19.03.2019

JAVOBSIZ QOLGAN SAVOLLAR

Yoki bundan 16 yil avval qotillikda ayblanib, 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan yakkabog‘lik Kamol Ochilov jinoyat ishidagi hamon javobsiz qolayotgan savollar

Bu jinoiy ish haqida «O‘zbekiston ovozi» gazetasining 2005 yil 20 dekabr 152-sonida «Javobsiz 8 savol» sarlavhali maqola chop etilgandi. Unda jinoyat ishidagi qator holatlar noaniq qolgani, ularga aniqlik kiritish muhim ahamiyatga egaligi haqida fikr-mulohaza yuritilgan edi.

Biroq ushbu savollarga aniq javob o‘rniga o‘sha paytlarda an’ana bo‘lgan, «sud qarori to‘g‘ri», degan quruq javobni olgan edik. Aniq bilardik, jinoyat ishi chaqirtirilib, o‘rganilmaganini ham, tahririyatga nomiga javob yozilganini ham. Buning oqibatida Kamol Ochilov qamoqda qolib ketaverdi. O‘n olti yil bo‘lyaptiki, u adolat qaror topishidan umidini uzmay, hamon ariza yozishda davom etmoqda.

Bugun sud-huquq tizimidagi tarixiy islohotlar, sudlar nihoyat mustaqil faoliyat ko‘rsata boshlaganini ko‘rib, u tahririyatimizga yana murojaat qilibdi. Shu bois mavzuga qaytishni lozim topdik.

Kamol Ochilov 1988 yildan 2001 yilgacha Qarshi davlat universitetining «Rohat» talabalar oromgohida direktor bo‘lib ishlagan. 2001 yilda universitetga matematika fanlari doktori, professor Gulmirza Xudoyberganov rektorlikka tayinlanganidan keyin Kamol Ochilovning harakatchan va tashkilotchiligini ko‘rib, uni iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish ishlari bo‘yicha prorektor lavozimiga ishga oladi.

 Gulmirza Xudoyberganovga qadar o‘qishga qabul qilish mavsumida qabul komissiyasi raisi, mas’ul kotib, dekan va rektorat qo‘lidagi abituriyentlar soni ko‘rsatkichlarida chalkashliklar ko‘p bo‘lgan. Chunki o‘sha paytda universitetda tanish-bilishchilik, soxta hujjatlar bilan o‘qishga qabul qilish, soxta diplom berish avj olgan edi.

Yangi rektor bu qonunsizliklarga chek qo‘yishga qattiq kirishib, 2003-2004 o‘quv yilidagi test sinovlarini o‘zi nazoratga olgan. 2003 yilning 30 noyabrida rektorning shaxsan o‘zi byudjet va shartnoma bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning ro‘yxatini birma-bir tekshirib, kadrlar bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rajabovani chaqirib, davlat test markazidan berilgan ma’lumotnomalar asosida o‘qishga kirganlar ro‘yxatini shakllantirib, buyruq tayyorlashga topshiriq beradi. Bu ishlar rektor xonasida bajariladi.

Zulfiya Rajabova ro‘yxatni shakllantirganda ba’zi ta’magirlar tomonidan «sen o‘qishga qabul qilinding», deb ishontirilgan abituriyentlar ro‘yxatdan qolib ketadi. Natijada nizo kelib chiqqan... Pul olgan kim, qaytarib bermagan kim... Oradan ikki hafta o‘tib, 2003 yilning 12 dekabrida Zulfiya Rajabovani uyida otib ketishadi. Jinoyat ishini ochish maqsadida Qashqadaryo viloyat va Qarshi shahar prokuraturasi, IIB tomonidan tezkor tergov guruhi tuziladi. Kamol Ochilov IIB xodimlari Otabek Toshturdiyev va To‘lqin Yarmatovlarga tergov ishlarini olib borish uchun o‘z xonasini, ichki nazorat va buxgalteriyadan yana bir xonani ajratib beradi. Tezkor guruh ikki oy davomida o‘sha yerda gumondorlarni so‘roq qilib, tergov-surishtiruv ishlarini olib boradi.

Jinoyat sodir bo‘lgan kunning ertasiga, ya’ni, 2003 yilning 13 dekabrida universitet rektori Gulmirza Xudoyberganov, Kamol Ochilov hamda yana bir prorektor viloyat prokuraturasiga chaqirilib, alohida-alohida suhbatdan o‘tkaziladi. Kamol Ochilov Zulfiya Rajabova bilan munosabati yaxshiligini, biror marta san-manga bormaganini aytadi. Ularga javob beriladi.

2003 yil 16 dekabr kuni Zulfiya Rajabovani o‘ldirishda gumondor qilingan Qarshi shahar Gogol ko‘chasi 4-uyda yashovchi, ilgari sudlangan Shokir Ahmedovning uyida tintuv o‘tkaziladi. Uning shkafda osig‘liq turgan kostyumi cho‘ntagidan 0,03 gramm «geroin» va 1,3 gramm «marixuana» giyohvand moddasi topiladi. Rajabovani otib o‘ldirgan qurolni qayerga yashirganini so‘rab unga do‘q-po‘pisa qilishadi. Shokir Ahmedov ayblovni bo‘yniga olmaydi. Uni giyohvand modda bahonasida hibsga olishadi.

O‘sha davrda hibsga olingan shaxslarni qiynoqqa solish, ularga ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish odatiy holga aylanib qolgan edi. Qayerda jinoyat sodir bo‘lsa, birinchi bo‘lib, muqaddam sudlanganlar shubha ostiga olinardi. Ilgari sudlangan G‘ayrat Xudoyberdiyev, Rustam Mahmudov, Anvar Rashidov, Tagandurdi Xudoyberdiyev va Olmos Xudoyberdiyev ham qotillikda gumon qilinib, ularning uylarida ham xuddi shu tarzda tintuv o‘tkaziladi va har birining uyidan bir-ikki grammdan giyohvand modda yoki patron topiladi...

2003 yil 17 dekabr kuni yana bir kishi — universitet qurilish-ta’mirlash bo‘limi ishchisi Otabek Halimov giyohvand modda bilan ushlanib, negadir Samarqand shahridagi hibsxonaga olib ketiladi. 19 dekabr kuni u o‘qishga kiritish bahonasida fuqaro S.Hoshimovdan 130 ming so‘m va I.Tursunovdan 250 ming so‘m olib, o‘zlashtirib yuborganligi holati yuzasidan JKning 168-moddasi 2-qism «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Keyinchalik esa u qotillik ijrochisi sifatida ayblanadi.

Otabek Halimov Samarqanddagi hibsxonada yotgan paytdagi dastlabki tergovda «Kamol Ochilov va Sanjar Qo‘ldoshev 500 AQSh dollari evaziga Zulfiya Rajabovani o‘ldirishni taklif qildi», deb ko‘rsatma beradi. Lekin Kamol Ochilov bilan tergovda yuzlashtirilganida, unga nisbatan tuhmat qilganini tan oladi.

Kamol Ochilovning aytishicha, qotillik ro‘y berganidan ikki oy o‘tib, ya’ni 11 fevral kuni ikki nafar ichki ishlar xodimi kelib, uni viloyat IIB jinoyat-qidiruv bo‘limiga olib boradi. Bo‘lim boshlig‘i uni Zulfiya Rajabovani universitet rektori o‘ldirishga buyurtma bergandi, deb yozib berishga undaydi. Kamol Ochilov begunoh odamga nohaqdan tuhmat qilishga ko‘nmaydi. «Rektor o‘ldirgan bo‘lsa, uni olib kelib qamanglar», deydi.

Ana shu savol-javobdan uch kun o‘tib, 14 fevralda ikki oy mobaynida tezkor-tergov guruhi ish olib borgan prorektor Kamol Ochilovning xizmat xonasidan «dormikum» psixotrop moddasi topiladi. Endi o‘ylab ko‘ring, prorektorning xizmat xonasida ikki oydan buyon IIB xodimlari o‘tirib, tergov-surishtiruv ishlarini olib borgan bo‘lsa, xonaning kaliti ularda bo‘lsa, Kamol Ochilovni «giyohvand modda saqlagan» deb ayblash qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Aybnomadagi sanalarga e’tibor qiling: ?4.02.2004 yil soat 15.30 larda Ochilovning xizmat xonasidan 5 ampula «dormikum» psixotrop moddasi saqlab kelingani aniqlandi, daliliy ashyo sifatida olindi», deb yozilgan. Tintuv o‘tkazish hamda sud kimyoviy ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi qaror va IIB ekspert kriminalistika bo‘limining xulosalari esa 13 fevral kuni chiqarilgan(?!)

Ya’ni, oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsak, giyohvand modda topilmasdan bir kun oldin ekspertizaga berilgan va uning «dormikum» moddasi ekanligi haqida xulosa chiqarilgan!?

Shunday qilib, Kamol Ochilovning «jinoiy ishi» Nishon tuman prokuraturasiga oshiriladi. Prokuror u bilan yakkama-yakka gaplashadi. Kamol Ochilovning aytishicha, «Nima qilasiz, shular bilan olishib? Aytganlarini yozib berib, tinchgina yashayvering-da!», — deya «nasihat» beradi. Lekin u bunga ko‘nmaydi. Shundan keyin Kamol Ochilov prokuror sanksiyasi bilan qamoqqa olinadi.

Mazkur ishning 10-jild, 237-239-varaqlarida Otabek Halimovning sud jarayonida bergan ko‘rsatmasida ta’kidlanishicha Zulfiya Rajabova unga uyini ta’mirlatib, arzimagan pul bergan. Otabek Halimov undan o‘z haqqini talab etganida, uyimdan narsa o‘g‘irladi, deb uni mili¬siyaga topshirib, bir haftaga qamatib qo‘ygan. Universitetga hujjat qabul qilish davrida Otabek Halimov orqali abituriyentlardan pul olgan, o‘qishga kirolmaganlar pulini qaytarib bermagan.

Otabek Halimovning ko‘rsatmasida jumladan, shunday deyilgan: «Opaning bu qilmishlari yig‘ilib, bo‘g‘zimga kelganidan so‘ng undan qutulish maqsadida otib tashladim. Opaning qilmishlaridan asablarim shunchalik taranglashgan ediki, qanday otib qo‘yganimni bilmay qoldim. Rais, Sizdan iltimos, menga o‘lim jazosi bersangiz ham yonimdagi begunohlarni qo‘yib yuboring. Ularga qarshi yolg‘on ko‘rgazma berganman».

Biroq tergov va sud Otabek Halimovning dastlabki tergovdagi ko‘rsatmasini Kamol Ochilov va Sanjar Qo‘ldoshevni (universitet qorovullar boshlig‘i) ayblash uchun asos qilib oladi. Sanjar Qo‘ldoshev ilgari sudlanmagan, lekin tergov va sud hujjatlarida negadir «xavfli retsidevist», deb qayd etilgan.

Sud bayonnomasida qayd etilishicha, Zulfiya Rajabovaning o‘limiga sabab bo‘lgan to‘pponcha va 450 AQSh dollari solingan sumka 2004 yil 11 fevral kuni Otabek Halimov yashayotgan uy tintuv qilinganida hojatxo¬nadan topilgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: 500 AQSh dollari evaziga qotillikka qo‘l urgan Otabek nega sumka ichida tayyor turgan 450 AQSh dollarini olmasdan uni hojatxonaga tashlab yuborgan. Shuningdek, Otabek Halimov uyidagi hojatxonadan aynan qotillik quroli, deb topilgai «Volter R-38» rusumli pistolet chiqqan, deb tuzilgan bayonnomada uning modeli, seriya raqami, uzunligi, nomi, qalinligi, balandligi, stvol diametri hamda olingan gilzaning diametri, uzunligi, uni tayyorlagan zavodning nomi va chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan. Ballistika mutaxassisi sifatida esa Qashqadaryo viloyat IIB EKB haydovchisi O.Nasimov jalb qilingan.

Oxir-oqibat Qashqadaryo viloyat prokuraturasi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi tomonidan yozilgan ayblov xulosasi bilan 7 kishining ishi sudga oshiriladi. Advokatlar talabidan so‘ng sudga olib kelib ko‘rsatilgan to‘pponcha jinoyat ishida surati tikilgan to‘pponcha ekani ham shubha ostida qolgan. Chunki tekshirilmagan, isbotlanmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi sudyasi Ubaydulla Nurmatov tomonidan mazkur «jinoiy ish» ko‘rib chiqiladi. 2004 yil 30 iyun kuni sud hukmiga ko‘ra, Zulfiya Rajabovaning o‘limi yuzasidan Kamol Ochilov va universitet qorovullar boshlig‘i Sanjar Qo‘ldoshev tashkilotchilikda, Otabek Halimov ijrochilikda va qolgan to‘rt kishi shu ishga aloqadorlikda ayblanib, ular turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etiladi. Kamol Ochilov 18 yilga, «ijrochi» Otabek Halimov 20 yil ozodlikdan mahrum qilinadi...

Asosiy savol: Kamol Ochilovning Zulfiya Rajabovaga qanday xusumati bor edi?

Jinoyat ishida ko‘rsatilishicha, prorektor Kamol Ochilov muqaddam sudlangan bo‘lib, buni universitet ma’muriyatidan yashirib kelgan. Zulfiya Rajabova bundan xabardor bo‘lgan va guyo Kamol Ochilovning sudlanganligini oshkor qilish bilan qo‘rqitib kelgan. Bundan qo‘rqqan prorektor 500 AQSh dollari berish va’dasi bilan universitet qurilish-ta’mirlash bo‘limi ishchisi Otabek Halimovni yollab, Rajabovani o‘ldirtirgan...

To‘g‘ri, Kamol Ochilov ilgarigi ish joyida kamomadga yo‘l qo‘ygani uchun sudlangan. Amnistiya qabul qilinib, jazodan ozod etilgan. Biroq Yakkabog‘ tuman sudining 1994 yil 5 oktiyabrdagi hukmi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 22.09.1994 yildagi qaroriga ko‘ra bekor qilingan. Ya’ni 1995 yilning 1 apreliga qadar 1959 yilgi jinoyat kodeksiga asosan hukm qilingan, sodir etgan qilmishlar yangi qabul qilingan Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy, deb topilmaydigan shaxslar jazoning barcha turidan ozod etilishi belgilangan. Demak, Z.Rajabovaning qo‘rqitishiga asos yo‘q. Qolaversa, Kamol Ochilov va Zulfiya Rajabova o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lganini hech kim eshitmagan.

Kamol Ochilov bunday nohaqliklar haqida yuqori instansiyalarga ariza bilan murojaat qiladi. Apellyatsiya instansiyasida hukm o‘z kuchida qoldiriladi. Keyinchalik Oliy sud raisi birinchi o‘rinbosari protestiga asosan ishni ko‘rib chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ajrimi bilan apellyatsiya ajrimi bekor qilinadi va ish Buxoro viloyati sudiga yuboriladi. 2005 yilning 20 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyatsiya sudlov hay’ati ajrimiga muvofiq birinchi instansiya sudining 2004 yil 30 iyundagi hukmi yana o‘z kuchida qoldiriladi...

Kamol Ochilovning aybsizligini isbotlashga xizmat qiladigan qator holatlar, guvohlar ko‘rsatmalari negadir inobatga olinmagan, vaj va dalillar tekshirib ko‘rilmagan.

— Qilmagan ishim uchun «Jasliq» qamoqxonasida 12 yil o‘tirdim, — deydi Kamol Ochilov o‘z arizasida. — Bu ish birorta sud-huquq idorasi tomonidan xolis va diqqat bilan qayta ko‘rib chiqilmadi. Hozir Qarshidagi qamoqxonada o‘tiribman. Mamlakatimizda bugun huquqni muhofaza qilish organlari oldiga yangicha talablar qo‘yilayapti. Buni ko‘rib, bilib, quvonib o‘tiribman.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz inson huquqlari himoyasi bo‘yicha aytgan gaplarini eshitganimdan keyin dor ostidan qaytgan Otabekdek quvonganimdan yig‘lab yubordim. Bu so‘zlar menga kuch berdi, qanot berdi. Chunki men qotil emasman...

Yaqin o‘tmishda tergov yoki sudning noxolisligi yoki buyurtma bilan qamalganlar taqdiri bilan bog‘liq arizalar kelib turibdi. Sud mustaqil bo‘lmagan sharoitda adolatsizliklarga yo‘l qo‘yilganini inkor etib bo‘lmaydi. Bugun Oliy sud tomonidan oqlov hukmlari chiqarilayotgani ham yaqin o‘tmishda qonunsizliklarga yo‘l qo‘yilganini bildiradi.

Ayrim raqamlarga e’tibor beraylik, 2018 yilda sudlar tomonidan 590 nafar shaxs oqlangan. 5 ming 462 nafar shaxsga nisbatan tergovda asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi, 2 ming 449 nafar shaxs esa sud zalidan ozod qilindi. Vaholanki, bu raqam 2016 yilda bor-yo‘g‘i 28 tani, 2017 yilda esa 263 tani tashkil etgan.

Bugun Oliy sud zimmasiga juda og‘ir va mas’uliyatli vazifalar yuklanganini anglash qiyin emas. Yillar davomida yo‘l qo‘yilgan yuzlab, ehtimol, minglab xatolarni aniqlab, tuzatishi, adolatsizliklarga barham berish oson ish emas. Agar Kamol Ochilov ishi nazorat tartibida ko‘rib chiqilsa, ehtimol yana bir adolatsizlikka barham berilgan bo‘lardi.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.