Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
05.06.2018

ADOLAT QO‘RG‘ONI

mustahkam bolsa, fuqarolar huquqlari munosib himoya qilinadi, aks holda qonunsizlik avj oladi...

Har qanday davlatning demokratik qadriyatlari darajasi avvalo fuqarolar huquq va erkinliklari qanday himoyalangani bilan belgilanadi. Bu masala juda katta ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy ahamiyatga ega, fuqarolarning ruhiy-ma’naviy olamiga daxldor. O‘z fuqarolari sha’ni va qadrini ulug‘lagan mamlakatda tinchlik barqaror bo‘lishi, taraqqiyot izchil davom etishi isbot talab qilmaydigan haqiqat.

Agar odamlar adolatsizliklarga uchrasa, qonun ustuvorligiga ishonmasa, hayotdan norozi bo‘lsa, davlatning qudratiga putur yetadi, jamiyatda xavf-xatar kuchayadi. Bunday holatlar qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga tarixdan ham, bizga uzoq-yaqin bo‘lgan mamlakatlarning bugungi hayotidan ham ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Yaqin o‘tmishda o‘zimiz ham qonunsizliklarni boshimizdan kechirib, azoblarini ko‘p tortdik. Sovet zamonida inson huquq va erkinligi shafqatsiz paymol etilib, qadr-qimmati oyoq-osti qilingani dahshatli fojialarga olib keldi, millionlab odamlar hayotiga zomin bo‘ldi. Qonunlar qog‘ozda qolib ketaverardi, sud-tergov idoralari ustidan amaldorlar hukmron edi. Inson taqdirini qonun emas, ularning buyruqlari hal etardi. Afsuski, bu illat mustaqillik yillarida ham har xil ko‘rinishda uchrab turdi, sud-huquq sohasida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yildi. Biz adolatsizliklarni ko‘rib, o‘zimizni ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olib keldik. Nazoratning yo‘qligi, qonunsizliklarga o‘z vaqtida chora ko‘rilmagani oqibatida adolatsizliklar tomir otdi. Ayniqsa, «qudalar», «akalar», deganlarning o‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘ldi. Milliy xavfsizlik xizmatining nopok xodimlari jinoyat ishini tergov qilib, ayblov fikrini yozgan bo‘lsa, tamom, sud mustaqil qaror qabul qilishi qiyin edi. Sudlanayotgan odam aybsiz bo‘lsa-da, qamalib ketaverardi, asossiz qamoqda yotgani to‘g‘risida qayerga xat yozmasin, qayerga arz-dodini aytmasin foydasi yo‘q edi. Yoki «qudalar» sudga topshiriq berib, o‘zi istagan hukm chiqarilishini nazoratga olardi. Sudyalar ularning ko‘ziga yomon ko‘rinishdan qo‘rqardi, chunki erta bir kun sudya haqida beriladigan ma’lumotnomada qasddan salbiy fikrlar ko‘rsatilishi va shu bilan uning kelajagiga nuqta qo‘yilishi mumkin edi. Ba’zan esa qonun talabi bilan kimnidir oqlagan sudyaga nisbatan fitna uyushtirilib, u poraxo‘rga chiqarilardi. Bunday yaramas illatlardan qanchadan-qancha odam, oilalar, bolalar jabr ko‘rdi.

O‘zlarini xavfsizlik himoyachilari qilib ko‘rsatib, aslida poraxo‘rlik, qaroqchilik bilan shug‘ullanganlar davlatga behisob ziyon yetkazishdi. Bugun hayot ham, talab ham o‘zgardi. Quturganlarning ko‘plari qonun oldida javob berishmoqda. Ular nafaqat o‘zlarini badnom qilishdi, ayni chog‘da halol hamkasblari va idora nomiga ham dog‘ tushirishdi.

Hamma biladi, shu vaqtga qadar sud amaliyotida oqlov hukmi chiqarish hollari kamdan-kam uchrardi. Odamlar og‘zida «bizning sudlarda oqlov yo‘q», degan gaplar yurardi. 2016 yil 19 oktabrda Prezidentimiz «Eng achinarlisi, keyingi yillarda sudlar tomonidan birorta ham oqlov hukmi chiqarilmagan. Bundan biz, barcha tergov organlari xatosiz va juda sifatli darajada ishlayapti, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi? Yo‘q, albatta. Sud yoki oqlov, yoki ayblov hukmini chiqarishi kerak», deya adolatli talabni qo‘ydi. Sud-huquq tizimida uzoq yillar hukm surib kelgan adolatsizliklar tomiriga bolta urildi. O‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan, qonunni buzgan huquq-tartibot, sud idoralari, milliy xavfsizlik xizmatining nopok xodimlari sha’niga achchiq gaplar aytildi. Sud-huquq tizimini jiddiy isloh qilishga kirishildi.

2017 yil 22 dekabr kuni Prezidentimiz Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida o‘tgan anjumanda Oliy Majlisga Murojaatnomasida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha o‘ta muhim vazifalar belgilab berildi. Bu masalada avvalo shunday fikr ilgari surildi: xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolatni hayotimizda tom ma’noda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shart.

Bu gapdan xulosa shuki, barcha ishlarimiz adolatli bo‘lmog‘i, xalqimiz manfaatiga xizmat qilmog‘i kerak. Adolatni o‘rnatish bir odamning yoki ayrim idoralarning ishi emas, barchamizning vazifamizdir. Murojaatnomada adolatli bo‘lish va adolatsizliklarning oldini olishga xizmat qiladigan, boshqacha aytganda, insonni qadrlaydigan, ulug‘laydigan ko‘rsatmalar berildi. Umumiy, balandparvoz gaplar emas, balki aniq va xalqimizni behad quvontirgan vazifalar qat’iy qilib qo‘yildi: «Xalqimizning bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlaridan kelib chiqib, jinoiy javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish lozim». Bundan tashqari, O‘zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish, boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi. Bunday harakatlarni sodir etgan xodim yoki kimningdir «buyurtmasi»ni bajargan har qanday shaxs kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi.

Bu gaplar odamlar manfaatini ko‘zlab aytilayapti. Bu gaplar u quloqdan kirib, bunisidan chiqib ketadigan gaplar emas. Yana o‘ylab ko‘raylik, bu gaplarni kim aytayapti?!.. Davlat rahbari xalqimiz taqdiri to‘g‘risida, fuqarolarimizni adolatsizliklardan asrash uchun shunchalik qayg‘urayotgan ekan, huquq-tartibot idoralari, xususan sud-huquq sohasi xodimlari o‘z vazifasiga qanday yondoshishi kerak bo‘ladi? Ular tafakkurida insonni qamashga moyillik kuchli bo‘lishi kerakmi yoki ozodlikdan mahrum etmay boshqa chora-tadbirlar qo‘llash to‘g‘risida o‘ylashi kerakmi?

Sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar uchun yagona va eng qattiq talab sifatida fuqarolarning qonuniy manfaatlariga xizmat qilish va ularning huquqlarini har qanday holatda ham himoya qilish ko‘rsatilmoqda.

Bu masalada qisqa muddatda qonunchiligimizda keng imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, 2017 yil 29 martda qabul qilingan Qonunga asosan Jinoyat-protsessual kodeksining jinoyat ishini suddan qo‘shimcha tergovga qaytarish to‘g‘risidagi 419-moddasi bekor qilinib, jinoyat protsessida tomonlarning haqiqiy tortishuvi asosida shaxsning aybliligi yoki aybdor emasligi masalasini uzil-kesil hal etish belgilab qo‘yildi. Ya’ni oqlov hukmi chiqarish uchun imkoniyat kengaydi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 noyabrdagi Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Farmoni va 2018 yil 4 apreldagi Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun bilan shaxsni ayblashda faqat aniq dalillarga asoslanish shart ekanligi belgilab qo‘yildi.

Mazkur normativ hujjatlarning qabul qilinishi dastlabki tergov va sud ishlarini yuritishda fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, sudya va tergovchilarning mas’uliyatini kuchaytirishga, aholining sudga bo‘lgan ishonchining ortishiga mustahkam zamin yaratdi.

Oliy suddan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda sud tizimida amalga oshirilgan demokratik o‘zgarishlar natijasida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 262 nafar shaxs oqlangan. Vaholanki, 2012-2016 yillar orasida atigi 7 nafar shaxs oqlangan edi.

Oliy suddan olingan ma’lumotlarga e’tibor qarataylik. 2018 yilning birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 114 nafar shaxsga nisbatan 68 jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchi va mahkumlarni oqlash va reabilitatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar chiqarildi. Shundan 55 nafar shaxsga nisbatan 31 ta jinoyat ishini birinchi instansiya sudida ko‘rish yakuniga ko‘ra, oqlov hukmlari chiqarildi, 9 nafar shaxsga nisbatan 3 ta jinoyat ishi birinchi instansiyada, 50 nafar shaxsga nisbatan 34 ta jinoyat ishi yuqori instansiyada harakatida jinoyat tarkibi yo‘qligi yoki ayblanuvchining jinoyatga daxli bo‘lmagani sababli oqlandi, ularga nisbatan yuritilgan jinoyat ishlari tugatildi.

Shuningdek, bevosita Oliy sudda jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmlarga protest keltirilib, 11 nafar shaxs oqlandi. Ularning 2 nafariga nisbatan oqlov qarorlari Oliy sud Rayosati tomonidan qabul qilindi.

Masalani viloyatlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, Qashqadaryo viloyatida 29, Toshkent shahrida 16, Toshkent viloyatida 13, Surxondaryo viloyatida 7. Xorazm viloyatida 6, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5, Samarqand viloyatida 5, Andijon viloyatida 7, Farg‘ona viloyatida 4 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. Boshqa viloyatlardan ham ana shunday misollarni keltirish mumkin.

Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan davrida apellyatsiya, kassatsiya va nazorat bosqichlarida mahkumlar va ularning advokatlari taqdim etgan shikoyatlar asosida jinoyat ishlari ko‘rib chiqilib, 50 nafar shaxs oqlandi.

Tergov organlari tomonidan ayblanib, sudlangan va joriy yilda oqlangan, reabilitatsiya qilingan shaxslarning 3 nafari sobiq hokim, 1 nafari prokuror, 10 nafari ichki ishlar va 1 nafari bojxona xodimi, 8 nafari tadbirkor, 14 nafari temir yo‘l, 5 nafari bank xodimi va 22 nafari vaqtincha ishsiz fuqarolardir.

Ushbu sud qarorlari Oliy sud tomonidan o‘rganib chiqildi, mazkur jinoyat ishlari bo‘yicha ayblovlar asosli dalillar bilan tasdiqlanmagani, taxmin yoki og‘zaki mish-mishlardan iborat ma’lumotlarga asoslangani bois oqlov hukmlari asosli chiqarilgan, deb topildi.

Masalan, jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat Nishon tuman sudi sayyor sud majlisida Qarshi tumani Kaxlak qishloq fuqarolar yig‘inida er-xotin Ibrohim va Sabohat Soliyevlarni Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-va 3-qismlari bilan ayblash haqidagi jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.

Tergov organi xulosasiga ko‘ra, Tojikiston Respublikasining Regar tumanida tug‘ilgan I.Soliyev va S.Soliyeva qishloq fuqarolar yig‘ini daftariga soxta yozuv kiritib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini asossiz ravishda olib, foydalanib kelganlikda ayblangan.

Sudda ayblanuvchilar 1991 yilda Qashqadaryo viloyatiga bolalari bilan ko‘chib kelib yashayotgani, O‘zbekiston pasportini qonuniy tartibda olishgani, o‘zlarini O‘zbekiston fuqarosi deb hisoblashini bildirib, fuqarolik pasportlari qaytarib berilishini talab qilishgan.

Sudda so‘ralgan guvohlar bu oilani qishloqda hamma yaxshi tanishi, Ibrohim aka uzoq vaqtdan buyon Qarshi shahridagi «UMS-4» tashkilotida ishchi, Sabohat opa esa, «Lola» bolalar bog‘chasida enaga bo‘lib ishlashi, farzandlari shu yerdagi maktabda o‘qishgani, qishloq aholisi bilan ahil-inoqligini bayon qilishdi.

Xulosa shunday bo‘ldiki, bu holatlar tergovda xolisona va sinchkovlik bilan tekshirilmasdan sudlanuvchilarga nisbatan ayb e’lon qilgan va aybsizlik prezumsiyasi talablari buzilgan. Sudning 2018 yil 15 yanvardagi hukmi bilan sudlanuvchilar oqlandi. Dastlabki tergovda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari uchun sud Qashqadaryo viloyat IIB Tergov boshqarmasiga xususiy ajrim yubordi.

Oliy sud tomonidan olib borilgan tahlillar natijasida ma’lum bo‘ldiki, oqlangan shaxslar ustidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar aksariyat holatlarda dastlabki tergovda berilgan og‘zaki ko‘rsatma, mutlaqo asossiz ayblarga asoslangan.

Masalan, jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudining 2015 yil 3 avgustdagi hukmiga ko‘ra, 2006-2009 yillarda shu viloyat prokurori lavozimida ishlagan Dilmurod Abdurahmonov viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sh.Safarovning kamchiliklarini yashirish uchun 2007-2008 yillarda 2000 AQSh dollaridan pora olganlikda va 2009 yilda Oltinsoy tuman prokurori Sh.Mavlonovdan himoyasiga olish evaziga 600 AQSh dollarini olganlikda aybdor deb topilib, Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jazoga tortilgan.

Bu jinoyat ishi Oliy sudda o‘rganib chiqilganda, D.Abdurahmonovga qo‘yilgan ayblov Sh.Safarov va Sh.Mavlonovning faqat tergovdagi ko‘rsatmalariga asoslangani, bundan boshqa aniq dalil-ashyo yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Eng achinarlisi, ular D.Abdurahmonovga pora berganliklari haqidagi tuhmatdan iborat ko‘rsatmani MXX xodimlarining qiynoq va tazyiqlari natijasida berishga majbur bo‘lishganini bildirishgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Oliy sud raisi o‘rinbosari tomonidan keltirilgan protest jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida 2018 yil 30 martda ko‘rib chiqildi. D.Abdurahmonovning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudining 2015 yil 3 avgustdagi hukmi va shu sud kassatsiya instansiyasining 2016 yil 12 yanvardagi ajrimi bekor qilindi. D.Abdurahmonov oqlandi.

Ko‘pchilik yaxshi biladi, o‘sha yillari kimningdir «bundan 5-6 yil oldin falonchaga pora bergandim», degan bir og‘iz ko‘rsatmasi begunoh odamni qamoqqa olishga kifoya edi. Bu ishlar odatda buyurtma bilan qilinardi.

Masalan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2012 yil 18 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, IIB Reabilitatsiya markazi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan Davron Pirmatov Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan.

Aslida voqea bunday bo‘lgan: 2012 yil 2 aprel kuni Toshkent viloyat MXX va IIB boshqarmalari xodimlari tomonidan uning uyida o‘tkazilgan tintuvda 1,460 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi topilgan. D.Pirmatov dastlabki tergov va sudda bu aybga iqror bo‘lmagan, uzoq yillardan buyon ichki ishlar tizimida faoliyat yuritishi, giyohvandlik vositasini umuman iste’mol qilmasligini aytib, o‘ziga nisbatan asossiz ayb qo‘yilganini bayon qilgan. Afsuski, sud bu haqiqatni tan olmagan.

D.Pirmatovning uyida o‘tkazilgan tintuv bayonnomasida ko‘rsatilgan xolislar T.Maxamatov va S.Sulaymonova kassatsiya instansiyasida so‘roq qilinganda, ishonish qiyin bo‘lgan holat aniqlangan. S.Sulaymonova sudlangan D.Pirmatovning onasi, T.Maxamatov esa qaynog‘asi ekan. Ammo ular dastlabki tergovga ham, sudga ham chaqirilmagan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 73-moddasiga ko‘ra, tergovda harakatlarida ishning oqibatidan manfaatdor bo‘lmagan xolislar qatnashishi belgilab qo‘yilgan. Shu bois kassatsiya instansiyasi tintuv o‘tkazish haqidagi bayonnomani va birinchi instansiya sudining uni dalil deb topgan xulosasini asossiz, deb topdi.

Bu misollardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz sudlarida inson taqdiriga mas’uliyat bilan yondoshish boshlanyapti. Sudlar mustaqil qaror chiqarishga o‘rganmoqda. Bu boradagi ishlarni jiddiy kuchaytirishi kerak bo‘ladi, albatta.

Bir imorat noto‘g‘ri qurilsa, uni buzib qayta qurish mumkin. Ko‘p narsa yo‘qotilmaydi. Bir bog‘ qurib ketsa, boshqatdan ko‘chat ekish mumkin. Lekin bir inson nohaq qamalsa, uning o‘tgan umrini hech kim qaytarib berolmaydi, qalbidagi jarohatni ham davolab bo‘lmaydi. Insonni nohaq qamoqqa tashlash eng og‘ir jinoyat va gunohi azim, deb baholanmog‘i kerak aslida.

Bugun Oliy sud jamoasiga oson bo‘lmayapti. Yillar davomida yo‘l qo‘yilgan qonunsizliklarga barham berib, adolatni tiklash uchun mustahkam iroda, sabr-toqat va burchga sadoqat talab etiladi, albatta. Har bir sud idorasi adolat qo‘rg‘oni hisoblanadi. Oliy sud esa o‘z nomi bilan Oliy sud. Undan yuqori sud yo‘q. Oliy sudda noxolislik, loqaydlikka yo‘l qo‘yilsa, aybsiz odamlarning sho‘ri quriydi, kechirib bo‘lmas adolatsizliklar yuz beradi. Shuning uchun ham Oliy sud — adolat qo‘rg‘oni, bosh qo‘rg‘on, shoh qo‘rg‘on. Xatoga yo‘l qo‘yishga uning haqqi yo‘q. Bu — bugungi hayot talabi, Prezident talabi.

 

Safar OSTONOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.



DB query error.
Please try later.