05.12.2017

YOSHLAR TAQDIRIGA HAMMAMIZ MAS’ULMIZ

Bu masalada tashvishli muammolar aytildi, aniq taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Islom sivilizatsiyasi markazi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, imom-xatiblar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi vazifalar ijrosi hamda xorijdagi mehnat migrantlari bilan ishlash tizimini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 15 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi, bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalari bildirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili 2 million 700 ming nafarga yaqin kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Qonuniy shartnoma asosida ishlash o‘rniga hech qanday kelishuvsiz, yo‘l-yo‘riqsiz, kimlarningdir orqasidan ergashib, xorijga chiqib ketish hollari odam savdosi qurbonlari ko‘payishiga olib kelmoqda.

— Bugungi kunda yoshlarda iymon-e’tiqodni, dinu diyonatni, hushyorlikni, zararli ta’sirlarga qarshi kurashish ko‘nikmasini shakllantirish dolzarb masala bo‘lib turibdi, — dedi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. — Davlatimiz rahbarining 15 noyabrda bo‘lib o‘tgan majlisda ahli ilmlarga murojaat qilishlarining sababi shuki, har qanday muammoning ildizi ilmsizlikdan, jaholatdan kelib chiqadi. Noxush holatlarning oqibati bilan kurashmasdan, ularning sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish lozim.

Jinoyatchilikning sabablari turlicha, albatta. Kimdir bilib-bilmay jinoyatga qo‘l uradi, kimdir qasddan jinoyat qiladi. Lekin uning qaysi turini olib qaramang, dinimizga xilofdir. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik — bularning barchasi insonning iymoniga zarar yetkazadigan, shariat harom qilgan ishlardir. Ulamolarimiz, imom-xatiblarimiz, mudarrislarimiz va talabalarimiz odamlarga, ayniqsa, yoshlarga har qanday jinoyat og‘ir gunoh ekanini tushuntirishlari darkor.

Bugun yana bir muammo — mehnat migrantlari masalasi tobora tashvishli tus olmoqda. Chet ellarda yurgan o‘zbekistonlik yigit-qizlarning barchasi o‘zimizning farzandlarimiz. Agar ularning tarbiyasiga, taqdiriga befarq bo‘lsak, farzandlarimizni boshqalar o‘z tuzog‘iga ilintirib, juvonmarg qiladi. Bunga hayotdan ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Prezidentimiz ko‘rsatmasi bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi juda ham foydali va xayrli ishga qo‘l urdi. Yaqinda Yoshlar ittifoqi rahbarlari va imom-xatiblarimizdan iborat delegatsiya Rossiya davlatida ishlayotgan yoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning yashash va mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Bunday ishlarni izchil davom ettirishimiz kerak.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida marhamat qiladilar: «Har biringiz rahbarsiz va qo‘l ostingizdagilarga mas’ulsiz». Demak, yoshlar ta’lim va tarbiyasi bilan shug‘ullanishga mutasaddi bo‘lgan har bir shaxs bu ishga javobgar ekanini qalbdan his qilmog‘i lozimdir.

Yig‘ilishda imom-xatiblar keng aholi qatlami bilan ko‘proq muloqot o‘tkazishga, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashda jonli misollar orqali ta’sirchan tushuntirish ishlarini olib borishga da’vat etildi. Har qanday yomon ishni til bilan qaytarish aynan ulamolarning, imom-xatiblarning, ziyolilarning, ommaviy axborot vositalarining vazifasidir. Kichik bir yomon ishni har kim ham to‘xtatishi mumkin, ammo jinoyatning ko‘lami keng bo‘lsa, unga qarshi butun jamoatchilik kurashishi zarur.

Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun Diniy idora va Yoshlar ittifoqi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum ishlab chiqish va imzolash taklifi bildirildi. Bu memorandum kelgusida yoshlar tarbiyasida amalga oshiriladigan ishlarni samarali olib borishga asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash raisi Qahramon Quronboyev Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan va Novosibirsk shaharlaridagi mehnat migrantlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Ushbu safar davomida mehnat migrantlarining yashash hamda ishlash sharoitlari bilan yaqindan tanishilgani, yotoqxonalarda yakka tartibdagi suhbatlar uyushtirilgani va ularning mehnat muhofazasi, ijtimoiy himoyasini yaxshilash bo‘yicha mazkur shaharlarning mutasaddi rahbarlari bilan bir qator kelishuvlarga erishilgani to‘g‘risida to‘xtaldi.

— Rossiya Federatsiyasi yoki boshqa xorij mamlakatlarida tegishli kelishuvlarsiz mehnat qilayotgan yoshlarimizning til bilmasligi, tayinli kasb-hunarga ega emasligi achinarli holatlarga sabab bo‘lmoqda, — dedi u. — O‘zimizning vatandoshimiz bo‘lgan ba’zi bir insofsizlar yoshlarimizning soddadilligidan foydalanib, ularning pasportini olib qo‘yib, tekinga ishlashga, sarson-sargardon bo‘lishga majbur qilayapti. Biron-bir tanishi gapiga uchib yoki shunchaki ish izlab ketgan yoshlarimiz oxir-oqibat firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmoqda, oylab, hatto yillab o‘z haqini ololmay yurganlar oz emas.

Rossiya Federatsiyasining beshta hududida 17 ming nafar mehnat migrantlari bilan uchrashuv o‘tkazdik. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Rossiyadagi oliy ta’lim muassasalarida 24 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olayapti, 2,5 million nafarga yaqin yoshlar mehnat qilyapti. Ishlash uchun borgan yoshlar o‘rtasidagi eng katta muammolardan biri — mehnat xavfsizligiga rioya qilmaslik oqibatida o‘lim holatlari sodir bo‘layotganligidir. Mamlakatimiz delegatsiyasi bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Rossiyaning mehnat sohasi tashkilotlari, Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan va Novosibirsk shahri gubernatorlari bilan kelishuvlarga erishdi.

Bugungi kunda yoshlar o‘rtasida ishsizlikning oldini olish borasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan qator loyihalar ishlab chiqilgan. Bu o‘ta muhim masala. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 10 oyi davomida yoshlarimizning 22 ming nafardan ko‘prog‘i turli darajadagi jinoyatlarga qo‘l urgan. Xo‘sh, bu jinoyatlarning ildizi qayerda? Bu savolga javob topish uchun jinoyat bilan bog‘liq muammolar yechimi ustida jiddiy o‘ylash kerak.

Hozirgacha O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 22 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilot tuzilib, unga 6,5 million nafar yoshlarni qamrab olishga muvaffaq bo‘ldik. Uch million nafardan ziyodroq o‘quvchi «Kamalak» bolalar tashkilotiga jalb qilindi. Bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirayapmiz.

Asosiy masalalardan biri — yoshlarni yaxshi maosh to‘lanadigan ish bilan ta’minlash hisoblanadi. Buning uchun esa, zamon talabidan kelib chiqqan holda, ularga kasb-hunar, xorijiy tillarni o‘rgatish kerak. Demak, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qiyotgan yoshlar bilan ishlashni zamon talablariga mos ravishda yo‘lga qo‘yishimiz kerak.

Biz yoshlarni boqimandalikka emas, mehnat qilishga o‘rgatishimiz lozim. Buning uchun har bir ota-ona, qo‘ni-qo‘shni, mahalla, diniy ulamolar — hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishimiz lozim bo‘ladi.

Yaqinda Shofirkon tumanida bo‘lganimizda, 70 yoshli bir onaxon 37 yashar o‘g‘lini ergashtirib keldi. «O‘g‘lim ishsiz yuribdi, ishga joylashtirishga yordam bering», — dedi. «Xo‘p», — dedik, uyiga borib, oilaviy sharoitini o‘rgandik. Hovlining 10 sotixdan ziyod tomorqa yeri tap-taqir, zarang bo‘lib yotibdi. «Onaxon, tomorqaga ishlov berib, ekin ektirmaysizmi?» — desam, «Pulim yo‘q», — dedi. Tovuq olib beraylik, ham tuxum beradi, ham ko‘payadi, desam, «Kerak emas, bir-birini cho‘qib o‘ldiradi», — dedi. Bunga ham ko‘ndik, o‘g‘lini ishga joylashtirib, hovlidagi tomorqa maydoniga ekish uchun mahalliy bank hisobidan 30 ta mevali daraxt ko‘chatini olib berdik. Yana ikki haftadan keyin yo‘lim tushib, Shofirkon tumaniga borganimda, o‘sha xonadondan xabar oldim. Ishonasizmi, biz olib bergan ikki bog‘lam ko‘chat bir joyga qanday ko‘milgan bo‘lsa, shundayligicha turibdi...

Shu kunlarda Rossiya va boshqa mamlakatlarda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari, xususan, yoshlar yurtimizga qaytmoqda. Endigi masala ularni ish bilan ta’minlash. Bu borada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Hozir mamlakatimizning hamma viloyatlarida, shaharlarida bunyodkorlik ishlari avj olayapti, qurilishlar bo‘layapti, ish joylari yaratilyapti.

Yaqinda Surxondaryo viloyatida Rossiyadan qaytib kelgan 620 nafar yoshlarni ikki hafta ichida ishga joylashtirdik. Boshqa viloyatlarda ham bunday chora-tadbirlarni davom ettirayapmiz. Har birimiz atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasligimiz, noxush holatlar, qonunbuzarlikka qarshi hushyor turib birgalikda kurashmog‘imiz lozim...

Anjumanda yoshlar orasida jinoyatchilikning oldini olish, xorijdagi mehnat migrantlari bilan ishlash bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.