini taqib chiqadigan bo‘ldi. Kimdir kuldi, kimdir havas qildi...

Kunda uning qo‘lida nimadir paydo bo‘lar edi: eski harbiy bosh kiyim, quvvati tugagan soat, harbiycha etik... Bularni yig‘ish uchun u qancha-qancha eshikka kirmadi, kimlarga yalinmadi. Uning uchun eng yaxshi odam harbiy va eng yaxshi sovg‘a uning biror buyumi edi.

 Beksaid deyarli barcha yoshlik suratlarida ko‘ksida «znachok»i bilan tushar, o‘zi esa harbiylar kabi tik, safda turganday raso edi.

Bir kuni u darcha eshigiga ko‘mir bilan katta-katta harflarda shunday so‘zlarni yozdi:

«O‘zbekiston Qahramoni Beksaid Kenjayev 1968 yilda tug‘ilgan».

Bu yozuv anchagacha, eshik yuzini qor-yomg‘irlar yuvib tashlagunicha turdi.

Ukalari unga «O‘rtoq general, gapirishga ruxsat eting» qabilida murojaat qilar edi.

Endi ular «kichik general»ning qat’iy qoidalarini buzgisi kelmay, kaftini boshiga tirab, harbiycha salomlashadigan bo‘lishdi.

«Ha, u uyimizning generali edi», deydi ukalaridan biri. Biror voqea sodir bo‘lsa, hammamizdan oldin yugurib chiqar, yoshiga nisbatan o‘ta talabchan edi. Keyin u usti-boshi kir bo‘lishini yoqtirmasdi. U tengilar tuproqqa ag‘anab o‘ynar, Beksaidning kiyimlari esa hamisha toza edi.

 

AFG‘ON YURTIDAGI AFG‘ON

«Urushda meni o‘ldirishadimi, yo‘qmi — buning men uchun farqi yo‘q. Biroq men sevganlardan nimalar omon qoladi? Men faqat insonlarnigina nazarda tutmayapman, balki an’analar, takrorlanmas ranglar va qandaydir ilohiy ma’naviy shu’lani nazarda tutmoqdaman».

...Yosh Beksaid maktabni bitirib, harbiy xizmatni Chirchiqda, so‘ngra Afg‘onistonda o‘tadi.

Beksaid o‘sha yillar haqida negadir hech kimsaga gapirmasdi. Onasiga yozgan xatlarida asosan shunday derdi:

«Salom onajon, omonmisiz? Ukalarim yaxshimi? Menda hammasi joyida. Faqat sizlarni sog‘indim. Beksaid.»

O‘g‘lon janglardan gap ochmas, bir safar to‘qnashuvlarda sochlari yonib ketgani, qo‘li kuyib, jarohatlangani haqida ham hech narsa demasdi.

Ukasi Abdujabbor Kenjayevdan shu haqda so‘rayman.

Akam bu haqda gapirishni unchalik yoqtirmasdi. Ammo bir kuni u menga parashyutdan sakrash voqeasini aytib berdi. Osmonda o‘nlab do‘stlarim bilan pastga uchib tushardik. Birdan hammayoq «varanglab» ketdi. Sherigimning oyoqlarini o‘q shart uzib ketdi. Bu dahshatning o‘zi edi. Uning qiyofasi hozirgacha ko‘z oldimdan ketmaydi.

Boshqa kuni harbiy mashinada chegara hududidan o‘tayotib, ayovsiz o‘qqa tutildik. Do‘stlarim mingan mashina portlab ketdi. Bir dunyo do‘stlardan ayrildim. Har qadamda xatar, har qadamda o‘lish mumkin edi…

 

QILNI QIRQ YORIB...

«Bir qarashda, insonga, hatto butun boshli shaharga foyda keltirayotgan bo‘lib tuyulsa-da, sotqinlik va yolg‘onni ayovsiz jazolang. Sadoqatning birgina ko‘rinishi minglab yuksak e’tiqodlarni kashf etadi. Chunki inson bir vaqtning o‘zida ham sadoqatli, ham boshqalarga nisbatan sadoqatsiz bo‘la olmaydi. Asl sadoqatli kishi barcha sohada va har qanday vaziyatda sadoqat ko‘rsatadi».

...Xizmatdan keyin Beksaid Kenjayev Ichki ishlar akademiyasida tahsil oldi. So‘ngra Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar boshqarmasida tergovchi bo‘lib ishlay boshladi.

U haqiqatning yuzaga chiqishi uchun o‘zini ayamaydigan insonga aylanib bo‘lgandi. Yosh boshiga haqiqiy jang maydonlarini ko‘rdi, odamlarning jon berishini, hayotga talpinishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

Ichki ishlar xizmatida ham xuddi jangu jadalda yurgandek edi. Qayerda nohaqlik bo‘lsa, ishni o‘z qo‘liga olar, aybdorlarni topmaguncha tinib-tinchimasdi.

«Postda» gazetasining 1996 yil 29 mart sonida «Posbonlar bor, xotirjam yashaymiz» nomli minnatdorlik xati e’lon qilingan.

Bu xatni davolanish uchun poytaxtga kelgan, bir voqea sabab narsalarini o‘g‘irlatib qo‘ygan xorazmlik ayol yozgan. Xatda shunday so‘zlar keltiriladi:

«Tergov ishlariga boshchilik qilgan Beksaid Kenjayev va boshqa xodimlarning o‘z vaqtida, tezkor va to‘g‘ri harakat qilganliklari natijasida o‘g‘ri ushlanib, mening buyumlarim qaytarib berildi».

Beksaid Kenjayev faoliyati davomida ko‘plab jinoyatlarni fosh etdi, yomonlar bilan murosa qilmadi. Qayerda ko‘ngilsizliklar ro‘y bersa, o‘sha yerda hozir bo‘ldi.

O‘g‘lonning sinfdoshi Anvar O‘rolboyevni gapga tutaman.

Beksaid bilan 10 yil birga o‘qidik, deydi u. — U rus tilini mendan yaxshi bilar edi. Diktantdan doim undan ko‘chirar edim. U hech qachon birovning sirini sotmasdi. O‘zini bolaligidanoq harbiydek tutar, bir ishni boshladimi, oxiriga yetmay qo‘ymasdi. U bilan futbol to‘garagiga bordik. Men ozgina qatnab, tashlab ketdim. U esa qatnayverdi. Keyin boksga bordik. Men yana mashg‘ulotlarni to‘xtatdim, u esa shug‘ullanaverdi.

Do‘stim bebaho odam edi. Mana, uning besh bahoga o‘qigan attestati, diplomi...

 

TOSHGA URILGAN GAVHAR

«Ommaviy ishlab chiqarish natijasida son-sanoqsiz ajoyib musiqa asboblariga ega bo‘lishimiz mumkin. Lekin ularda kuy ijro etuvchi sozandalarni qayerdan olamiz?»

...Chindan ham biz vatanimizni sevamiz, ammo uni doim qo‘riqlaydigan, kerak bo‘lsa, jon fido qiladigan vatanparvarlarni qanday tarbiyalaymiz?..

Bu oson vazifa emas, albatta.

1997 yil 12 aprel. Beksaid tun qorong‘usida ishdan qaytayotgan edi. Uning tergovi ostida bo‘lgan uch nafar gumonlanuvchi Beksaid bilan kelishib bo‘lmasligini bilgach, jinoyatlari ochilib qolishidan qo‘rqib, yovuz reja tuzishadi. Ular yarim tunda Beksaidning yo‘lini to‘sishadi. Qonli olishuv paytida jinoyatchilar uning tanasiga pichoq bilan uch-to‘rt marta zarba berishadi. Beksaid voqea joyida vafot etadi. U bor-yo‘g‘i 29 yoshda edi. Undan ikki o‘g‘il, bir qiz va «jasur Beksaid, qo‘rqmas Beksaid», degan nom qoldi.

 

Bobur ELMURODOV,

jurnalist.



DB query error.
Please try later.