«Spark olib beraman...»
Shu yil 6 yanvar kuni Olmazor tumanida yashovchi 27 yoshli D.B. «Iste’molda bo‘lgan avtotransport vositalari va ehtiyot qismlari» bozorida tanishi, Sergeli tumanida yashovchi 33 yoshli K.M. ismli ayolga «Spark» rusumli avtomashina olib berishni va’da qilib, 6 400 AQSh dollarini olgan. Biroq va’dasini bajarmasdan pulni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan. D.B. ushlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maktab o‘quvchilari janjali
12 iyul kuni Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida yashovchi Q.A. IIBga murojaat qilib, Tog‘ay qishlog‘idagi 27-sonli o‘rta maktabning 11-sinf o‘quvchisi Sh.R. 27-sonli o‘rta maktabning 11-sinf o‘quvchisi S.T.ning boshiga tosh bilan urib, jarohat yetkazganligini ma’lum qilgan.
S.T. kasalxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan Sh.R.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘ylamay ko‘tarilgan musht oqibati
20 iyul kuni Farg‘ona shahri «Ma’rifat» ko‘chasida joylashgan maishiy texnikalarni ta’mirlash ustaxonasi ishchisi 39 yoshli Z.A. ish joyida o‘zaro janjal tufayli shu ustaxona farroshi 32 yoshli Ye.R.ning yuz qismiga urgan. Zarbadan ayol yerga yiqilib voqea joyida vafot etgan, Z.A. ushlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tongda sodir etilgan o‘g‘rilik
19 iyul kuni Navoiy viloyatining Konimex tumanida yashovchi 61 yoshli I.A. IIBga murojaat qilib, shu yil 18 iyul kuni soat 03:00dan 04:30gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma’lum shaxs Urajon ovulining dala maydonida qarovsiz qoldirilgan 62 bosh qo‘yni o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Nurota tumani G‘azg‘on mahallasida yashovchi 28 yoshli I.I. sodir etgani aniqlanib, ushlangan.
Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ayol o‘z otasini pichoqlab qo‘ydi
9 iyul kuni soat 20:30larda Surxondaryo viloyatining Angor tumanida yashovchi 26 yoshli Sh.M. ismli ayol uyida o‘zaro janjal oqibatida mast holda bo‘lgan otasi 50 yoshli Sh.Yu.ga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Natijada Sh.Yu. kasalxonaga yotqizilib, Sh.M. ushlangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Nilufar TO‘RAXONOVA,
O‘zbekiston Respublikasi IIV
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi katta inspektori, leytenant.