Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
06.02.2018

TA’LIM ISLOHOTI

chuqur bilimli, go‘zal xulqli, zukko yoshlarni tarbiyalashga xizmat qiladi

Milliy matbuot markazida Prezidentimizning «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

Unda Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek INOYATOV mazkur sohada olib borilayotgan islohotlar, xususan, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlagan holda 11 yillik majburiy o‘rta ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

 

— O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda joriy etilgan 12 yillik majburiy ta’lim o‘zini oqlamaganining ko‘pgina sabablari bor, — dedi Xalq ta’limi vaziri. — Bu holat umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilishni taqozo etmoqda. O‘quv jarayonini tashkil etish va o‘quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashga rasmiyatchilik bilan munosabatda bo‘lish, ularni bo‘sh vaqtida turli mashg‘ulotlarga jalb etish samarasiz tashkil qilingani oqibatida huquqbuzarliklar soni sezilarli darajada ko‘paydi.

Farmonda bu sohadagi mavjud muammolarni tizimli hal etish, ilg‘or xorijiy mamlakatlarning tajribasi asosida kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Xususan, tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarga idoraviy bo‘ysunuvchi kasb-hunar kollejlarida malakali va mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, aholi barcha qatlamlarining ehtiyojlarini hisobga olish va bandligini oshirish maqsadida 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab majburiy umumiy o‘rta ta’lim uzluksiz 11 yillik ta’lim negizida amalga oshiriladigan bo‘ldi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga o‘qishga qabul qilish umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari hisobidan, ixtiyoriylik asosida, tegishli mutaxassislikka (kasbga) ega bo‘lish uchun 6 oydan 2 yilgacha bo‘lgan ta’lim muddatlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Kasblar ro‘yxati hududlarning shart-sharoitidan kelib chiqqan holda, mutasaddilar va ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda shakllantiriladi.

Bir qator yangi kasblar amaliyotga kiritilmoqda. Shulardan biri — ijtimoiy xodimlar tayyorlash, bu kasbiy jihatdan hamshiralikka yaqin turadi. Ya’ni, ijtimoiy xodim kasal, nogiron, boquvchisi yo‘q odamlarga qarashga ixtisoslashadi.

Endi maktab formalariga keladigan bo‘lsak, hozir ota-onalarning talab va taklifini inobatga olgan holda, o‘quvchilar o‘rtasida ijtimoiy tabaqalanishning oldini olish maqsadida uch kategoriyadagi o‘ttizdan ortiq forma modelyerlar tomonidan tavsiya qilingan. Bunday maktab formalari tajriba sifatida Sardoba tumanidagi bitta maktabda va Toshkent shahridagi 91-umumta’lim maktabida sinab ko‘rilayapti. O‘quv yili yakunida barcha talab va istaklarni inobatga olgan holda uning natijalarini keng jamoatchilikka yetkazamiz.

Ilgari kollejlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 408 ming nafardan ziyod pedagog ish bilan ta’minlandi, 22 ming nafarga yaqini Xalq ta’limi tizimiga jalb qilinib, ularning malakasini oshirishga e’tibor qaratildi. Tizimda faoliyat yuritayotgan o‘z kasbining fidoyisi, lekin o‘rta maxsus bilimga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi. Maktab kutubxonalarini 2 milliard donadan ortiq 56 nomdagi kitob bilan ta’minlash kun tartibida turibdi. Maktablarda fan va kasb to‘garaklari, sport seksiyalari tashkil etishga alohida a’tibor qaratiladi va kerakli jihozlar bilan ta’minlanadi.

Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish, 10-11-sinflarda ularning sog‘lig‘iga to‘g‘ri keladigan kasblarga yo‘naltirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ish olib borilmoqda...

Vazir, shuningdek, 11 yillik majburiy ta’lim sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tatbiq qilinishi, kasb-hunar o‘rgatish davomida o‘quvchi bir necha kasbni o‘zlashtirishi mumkin bo‘lishi to‘g‘risida to‘xtaldi.

— Ikki yillik kasbiy ta’limdan so‘ng bitiruvchilarga o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat bilan birga kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi, — dedi u. — Innovatsion o‘quv loyihalarini birgalikda amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar jalb etilib, pedagogik jarayon eng ilg‘or pedagogik shakl va usullar asosida tashkil etiladi.

Yana eng muhim masalalardan biri — o‘qituvchining sha’ni, obro‘sini ko‘tarish, olayotgan maoshini ko‘tarish, ularga bir qator imtiyozlar berish, uy-joy sharoitini yaxshilash, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirishni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi hamda tegishli hududiy ishchi guruhlar tashkil etilib, ular sohaga tegishli Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, bundan buyon o‘qituvchilar o‘z sohasiga tegishli bo‘lmagan ishlarga, qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etilmaydi, ularni shu ishga jalb etgan rahbar jazolanadi. Bundan tashqari, maktab o‘quvchilari tomonidan har yili topshiriladigan ikkilamchi xomashyo, ya’ni temir-tersak yig‘ish amaliyotiga ham qat’iyan chek qo‘yildi. Endi har kim o‘z aravasini o‘zi tortishiga o‘rganishimiz kerak. Zamon shuni talab qilyapti.

O‘tgan yili mutaxassislar, olimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar va keng jamoatchilik fikri asosida 10-11-sinflar uchun 12 fan bo‘yicha o‘quv rejalari qaytadan ishlab chiqilib, ularga o‘zgartirishlar kiritildi. 10-sinf o‘quvchilari uchun 18 nomdagi darslik yettita tilda 9 milliondan ziyod nusxada chop etilib, joylarga yetkazib berildi.

Hozir respublikamiz bo‘yicha 10-sinf o‘quvchilari 470 maktab va 1018 kasb-hunar kollejlarida tashkil etilgan «O‘quv ishlab chiqarish majmualari»da 50 dan ortiq kasblarni o‘rganishmoqda. 11-sinfda kasbga o‘rgatishdan tashqari «Tadbirkorlik asoslari» fani ham o‘qitiladi. 10-11-sinf o‘quvchilariga kasb o‘rgatish bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarining 489 sinfi 18 yo‘nalishdagi zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.

Ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga qaratilgan, vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, joriy yilda ta’lim jarayoniga xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari va o‘qitishning innovatsion metodlari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilgan holda 11-sinf o‘quvchilari uchun 20 nomda, qariyb 10 million nusxada darslik yaratiladi. Yangi o‘quv yiligacha ular o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi.

Tadbir yakunida soha mutaxassislari ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishdi.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.