dardiga malham bo‘lishdan ulug‘ saodat yo‘q
Davlatimiz rahbarining xalqparvar va bag‘rikenglikka asoslangan siyosati haqida gap ketganda, joriy yil 8 yanvardagi "Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorini tilga olish kifoya.
So‘zimizni Parkent tumanidagi ikkinchi sektor faoliyati misolida davom ettiradigan bo‘lsak, odamlarni rozi qilishga qaratilgan islohotning ahamiyatini chuqurroq anglaymiz.
Tuman prokuroriga biriktirilgan 9 ta, jumladan, "Objuvoz", "Surxi", "Gulbog‘", "Boyqozon", "Istiqbol", "Yashnobod", "Mozorxoji", "Qayilma", "Bog‘bon" mahallalaridagi jami 4 ming 108 ta xonadonda 24 ming 82 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shuncha odam bilan muntazam ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish oson emas. Lekin vaqt kutib turmaydi-da. Aholini sarson qilmaslik uchun sektor shtabi "Qayilma" mahallasidagi shinam binoga joylashtirildi.
Tartib-intizom, tezkor va aniqlikni oshirish maqsadida zamonaviy shtab texnik vositalar bilan to‘liq ta’minlandi.
Sektor hududi aholisining aksariyati o‘z muammosini shtabga ko‘tarib kelishga uyaladi. Ammo, kim qaysi muammo bilan kelar ekan, deb kutib o‘tirishga fursat yo‘q. Odamlar dardini uyma-uy yurib, mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazish orqali eshitish va ularni qisqa vaqtda hal qilishga to‘g‘ri kelayapti. Ana shunday yuzma-yuz muloqotlarda o‘tgan davr mobaynida 219 ta muammo aniqlandi. Ular, asosan, ishga joylashish, gaz va elektr ta’minoti, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, salomatlikni tiklash, uy-joy ta’miri, moddiy ko‘makka muhtojlik bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi. Muammolarning 197 tasi hal etildi. Biroq, 22 tasi qo‘shimcha vaqt va mablag‘ talab qilishi ma’lum bo‘ldi. Shu masala yuzasidan ishlab chiqilgan "Yo‘l xaritasi"ga qolgan muammolar ham kiritildi. Ayni vaqtda ular o‘z yechimini topish arafasida.
Davlatimiz rahbarining xalqqa yaqinlashish zarurligi to‘g‘risidagi talabi ahamiyatini shunday lahzalarda anglab yetarkansan, kishi. Masalan, "Objuvoz" mahallasida istiqomat qiluvchi 5 ta oila uy-joyga muhtoj ekanini bildirgan edi. Bir qarashda, muammoning yechimi yo‘qdek ko‘rinadi. Lekin, dildan aytilgan gaplarni his qilganingda, muhtojlik mashaqqatlarini tinglaganingda, ko‘zlardagi umid uchqunlarini ko‘rganingda o‘z-o‘zidan izlanish, bor imkoniyatni ishga solishga g‘ayrating oshib ketar ekan.
Objuvozlik besh oilaga uy-joy olishlari uchun uzoq muddatga imtiyozli, qulay shartlardagi ipoteka kreditlarining boshlang‘ich badallari mablag‘i ham osongina topildi. Yangi uy orzularga qanot, ishonchga poydevor bo‘lsa, ajabmas.
Oramizda yana shunday odamlar borki, "Qani endi, mablag‘im bo‘lsa-yu, tayinli bir ishni boshidan tutib, dasturxonimni to‘kin qilsam", deb yuraveradi. Shunday kayfiyatda yurgan 18 ta kam ta’minlangan oilaga kam foizli kredit, ayrimlariga esa, faol tadbirkorlarimizdan homiy biriktirildi. Bugun ularning turmushi yaxshi, muhimi, ertangi kunga ishonchi baland.
Ikkinchi sektorda 314 nafar fuqaroning nogironligi bor. Ularga zarur bo‘lgan protez-ortopediya anjomlari, aravachalar ham bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda. Shuningdek, ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan shaxslar yashayotgan oilalarga tashabbuskor homiylarni jalb qilgan holda bepul qoramol va boshqa turdagi chorva mollari hamda 4 ta xonadonga 50 boshdan parranda tarqatildi. Shu bilan birga, ehtiyojmand oilalarning 52 tasiga tijorat banklari tomonidan 936 mln. so‘m kredit ajratildi.
Hududdagi "Istiqbol" va "Surxi" mahallalarini suv bilan ta’minlash yelkada tog‘ni ko‘tarib turishdek mashaqqatli bo‘lgani rost. Bir nechta idoralardan yordam so‘rash, maslahatlashuvlar bilan oxir-oqibat o‘sha ikki ko‘chaga yangi suv qudug‘i qazilib, jami 17 km. 200 metr uzunlikda ichimlik suvi quvurlari tortildi. "Bog‘bon" mahallasida 1 ming 357 metr uzunlikda ichimlik suvi quvurlari tortilib, ayrim xonadonlardagi muammo to‘liq bartaraf etildi. Shu mahallaning barcha ko‘chasiga asfalt ham yotqizildi.
Tumanda tadbirkor qancha ko‘paysa, ish bilan band bo‘lgan odamlar soni shunchalik ortadi. Oilalarga baraka, farovonlik kiradi. Davlat iqtisodining quvvati ortishida ham tadbirkorlarimizning hissasi katta, albatta. Shu bois, hududda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida barcha kuch va vositalar safarbar etilayotir. Soliq, energiya resurslari to‘lovidagi imtiyozlar bo‘ladimi, mahsulotni sotishdagi erkinlikmi, xullas, hamma sharoit muhayyo qilindi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tumanda tadbirkorlar sonini keskin oshirishga bu e’tiborlarning o‘zi yetarli emas ekan.
Aholining tabiatidan kelib chiqib, hududda tomorqalardan samarali foydalanish va tadbirkorlikni keng yo‘lga qo‘yish istagini bildirganlarga maslahat, yo‘l-yo‘riq, yaqindan ko‘mak ko‘rsatish uchun 100 kishidan iborat 10 ta ishchi guruh tashkil etildi. Jami 88 gektar yerga pomidor, piyoz, bodring, sabzi, kartoshka kabi sabzavotlar ekildi. Bundan tashqari, 3 ming 946 ta xonadonda chorva, parranda boqishga sharoitlar mavjud bo‘lib, ularda 3 ming 917 bosh yirik shoxli, 6 ming 634 bosh qo‘y va echki, 11 mingga yaqin parranda boqilayotgani aholining turmush darajasi yaxshilanayotganidan darak beradi.
Shu bilan birga, sektor hududida istiqomat qilayotgan oilalarni "Har bir oila – tadbirkor" konsepsiyasi asosida tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida ishlab chiqilgan reja grafigiga asosan, shu kunga qadar 86 nafar fuqaroga bank kreditlari berilib, ularning tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashildi. Aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilgan ishlar natijasida 282 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi va 200 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratish masalasi hal etiladigan bo‘ldi.
Sektor hududida joriy yil uchun 3 mln. 500 ming dollarlik investitsiya jalb etish belgilangan edi. O‘tgan olti oy mobaynida 1 mln. 500 ming dollarga yaqin investitsiya o‘zlashtirildi. Sektor hududida eksport rejasi 3 mln. 11 ming dollar bo‘lib, birinchi avgust holatiga ko‘ra, eksportyorlar hisobiga 1 mln. 624,6 ming dollar mablag‘ kelib tushdi.
Yashirishga hojat yo‘q, sektor hududining ayrim ko‘chalari multfilmdagi "porloq yo‘l sovxozi"ni eslatib yuborardi. Kech kirishi bilan yo‘lni kesib o‘tayotgan odamlar ko‘payadi. Turgan gapki, bu ayrim turdagi jinoyatlarning sodir bo‘lishiga shart-sharoit yaratishi ko‘pchilikning xayoliga ham kelmasdi. Qonunchiligimizda esa jinoyat sodir etilishiga qulay sharoit yaratib berganlarni ham jinoyatga sherik, deb hisoblanishini inobatga olsak, zimiston ko‘chalarni ko‘ra-bila turib, o‘z holiga tashlab qo‘yish mumkin emasligini teranroq tushunib olamiz. Bundan tashqari, ayrim ko‘chalarimizda piyodalar yo‘lakchasining yo‘qligiga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ushbu masala kimlargadir bir qarashda unchalik muhim emasdek ko‘rinar. Biroq, ko‘chalar chetida piyodalar yo‘lakchasining yo‘qligi tufayli odamlar noilojlikdan avtomobil yo‘liga chiqib ketishi oqibatida yuz beradigan ko‘ngilsizliklar haqida ortiqcha to‘xtalib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.
Bu ikki masala jinoyatchilikka qarshi kurashishga daxldor ekan, demak, uning yechimini kechiktirib bo‘lmasligi o‘z-o‘zidan ayon. Bajarayapmiz, amalga oshirayapmiz, deb zimiston ko‘chalarga beparvo yuraverilishi ortidan kimdir bexosdan jinoyatchiga, yana kimdir qurbonga aylanib qolishi hech gap emas. Shu bois, hududdagi ko‘chalarda Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 1,2 km. uzunlikda piyodalar yo‘laklari qurildi. O‘rganishlardan kelib chiqib, umumiy 3,2 km. uzunlikdagi ba’zi ko‘chalarga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Natijada, tegishli hududlardagi aholining xotirjamligi ta’minlandi.
Jinoyatchilikning oldini olish maqsadidagi profilaktika tadbirlari natijasida joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida sektor hududida sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 taga, ya’ni 65 foiz kamayishiga erishildi.
O‘tgan davr mobaynida sektor hududida odamlarni qiynayotgan muammolarni hal etish maqsadida 30 dan ortiq sayyor qabul o‘tkazilganda, aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ham katta e’tibor berildi. Aholi bilan ochiq muloqotlarga tumandagi qator tashkilotlar mutasaddilari, mahalla vakillari, jamoatchilik faollari imkon qadar ko‘proq jalb etildi.
Uchrashuvlarda hududda profilaktik ishlarning saviyasi, jinoyatchilikni jilovlash borasida jamoat tashkilotlarining faolligi ham tahlil qilindi. Sodir etilgan jinoyatlarning tub sabablari o‘rganilib, qizg‘in muhokamalarga, savol-javoblarga keng o‘rin berildi. Aholi bilan har qanday masalada o‘tkazilgan uchrashuvlarda huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka murosasizlik kayfiyatini shakl¬lantirish zarurati haqida doimiy so‘z ochilib turdi.
Aholini o‘ylantirib, tashvishga solib kelayotgan muammolarga yechim topish, har bir oilaning farovon turmush kechirishini ta’minlash maqsadida odamlarimizning o‘zidan ham ko‘p yaxshi takliflar chiqayapti. Quvonarlisi, bunyodkorlik, obodlik ishlariga odamlarda havas uyg‘onib, xayrixohlik kayfiyati kuchaymoqda.
Dilshod ISMOILOV,
Parkent tumani prokurori.