11.03.2017

UNABI — KONI FOYDA

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurganida unabi (chilonjiyda) va yong‘oqzorlarni ko‘paytirish, limon yetishtirishga e’tibor qaratish zarurligini alohida ta’kidlagan edi.

Unabi qanday yetishtiriladi? Qaysi kasalliklarga davo?

Shu kabi savollar bilan akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga qarashli Surxondaryo ilmiy tajriba stansiyasi ilmiy xodimi Ne’matullo Astanaqulovga murojaat qildik.

— Avvalo unabi haqida qisqacha ma’lumot bersangiz...

— Unabi — subtropik o‘simlik bo‘lib, chilonjiyda yoki «Xitoy finiki», deb ham yuritiladi. Asosan O‘rta Osiyo, Kavkaz va Ukrainada keng tarqalgan. Uning 20 dan ortiq navi bor. Mamlakatimizning barcha hududlarida uchraydigan chilonjiyda tez o‘suvchan bo‘lib, 1-2 yilda meva beradi. To‘liq hosil berish davri — 8-10 yil. Bir daraxtdan o‘rtacha 35-40, hatto 120-160 kilogrammgacha meva olish mumkin. Quruq va issiqqa chidamli, 30 darajali sovuqqa ham chidaydi. Mevasining tarkibida 21-25 foiz qand, 0,5-1,3 foiz kislota va ko‘plab vitaminlar mavjud. Temir, kobalt va yodga to‘yingan chilonjiydani ho‘l va quritilgan holda iste’mol qilish mumkin. U nafaqat sog‘lik garovi, balki boylik manbai hamdir.

Chilonjiyda urug‘idan hamda payvandlash yo‘li bilan ko‘paytiriladi. Urug‘lar 3-4 kun suvda ivitilib, nam qumda 40-60 kun saqlanadi. Fevralning oxiri va mart oyining boshlarida esa egatlarga ekiladi. O‘simlik ko‘chati ekilayotganda yerosti suvlari 2-3 metr pastda bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston sharoitida 1 gektar maydonga o‘rtacha 400-600 dona ko‘chat (5x5 metr) ekish maqsadga muvofiqdir. Suv kam bo‘lgan hududlarda esa 4x3 metr tavsiya qilinadi. Nihollarni 20 martdan 1 aprelga qadar ekish foydalidir. Unabini 5-7 marta sug‘orish mumkin. Qumli va qattiq yerlarda esa buni yana ko‘paytirish mumkin. Chilonjiydalar aprel-may oylarida, havo haroratining 10-12 daraja iliq bo‘lishi bilan gulga kiradi. Mevalar sentabr-oktabr oylarida pishib yetiladi.

— Bog‘ parvarishida nimalarga ahamiyat berish kerak?

— Bir gektarli boqqa uchinchi yildan boshlab 120 kilogramm azot, 90 kilogramm fosfor, 60 kilogramm kaliy va me’yorida mahalliy o‘g‘it berish foyda beradi. Mayda qumli yoki tuproqli maydonda 180 kilogramm azot, 120 kilogramm fosfor va 90 kilogramm kaliy tavsiya qilinadi. Daraxtlarga o‘z vaqtida va to‘g‘ri shakl berishni ham unutmaslik kerak.

Mevalar chilonjiyda pashshasi bilan zararlanishi mumkin. Buning oldini olishda erta bahorda daraxtlarga «insektetsid» kimyoviy dorisi bilan ishlov berilsa, albatta ko‘zlangan maqsadga erishiladi.

— O‘zbekiston sharoitida qaysi navlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaysiz?

— Mamlakatimizda «Ta-yan-szyu», «U-sin-xun» «Dargom», «Yubileyniy» va boshqa navlar yetishtiriladi. 1-2 yildan keyin hosilga kirib, 6-yili o‘rtacha 20 kilogrammgacha meva tugadi. Uni 70 foizli shakar qiyomida quritib, mayiz ham olish mumkin. «U-sin-xun» navli unabining mevasi katta bo‘lib, og‘irligi 18-25 grammgacha keladi. «Dargom»ning mevasi ham yirik, eng muhimi, 1-2 yildayoq hosilga kiradi.

Ayrim chilonjiyda daraxtlari tikanli bo‘ladi. Bu esa terib olishda ehtiyotkorlikni talab qiladi. 1 gektar chilonjiydadan bir yilda o‘rtacha 10-20 million so‘m sof foyda olish mumkin.

— Unabining sog‘liqqa foydasi xususida ham ma’lumot bersangiz...

— U bosh og‘rig‘ining oldini oladi. Nafas yo‘llari xastaliklariga barham beradi. Me’daga quvvat baxsh etadi, safroni haydaydi. Qon bosimini me’yorida ushlaydi. Yurak faoliyatini mo‘tadillashtiradi. Buyrak shamollashiga chek qo‘yadi. Umuman, unabining 20 dan ortiq xastalikka shifobaxshligi aniqlangan.

— Mahalliy sharoitda unabidan sharbat tayyorlanayotgan ekan. Bu haqda fikringiz qanday?

— Avvalo, sharbatning foydalari haqida to‘xtalmoqchiman: Mevaning oshqozonda hazm bo‘lishiga taxminan 40-50 daqiqa ketsa, sabzavotlar uchun to‘rt soat sarflanadi. Sharbatlar esa xoh mevaniki, xoh sabzavotniki bo‘lsin, bir necha daqiqadayoq tanaga singadi. Qolaversa, mevadagi barcha vitaminlar, ma’danli tuzlar, aminokislotalar, fermentlar va maydalangan hujayrachalar ham sharbatga chiqadi. Xushta’m shirinlik organizmdan barcha xiltlarni haydaydi, yallig‘lanishni bartaraf qilib, ichak tizimi faoliyatini yaxshilaydi.

Momoyu bobolarimiz chilonjiydani «qizil qopchadagi un»ga qiyoslaydi. Undan xushta’m sharbat tayyorlash mumkin. Buning uchun yarim kilogrammdan ortiq chilonjiydaga taxminan 2 litrcha qaynoq suv va ta’bga qarab shakar (novvot qo‘shilsa yana yaxshi) qo‘shiladi. 1-2 soat tindirilgach, iste’mol qilish mumkin. Yotishdan avval 1-2 piyola chilonjiyda sharbatini ichsangiz, miriqib uxlaysiz. Asab tizimi me’yorida bo‘ladi.

Unabi nafaqat sog‘lik garovi, balki daromad manbai hamdir. Shunday ekan, unabi bog‘larini ko‘paytiraylik!

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Abdumalik HAYDAROV

suhbatlashdi.



DB query error.
Please try later.