22.02.2018

BIZ BILGAN VA BILMAGAN BERLIN

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida turli sohalarda erishilayotgan yutuq va tajribalarni o‘rganish, ularning turmush tarzi, sanoat, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida qanday yangiliklarga erishilayotganidan xabardor bo‘lish, bir so‘z bilan aytganda, jahon ahli bilan bo‘ylashib yashash bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Yurtimiz fermer va tadbirkorlari ham ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalangan holda turli davlatlar tajribasini chuqur o‘rganib, ularni o‘z faoliyatida izchil joriy etmoqdalar. O‘tgan yili bir guruh fermer va tadbirkorlar Yevropaning Italiya, Shveytsariya, Belgiya, Gollandiya, Fransiya, Germaniya, Polsha kabi davlatlarida bo‘lib, tajriba o‘rganib qaytishdi.

Shukurki, bir ijodkor sifatida ular safida bo‘lish menga ham nasib etdi. Safar taassurotlari asosida yozgan publitsistik risolamda insoniyat erishgan bugungi taraqqiyot manzaralari, ko‘hna qit’aga xos qadriyatlar, boqiy an’analar, ishbilarmonlik tajribasi, ayni paytda, Vatan sog‘inchi, yurt qadri, millat g‘ururi, ma’naviy poklik borasida baholi qudrat fikr bildirdim. Quyida sevimli gazetamiz o‘quvchilariga ushbu risolamdan ayrim qismlarini havola qilyapmiz.

Bir qarashda biz Berlinni yaxshi bilamiz. Bu shahar haqida o‘rta maktablar partasidayoq o‘qiganmiz. Geografiya darsida shahar tabiati haqida ma’lumotlar olib, tasavvurlar hosil qilganmiz. Ammo dangali gapni aytadigan bo‘lsak, bu shahar haqidagi qarashlarimiz sayoz edi. Sababi — hukmron mafkura tufayli yuzaki va biryoqlama tushunchaga ega edik.

Xullas, biz Germaniyaga, Berlin shahriga yetib keldik. Yo‘llar tirbandligi bois to‘xtab-to‘xtab yurib, hatto o‘n ikki soatdan ham ziyodroq yo‘l bosishimizga to‘g‘ri keldi. Bizni jizzaxlik hamrohimiz Ochil Saidovning 15 yildan beri Berlinda yashab, ishlayotgan o‘g‘li Faxriddin kutib oldi va Berlin bo‘ylab uyushtirgan safarimizga bosh bo‘ldi. «Evropa CITV» mehmonxonasiga joylashdik. Mehmonxona juda eski, xonadagi isitish uskunalari, xuddi bizdagidek, cho‘yandan. U urushdan keyin qurilgan bo‘lsa kerak, degan xayolga bordik. Bu yerdagi liftlarga ikki kishi arang sig‘adi. Ammo yotoqxonalarda nemis xalqiga xos saranjom-sarishtalik, fayzu tarovat, tozalik ufurib turibdi. Xonada barcha imkoniyatlar bor.

Uzoq yo‘l yurib kelganimiz bois oqshomda yotib dam oldik. Tongda, nonushtadan keyin, Berlin chekkasidagi, shahardan 20-25 kilometr naridagi savdo markaziga bordik. Oila a’zolarimizga sovg‘a-salom, qolaversa, o‘zimiz uchun ham ul-bul xarid qilishni mo‘ljallab qo‘ygan edik.

Savdo markazi asosan Berlin shahri aholisi uchun xizmat ko‘rsatar ekan. Shahar markazida sayyohlar ko‘p bo‘lgani bois oziq-ovqat do‘konlaridagi kundalik zarur mahsulotlar ham nisbatan qimmat, shuning uchun berlinliklar shu savdo markaziga borib xarid qilisharkan. Hatto, qo‘shni Gollandiya davlati fuqarolari, ayniqsa, chegaraga yaqin turadiganlari ovqatlanish uchun ham Berlin hududiga o‘tishar ekan.

To‘g‘risini aytganda, narx-navo shunga arzigulik. Bir jihatni alohida qayd etmoqchimanki, biz Rim, Turin, Jeneva, Parij, Bryussel, Amsterdam shaharlarida bo‘ldik, lekin biron joyda arzon mahsulot ko‘rganimiz yo‘q. Berlin mehmonxonasiga kelib tushganimizdan keyin Asqar bilan 100-150 metr chamasi naridagi oziq-ovqat do‘koniga bordik. Bir litrlik ikkita mineral suv, 1,5 litr sut, uch xil kolbasa oldik, tasavvur qiling, 6,5 yevro bo‘ldi. Yuqorida nomlari tilga olingan shaharlarda bu kamida 30 yevroga borishi aniq edi.

Biz shahar chetidagi savdo markazida qariyb 4 soat savdo qildik. Men o‘zim va o‘g‘limga mobil telefon apparati, yana oila a’zolarim uchun zarur narsalar, qizlar, nabiralar uchun sovg‘alar, Parijdan ololmagan atirlarni shu yerdan oldim. Faxriddinga hamrohlarimiz, imkon bo‘lsa, Berlinda bir osh yesak, degan fikrni bildirishdi. U Berlinda bir turk odam rahbarlik qiladigan oshxona borligi, bu joyda palovni juda do‘ndirib tayyorlashlarini aytganida ko‘pchilik, oldindan buyurtma berib, kechga tomon o‘sha yerga borishga va’dalashdi.

Biz savdo markazidan kelgandan keyin metroga tushib, uch bora yo‘ldan yo‘lga o‘tib, oshxonaga yetib bordik. Bizga choyxonaga o‘xshash joy deyilgandi, yo‘q, rosmana bir bar, chog‘roqqina joy ekan. Bo‘sh o‘rin topib o‘tirdik. Sho‘rvaning o‘rniga yarim kosadan qizil karam sho‘rva ichdik, keyin bir taqsimchadan osh yedik. Aytish kerak, oshni nihoyatda o‘rniga qo‘ygan, chiroyli damlagan ekan. Karam sho‘rva 2,5 yevro, osh har bir kishiga 10 yevrodan tushdi. Xullas, kishi boshiga choy, non 15 yevrodan to‘lab, taom yedik, mamnun bo‘ldik.

Berlindagi birinchi kunimiz shunday o‘tdi. Taksida mehmonxonaga keldik.

22 noyabr yakshanba bo‘lgani bois bironta do‘kon ishlamas ekan. Biz bilan kelganlardan 11 kishi Polsha davlatiga o‘tmasdan, Frankfurt shahri orqali O‘zbekistonga uchib ketishlari kerak edi. Erta bilan ularni yo‘lga kuzatib, o‘zimiz yetti kishi-etti kishidan bo‘lib 3 ta taksi chaqirib, Berlin shahrini aylangani ketdik.

Rosti, dastlab kelganimizda shahar unchalik ulug‘vor, ko‘rkam ko‘rinmagan edi. Ammo keyingi paytda qurilgan zamonaviy binolar, biz ko‘rib ulgurmagan tarixiy muzeylar, ruslar cherkovi, bir qancha muazzam binolar — Reyxstag, parlament binosi, Bosh kansler qarorgohi, hukumatga tegishli bir qancha salobatli inshootlarni chetdan kuzatdik, tomosha qildik.

Mana, Reyxstag binosi yonidamiz. Bu bino o‘rta asrlardagi olmon millatining muqaddas Rim imperiyasidagi markaziy hokimiyat organlari joylashgan binodan biri, tarixiy obida sifatida nemislar uchun nihoyatda qadrli.

Aynan shu binoga 1945 yilda marshal G.Jukov qo‘mondonligidagi Birinchi Belorussiya fronti jangchilari tomonidan g‘alaba bayrog‘i qadalgan. Aytish kerakki, bu voqea fashizm balosidan bashariyat xalos bo‘lganining ramzi sifatida tarixga kirdi.

Bino qarshisida turib to‘rt-besh yil qon kechib, O‘zbekistondan yo‘lga chiqib, Germaniya tuprog‘igacha bo‘lgan masofani jangi jadallar bilan poyi piyoda bosib o‘tgan, ne-ne ko‘rguliklarni boshidan kechirgan, shu manzil makongacha omon yetib kelib, g‘alabaga sanoqli kunlar qolganda shu yerlarda shahid bo‘lgan qahramon hamyurtlarim, jasoratli o‘zbek o‘g‘lonlari xayolimdan o‘tadi. Go‘yo ularning ma’yus nigohlari menga boqib turgandek tuyuladi. Chin dildan tilovat qilaman. Yaratgandan ruhi poklari shod bo‘lishini tilayman. Aynan shu g‘alaba bois yer yuzi aholisi erkin nafas oldi. Shu g‘alaba bois dunyoda tinchlik yana barqaror bo‘ldi, davlatlar o‘rtasida do‘stona hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Bularning barchasi ana shu fidoyi ajdodlarimiz jasorati tufayli bo‘lib, buni unutish aslo mumkin emas.

Tabiiyki, endi Germaniya kabi mashhur davlat va uning poytaxti Berlin haqida o‘quvchilarimizga biroz ma’lumot beramiz.

Berlinda mashinalar tez yuradigan maxsus «Avtopan», deb nomlangan yo‘l bor ekan. Haydovchilar tezlikni soatiga 300 kilometrga yetkazishi mumkin. Aslida bu yo‘l urush paytida qurol-yarog‘ni manzilga tez yetkazishni o‘ylab qurilgan. Qolaversa, harbiy texnikaning tez yurishi uchun ham shunday yo‘l kerak bo‘lgan.

Faxriddinning fikricha, nemislarda: «Biz dunyodagi eng zo‘r mashinalarni chiqaramiz. Yo‘limiz ham shunga yarasha bo‘lishi kerak. Tezlikni chegaralashga haqqimiz yo‘q», degan fikr bor ekan.

Menga ma’qul bo‘lgani boshqa shaharlarga nisbatan Berlinda 40-50-60 qavatli chiroyli, ko‘rkam binolar ko‘p ekan. Xullas, ko‘rsa, zavq olsa bo‘ladi. Hozirgi vaqtda tarixga aylangan Berlin devorini borib ko‘rdik. Ko‘plab binolar oldida suratga tushdik. Taksi haydovchi Ayub ismli 55 yoshli turk ekan. To‘rt qizi, bir o‘g‘li bor ekan. Nihoyatda hushchaqchaq. Arang bir-birimizni tarjimonsiz tushunib, suhbat qurgan bo‘ldik. Chunki Faxriddin Mirzohid bilan O‘zbekistonga qaytishi kerak bo‘lgan hamrohlarimizni Frankfurtga kuzatgani ketishgan edi. Demoqchimanki, baribir tarjimonsiz qiynaldik. Chet elga safarimizdagi biroz yo‘l azobi, birmuncha qimmatchilikka ham chidasa bo‘lar ekan. Ammo til bilmaslik azobi, mushkuloti barchasidan o‘tib tushdi. Rosti, o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim. Qancha-qancha oltindan qimmat vaqtimizni yelga sovurganmiz, ikkinchi, uchinchi darajali ishlar uchun vaqt topganmiz, ammo til o‘rganishni xayolimizga ham keltirmaganmiz. Endigi afsus va nadomatdan foyda yo‘q edi.

Men Faxriddindan: «Nemislardan nimani o‘rgansak bo‘ladi?» deb so‘radim. Uning javobi bunday bo‘ldi: «Jamoatchilik odobiga qat’iy rioya qilishadi. Bitta odam ko‘pchilik ichida biron savolga noto‘g‘ri javob bersa, bizdagi kabi kulib yuborishmaydi. Bu holni sezmagandek tutishadi o‘zlarini. Nemislar ko‘pchilik ichida bir kishini hech qachon izza qilishmaydi. Umuman, ular birovning ustidan kulishni xush ko‘rishmaydi.

Biz — o‘zbeklar o‘zimizni gohida haddan tashqari mehnatkash, deb o‘ylaymiz. Nemislar bizga nisbatan ko‘proq mehnat qilishadi nazarimda. Nemislar vaqt bilan qat’iy hisoblashishadi. Bizga o‘xshab «Hormangga keldik», deb bir-biriga xalaqit bermaydi. Biz ish jarayonida istagan paytda tanaffus qilishimiz mumkin. Ularda bunday emas.

Nemislar juda-juda tejamkor, dunyo xalqlari ichida bejizga «nemischa hisob-kitob», degan ibora qo‘llanmaydi. Oziq-ovqatga ham o‘ta tejab-tergab pul sarflashadi. Nemislarda «ellik yoshdan keyin o‘zim uchun yashashim kerak», degan kayfiyat hukmron bo‘ladi va ular buning uddasidan chiqishadi.

Yosh bolalarda ham jamoatchilik madaniyati yaxshi rivojlangan. Xato bo‘lsa ham bolalariga o‘z fikrlarini ochiq aytishga, mustaqil fikrlashga imkoniyat yaratishadi. Kitobga, kutubxonaga munosabat nemis jamiyatida a’lo darajada yuksak. Ularda kitobxonlik madaniyati yaxshi shakllangan. Kutubxonalarga pensiyaga chiqqan ayollar bog‘cha yoshidagi bolalarga kitob o‘qib berish uchun o‘z e’lonlarini osib qo‘yishadi. Savodxonlik ham yuqori darajada. Maktabga yosh bolalarni faqat ota-onasi yoki tayinlangan odam olib boradi. Bolani yolg‘iz qoldirishmaydi.

Takror aytaman, nemislar vaqtdan unumli foydalanishadi. Vaqtga xuddi puldek muomala qilishadi. Boradigan joyini bir kun oldin belgilashadi. Belgilangan vaqtdan bir-ikki daqiqa oldin sizni kutib olishadi. Kechikish, sababsiz kelmay qolish ularda juda qoralanadi. Biron tadbirga kechiksangiz, o‘zingiz noqulay ahvolga tushib qolasiz...

Endi olis safardagi hamrohimiz Ochil Saidov haqida ikki og‘iz so‘z aytmasak, albatta adolatdan bo‘lmaydi. Bu inson Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilib, kamolga yetgan. Sakkiz farzandning — ikki qiz, olti o‘g‘ilning padari buzrukvori. Umrini ma’rifatga bag‘ishlagan. Ko‘p yillar o‘rta maktabda kimyo-biologiya fanidan o‘quvchilarga saboq berdi. Ayni paytda Jizzax shahrida yashab, istiqomat qiladi. Viloyat xalq ta’limi bo‘limida uslubchi bo‘lib ishlaydi. 58 yoshda. Farzandlarining 6 nafari oliy ma’lumotli.

Hamrohimiz tom ma’noda ma’rifatli inson ekani, umrini, hayotini farzandlari kamoli, ilmu odobi uchun baxshida etgani va bundan o‘zi mamnun ekani chehrasidagi nurdan, so‘zidagi shukronadan ko‘rinib turardi.

— Yaqinda bir kitobda o‘qib qoldim, — deydi u. — Umrni uzaytirishning bir sharti safar ekan. Rosti o‘n bir kundan beri Yevropa mamlakatlarini aylanib, bu fikrning to‘g‘ri ekanini qalbim bilan sezib, anglab turibman. Shuncha kun avtobusda yurishning o‘zi bo‘lmaydi. Ammo bizning charchog‘imizni shu yashillik, shu o‘rmonlar olyapti, deya o‘ylab qolaman. Inson hayotdan avval ezgulik izlashi kerak. Meni Yevropaning tabiati va xalqining madaniyati lol qoldirdi. Har bir xalqda ibrat olsa arziydigan jihatlar bor. Muomala va xizmat ko‘rsatish madaniyati, me’morlik madaniyati, xullas, yaxshi nazar bilan boqqan odam yaxshilikni ko‘radi.

Yana biz ko‘rgan yurtlar fuqarolarida merosga hurmat kuchli ekan. Safarimiz menga ma’qul, mazmunli o‘tyapti. Til o‘rganish albatta zarurligini his qildim. Inson, imkon topsa, yaxshilikka, ezgulikka xizmat qilaverishi kerak ekan. Agar xizmatni uddasidan chiqolmasa, yaxshi niyat qilishi zarur. Chunki xalqimiz ezgulikning erta-kechi yo‘q, deb bejiz lutf qilmagan.

Men Yevropada yurib, o‘zim erisholmagan niyatga farzandlarim erishayotganidan mamnun bo‘ldim. Nafaqat Faxriddin, balki qizim Lola ham Germaniyaning Nyurnberg shahrida oliy o‘quv yurtining iqtisodiyot fakultetida tahsil oladi. Nemis tilini yaxshi bilgani uchun o‘zi internet orqali grant yutib olgan. Bu yil fevralda o‘qishni bitiradi. Bir o‘zi emas, O‘zbekistondan 9 nafar o‘g‘il-qiz kelishgan.

Endi allaqachon bizning qahramonimizga aylanib ulgurgan Faxriddin Saidov haqida gapirsak. U 1979 yili tavallud topgan. Samarqand davlat qishloq xo‘jaligi institutida tahsil olgan. Til o‘rgangan. Institutga tashrif buyurgan yurtimizdagi Germaniya elchixonasi vakillari «Sen nemis tilini yaxshi bilar ekansan», deb Paderborn shahriga 6 oyga o‘qishga taklif qilishgan. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarida zaharli moddalarni bartaraf etish yuzasidan ilmiy ish olib borgan.

Keyingi yillarda elchixona xodimlariga yordam tariqasida Samarqanddagi va yurtimizdagi boshqa universitetlardan Germaniyaga kelib o‘qish istagida bo‘lgan talabalarni imtihondan o‘tkazib yurgan. Xullas, elchixona bilan mustahkam aloqada faoliyat yuritgan.

2012 yil O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasiga ishga taklif qilishadi. 2014 yildan boshlab esa Berlinda o‘zining qonuniy tashkilotini ochadi. Hozirgi kunda biznesmenlarni samolyotga bilet bilan ta’minlaydi, pochta xizmati ko‘rsatadi. Ayoli nemis tilidan boshlang‘ich sinflarga dars beradi.

 

Mahmud TOIR,

O‘zbekiston xalq shoiri.



DB query error.
Please try later.