21.03.2017

O‘ZBEKISTONDA NAVRO‘Z SAYLI

Ochil PARDAYeV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

— Men mustabid tuzum davrida chorak asrdan ziyod Boysun tuman gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishladim. Lekin unda Navro‘z haqida maqola bosilganini eslolmayman. Chunki u haqda yozish taqiqlangan edi. Odamlar o‘shanda pana-pastqamlarda Navro‘z bayramini pinhona nishonlardi. Istiqlol tufayli bu ayyom katta maydonlarga ko‘chdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Navro‘z bayrami bu yil xalq sayliga aylandi.

Biz boysunliklar ushbu bayramni azaliy urf-odatlarimizga ko‘ra, Inkabod qishlog‘idagi qir-adirlarda kutib oldik.

Navro‘z bayramining o‘ziga xosligi shundaki, bunda gina-kuduratlar unutilib, odamlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibati jo‘sh uradi. Ahillik, poklik, bunyodkorlik kabi go‘zal tuyg‘ular qanot yozadi. Hozir qaysi bir xonadonga yoki mahallaga kirmang, doshqozonlarda sumalak qaynayapti, to‘y-tantanalar o‘tkazilayapti.

Men uchun bu yilgi bayramning yana bir qadri shundaki, aynan Navro‘z kuni to‘qson yoshga to‘ldim. Erta tongdan yaqinlarim, ayniqsa, shogirdlarimning qutlashi ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Men ana shunday dorilamon kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukr qilaman.

Ro‘zimboy HASAN,  yozuvchi:

Xorazmda Navro‘z o‘ziga xos tarzda ishonlanadi. Bir tomonda lazgi jarangi, boshqa maydonda qo‘chqor urushtiruvchilar, xo‘roz jangi, xivalik xalfalarning dil o‘rtar aytimlarini eshitgan odamning butun vujudi quloqqa aylanadi. Pahlavon Mahmud avlodlarining kurash bellashuvi barchani o‘ziga tortadi. Komiljon
Otaniyozov tomonidan aytilgan o‘lmas qo‘shiqlar qalblarni larzaga soladi. Xorazmlik pazanda ayollar dasturxonga tortgan sumalak, ko‘k chuchvara, qatlama kabi milliy taomlarning xushbo‘y hidi ishtahani qitiqlaydi. Bu yilgi Navro‘z sayillari bizning Xorazmda juda ko‘tarinki kayfiyatda, hamjihatlikda o‘tmoqda, odamlarning ruhi baland. Kimga qarasangiz yaratish, bunyod etish, barpo qilish maqsadi bilan yashamoqda.

Ahmadillo SOLIYeV, jurnalist:

— Navro‘z nash’u namosi, karnay-surnay sadosi elu ulusni Shahrixon shahri markazidagi bog‘da o‘tkaziladigan Navro‘z sayliga  chorladi. Jarchilarning jarangli ovozi atrofni tutdi.

Bog‘da Navro‘z ifori, go‘zalligi, tarovati namoyon. Qadam qo‘yganlar yangilanish nafasidan bahramand bo‘lib, kayfiyati ko‘tariladi.

Shodiyona do‘st-qadrdonlar bilan yanada fayzli, quvonchli. Miliy kiyimlari juda yarashgan qardosh xalqlar vakillari bir-birini tabriklaydi. Navro‘z taomlari, pishiriqlar, turli noz-ne’matlar dasturxoni mehmonlarga muntazir.

Shahrixonning dovrug‘ini oshirgan hunarmandlar ham Navro‘zga peshvoz. Ulug‘ yoshga yetgan Xojalxon Qodirova qizlar suyib kiyadigan oqpar do‘ppi tikishning ustasi. Onaxon do‘ppining Navro‘z nusxasini yaratgan. U qizlarimizga juda yarashadi. Husniga-husn qo‘shadi. 

Er yigitlar uchun do‘ppi tikadigan chevar Munojatxon Sharipova sara, ko‘rkam ishlarini ko‘z-ko‘z qiladi.

Usta Rahmatxo‘ja Alixo‘jayev mehnati bilan yaratilgan milliy pichoqlar ta’rifi dunyoga yoyilgan.

Paxtaobodlik O‘ktam hoji Yusupov dor o‘yinlari bilan tomoshabinlarni quvontirdi. Navro‘z tantanalari oqshomgacha davom etdi.

Hasan NORMURODOV, «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi
raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP
guruhi a’zosi:

— Prezidentimiz tashabbusi bilan Navro‘zni xalq sayli sifatida nishonlanishi xalqimizni yanada jipslashtirdi. Navro‘z eng qadimiy urf-odat va ana’analarimizni o‘zida mujassam etgan milliy bayram sifatida yangilandi, mazmunan yanada boyitildi, deb o‘ylayman.

Bugun minglab samarqandliklar shaharu qishloqlarda, mahallalarda katta tantana qilishmoqda. Bayramlarni bunday nishonlanishi jamiyatga nima beradi? Menimcha, eng avvalo, rahbarlarni xalqqa yaqinlashtiradi. Bunday sayillarda xalq nima bilan nafas olayapti, ularning kayfiyati qanday, degan savollarga bemalol javob olish mumkin.

Navro‘z falsafasi zamirida xalq bilan muloqot tushunchasi bor, deb hisoblayman.         

Haqiqiy Navro‘z saylini ko‘rmoqchi bo‘lganlar Urgutga, Qo‘shrabotga, Nurobodga, Bulung‘urga kelsin. Bu yerlik samimiy insonlar mehmonni boshiga ko‘taradi. 

Nigina ABDURAZZOQOVA, Jizzax san’at kollejining 3-bosqich o‘quvchisi,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi:

— Jizzax o‘zinining betakror go‘zal manzaralari, sodda, samimiy, ko‘ngli ochiq odamlari bilan mashhur.

Bu zamin farzandlariga ona tabiatning o‘zi ilhom beradi. Zomin sharsharasi, Oyqor tog‘i kabi mo‘jizalarni ko‘rgan inson yo she’r yozadi, yoki rasm chizadi, yo qo‘shiq aytadi.

Jizzax san’at kollejida o‘qish davomida ustozlarimdan rassomlik sirlarini o‘rgandim. 2014 yilda Baxmal tumanidagi maktabda o‘z shaxsiy ko‘rgazmamni tashkil etdim.

 «Yurt kelajagi», «Orasta qizlar» ko‘rik tanlovlarida, «Yosh tadbirkor yurtga madadkor» loyihasida faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.

Navro‘z bayrami arafasida kamtarona mehnatlarim, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani menga olam-olam faxr, g‘urur bag‘ishladi. Ayiqsa, bu yuksak mukofotni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi topshirgani hayotimdagi eng unutilmas voqea bo‘ldi.

Akram AKBAROV, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

— Xalqimizning mana shunday nurafshon kunlarini ko‘rib, o‘tgan asrning 40-yillari yodimga tushadi. O‘sha paytda odamlar Navro‘zni nishonlash uchun rahbarlarning ko‘zidan panaroq joylarga chiqishardi. Topgan-tutganlarini o‘rtaga qo‘yib, yashirincha bayram qilishardi. Shunday og‘ir damlarda ham xalq Navro‘zni unutib yubormadi.

O‘sha vaqtlarni bugungi kunlar bilan solishtirsak, xuddi ertakka o‘xshaydi. Odamning ishongisi kelmaydi. Viloyatimizdagi Navro‘z sayillarining asosiy tadbirlari «Sohil» xiyobonida tashkil etildi.  Bu yerda doshqozonlarda osh damlanib, sumalak tarqatilmoqda. Sayilgohdan erta tongdan to kun oqquncha odam arimaydi.

Tog‘li tumanlarimizda Navro‘z qir-adirlarda nishonlanmoqda. Ayniqsa, Qamashi, Nishon, Dehqonobod, Muborak tumanlarida xalq sayillari uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.

Maqsuda VORISOVA, Oliy Majlis Senati a’zosi, Zangiota tumanidagi Nazarbek qishloq vrachlik punkti mudiri:

Bir necha kundan buyon Toshkent viloyatidagi barcha istirohat bog‘lari, mahalla guzarlarida Navro‘z tantanalari o‘tkazilmoqda. Zangiota tumanida tashkil etilgan xalq saylida ishtirok etib, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi, milliy bayramimizning kuchi-qudratiga qoyil qoldim.

Hatto bir-birini bilmagan, tanimagan odamlar ham bayram bilan tabriklab, o‘yin-kulgi qilishmoqda. Mana bir necha yildan beri deputat, senator sifatida xalq orasida juda ko‘p yuraman. Ochig‘ini aytishim kerak, Navro‘zning bu yil xalq sayli tarzida o‘tkazilayotgani odamlarimizning, xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Bu ularning kayfiyati, xursandchiliklarida yaqqol namoyon bo‘lib turibdi.     

 

O‘rozboy ABDURAHMONOV, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi:

— Bu yilgi Navro‘z o‘z nomi bilan xalq sayliga aylanganini joylarda bo‘layotgan to‘y-tomoshalardan bilsa bo‘ladi. Men kechagina Taxiatosh shahrida o‘tkazilgan Navro‘z bayramida qatnashib keldim. El-ulus, yoshu-qari hammasi o‘sha yerda, hamma xursand, buni ko‘rib ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi. Ilgari Navro‘z bitta joyda o‘tkazilardi, unda cheklangan odamlar qatnashardi. Bu yilgi Navro‘z har bir xonadonga kirib bordi, desam xato qilmagan bo‘laman. Har bir korxona va tashkilotda, muassasa va mahallalarda, ovullarda to‘kin bayram dasturxoni tashkil qilinyapti, konsertlar uyushtirilyapti, sport musobaqalari o‘tkazilyapti, haqiqiy to‘y bo‘lyapti. Kam ta’minlangan, yordamga muhtoj, keksa insonlar, nogiron, bemorlarning holidan xabar olinib, ko‘ngil so‘ralayapti. Chimboy, Xo‘jayli, Ellikqal’a, Beruniy, Shumanay, Amudaryo tumanlarida bo‘lib o‘tgan Navro‘z tomoshalari ancha vaqtgacha xalqimizning dilida saqlanib qoladi, deb o‘ylayman.

Bahrom OBIDJONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP
fraksiyasi a’zosi:

— Bu yil Navro‘z haqiqiy xalqona bayram sifatida nishonlanayotgani farg‘onaliklarning ham yuz ko‘zida o‘z ifodasini topmoqda. Kecha oilamiz bilan Oltiariqda o‘tkazilgan xalq saylida ishtirok etgan bo‘lsak, bugun viloyat markazida tashkil etilgan tantanalarni tomosha qilish uchun keldik.

Haqiqatan, Navro‘z bayramining asosiy qismi tomosha hisoblanadi. Bizda qadimdan «Maydon tomoshasi» degan tushuncha bor. Ya’ni, maxsus tayyorlangan sahnalarda emas, dalalarda qiziqchilar, xalq teatri vakillari, dorbozlar, askiyachilar, xalq ansambllari chiqishlari bo‘lgan. Ana shunday keng maydon tomoshalaridagi qadimiy urf-odatlar, harakatlar, raqslar keyinchalik bizgacha yetib kelgan. 

Navro‘z bayramini xalq sayli sifatida nishonlanishi ana shu qadimiy an’analarning qayta tiklanishi va ularni kelajak avlodlarga yetib borishida muhim o‘rin tutadi.

Hayotxon ORTIQBOYeVA, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashidagi O‘zXDP
guruhi a’zosi:

Mana bir necha kundirki, Guliston madaniyat va istirohat bog‘ida viloyatimizning shahar va tumanlardagi folklor-etnografik jamoalari navbatma-navbat o‘z chiqishlarini namoyish etishmoqda. Sayillarda milliy liboslar, taomlar, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan turli buyumlar ko‘rgazmasi tashkil etilgan. Ularda har bir hududning hayot tarzi, urf-odatlari, yutuqlari aks etgan.

So‘rilarda o‘tirgan tabarruk otaxon va onaxonlar duoga qo‘l ochib, Yaratgandan yurtga tinchlik, osoyishtalik, to‘kinlik, elimizga rizq-ro‘z, baraka berishini so‘rayapti. Kelin salomlar, yor-yorlar avjida. Sayxunobodlik ayollarning dasturxonida o‘nlab milliy taomlar bor. Shirin shahri vakillarining ko‘rgazmasini ta’riflashga so‘z topilmaydi.

Istirohat bog‘idagi davralarda milliy udumlarimiz aks etgan. Kimdir uzatiladigan qiziga ko‘rpa qaviyapti, kimdir urchuq yigirayapti, yana bir ayol qadimgi hunar — qanor to‘qish bilan band. Dasturxonlardagi Navro‘z taomlarining adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Mana sirdaryoliklar bayramni qanday nishonlashmoqda.

Normurod ISOQOV, «Mahalla» xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat
bo‘limi raisi:

— Navro‘z ayyomi viloyatimizda ham katta tayyorgarlik, shodu xurramlik bilan kutib olinmoqda. Odatda Navro‘z oldidan xalqimiz hashar qilib, ariq va zovurlarni tozalaydi, atrofni obodonlashtiradi. Bayram arafasida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida viloyat bo‘yicha 432 mingdan ortiq manzarali, 316 520 mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Shuningdek, 583 mingdan ortiq gul ko‘chatlari ekildi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirishda viloyatimizning barcha fuqarosi faol ishtirok etdi.

Mana shunday    obod manzillarda o‘tkazilayotgan sayillar odamlarimizning hayotidan rozi bo‘lib, oilasi bag‘rida baxtli yashashida muhim o‘rin tutadi.

Navoiyliklar Navro‘zi olamni ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi olishmoqda.

Qiyomiddin QO‘LDOShEV, Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

— Butun mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z shukuhi kezib yurgan shu kunlarda bobo dehqonlarimiz bayramni nishonlash bilan bir qatorda dalalarda bog‘ yaratmoqda, urug‘ sochmoqda. Deputat sifatida Navro‘z sayillarida ishtirok etib, kunning ikkinchi yarmida Shofirkonga odamlar bilan uchrashuvga keldim.

Chunki hozir fermeru dehqonlarning kechayu kunduz tinim bilmay ishlaydigan vaqti. Bugun qilingan mehnat ertaga xalqimiz dasturxonining to‘kin bo‘lishi, davlatimiz iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi.   

Nosir ABBOS, shoir:

— Navro‘z bayramiga namanganliklar ham o‘zgacha ko‘tarinkilik bilan peshvoz chiqdilar. Viloyatning 800 dan  ziyod  mahalla hududlaridagi ko‘cha va xiyobonlar, guzarlar obodonlashtirildi.

Bu galgi Navro‘z bayrami sayil tarzida o‘tkazilayotgani keksa-yu yoshga birday ma’qul keldi. Viloyat markazidagi Bobur, Mashrab, «Kamolot», Kichkintoylar bog‘lari hamda yangi barpo etilgan «Uch favvora» xiyobonida sayillar o‘tkazilmoqda.

«O‘lkamga xush kelding, Navro‘zi olam» deb nomlangan teatrlashtirilgan  bayram saylida  o‘urumsaroy kulollari, Chortoq zardo‘zlari, Nanay hunarmandlarining mo‘jizaga qiyos mahsulotlari, kosonsoylik, koroskonlik, chustlik dorbozlarning betakror chiqishlari, o‘quv markazlarining milliy liboslar ko‘rgazmalari, raqs va askiyachilik, milliy xalq o‘yinlari, shoirlar mushoiralari, sport musobaqalari, milliy taomlar va dasturxon bezash tanlovlari, osh va sumalak tayyorlash bellashuvlari o‘tkazilmoqda.

Xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at yo‘nalishlarida katta muvaffaqiyatlarga erishib, e’tirof etilgan iste’dod sohiblari bilan uchrashuvlar, rassomlarning amaliy ko‘rgazmalari, nuroniylar gurungi kabi tadbirlar sayil mazmuniga-mazmun qo‘shmoqda.

26-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va yakka-yolg‘iz keksalar va nogironlarga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda muloqotga kirishish markazi tomonidan sovg‘a-salomlar ulashildi. Bir so‘z bilan aytganda, viloyatimizda Navro‘z birdamlik, mehr-oqibat va muruvvat, hamjihatlik, saxovatpeshalik, Ona tabiatni asrash va bunyodkorlik ayyomi sifatida ulug‘lanmoqda.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: