25.01.2018

ULUG‘BEK YULDUZLARI YANADA YORQINROQ PORLAYDI

O‘zbekiston astronomlari ham fazoni tadqiq etish, koinotning sir-sinoatlarini o‘rganish borasida o‘ziga xos yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda. Ular erishgan ilmiy kashfiyotlar dunyo olimlari tomonidan e’tirof etilmoqda, katta qiziqish uyg‘otmoqda, hamkorlikka chorlamoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat EGAMBERDIYEV bilan suhbat.

— O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylanganingiz bilan chin yurakdan tabriklaymiz. Biz sizning televideniye orqali chiqishlaringiz, «Fan va turmush» jurnalida chop etilgan maqolalaringiz orqali ilmiy izlanishlaringizdan yaxshi xabardormiz. Astronomlarimiz 2017 yilda qo‘lga kiritgan eng muhim natijalar haqida gapirib bersangiz.

— Ma’lumki, XX asr astronomiyasining yutuqlaridan biri yulduzlarning o‘zgarmas yoki abadiy emasligining kashf etilishi bo‘ldi. Teleskoplar ixtiro qilinguniga qadar insoniyat tarixida to‘rt marta o‘ta yangi yulduz portlagani yozib qoldirilgan. Ulardan birining 1006 yildagi portlashi Xorazm Ma’mun akademiyasining gullab-yashnagan davriga to‘g‘ri kelgan. U haqda Xitoy va Yapon manbalaridan ma’lum. Bir necha yil avval germaniyalik sharqshunoslar Ibn Sino qo‘lyozmalaridan birining («Kitab as-Shifo») Aristotel metafizikasiga bag‘ishlangan so‘nggi bobida ushbu yulduz chaqnashining bayonini topishdi. Bayonda yulduzning nafaqat yorqinligi o‘zgarishi, balki kundan-kunga rangi o‘zgarishi haqida ham qimmatli ilmiy ma’lumot batafsil berilgan. Demak, Ibn Sino mashhur faylasuf va shifokor bo‘libgina qolmay, balki professional astronom hamdir.

XX asrda zamonaviy teleskoplar paydo bo‘lganidan keyin astrofizika uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega o‘ta yangi yulduzlar kuzatila boshlandi. Biz ham Maydanak observatoriyasida koreyalik hamkasblar bilan hamkorlikda «O‘ta yangi yulduzlarni topish uchun yaqin joylashgan galaktikalarni monitoring qilish» mavzusida ilmiy tadqiqot olib borayapmiz. Biz o‘nlab yangi yulduzlarni ochdik, lekin birinchi bo‘la olmadik. Va nihoyat, o‘tgan yili 25 maydan 26 mayga o‘tar kechasi o‘ta yangi yulduz portlashini qayd etdik. Bu haqda ilmiy jamoatchilikka xabar berdik va biz uni birinchi bo‘lib qayd etganimizning tasdig‘ini oldik. Keyinchalik biz bu yulduzni uch oy davomida, to u xiralishib qolgunicha xitoylik hamkasblarimiz bilan kuzatib, qiziqarli ma’lumotlar oldik, ular tez orada nashr qilinadi. Erishilgan yutuqlar institutimizning nufuzini ko‘tarish bilan birgalikda yosh olimlarni tarbiyalash borasida yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

2017 yil respublikamizda astronomiya fanini rivojlantirish va yosh avlodni ilmiy izlanishlarga jalb etish borasida nihoyatda muhim yil bo‘ldi. Prezidentimiz o‘tgan yilning 19 iyunida sud-huquq sohasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda televizor orqali o‘ta yangi yulduz ochilgani haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rganini, yurtimizda buyuk Mirzo Ulug‘bekga munosib astronomiya maktabini yaratish lozimligini aytdi hamda Toshkentda iqtidorli bolalar uchun astronomiya, fizika, informatika va boshqa aniq fanlar bo‘yicha maxsus dastur bo‘yicha o‘qitiladigan ixtisoslashgan maktab-internat tashkil etishni taklif qildi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari astronomiya, kosmonavtika va aviatsiya yutuqlari bilan tanishishni xohlovchilar uchun Astronomiya va aeronavtika parkini tashkil etish, maktabning o‘quv dasturini ishlab chiqish borasida topshiriq berdi va park tuzilishi bo‘yicha aniq takliflarni o‘rtaga tashladi. Sal o‘tmasdan bu haqda Prezident qarori chiqdi. Hozirgi kunda maktab-internat va park qurilishi jadal sur’atlar bilan ketmoqda.

— O‘zbek astronomlarining yangi avlodini tarbiyalaydigan mazkur maktab-internat haqida batafsilroq ma’lumot bersangiz.

— Maktab-internat 200 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Ularning 150 nafari viloyatlardan, 50 nafari Toshkent shahridan qabul qilinadi. Maktabda o‘qish 7-sinfdan boshlanadi va 11-sinfgacha, ya’ni attestat olguncha davom etadi. Boshqa viloyatlardan kelganlar uchun yotoqxona, oshxona, sport zal, basseyn quriladi va dam olish hamda o‘z ustida ishlashi uchun zarur barcha sharoitlar yaratiladi. Maktabga tabiiy fanlarga qiziquvchi va bilimi yuqori o‘quvchilar maxsus mezonlar asosida tanlab olinadi. Maktab-internat o‘qituvchilari ham tanlov asosida ishga olinadi. Astronomiya fani bo‘yicha sinfdan tashqari fakultativ mashg‘ulotlar, laboratoriya ishlari va mashhur olimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazamiz.

Ko‘pdan beri astronomiyani qaysi sinfdan boshlab o‘qitish kerak, degan munozara bo‘lmoqda. Astronomiyani o‘qitish uchun fizika va matematika fanlaridan olingan bilim zarur bo‘ladi, shuning uchun avvallari u 10-sinfda o‘qitilgan. Bizning qat’iy fikrimiz: astronomiyani bolalar qabul qiladigan oddiy tushunchalar asosida 7-sinfdan bemalol o‘qitish mumkin. Ushbu fikr asosida Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda o‘quv rejasini ishlab chiqayapmiz. Bundan tashqari, o‘quvchilarga VIII asrdan XV asrgacha davom etgan «musulmon renesansi» to‘g‘risida ham ma’lumot berishimiz kerak. Ushbu davr dunyoga fan rivojini o‘z tadqiqotlari bilan boyitgan o‘nlab astronom olimlarni yetkazib bergan. Ularning ko‘pchiligi Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan, lekin ularning merosi hali yetarlicha o‘rganilmagan. O‘quvchilar bobokalon astronomlarimiz bilan nafaqat faxrlansinlar, balki o‘z ajdodlarining ulug‘vorligini ham tushunsinlar. Masalan, hozirgi kunda Ulug‘bekning fandagi buyuk xizmatlari nimadan iboratligini kamdan-kam kishi tushuntirib bera oladi. Axir ungacha ham Ptolemeydan boshlab yulduz jadvallari tuzilgan edi-ku. Buni tushunish uchun yetarlicha bilimga ega bo‘lish lozim. Fan taraqqiyotida o‘tmish vatandoshlarimizning xizmatini chuqur anglash va ular bilan faxrlanish uchun buni o‘quvchilarga yetkazish lozim.

— Astronomiya institutining muzeyi haqida bilamiz, u sizning tashabbusingiz bilan tashkil qilingan edi. Ayting-chi, astronomiya parki barpo etilishi munosabati bilan muzeyni kengaytirish rejalashtirilganmi?

— Astronomiya instituti faoliyat boshlanganiga (dastlab u Observatoriya deb atalgan) bu yil 145 yil to‘ladi. O‘tgan yillar mobaynida ko‘plab tadqiqotlar, jumladan, amaliy tadqiqotlar ham olib borilgan. Buning uchun esa maxsus asbob-uskunalardan foydalanishgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, astronomlar doimo zamonaviy asboblarni ishlatishadi. Bizning kolleksiyada bunday ajoyib asbob-uskunalarning juda ko‘pi mavjud, ularning bir qismi institut binosidagi muzeyga qo‘yilgan, endi parkda alohida astronomiya muzeyini ochmoqchimiz. Unda biz Astronomiya muzeyini, aniqrog‘i, Astronomiya uskunalari muzeyini ochamiz. Binoga tutash, pishgan g‘ishtdan qurilgan Quyosh teleskopi minorasi esa yaxshi saqlangan. Ushbu minora restavratsiya qilinadi va Quyosh teleskopi tiklanadi.

Muzey zallarining birida uzoq o‘tmishda dolzarb hisoblangan aholi punktlarining geografik koordinatalarini aniqlash uchun ishlatilgan asbob-uskunalar, plakatlar, jadvallar bo‘ladi. Keyingi zal vaqtni aniqlashga bag‘ishlanadi. Gyuygens tomonidan mayatnikli soatlar ixtiro qilinganidan keyin XVII asrda ularni sinxronlashtirish masalasi qo‘yiladi, bunda Yer aylanishidan foydalanib, zarur astronomik kuzatishlar bajarilgan. Vaqtni aniqlash va sinxronlashtirish asboblari muzeyga qo‘yiladi. Muzeyning yana bir bo‘limi, kuzatish sharoiti bo‘yicha jahondagi beshta observatoriya qatoriga kiruvchi Maydanak observatoriyasi haqida hikoya qiladi. Bu joyni topish uchun 10 yildan ortiq vaqt ketganligini hamma ham bilavermasa kerak. U ochiq tunlar soni, turbulentlik darajasi va boshqa parametrlariga ko‘ra noyob hisoblanadi. Astronomiyaning yana bir katta bo‘limi mavjud. U astroiqlim deb atalib, ko‘p sonli atmosfera parametrlarini o‘z ichiga oladi.

— Astronomiya va aeronavtika bog‘i qanday bo‘ladi?

— Eng asosiysi — hududdagi barcha daraxtlar saqlab qolinadi. Yangi qulay yo‘laklar yaratiladi. Oqqo‘rg‘on arig‘ining qirg‘oqlari sayr etish uchun obodonlashtirilib, yuqori qirg‘og‘iga asosan tarixiy obyektlar joylashadi. Muzey bilan bir qatorda, barcha teleskoplar, ularning binolari qayta ta’mirlanadi. Bu 1895 yilda qurilgan ko‘hna minorada joylashgan fransuz teleskopiga ham tegishli. Minoraning tashqi ko‘rinishi saqlangan holda ta’mirlanadi, tomi zanglamaydigan po‘lat bilan qoplanadi. Eng muhimi — teleskop o‘zining dastlabki holiga qaytariladi, elektrodvigatel va reduktorlar olib tashlanadi, u xuddi yuz yil avvalgidek, qo‘lda shturvallarni burish orqali boshqariladi. Quyosh teleskopining saqlanib qolgan minorasi ham qayta ta’mirlanib, unda Quyosh tadqiqotlari muzeyini joylashtirishni rejalashtirganmiz. Endi yangi obyektlarga o‘tsak, fransuz teleskopi va muzey orasidagi maydonchada 1:5 masshtabda Ulug‘bek rasadxonasining ishlab turuvchi modelini qurmoqchimiz. Agar haqiqiy rasadxonada sekstantning radiusi 40 metr bo‘lsa, bizdagisi 8 metr bo‘ladi. Xohlagan kishi rasadxonaning ishi bilan tanishishi, Ulug‘bek va uning safdoshlari osmon jismlari harakatini qanday aniqlashganini ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Model Ulug‘bekning g‘oyalari va u foydalangan uslubni chuqurroq anglash imkonini beradi. Bundan tashqari, o‘tmishdagi buyuk astronomlarning byustlari o‘rnatiladi, Quyosh soati va boshqa qiziqarli obyektlar quriladi. Institut qoshida hozirda tashlandiq holga kelgan seysmik yerto‘la bor. U qayta ta’mirlanadi va unda eski konstruksiyadagi (hozirda barcha seysmograflar raqamlisiga almashtirilmoqda) ishlab turgan seysmograf o‘rnatiladi, u Seysmologiya institutidan olinadi. Seysmograf ishi va zilzilalar haqida hikoya qiluvchi stendlar bo‘ladi. Xohlovchilar yerto‘laga tushib, uzoq zilzilalar, metro yoki yaqin orada o‘tayotgan yuk mashinalari ta’sirida yer tebranishini kuzata oladi.

Ariqning pastki qirg‘og‘ida, institut binosining o‘ng tomonida Planetariy qurish rejalashtirilgan. Bu shunchaki zamonaviy planetariy bo‘lmay, unda Koinot mavzusidagi eng qiziq, shu jumladan, interaktiv eksponatlar ham bo‘ladi. Planetariy atrofida Quyosh sistemasining modeli yaratilib, unda bir xil masshtabdagi sayyoralarning orbitalari hamda ularning maketlari bo‘ladi. Planetariyning orqasida Aviatsiya texnikalari muzeyi joylashadi. Mudofaa vazirligi tomonidan hisobdan chiqarilib, qayta ta’mirlangan texnika, samolyot va vertolyotlar yetkazib beriladi. Barcha eksponatlar ochiq bo‘lib, bolalar uchuvchi kabinasiga kirishi, parashyutlarni kiyib ko‘rishi va texnik ma’lumotlarni bilib olishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, park hududida dam olish zonalari, kafelar va parkni yuqoridan ko‘rish uchun charxpalak bo‘ladi.

— Parkning ochilishi qachonga mo‘ljallangan?

— Avvalo shuni aytishim kerak, maktab-internat o‘quvchilarni birinchi sentabrda qabul qilib oladi. Parkni ham joriy yilda ochish mo‘ljalimiz bor. Hamma obyektlar tayyor bo‘lmasligi mumkin, masalan, Planetariy kechroq ochiladi, chunki hamma narsa bizga bog‘liq emas. Lekin aviatexnika ko‘rgazmasi va muzey aniq shu yil ochiladi, asboblarning hammasi shu yil ta’mirdan chiqadi. Astronomiya instituti parkdan ajratib qo‘yiladi, chunki biz u yerda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishimiz lozim. Lekin institut foyyesida zamonaviy astronomiya yutuqlari bilan tanishtiruvchi ko‘rgazma ochiladi va xohlagan kishi kelib tomosha qilishi mumkin.

Endi parkka kelsak, uning bosh darvozasi Osiyo ko‘chasida, hozirda avtomobillar yuvish shoxobchasi joylashgan yerda bo‘ladi. Planetariy va aviatexnika maydonchasi tomonidagi yana bir kirish joyi Astronomiya ko‘chasida bo‘ladi. Parkning uchinchi kirish joyi va maktab-internat darvozasi Gidrometeorologiya markazi tomonida bo‘ladi. Umuman olganda, bu yurtimizdagi birinchi ilmiy-ma’rifiy va Ulug‘bek rasadxonasining ishlab turuvchi modeliga ega bo‘lgan yagona park bo‘ladi.

— Gazetxonlarimizga o‘zingiz bosh muharrirlik qilayotgan «Fan va turmush» jurnalining 2018 yildagi rejalari haqida ham ma’lumot bersangiz

— Shu yil jurnalning tashkil etilganiga 85 yil to‘ladi, u Rossiyaning «Nauka i jizn» jurnalidan bir yoshga katta. Men 2002 yildan beri jurnalga bosh muharrirlik qilib kelayapman. Uning o‘quvchilari nafaqat o‘zbekzabon insonlar, balki xuddi «Znaniye — sila», «Nauka i jizn» va shunga o‘xshash kamyob jurnallar kabi rus tilida ham o‘z o‘quvchilariga ega. Endilikda u ikkita nomga ega, «Fan va turmush» va «Nauka i jizn Uzbekistana».

Albatta, jahon ilm-fani yutuqlariga oid ma’lumotlarni internet orqali ham o‘qish mumkin, gap shundaki, biz mazkur jurnalda, internetda kam uchraydigan, yurtimiz yosh olimlarining ilm-fandagi yutuqlari haqida ham ma’lumotlar chop qilamiz. Mustaqillik yillarida yurtimizda arxeologiyaga oid qiziqarli ma’lumotlar topildi. O‘z navbatida biz ham jurnalning har bir sonida ushbu arxeologik topilmalar va ma’lumotlarni yoritib boramiz. Shu bilan birga, o‘lkamizning xorij muzeylarida saqlanib kelinayotgan durdonalari haqida ma’lumotlar chop etishga ham alohida e’tibor qaratyapmiz. Ular orasida bezaklar, qo‘lyozmalar, hukmdorlarning shaxsiy buyumlari, temuriylar davrining artefaktlari bor. Shu kabi osori-atiqalar dunyoning Buyuk Britaniya, AQSh, Turkiya kabi rivojlangan davlatlari muzeylarida saqlanmoqda. Biz o‘sha muzeylardagi «o‘zimizning» eksponatlar haqida ma’lumotlar olamiz va jurnal o‘quvchilariga yetkazamiz.

Vazirlar Mahkamasining jurnalni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarori bizga katta yordam bo‘ldi, natijada homiylar topildi va biz buning uchun hukumatimizdan minnatdormiz.

Hozirda jurnal veb-sahifasining yaratilishi ustida ish olib borilmoqda. Unda biz jurnalning barcha maqolalarini elektron chop qilishni rejalashtirganmiz...

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Baxtiyor RIZAYEV suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: