10.01.2017

NISHONDA BALIQCHILIK

rivojlanmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda

Siz atrofini saksovul, yulg‘un, burgan kabi o‘simliklar qoplagan dasht bag‘ridagi suv havzalarining turgan-bitgani xazina ekanini bilasizmi? Rosti, men ham ishonmagandim, keyinchalik o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, zavqlandim, hayratga tushdim...

Adog‘ini ko‘z ilg‘amaydigan Qarshi cho‘lining poyonini Nishon tumanining ekinzor va yaylovlari egallagan. Bag‘riga 3 milliard kubmetrgacha obi-hayot sig‘dira oladigan Tollimarjon suv ombori ham shu manzilda. Uning yaqinidagi ismi-jismiga monand «Nuriston» shaharchasi yil sayin kengayib borayapti.

Hamrohim — tuman hokimining iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zokirjon Baratov bilan cho‘l qa’riga tobora kirib borayapmiz.

Yo‘l-yo‘lakay suhbatimiz davom etadi.

— O‘tgan yili hukumatimizning Nishon tumanini rivojlantirish bo‘yicha alohida qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 1040 loyiha amalga oshadi. Biz boshqa tarmoqlar qatori baliqchilikka ham katta e’tibor berayapmiz. Chunki shart-sharoit yetarli. Birgina Tollimarjon suv ombori 200 gektar maydonni egallagan. 2016 yil 300 tonnadan ortiq baliq yetishtirildi. «Jayxun ko‘li saxovati» baliqchilik xo‘jaligining do‘koni ham, oshxonasi ham bor. Bu yil yana 60 gektar yer baliqchilik xo‘jaliklari uchun ajratilyapti. Hademay baliq konserva ishlab chiqaradigan kichik korxona quriladi.

Men hokim o‘rinbosarining mulohazalarini eshitib, qilinayotgan ishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, rejalarning amalga oshishiga aniq ishondim. Nihoyat, katta tosh yo‘l yoqasidagi tepaliklar yoniga yetib keldik...

Baliqlarining asosiy qimmati — ularning go‘shti tarkibidagi yarim to‘yingan omega-3 yog‘ kislotasidir. Bu modda qondagi lipidlar va xolesterin miqdorini tartibga solib, aterosklerozning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, bosh miya, yurak va qon tomirlar holatiga samarali ta’sir ko‘rsatadi. To‘rt soat mobaynida hazm bo‘ladigan chorva mollari go‘shtlaridan farqli ravishda baliq tarkibida 15 foiz miqdorida organizmga yengil singadigan oqsillar, shuningdek, yod, marganes, mis, rux, ftor kabi moddalar almashinuvi uchun betakror noyob mikroelementlar mavjud. Olimlarning ta’kidlashicha, eng arzon baliqlar ham sog‘liq uchun foydali bo‘lib, ko‘pgina xususiyatlariga ko‘ra, qimmatbaho baliqlardan aslo qolishmas ekan. Haftasiga ikki marta baliq iste’mol qiluvchilarda yurak xastaliklari paydo bo‘lish xavfi 30 foizga kamayar ekan.

Biz yaqinida to‘xtagan tepalikning yonida kichikroq kulba ko‘zga tashlandi. Uning old tarafida daraxtlar ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Sal narida mahsulot saqlanadigan ombor qurilayotgan ekan.

Tepalikning bir tomoni katta ko‘lga tutashib ketgan. Chuqurlikning yon tarafidagi taram-taram qatlamlar tagida toshlar ko‘zga tashlanadi. Bizga peshvoz chiqqan oq-sariqdan kelgan yigit izoh berdi:

— Bu yer eski tashlandiq tosh koni, ilgarilari qazib olingan qum-shag‘al yo‘l qurilishiga ishlatilgan. Tuman hokimligi shu yerdan bizga 28 gektar maydon ajratib berdi.

Bu yigit biz izlab borgan Yo‘ldosh Matsaidovning o‘g‘li Ergashjon ekan. Yo‘ldosh aka bu yil 64 yoshga kiribdi. Oliy ma’lumotli temiryo‘lchi. Qarshi temir yo‘l deposida 10 yil mehnat qilgan. Keyin «Sho‘rtangazkimyo» majmui qurilishida qatnashgan. Umr yo‘ldoshi bilan birga 4 o‘g‘il va bir qizni ulg‘aytirib elga qo‘shishipti.

— Yurtimizda tadbirkorlar hukumatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayapti, — deydi Yo‘ldosh aka bizni qudratli texnika tuprog‘ini surayotgan tepalik sari boshlarkan. — Hokimiyat shu tashlandiq tepalik va ko‘lni olishni taklif qilganda, yo‘q demadim. Qolaversa, o‘zim baliqchilikka qiziqaman. Lekin ishni boshlash oson bo‘lgani yo‘q. Oshiqcha suvni kollektorga chiqarish uchun tepa tagidan alohida quvur o‘tkazdik. Chunki suvni kamaytirmasak, baliq ovlab bo‘lmaydi.

— Avval Sirdaryo suvida ko‘paytirilgan chavoqlarni olib kelib tashladik, — otasining gapini davom ettirdi Ergashjon. — Uncha ko‘paymadi. Ko‘p o‘yladik. Bilsak, bu ko‘lga keladigan sizot suvlari Amudaryodan kelar ekan. Shuning uchun Xorazmga borib, Amu suvlarida o‘sayotgan baliqlarning chavog‘ini olib kelib, ko‘limizga tashladik. Asosan zog‘ora, do‘ng peshona, oq amur, ola-bula zotli baliq boqayapmiz. 2016 yilda 25 tonna baliq sotdik. Ammo vazni unchalik emas edi. O‘tgan yili esa savdoga chiqargan baliqlarimizning har biri 1-1,5 kilo tosh bosdi.

— Tekislanayotgan manavi yer nimaga mo‘ljallangan?

— Bu joyni bog‘ qilamiz, — dedi Yo‘ldosh aka jonlanib. — Tepalik bag‘rida esa limon yetishtiriladi. Kamida yana 20 kishi ishli bo‘ladi.

Shu payt suvi qochirilgan ko‘lga to‘r tashlagan baliqchilar 5-6 baliqni ovlashdi. Har birining vazni 2-3 kilogrammdan kam emas.

Tuman hokimi o‘rinbosarining aytishicha, kelgusi besh yillikda Qashqadaryo viloyati bo‘yicha baliq yetishtirish kamida 2 baravarga osharkan.

Baliqchilar huzuridan qaytar ekanman, xalqimiz dasturxonini to‘yimli, xaridorgir, shifobaxsh ne’matlar bilan to‘ldirish yo‘lida ter to‘kayotgan nishonlik azamatlarga omad tiladim.

 

Yunus UZOQOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.