04.03.2017

NAVRO‘Z — ASRLARNI MUNAVVAR AYLAGAN AYYOM

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori bilan mamlakatimizda Navro‘zi olam taraddudi boshlanib ketdi.

Xalqimiz qalbida ezgulik, mehr-oqibat, insoniylik tuyg‘ularini uyg‘otadigan asl milliy bayram hisoblangan Navro‘z bu yil xalq sayli tarzida nishonlanadi.

Barcha shaharu qishloqlarimizda Navro‘z ayyomini munosib kutib olish, hududlarning o‘ziga xos an’ana va urf-odatlarini namoyish qilish, ma’naviy merosimizni ajdodlardan avlodlarga o‘tishi va yanada sayqal topishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bayram tadbirlariga tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlanib ketdi.

Navro‘zi — olamning qadami ona-Vatanimizga qutlug‘ kelgan bo‘lsin.

«Yaxshi odam ko‘zidan, yaxshi yil Navro‘zidan» ma’lum degan maqol bor xalqimizda. Millati, tili, dinidan qat’i nazar bir tanu bir jon, yagona xalq bo‘lib yashayotgan yurtdoshlarimizning barchasi birdek yuksak ko‘tarinkilik, chinakam shodiyona bilan kutib olayotgan bu yilgi Navro‘z o‘lkamizga o‘zgacha bir shukuh bilan kirib kelmoqda.

Har bir xalqning o‘ziga xos shunday qadriyatlari va an’analari bo‘ladiki, u millatning borligini, ulug‘ligini namoyon etib turadi. Millat bilan birga yashaydi, birga taraqqiy topadi, birga ulg‘ayadi. Xalqimiz tarixi va madaniyatining bir bo‘lagi — Navro‘z ham qadimiy bo‘lishi bilan birga, har yili biz bilan birga yangilanib borayotgan ulug‘ va navqiron bayramdir.

Navro‘z haqida juda ko‘plab adabiyotlar va tadqiqotlar mavjud bo‘lsa-da, biroq uning qachon paydo bo‘lganligi aniq tarixiy faktlar asosida dalillab berilgan emas. Shu kungacha saqlanib qolgan mif, afsona va rivoyatlar, qo‘shiqlar tahliliga suyanib shuni aytish mumkinki, bu an’ana qadim davrlardayoq xalqimiz hayotidan mustahkam o‘rin egallagan, o‘sha qadim davrlardayoq elning, ulusning ulug‘ kuniga aylanib ulgurgan.

Mahmud Koshg‘ariy, Beruniy, Umar Hayyom, Alisher Navoiy, Narshaxiy, Hafiz Tanish Buxoriy kabi allomalarning asarlarida, boshqa turli tarixiy, adabiy manbalarda Navro‘z bayramining o‘tish tartibi, u bilan bog‘liq urf-odat hamda xalq o‘yinlari haqida ko‘plab ma’lumotlar berilgan. Ulug‘ bobokolonimiz Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar» deb nomlangan asarida bu bayram xususida qizqarli ma’lumotlarni yozgan. Jumladan, quyosh yili hisobida yilning birinchi oyi deb sanalgan Farvardin oyining birinchi kuni Navro‘z ekanligini ko‘rsatgan.

Qaysi bir davrni olib qaramaylik, bu Koshg‘ariy davrimi yoxud Amir Temur davri, Navro‘z katta maydonlarda, saylgohlarda zo‘r tantana bilan nishonlanganining guvohi bo‘lamiz. Faqat sho‘rolar zamonidagina bu bayram quvg‘unga uchradi, millat hayoti va xotirasidan butkul o‘chirib tashlashga harakat qilindi. Mustaqillikdan so‘ng Navro‘z hayotda yana o‘z o‘rnini topdi, yangicha mazmun va mohiyat kashf etdi. Chinakamiga xalq sayli shodiyonasining tantanasiga aylandi.

Navro‘z aslida yangi kun, yangi fasl, yangi yil demak. Xalqimiz orasida uni yilboshi ham deb atashadi. Navro‘zni biz qaysi nom bilan atamaylik, u haqiqatan ham millatning ulug‘ kuni, tozarish, yasharish, yangilanish, yuksalish bayrami bo‘lib qolaveradi.

Navro‘z shunchaki bir bayram emas. U millatning tarixi, falsafasi, badiiyati va san’ati, madaniyati, mifologik, diniy va dunyoviy dunyoqarashini, ilmiy tafakkur tarzini o‘zida mujassam etgan qomusiy bir ayyomdir.

Navro‘z kun bilan tun teng kelgan kundir. Qadimda yil taqvimi, ya’ni fasllar almashinuvi, uning qutblarini bilish kishilar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan. Ajdodlarimiz osmon, quyosh, oy, yulduz kabi yoritqichlar harakatini kuzatib ular haqida mukammal bilimga ega bo‘lganlar. Bu ularning kundalik, xo‘jalik, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va diniy hayotida muhim rol o‘ynagan. Aslida Navro‘z haqidagi mavsumiy marosimlar va qo‘shiqlar mohiyatida ana shu jarayonlar haqidagi tasavvurlar o‘z aksini topgandir.

Navro‘z bayrami qadimda an’anaga ko‘ra, tozarish, poklanish, yangilanish udumidan boshlangan. Yilning oxirgi chorshanbasida ko‘chalarda, mahalla ko‘ylarda ulkan olovlar yoqilgan. O‘tganlarning ruhiga bag‘ishlab is chiqarilgan. Odamlar o‘rtalaridagi gina-kuduratlarni unutganlar, bir-birlariga mehr-muruvvatli bo‘lishib, yaxshi tilaklar bildirishgan, gullar hadya etishgan, beva-bechoralarning, bemorlarning holidan xabar olishgan, qabristonlar ziyorat qilinib, o‘tganlar ruhi shod qilingan, hashar uyushtirilib uy-mahalla, yurt obod qilingan, bog‘larga, dalalarga gullar, ko‘chatlar ekilgan.

Bobodehqonning ilk bor dalaga qo‘sh chiqarishi ham navro‘zdan boshlangan. Dalaga qo‘sh chiqarishdan oldin u bilan bog‘liq turli urf-odat, marosimlar o‘tkazilgan. Qurbonliklar qilinib, qo‘shga qo‘shiladigan ho‘kizlarning shoxi yog‘langan. Bu «Shox moylar» marosimidan maqsad yilning qut barakali kelishiga, to‘kin-sochinlik bo‘lishiga umid qilingan.

Yurtimizning turli joylarida Navro‘z bayrami turlicha nishonlangan va bu shodu xurramlik bir necha kundan, bir haftagacha, hatto bir oyga qadar davom etgan.

Navro‘z asosan maxsus saylgohlarda, qir-adirlarda nishonlangan. Bayram kuni erta tongdan karnay-surnaylar chalingan, jarchilar odamlarni bayramga taklif etishgan. Chavandozlar, polvonlar, qiziqchi masxarabozlar, baxshilar, qo‘shiqchi hofizlar, o‘yinchi-raqqoslar bayram sayliga tashrif buyurganlarga o‘z mahoratlarini namoyish etishgan. Navro‘z kuni odamlar saylgohga — qir-adirlarga chiqishgan. Erta tongdan hamma uyidan olib kelgan pishiriq va shirinliklarini dasturxon yoxud maxsus qozonga solishgan. Bu pishiriqlar, asosan, sumalak, ko‘k somsa, patir non, qatlama, chuchvara, keskan osh, palov, qaynatilgan go‘shtlardan iborat bo‘lgan. Bu qadimdagi «Qozon to‘ldi» marosimining shu kungacha saqlanib qolgan bir ko‘rinishidir. Qadimda bunday maxsus qozonlar muqaddas sanalgan va ular tog‘lar etagiga, yoxud daraxt ostiga qo‘yilgan bo‘lib, ko‘klam payti marosimlarda iloh — ma’budlardan hosildorlik va qut-baraka so‘ralib, ajodlarimiz tomonidan qurbonliq qilinib, pishirib keltirilgan taom ana shu qozonlarga qo‘yib ketilgan. Tarixchi Gerodot o‘zining «Tarix» kitobida skiflarning ana shunday muqaddas qozoni bo‘lganligi haqida ma’lumotni keltiradi. Skif hukmdorlaridan biri o‘z askarlarining sonini bilish uchun, ularga kamon o‘qining uchini olib kelishni buyurgan. Keyin esa tog‘day uyulib ketgan ana shu kamon o‘qining uchlaridan ulkan qozon yasalgan. Bu ulkan qozonda tangrilarga qurbonliklar qilinib, turli xil taomlar pishirilganini yozadi. Amir Temur davrida yasatilgan ulkan qozon ham bu idishning marosimlarda muhim ahamiyatga ega bo‘lganligidan dalolat beradi. Bugungi kunda respublikamizning turli burchaklarida Navro‘z kuni pishiriladigan «sumalak», «halim», «darveshona osh» kabi maxsus taomlar ham ulkan qozonlarda pishiriladi. Qozon qancha katta va unda pishirilayotgan taom qanchalik ko‘p bo‘lsa — yil yaxshi kelib, hosildorlik, mo‘l-ko‘lchilik bo‘lishidan dalolat beradi degan tushuncha mavjud. Bu esa qozon to‘ldi marosimi haqidagi qadim tasavvurlarning hali hamon yashab kelayotganligini ko‘rsatadi.

Navro‘z kuni baxshilar o‘zlarining sevimli dostonlarini kuylashgan. Polvonlar kurash tushishgan. Bunday kurashlar asosan tomosha kurashi bo‘lib, g‘oliblar uchun maxsus toboq (sovrin, mukofot)lar qo‘yilgan. Bizning nazarimizda qadim marosimlardagi maxsus qozonlar bilan ana shu toboqlar (qozonga o‘xshash, ko‘pchilik birgalikda taom yeydigan idish) o‘rtasida ham qandaydir yaqinlik mavjud.

Ko‘pkari-uloq garchand qishgi mavsumiy o‘yinlar sirasiga kirsa-da, bugungi kunda yurtimizning turli viloyatlarida Navro‘z kuni ko‘pkari uloq, poyga musobaqalari ham uyushtiriladi. G‘oliblar butun yil davomida o‘z yutuqlari bilan faxrlanib yurishadi.

Navro‘z kuni o‘ynaladigan xalq o‘yinlari ham ko‘pchilik ishtirokida o‘tkazilgan. Bunday o‘yinlar orasida «Oq terakmi, ko‘k terak», «Oq suyak», «Chillik» o‘yinlari alohida e’tiborga molikdir.

«Oq terakmi, ko‘k terak» o‘yinining kelib chiqish tarixi o‘yinlarning boshqa turlariga qaraganda qadimiyroq ekanligi tarixiy va badiiy manbalarda qayd etilgan.

«Oq terakmi, ko‘k terak» o‘yini mavsumiy o‘yinlar tarkibiga kirib, dastlab faqat ko‘klam, bahor faslida o‘ynalgan. Bu o‘yin bahor marosimining tarkibiy qismi bo‘lgani uchun, faqat marosim paytida o‘ynalib, keyinchalik u kattalar, so‘ngra bolalar o‘yiniga aylangan.

Folklorshunos olimlar bu o‘yinning qadim izlarini qabilachilik davrlari bilan bog‘lab, ikki tomonda turgan bolalarning o‘z vakillarini saylab yuborishlari ham qadimiy jang qoidalariga aloqador, ikki tomon polvonlarining, qabila botirlari bir-biri bilan yakkama-yakka jang qiladigan odatlari, ulardan qaysi biri yengsa, o‘zi mansub bo‘lgan qabila yengan hisoblangani, yengilgan tomon tovon to‘lashi mazkur o‘yinda bilinar-bilinmas iz qoldirganini yozadi.

Bizningcha bu o‘yin o‘zida kun-tun, qish va bahor to‘qnashuvi haqida qadim tasavvurlarni mujassam etadi. Qish yengilsa, bahor g‘olib keladi, tun chekinsa, kun uzayadi. Zero, o‘yin folklori matnida asosiy urg‘u shu narsaga qaratilgan.

Navro‘z payti o‘ynaladigan «Oq suyak» o‘yini ham ajdodlar ruhiga bo‘lgan ehtiromning bir ifodasidir. Bu o‘yin haqida Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida ma’lumot beradi. O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida bu o‘yin bugunga qadar o‘ynalib kelinmoqda. U asosan erta ko‘klam payti, kechqurin o‘ynalgan. Bolalar o‘rtasidan saylangan boshliq qo‘lidagi suyakni uzoqqa otgan. Boshqa bolalar uni topishga harakat qilgan. Kimki suyakni birinchi bo‘lib topsa, o‘sha bola yutgan hisoblangan. «Oq suyak» o‘yinining aynan navro‘z payti va tunda o‘ynalishiga sabab, suyak-ajdodlar ruhi yordamida qish-tunni haydab, kunga — bahorga intilish bo‘lgan. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.           

Qadimda ko‘klam marosimining tarkibiy qismi bo‘lgan bunday xalq o‘yinlari ko‘hna tarix bilan chambarchas bog‘liq holda asrlar osha an’ana tarzida yashab kelayotganligi xalqimizning ruhiy quvvati va ijodiy salohiyati benihoya yuksak ekanligidan dalolat beradi.

Qadimda Navro‘z arafasida ajdodlarimiz yetti xil ekinning urug‘ini ekkanlar va uning unib chiqishiga qarab yilning qanday kelishini bashorat qilgan. Navro‘z kuni yetti xil taom tayyorlangan. Bular ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, halim, ko‘k osh, do‘lma, sumalak... Yetti raqamiga urg‘u berilishining o‘z asosi bor. Chunki qadimda yetti raqami muqaddas raqam hisoblangan.

Sumalak, boychechak, lola, gul sayllari esa Navro‘z sayllarining asosini tashkil etgan. Navro‘z kuni odamlar ko‘m-ko‘k qirlarga, adirlarga tog‘larga saylga chiqishgan, tabiat bilan yuzlashib, uning go‘zalligidan, betakrorligidan bahramand bo‘lishgan.

Sumalak — bahorning shifobaxsh, tansiq va shoh taomi hisoblanadi. Uni asosan ayollar tayyorlab, qozon atrofida suhbatlar qurishgan, childirma chalib o‘yin-kulgu, hazil mutoyiba qilganlar, o‘z so‘zlari, kuyu qo‘shiqlari bilan bahorni — yangi yilni alqaganlar. Sumalak tayyor bo‘lgach, barchani sumalakxo‘rlikka — sumalak sayliga taklif etishgan.

Aynan ko‘klam paytida fasllar almashinuvi, tabiatning qayta tirilishi, uni jonlantirish bilan bog‘liq marosimlar, tomoshalar bo‘lib o‘tgan. Ushbu marosimlar mohiyatan inson hayotini yanada yaxshilash, tabiat mushkulotlarini yengillashtirish, kelayotgan ko‘klam va yangi yilni qutlab, uning qut-barakali o‘tishini Yaratgandan so‘rash, turli o‘yin, harakat, qo‘shiqlar asosida kelayotgan yilning qanday bo‘lishini chamalab ko‘rishga xizmat qilgan. Ushbu e’tiqod va u bilan bog‘liq marosimlar tizimi bugungi kungacha saqlanib kelinmoqda.

Yangi yil, ya’ni Navro‘z qish va yozning (ikki qutbning) o‘zaro kurashuvi va qish tomonning yengilib, chekinishi natijasida kirib keladi degan dualistik qarash ushbu marosimda eng tayanch tasavvur hisoblanadi.

Xorazm viloyatida «Ashshadarozi o‘yini» bugungi kungacha saqlanib qolgan. Bu marosim ko‘klam kelganda sumalak pishirish marosimi bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi. «Ashshadarozi» yog‘och oyoqli, chiroyli qilib kiyintirilgan ayol qo‘g‘irchoq. Yog‘och qoziq-oyoqlar ustiga chiqib, kiyimlar ichiga yashirinib olgan ijrochi uni harakatga keltirib saylga-maydonga olib kirgan. Uning raqibi esa bo‘yi nisbatan pastroq bo‘lib, erkak qiyofasida bo‘lgan. Ikkalasi maydonda turib, o‘zaro aytishuv-munozara qilganlar.

Aytishuv yakunida esa ayol qiyofasidagi qo‘g‘irchoq g‘olib bo‘lgan. Bu o‘yinning aynan ko‘klamda, sumalak bilan bog‘liq holda uyushtirilishi uning qadimiy ekanligidan dalolat beradi. Ko‘pgina tadqiqotchilar bu o‘yinni Siyovush nomi bilan bog‘lashga harakat qilishadi. Aslida bu marosimning ildizlari undan ham qadimiyroqdir.

Bu marosimda qiz qiyofasidagi bo‘yi baland ayol qo‘g‘irchoq — Bahorning timsoli, erkak qiyofasidagi qo‘g‘irchoq esa qishning timsoli bo‘lib, munozara-tortishuv qish va yoz kurashining ramziy ifodasidir.

Ajdodlarimiz qish (kuz) va bahor (yoz)ni ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, zulmat va yorug‘lik bilan bog‘liq holda jonli, antrapomorfik qiyofada tasavvur qilishgan. Fasllar almashinuvi ana shu ikki kuchning kurashi-munozarasidan iborat bo‘lib, ularning qaysi biri g‘olib bo‘lsa, tabiatda o‘sha tantana qiladi deb tushunilgan. Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk» kitobining bir qancha o‘rinlarida Qish va yoz to‘qnashuvi, kurashi haqida so‘z boradi.

Qish va yoz to‘qnashuvida qish har qancha yozni yengishga harakat qilmasin, oxir oqibat qish mag‘lub bo‘lib, yozga yengilganini ko‘ramiz. Ma’lumki, marosim shaklida kelayotgan an’analar davrlar o‘tishi davomida marosim tizimidan uzilib, san’at ko‘rinishini olishi mumkin.

O‘lib tiriluvchi tabiat ya’ni ko‘klamning kelib, qishning ketishi bilan bog‘liq e’tiqodiy qarashlar, marosimlar izlari «Boychechak» «Ha-yu, chittigul» «Ko‘pkari» o‘yinlarida ham saqlanib qolgan.        

Bu marosim va o‘yinlarning aynan Navro‘zda ijro etilishining o‘z sabablari bor. Chunki ushbu kunda qilingan harakat va tilaklar ezgu, u albatta ro‘yobga chiqadi deb ishonilgan.

Qadimda ko‘klam marosimining tarkibiy qismi bo‘lgan bunday xalq o‘yinlari ko‘hna tarix bilan chambarchas bog‘liq holda asrlar osha an’ana tarzda yashab kelayotganligi xalqimizning ruhiy quvvati va ijodiy salohiyati benihoya yuksak ekanligidan dalolat beradi.

Xulosa qilib aytganda, Navro‘z nafaqat tabiatning o‘zgarishi, yasharishi, balki inson qalbi, ruhiyati va tafakkur tarzining ham yangilanishidir. Tabitatni anglash orqali, o‘zligi, «Men»ligini kashf etgan, qalbida o‘ziga ishonch, ertangi kun umidi uyg‘ongan. Shuning uchun ham Navro‘z bayrami hamma davrlarda ham tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, do‘stlik, yurtga, ona tabiatga mehr muhabbatning taronasi, xalqining o‘z tarixi va madaniyatiga bo‘lgan hurmatining nishonasi bo‘lib kelgan.

 

Jabbor ESHONQUL,

filologiya fanlari doktori,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili,

adabiyoti va folklori ilmiy tadqiqot institutining yetakchi ilmiy xodimi.



DB query error.
Please try later.