Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
02.05.2017

HALOLLIK, FIDOYILIK VA MAS’ULIYAT

yoki sudyalardan talab qilinadigan eng muhim jihatlar

Inson hayoti bilan bog‘liq faoliyat olib boruvchi kasb sohiblaridan doimo halollik va fidoyilik talab qilinadi. Bu bejiz emas. Bu borada noto‘g‘ri qilingan ish inson taqdiri butkul o‘zgarib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Sudya qabul qiladigan qaror zamirida inson taqdiri turishi bois ularning ishi nafaqat halollik, balki juda katta mas’uliyat ham talab qiladi.

Mamlakatimizda sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, mustaqil, turli xil ta’sirlarga qarshi tura oladigan yuksak malakali sudyalar korpusini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida odil sudlovga erishish darajasini oshirish bilan birga nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish muhim vazifa sifatida belgilangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 21 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu borada muhim qadam bo‘ldi. Mazkur hujjat asosida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun shu yil 7 apreldan kuchga kirdi. Konstitutsiyamizning 111-moddasi yangi tahririda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining konstitutsiyaviy maqomi mustahkamlandi.

Shu paytga qadar sudya kadrlarni tanlash, tayyorlash va lavozimga tavsiya qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi tomonidan amalga oshirib kelingan. Yangi qonun bilan Sudyalar oliy kengashiga keng vakolatlar berildi. Xususan, Prezident O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi taqdimnomasiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini lavozimga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi.

Ayni paytda kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislarini hamda sudyalarini mustaqil ravishda lavozimga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi. Shuni qayd etish kerakki, avval sudyalarning bu toifalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanar edi.

Sudyalar oliy kengashining asosiy vazifalari va vakolatlari, huquqlari hamda majburiyatlari, uni shakllantirish va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilash maqsadida «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Qonunga ko‘ra, kengash o‘z faoliyatida qonuniylik, mustaqillik, kollegiallik, xolislik, a’zolarining teng huquqliligi va ochiqlik prinsiplariga amal qiladi. Faqat qonunga bo‘ysungan holda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda ish yuritadi. Kengash faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Aks holda bu qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Kengash a’zolari qarorlar qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini ifodalaydi.

Kengash o‘z faoliyatini ochiq tarzda, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi. Bu sudyalik korpusini shakllantirish jarayonlarining ochiq bo‘lishiga xizmat qiladi.

Qonunga muvofiq kengash yigirma bir nafar tarkibda sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan shakllantiriladi. Sudyalar oliy kengashi raisi Prezident taqdimiga binoan Senat tomonidan tayinlanadi.

Bunda kengashning o‘n bir nafar a’zosi kengash raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sudyalar orasidan tasdiqlanadi. Kengashning bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalari orasidan tasdiqlanadi.

Kengash kotibi va uning yetti nafar a’zosi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Kengashning o‘n uch nafar a’zosi, jumladan, kengash raisi, kotibi va o‘n bir nafar a’zosi doimiy asosda ishlaydi. Qolgan sakkiz nafar a’zosi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Kengash a’zolarining vakolat muddati besh yil etib belgilandi.

Ushbu talablar asosida shakllantirilgan Sudyalar oliy kengashi endilikda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlaydi. Eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislarni sudya etib tayinlaydi. Rahbar sudyalik lavozimlariga tavsiya beradi. Shu asosda sudyalar korpusini shakllantiradi. Sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘radi. Sudyalarni kasbiy tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni tashkil etish, sudyalarning faoliyati samaradorligini baholash, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatadi. Ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik olib borish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslarning sudyalar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi masalalariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi.

Sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi. Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi, shuningdek, ularni jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortish uchun xulosa berish haqidagi masalani ko‘rib chiqadi.

Kengash sudya kadrlar zaxirasini shakllantiradi. Turli darajalardagi sudlar sudyalarini tayinlash, qayta tayinlash, vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etadi.

Kengash sudyalarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga iltimosnoma kiritadi. Kengashning muhim vazifalaridan yana biri — sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumiga kiritadi.

Sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar sudya va sud xodimlariga alohida mas’uliyat yuklaydi. Bu sohani tanlagan har qaysi mutaxassis, ayniqsa, yoshlar, sudyalik kasbi o‘ta mas’uliyatli kasb ekanini doimo yodda saqlashi zarur. O‘z ishini puxta bilish, teran fikrlay olish, har qanday vaziyatda masalani obdon o‘ylab, to‘g‘ri qarorga kelish kabi fazilatlarni o‘zida shakllantirib borishi lozim. Chunki uning faoliyati zamirida inson taqdiri, jamiyat manfaati yotadi.

Mamlakatimizda Sudyalar oliy kengashi ish boshlashi bilan sudyalarni tanlash, ularni professional tayyorlash va malakasini oshirishning hozirgi zamon talablari va xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan yagona tizimi yaratildi.

 

Sanjar DO‘SMANOV,

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi a’zosi.

O‘zA



DB query error.
Please try later.