Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Aprel 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 31 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 1 2 3 4 5 6
27.04.2017

FUQAROLAR HUQUQ VA ERKINLIKLARI

ishonchli himoya qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi «Interpol» milliy markaziy byurosi binosida «Ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar yuzasidan» ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

Brifingni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Akromxon Boboxonov kirish so‘zi bilan ochdi.

Brifingda Prezidentimizning «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni va ushbu tizimga oid qarorlari ijrosi bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, brifingda IIV Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Adilov, IIV Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘bek Toshxodjayev, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot bo‘linmasi katta inspektori Mansurjon Rixsiyev, IIV faxriylar kengashi a’zosi, iste’fodagi polkovnik O‘tkur Jo‘rayevlar so‘zga chiqib, ichki ishlar organlarida o‘tkazilayotgan tub islohotlar mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladilar.

Brifingda qayd etilganidek, ichki ishlar organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ularning vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini qonun darajasida belgilash, ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida o‘tgan yilning sentabr oyida «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.

Biroq mazkur Qonun talablarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari, shuningdek, fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyatiga doir murojaatlarini o‘rganish jarayonida sohada hamon o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammo va masalalar borligi ma’lum bo‘ldi.

Shu nuqtai nazardan, Davlatimiz rahbarining Farmoni bunday kamchiliklarni bartaraf etish va o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etish maqsadida zamon talabidan kelib chiqib qabul qilingan muhim hujjatdir. Tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlashda soha xodimlari uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, yot g‘oyalar tahdidi tobora kuchayib borayotganligi ichki ishlar organlari oldiga dolzarb vazifalarni qo‘yayotganligi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga keyingi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida to‘planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar ushbu vazifalarni samarali bajarishda to‘siq bo‘layotganligi ochiq aytildi, ularni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Brifingda ichki ishlar organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yangi tizimi o‘rnatilganligi, jumladan, Oliy Majlis Senati tomonidan bir yilda ikki marta O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to‘g‘risidagi hisobotini eshitish tartibi joriy etilganiga e’tibor qaratildi.

Ayni paytda dunyoning turli mintaqalarida xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmning yangi tahdidlari paydo bo‘layotgani jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatni ichki ishlar organlarining birinchi darajali vazifasi sifatida yanada kuchaytirish zarurligini taqozo etayotgani aytildi. Ushbu holatlar e’tiborga olingan holda, Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi negizida Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tashkil etilayotgani jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shuningdek, tergov organlarining mustaqilligini ta’minlash, ularning o‘z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Tergov bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentiga aylantirilmoqda. Bu har qanday jinoyatga va qonunbuzarlik uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash imkonini beradi.

Ichki ishlar idoralarida yetuk mutaxassis kadrlar yetkazib berish masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi IIV Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti — Harbiy-texnika institutiga, Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi esa Yong‘in xavfsizligi institutiga aylantirildi.

Shuningdek, Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining aholi ko‘p murojaat qiladigan tuman (shahar) bo‘limlarida ish hajmining to‘g‘ri taqsimlanmaganligi sababli noqulayliklar va sansalorliklar yuzaga kelmoqda. Ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish zarurligi e’tiborga olinib, ushbu yo‘nalishda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi tashkil etiladi.

Qisqacha aytganda, mazkur Farmon ichki ishlar organlari tizimida tub islohotlarning yangi bosqichini boshlab beradi. Uning ijrosini ta’minlash qonun ustuvorligiga erishish, huquqbuzarliklar profilaktikasini o‘z vaqtida amalga oshirish, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi, fuqarolar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ishonchli himoyasini ta’minlaydi.

 

Ravshan SHODIYEV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.