Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
20.02.2018

FUQAROLAR EMAS, HUJJATLAR HARAKATLANADI

Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari buni ta’minlaydi

Prezidentimizning Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi Farmoniga asosan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilgan edi. Ushbu tizimning faoliyati, mazmun-mohiyati nimalardan iborat? Muxbirimiz Mirobod tumani Davlat xizmatlari markazi rahbari Diyor Obidov bilan ana shular haqida suhbatlashdi.

 

— Avvalo davlat xizmatlari nimalardan iborat va uning qanaqa afzalliklari bor, degan savolga javob izlaylik, — deydi Diyor Obidov. — Yashirishning hojati yo‘q, ko‘z o‘ngimizda bo‘lgan voqea — tadbirkorlik faoliyatini boshlashni niyat qilgan odam har xil hujjatlarni yig‘ish uchun ko‘plab idoralarga bosh suqardi, sarson-sargardon bo‘lardi. Byurokratiya, korrupsiya, qog‘ozbozlik shunchalik kuchayib, tomir otib ketgan ediki, bechora tadbirkor kerakli-keraksiz hujjatlarni yiqquncha ko‘p vaqt o‘tib ketardi.

To‘g‘ri, bundan 15 yil muqaddam tuman va shaharlar hokimliklari huzurida tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari tashkil etilib, ular «yagona darcha» tamoyili asosida ish yurita boshladi. 2016 yilning yanvaridan mazkur inspeksiyalar negizida tashkil qilingan tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari tomonidan yanada soddalashtirilgan xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning 1 fevralidan mazkur yagona markazlarning Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi va vertikal boshqaruv tizimining ishga tushirilishi tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 37 tagacha oshirdi. Endi har bir fuqaro bu xizmatlardan foydalanishi mumkin va ularning ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo‘yildi.

— Demak, bundan buyon tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, fuqarolar ham ushbu tizim xizmatidan foydalanadi.

— Albatta. O‘tgan yilning 1 aprelidan boshlab tadbirkorlarni ro‘yxatga olish tartibini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beradigan avtomatlashtirilgan tizim ishga tushirildi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, bu yangilik «Doing Business 2018» global reytingidagi «Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish» ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning mavqeini 24-o‘rindan 11-o‘ringa ko‘tardi. Bu hali hammasi emas. Davlat xizmatlari agentligi tuzilmalari tomonidan hozir qirqqa yaqin turdagi xizmatlar ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, 2018 yil 1 apreldan boshlab bunday xizmatlar jismoniy shaxslarga ham ko‘rsatiladi va ularning soni yana 13 taga ko‘paytiriladi.

2020 yil oxirigacha esa bu ko‘rsatkich yuzdan oshadi. Joriy etilgan elektron navbat muammosiga yechim izlab kelgan fuqaroni ro‘yxatga oladi va masalasini hal etishni tezlashtiradi. Masofadan turib olib boriladigan videokuzatuv tizimi ko‘rsatilayotgan xizmatlarning uzluksizligi va sifatini kuzatib borish imkonini beradi. Kompyuter uskunalari bo‘lmagan yoki internet tarmog‘idan foydalanish imkoni yo‘q fuqarolar uchun barcha davlat xizmatlari markazlari maxsus infokiosklar bilan ta’minlanadi.

Uzoq va olis joylardagi aholiga yengilliklar yaratish maqsadida barcha zarur texnikalar bilan ta’minlangan avtotransport vositalari orqali bevosita joylarga borib, ularga mobil davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.

Ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlari qat’iy ravishda inventarizatsiya qilinadi va Davlat xizmatlari yagona reyestridan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 2018 yil 1 iyundan boshlab mazkur reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlari ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

— Fuqarolar bu xizmatlar orqali qanday muammolarini hal qilishi mumkin?

— Fuqarolarimiz kundalik hayotimizda zarur bo‘ladigan muhim hujjatlarni rasmiylashtirishda turli qiyinchiliklarga duch kelishardi. Endilikda elektr-energiya, gaz, suv, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti hamda boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, yakka tartibda uy-joy qurishni amalga oshirishga ruxsatnoma, turar-joy bo‘yicha ro‘yxatga olish (propiska), ro‘yxatdan chiqarish va hisobga qo‘yish, turli FHDYo va notarial organlari arxiv ma’lumotnomalari, patentlar, guvohnomalar va rasmiy hujjatlar dublikatlarini olish kabi hujjatlar rasmiylashtirilishi davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan avtomatlashtirilgan tizim yordamida amalga oshiriladi.

— Bu borada dunyo mamlakatlari tajribasi ham hisobga olingan bo‘lsa kerak?

— Bir joyning o‘zida davlat xizmatlari ko‘rsatilishi amaliyoti bir qator xorijiy davlatlar tajribasida bor va bugungi kunda juda ko‘plab davlatlar ana shu usulga o‘tmoqda. Bu yangi soha bo‘lgani uchun davlat xizmatlarini amaliyotga samarali va tezkor joriy etish maqsadida xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi, Adliya vazirligining bir guruh mas’ul xodimlari Ozarbayjon va Gruziya davlatlarida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini o‘rganish bo‘yicha xizmat safarida bo‘lib qaytdi.

— Ularning bu boradagi tajribalari yangi tizimni ishga tushirishda qanchalik qo‘l keldi?

— 2012 yildan boshlab Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik xizmatlari va ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha davlat agentligi huzurida «ASAN xidm t» markazi tashkil etilgan bo‘lib, bu markaz davlat idoralari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni yagona va majburiy shaklda bajarilishini ta’minlaydigan uyushma hisoblanadi. Ana shu markaz faoliyati 6 yil mobaynida takomillashdi, uning negizida muayyan, yaxlit bir tizim yaratildi. Hozirga kelib mazkur markaz tomonidan aholiga 200 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

O‘zingiz tasavvur qiling, bu bir odamga qanchalik imkoniyatlar yaratishini! Ozarbayjonda o‘ndan ziyod ana shunday «ASAN xidm t» markazi faoliyat ko‘rsatadi. Mobil xizmatlarni ko‘rsatish uchun 10 avtobus ajratilgan bo‘lib, ushbu tizim orqali hozirgacha 13 milliondan ziyod fuqaroga turli xildagi xizmatlar ko‘rsatilgan. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining 98 foizi o‘zlariga ko‘rsatilayotgan bunday avtomatlashtirilgan xizmatlardan mamnun. Gruziyada esa jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish muassasasi «Adliya uyi» deb ataladi va u aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan 300 dan ortiq xizmatlarni o‘zida birlashtirgan. Agar Janubiy Koreya tajribasini tahlil qiladigan bo‘lsak, ko‘chish, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va boshqa qariyb 5000 turdagi ma’lumotlar 100 foiz onlayn tarzda taqdim qilinmoqda. Kompaniyalarni ro‘yxatga olish va boshqa 3020 turdagi arizalarning 76 foizi onlayn amalga oshiriladi. Fuqaroni ro‘yxatga olish ma’lumotnomasi nusxasi va boshqa 1208 turdagi hujjat olish bilan bog‘liq xizmatlarning 99 foizi Internet yordamida bitkazilmoqda.

— Mamlakatimizda keyingi paytlarda «Elektron hukumat» tizimi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish vazifasi muhim ahamiyat kasb etayapti...

— To‘g‘ri, boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, hududlar va butun mamlakatda yuzaga kelayotgan tahdid va muammolarga o‘z vaqtida hamda munosib ta’sir ko‘rsatish uchun axborot almashishning samarali tizimini shakllantirish maqsadida barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida «Elektron hukumat» tizimi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish vazifasi belgilangan.

Fuqarolar huquq va erkinligini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmlarini yaratishda, ularning ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidan tezkor bahramand bo‘lishida «Elektron hukumat» tizimi juda qo‘l keladi. Bu — aholining hayot sifatini yaxshilaydi, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini barqarorlashtiradi va biznesni yanada rivojlantirishga imkon beradi.

Aytish kerakki, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda O‘zbekiston Respublikasining «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi Qonuni muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunga ko‘ra, elektron davlat xizmati — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilgan holda ko‘rsatiladigan davlat xizmati hisoblanadi.

Qonun davlat organlari faoliyatining samaradorligini, tezkorligi va shaffofligini ta’minlaydi, ularning mas’uliyati va ijro intizomini kuchaytiradi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlari elektron hujjat asosida ish yuritadi, statistika hisobotini taqdim etish, bojxona rasmiylashtiruvi, litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar olishda, shuningdek, davlat organlaridan axborot olish jarayonlarida undan foydalanadi.

Shu bilan birga, bu qonun tadbirkorlik sub’ektlarining elektron tijorat, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali mahsulotni sotish va xaridlarni amalga oshirish tizimlaridan foydalanishiga keng imkoniyat yaratadi. «Elektron hukumat» tizimi orqali kommunal xizmatlar hisobga olinadi, nazorat qilinadi va ular uchun haq to‘lashning avtomatlashtirilgan usuli joriy etiladi. Naqd bo‘lmagan elektron to‘lovlar, davlat xaridlarini amalga oshirish, masofadan foydalanish tizimlari va bank-moliya sohasidagi faoliyatning boshqa elektron shakllari rivojlantiriladi.

— Bunday islohotlar joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan vakolatli organlar mas’uliyatini oshiradi, albatta...

— Bu jarayon amalga oshirilayotgan islohotlarning uyg‘unligi va izchilligini ta’minlaydi, davlat xizmatlarini sifatli bajarish uchun vakolatli organlar va tashkilotlarning javobgarligini oshiradi. Endi nafaqat tadbirkorlar, balki oddiy fuqaro uchun ham bir joyda, bir zumda davlat xizmatlarini ko‘rsatishga sharoit yaratiladi.

Yana shuni alohida ta’kidlashim kerak, Davlat xizmatlari markazlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yuritadi.

— Bundan buyon fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi, deyilayapti...

— To‘g‘ri, davlat xizmatlarining har bir turi bo‘yicha «Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi» tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmining shakllantirilishi ortiqcha, keraksiz hujjatlar yig‘ishni bartaraf etadi, vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi soddalashtiriladi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasiga innovatsion yechimlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlar bazalarini idoralararo elektron hamkorlik yagona tizimiga integratsiya qilish bunda muhim rol o‘ynaydi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish, mobil davlat xizmatlari ko‘rsatishning maqbul, qulay va shaffof uslublaridan foydalanish aholi uchun shubhasiz, qulaylik yaratadi va eng muhimi, har bir inson uchun qimmatli bo‘lgan vaqtni tejash imkonini beradi. Avtomatlashtirilgan tizim va uzaytirilgan ish grafigidan foydalanish esa, bu borada byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishini bartaraf etadi.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va tezkorligini monitoring qilish va baholashning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish, aholi bilan qayta aloqaning samarali tizimini, shu jumladan, tezkor aloqalarni, rasmiy saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalarda onlayn so‘rovlarni tashkil qilish bu sohadagi kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etishga sharoit yaratadi.

 

Nurulloh DOSTON,

 «O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.