28.11.2017

INSON HUQUQI MUQADDASDIR

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatiga inson huquqi oliy qadriyat ekanligi chuqur singdirilgan. Xususan, Konstitutsiyamizning 35-moddasida belgilab qo‘yilganidek, har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egadir.

Konstitutsiyamiz va unga asosan qabul qilinayotgan qonunlar aholi turmush farovonligini tobora yuksaltirish, mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bosh qomusimizdagi ezgu g‘oyalar o‘zining hayotiy ifodasini topib borayotir.

Konstitutsiyamizda davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekani belgilab qo‘yilgan.

Joriy yil 12 sentabrda qabul qilingan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonun inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini himoya qilish maqsadida hayotimizga joriy etilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, 2017 yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili», deb e’lon qilinganligi buning yana bir yorqin tasdig‘i bo‘ldi.

Prezidentimizning «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni barcha darajadagi davlat organlari faoliyatida «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan tamoyilni amalda qaror toptirish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etishga asos yaratdi.

Farmonga muvofiq tashkil etilgan Xalq qabulxonalari aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishda dolzarb hayotiy ahamiyat kasb etmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etilishi fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis, Hukumat, davlat boshqaruvi organlari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari va xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoit yaratdi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili uchun belgilangan vazifalar davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlarining tubdan takomillashishiga xizmat qiladi. Bu esa fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi.

Unda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish masalalari ikkinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Mazkur yo‘nalishda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.

Ko‘zlangan maqsad fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansolarlik, rasmiyatchilik va loqayd munosabatda bo‘lish holatlariga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek, buzilgan huquqlarni tiklashning barcha zarur choralarini ko‘rishdir.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va bu sohadagi qonuniylikni ta’minlash adliya organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shuning uchun adliya organlari tizimida ham murojaatlar bilan ishlash mexanizmi tubdan takomillashtirilmoqda. Jumladan, «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida «Adliya bilan muloqot» sahifasi ochildi.

Unga kelib tushayotgan taklif, murojaatlar va xabarlar diqqat bilan ko‘rib chiqilyapti, fuqarolarga amaliy, huquqiy yordam ko‘rsatilyapti, fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida adliya organlariga inson huquqlarini himoya qilish sohasida kelib tushgan 5383 murojaatning 2253 tasi ko‘rib chiqildi.

Ularning 1027 tasi shikoyat, 272 tasi ariza va taklif, 234 tasi «ishonch telefoni»ga qabul qilingan murojaatlar, 720 tasi esa «Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali» orqali kelib tushgan murojaatlardir.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish davomida va inson huquqlarini himoya qilish maqsadida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasiga ko‘ra, tegishli idoralarga 260 taqdimnoma kiritilib, unga muvofiq noqonuniy bo‘lgan 19 ta hujjat ijrosi to‘xtatilgan va bekor qilingan. Qonun buzilishlar sodir etilishida aybdor bo‘lgan 432 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, ulardan 79 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Shuningdek, qonunchilikni buzish holatlari yuzasidan 218 ogohnoma kiritilib, ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan kiritilgan takliflarga ko‘ra, 136 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Bundan tashqari, fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga kiritilgan da’vo arizalariga asosan 369166000 so‘mlik 136 da’vo ariza sudlar tomonidan qanoatlantirildi.

Masalan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining qaroriga asosan viloyat «Issiqlik manbai» unitar korxonasidan 9355930 so‘m pul mablag‘lari fuqarolar foydasiga undirib berildi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilish natijalariga ko‘ra, muammolar aniqlanib, amaldagi qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda. Jumladan, Adliya vazirligi tomonidan tashabbuskorlik huquqi asosida Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Konstitutsiyamizning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi belgilangan.

Biroq qonunchilikda shaxsning o‘zi yoki yaqin qarindoshlarining muqaddam sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etish tartiblari aniq belgilanmaganligi fuqarolarning mehnat qilish va erkin kasb tanlash huquqi to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Hayotda fuqaroning yaqin qarindoshlari yoki o‘zining sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etish holatlari kuzatilmoqda. Bu konstitutsiya me’yorlariga ziddir.

Shuning uchun bu masalaning huquqiy yechimini nazarda tutuvchi qonun loyihasi tegishli vazirlik va idoralar bilan belgilangan tartibda kelishilib, ko‘rib chiqish uchun hukumatga kiritildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, inson manfaatlarini ta’minlash uchun eng avvalo, odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilishimiz lozim.

Xalq bilan muloqot qilish esa inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Zafar MUSTAFAQULOV,

Adliya vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.



DB query error.
Please try later.