22.02.2018

BOSHLANG‘ICH SINF O‘QUVCHILARI ENDI HAFTASIGA BESH KUN O‘QIYDI

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 9 fevralda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoniga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar tajribasi hamda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga o‘tiladigan darslar yuklamasi miqdoridan kelib chiqilgan holda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinflari joriy yilning 1 martidan boshlab haftada besh kunlik o‘qish jarayoniga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Muxbirimiz Xalq ta’limi vazirligi ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish Bosh boshqarmasi bosh nazoratchisi Hakimboy SAMANDAROV bilan bu haqda suhbatlashdi.

— Ta’lim tizimidagi bu o‘zgarishlarni amalga oshirish jarayonida xorij tajribasi o‘rganildi, mutaxassislar tomonidan monitoringlar olib borildi, mahalliy mentalitet, ota-onalar, ekspertlar xulosasi inobatga olindi, — deydi u. — To‘g‘ri, boshlang‘ich sinflarda ta’lim olayotgan o‘quvchilarimiz xorij mamlakatlaridagi tengdoshlaridan qaysidir darajada ziyrakligi, harakatchanligi bilan ajralib turishadi, hatto ustunlik qiladi, deyish mumkin. Lekin baribir ularga qo‘yilgan dars yuklamasi hafta oxiriga borib, og‘irlik qilib qolayotgani tizimga yangicha yondashishni talab qilardi.

— Bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasi qanday natijalar bergan?

— Mana, masalan, Yaponiyani olaylik. 1992 yildan boshlab hukumat qarori asosida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining dam olish kunlari bir kundan ikki kunga uzaytirildi. U yerda boshlang‘ich maktablarda o‘qish 6 yil, o‘rta maktablar 3 yil hamda yuqori sinflarda o‘qish 3 yil davom etadi, so‘ngra esa o‘quvchilarning xohishlariga binoan ular 4 yil mobaynida universitetda o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Janubiy Koreyada ham ana shu tizim joriy etilgan. Ularning ta’lim tizimi nafaqat Tinch okeani hududida, balki butun dunyoda eng yaxshi tizimlar sirasiga kiradi. Mazkur mamlakatda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini besh kunlik tahsilga o‘tkazilishining asosiy sabablaridan biri — bolaning jamiyatga aralashuvini ta’minlash.

Bu nima degani? Bu degani — ota-onalar ishdan bo‘sh bo‘lgan shanba-yakshanba kunlari madaniy hordiq olishga chiqishadi, qarindoshlarinikiga mehmonga borishadi, ana shunda ular farzandlarini ham o‘zlari bilan olib borish imkoniga ega bo‘lishadi. Bola u yerda ko‘p narsalarni ko‘radi, tushunmaganlarini ota-onasidan so‘rab oladi, yangi-yangi ko‘nikmalar hosil qiladi, tasavvuri kengayadi. Yoki bo‘lmasa, Yaponiyada sport klublari va madaniy klublar faoliyat ko‘rsatadi. Bu ikki klubda bolalar shug‘ullanishi uchun xilma-xil yo‘nalishlar bor. Ota-ona bolasining qiziqishiga qarab, uni o‘sha joyga olib boradi, mashg‘ulotlar tugagunga qadar farzandiga dalda bo‘lib, qo‘llab-quvvatlab turadi.

— Yangi o‘quv yilidan boshlab barcha umumta’lim maktablarining 2-4-sinf o‘quvchilari ham haftasiga 5 kun o‘qiydigan bo‘ladimi?

— Shunday. Haftalik o‘quv davomiyligi 5 kunlik o‘qish jarayoniga o‘tilishi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan boshlang‘ich sinflarda xalqaro tajribalarni o‘rgangan holda umumiy o‘rta ta’limga qo‘yiladigan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Bundan tashqari, haftalik o‘quv reja va dasturlari shunga qarab moslashtiriladi. Boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan amaldagi davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va dasturlarining to‘liq bajarilishi nazorat qilib boriladi.

— Ixtisoslashgan maktablarda ham bu yangilik qo‘llaniladimi?

— Joriy o‘quv yilining IV choragida boshlang‘ich sinflarda haftalik o‘quv davomiyligining 5 kunlik o‘qish jarayonini vazirlik tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarida, ya’ni chuqurlashtirilgan tabiiy fanlar, musiqa va boshqa sohalarga ixtisoslashgan maktablarda tajriba-sinovdan o‘tkaziladi va aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi.

Endilikda haftaning shanba kunlari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining qiziqishi va xohish-istagiga qarab, ota-onalar ularni turli fan to‘garaklari, sport seksiyalari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga birga olib borishi, dam olish kunini birga o‘tkazishi mumkin. Bu ularning jismoniy va ma’naviy rivojlanishida juda katta rol o‘ynaydi.

Ma’lumki, ko‘pgina oilalarda ota yoki ona xizmat taqozosi bilan tong saharlab ishga ketadi, bu paytda farzandi uxlab yotgan bo‘ladi, kechqurun kechroq qaytgani uchun yana u bilan muloqotda bo‘lolmaydi.

Shu kunlarda mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ota-onalar majlisi o‘tkazilib, ularga ta’lim tizimidagi bu islohotlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot beriladi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida haftalik o‘quv davomiyligi 5 kunlik o‘qish jarayoniga o‘tilishiga ota-onalar ham ijobiy munosabat bildirishmoqda.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.